O‘zbek bog‘cha qidirgan tarbiyachi


Saqlash
17:10 / 03.02.2025 151 0

Mutaxassisligim – maktabgacha taʼlim psixologiyasi va pedagogikasi. Maktabda 10 yil rus tili oʻqitilgan, Хudo haqqi, “mama”, “papa”, “zrastvuyte”dan boshqa narsani tushunmayman. Shukurki, qishlogʻimda, universitetda buning ortidan hecham pand yemadim. Oʻtgan yili Toshkentga koʻchib keldik. Bu yerda ham hammasi yaxshi edi, toki ish izlashni boshlagunimcha. Ishni xoʻjayinimning boshini ogʻritishdan boshladim, ishlamasam boʻlmaydi, uyda zerikyapman, toʻrt devor meni gʻajib tashlayapti, dedim. Bezor boʻlgan u kishim bir kun oʻtirib men bilan internetdan ish izladilar. Asosan, bolalar bogʻchasidan tarbiyachi ish oʻrni izladik. Xoh ishoning, xoh ishonmang, 90 foiz eʼlonlar faqat rus tiliga ixtisoslashgan bogʻchalardan qoldirilgan. Bu ne savdo! Boshimni changallab qoldim. Oʻzbekchasi ham bor ekan-ku, oʻshalariga qoʻngʻiroq qilaylik, deb turib oldim. Erim esa telefonni koʻzimga yaqinroq tutib, koʻrmayapsanmi manzili qayerdaligini, qanot chiqarib uchib bormoqchimisan, dedi. Ne koʻz bilan koʻrayki, jonimga oro kirgan bu eʼlonlarning ostiga “Manzil: Toshkent viloyati...” deb yozilgan. Shu joyiga kelib “pishtim”. Asabim dosh berolmay qoldi. Nima boʻlsa boʻldi, telefon qiling oʻshanga, balki oʻrischa bilmasam ham ishga olishar, yanglishishgandir, dedim talmovsirab.

 

– Bu rus bolalar boradigan bogʻchami?

– Yoʻq, oʻzbek bolalar uchun.

– Oʻzbekchaning oʻzi yetarli boʻlmasmikan, opajon?

– Boʻladi, faqat yordamchi sifatida ishlaydi, bolalarni ovqatlantirish, kiyintirish, tozalash ishlari degandek... Shunda ham ularga ruscha murojaat qilish kerak.

 

Yoʻq-yoʻq dedim, boshimni ilkis koʻtarib. Oʻsha kun, oʻsha nuqtada bu mavzuni yopdik. Erimni boshqa bezovta qilmadim. Ancha vaqtgacha meni tushkun kayfiyat tark etmay yurdi. Bu orada bir-ikki yosh bolalarga uyda qaraydigan boʻldim. Mehnat haqimni berishdi. Bu mening birinchi ishlab topgan pullarim edi. Na xursandligim, na xafaligim bilinardi. Oʻz yurtingda oʻzingning emas, oʻzganing tilini bilmaganing uchun rasman ishlolmasang, toʻgʻrisi, yomonam alam qilar ekan. Boz ustiga, oʻz vataningda ijarada tursang... Shuning oʻzi yetmasmidi-yey?

 

Kunlar oʻtdi, oylar oʻtdi. Yuragimdagi meni ishga olmaganlarga boʻlgan ginalarim tarqab ham ketdi. Va xuddi shu kunlarda yonginamizdagi binoda yap-yangi bogʻcha ochiladigan boʻldi. Surishtira-surishtira, mudirasi bilan gaplashdim, ishga olishga koʻndirdim ham, faqat kichikroq yoshdagi bolalar guruhiga qarovchi sifatida. Ish degani mana bundoq boʻlibdi! Yuribsiz-da siz ham, xoʻjayin!

 

Rasman ochilguncha egalariga koʻmaklashib turdim, supur-sidir, yugur-yugur, bezat-chizdir  qilib ham charchamadim, xursand edim, chunki endi mening chindan ham ishim bor! Birorta qarindosh, sinfdosh, kursdoshlarim qolmadi, hammadan suyunchi olib chiqdim, men ishlaydigan bogʻchaning rasmlarini tashladim. Va kechga yaqin suratlarni birma-bir koʻrib chiqayotsam, avval oʻzim eʼtibor bermagan eshikdagi yozuvga koʻzim tushib, yuragim shuv etdi. “Добро пожаловат!” Bu qanday hazil!? Yo anglashmovchilikmikan?

 

Ertasi kuni onalar jajji farzandlarini koʻtarib kela boshlashdi. Sharoitlar, jihozlar, oʻyinchoqlarni koʻzdan kechirishdi. Keyin bitta-ikkita gaplari qulogʻimga chalinaverdi:

– Oʻzi tarbiyalovchilari ruschani bilisharmikan?

– Menga qarang, opa, bolam ruschani yaxshi oʻrganishi kerak!

– Nechi yosh oʻzi?

– Birdan oshdi...

– Gapiradimi?

– Endi-da...

 

Ustimdan kimdir sovuq suv quyib yuborganday boʻldi, qoʻllarim shalvirab qoldi. Hali gapirishni bilmaydigan bola-ya? Axir oʻzi qistab turgani yoʻq-ku menga ruscha oʻrgatinglar deb! Nega bizda ota-onalar farzandlarining taqdirini tugʻilmasidanoq hal qilishadi? Nonni nanna, suvni tuv deydigan, ona soʻzini aytolmaydigan bolani kim majburlayapti? Bu mantiqsizlikning boshi qayerda?

 

Keyin bilsam, ota-onalarning aksariyati bolam ruscha oʻrgansa, fikrlash doirasi kengayadi, oʻzlashitirishi yaxshilanadi, chunki rus bogʻchalarda sharoit yaxshi, hammasi talab darajasida, deb oʻylar ekan. Qachondan boshlab jamiyatning til bilish, ilm oʻrganish darajasi, butun boshli taʼlim tizimining rejali ish yuritishi qayoqdagi millatini mensimaydigan chala oʻzbek ota-onalarning talabi bilan shakllanadigan boʻldi? Yo unaqa emasmi? Nahotki mana shu bemaʼnigarchilikni tuzatishning imkoni yoʻq?!

 

Balki mening mulohazalarimdan ayb topishga kirishib ketgandirsiz. Til bilsa nima boʻpti, shunga ota goʻri qozixonami? Qancha koʻp til bilsa yaxshi-ku, deyotgandirsiz? Yashang, bu haqda gap soʻz boʻlishi mumkin emas. Katta boʻlib, aqlini taniganda oʻnta til oʻrgansa ham boʻladi-ku! Ammo bir narsani unutmaslik kerak, bolaga insoniy tuygʻular, insoniy fazilatlar ona suti bilan kirgan boʻlsa, vatanni sevish, millatini ardoqlash va u uchun begʻaraz xizmat qilish kabi xislatlar ona tili bilan kiradi. Bugun bolasini tarbiyalashga olib kelganlar rus, yoki ingliz, nemis emas, aynan oʻzbek onalar edi. U ham mayli, yana bittasini aytib bersam, yoqa ushlaysiz!

 

– Bu tarbiyalovchilariz “votti”lab gapirishadimi, ishqilib? “Yapti”lab gapirsa bumiydi, – dedi labi botеks qilingan toʻlachadan kelgan bir ayol.

– Nimaga unaqa deyapsiz? Oʻzingiz ham viloyatdan kelib ijarada yashashingizni bilaman-ku, opajon, – javob qaytardi mudiramiz sinovchan nigoh bilan.

– Toʻgʻri, shunaqa-yu, lekin bollarimni tili buzilib ketmasin, oʻrtoqlaridan ajralib qomasin deymanda, opajooon...

 

Bunisiga nima deysiz endi? Tilga qaygʻurayotganim bir tomon, mendan ham rus tilini talab qilishayotgani bir tomon... Mudiramiz esa menga “Tashvishlanmang, sizga kichkinalari nasib qilgan, ularga unchalik shart emas, men sizni bilasiz deb oʻylagan ekanman-da. Hali oʻrganib ketarsiz...” dedi. Endi nima qilishga boshim qotgan. Avvaliga oz-moz oʻrganib tursam, balki keyinchalik tushunib borarman, harholda, yana bir tilni oʻrganish zarar qilmaydi. Lekin buni istamasang-da bajarish juda yomon, men sizga aytsam...

 

Uyga kelsam xoʻjayinim telefonda kulgili bir video koʻrayotgan ekan. Yaxshilab quloq solsam, aslida qaygʻuli video edi, buni faqat men tushungan koʻrinaman. Chunki unda bogʻcha tarbiyalovchisi bolalarga rus tilidan sanashni oʻrgatayotgan edi.

 

– Adiiin... Dvaaa... Chitiri...Sheest... Voosem...

 

Xoʻjayinim xandon otib kular, men esa yigʻlardim, ishoning, chindan koʻzim yoshlandi. Xoʻrligim keldi. Nimaga bilasizmi, u birgina oʻsha bogʻcha opa, men yoki biz kabi ruscha bilmas tarbiyalovchilarning emas, oʻzi bilmagan holda butun bir millatning ustidan kulayotgan edi. Kechiringlar erimni, buni ochiqdan ochiq gapirayotgan meni ham. Balki bu uchun qonunda jazo ham bordir, buni bilmayman. Ammo men bir narsani aniq bilaman, tilimni, millatimni sevmaganimda, bugun buncha yigʻlamas edim...

 

Manzura ABDUHAKIMOVA

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ma’naviyat

17:01 / 31.01.2025 0 381
Qiyofaning evrilishi

Din

16:01 / 31.01.2025 0 155
“Qora qozon” hukmi qanday bo‘ladi?

Adabiyot

12:01 / 31.01.2025 0 289
Fors epik she’riyatiga romantizmni olib kirgan shoir





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 24333
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//