Savollarga O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi bosh mutaxassisi Hikmatulloh Toshtemirov javob berdi
– Qishlog‘imizda “qora qozon” degan odat bor. Biror kishi azador bo‘lsa, unga hamqishloqlar yordam tarzida pul beradi. Bir hisobda bu xayrli urfdek. Biroq o‘sha pulni o‘rni kelganda qaytarish lozim, xuddi to‘yonadek.
Yana bir muhim masala – xudoyi qilish, ya’ni azadorlar uch kun ichida xalqqa osh yoki sho‘rva qilib tarqatishi kerak. Bunga kimningdir qurbi yetadi, kimning esa yo‘q. Biroq azali xonadon buni qilishga majbur. Shu to‘g‘rimi?
– Xalq orasida vafot etgan kishining yaqinlariga yordam tarzida pul berish urfga kirgan va o‘sha mablag‘ qarz bo‘lsa, uning hukmi qarz oldi-berdisi singari bo‘ladi. Chunki shariatimizda “Al-ma’rufu kal-mashrut” (ya’ni odamlar orasida ma’lum va mashhur ishlar shart qilingan ishlardek bo‘ladi) degan qoida bor. Demak, musibat egasi bu qarzni olishi yoki olmasligi o‘z ixtiyorida. Agar olsa, uni imkon bo‘lishi bilan uzishi kerak. Qarzni uzmasa, egasi kechmaguncha uning zimmasida qolib ketadi, qiyomatda savoblari bilan ado qilib beradi. Lekin musibat egasiga xolis yordam qilib, ehson ma’nosida pul berilgan bo‘lsa, qarz bo‘lmaydi va qaytarilmaydi.
Alloh taolo insonni ba’zi musibatlar bilan sinab, sabr qilgan bandaga ulkan ajrlar beradi. Bunday oilaga ta’ziya bildirish, dalda berish orqali ma’naviy yordam qilish, dafn marosimlarida ishtirok etish, qarz sifatida emas, balki beg‘araz, har kim imkoni yetgancha moddiy yordam ko‘rsatishi kabi amallar savobli hisoblanadi.
Abdulloh ibn Ja’far roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Ja’farning o‘limi xabari kelganda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam “Ja’farning ahliga taom qilib beringlar. Ularni mashg‘ul qiladigan narsa kelib qoldi” dedi” (Imom Termiziy rivoyati).
Demak, qarindosh va qo‘ni-qo‘shnilar boshiga musibat tushgan xonadonga uch kungacha taom chiqarib turishi, kambag‘al oila bo‘lsa ularga moddiy yordam berishi sunnatga mos ish. Musibat yetgan kishilar imkoni bo‘lsa uch kundan so‘ng kun tayin qilmasdan taom tarqatishi, ehson dasturxonini yozib, savobini mayitga bag‘ishlashi joiz amal. Ammo bu ishlar omma uchun majburiyatga aylanib qolmasligi, qilmasa xijolat bo‘lib, o‘zlarini aybdor his etishi darajasiga yetmasligi kerak. Bu har kimning sharoiti va xohishiga qarab belgilanishi zarur. Shuningdek, mazkur ehsonlar mayitning meros molidan merosxo‘rlarning roziligisiz amalga oshirilishi ham o‘zganing haqqiga e’tiborsizlik sanaladi.
Shunday ekan, haqiqiy musulmon har bir ishni shar’iy mezonlarga ko‘ra bajarishi, ayniqsa vafot etib ketgan yaqinlari uchun savob ulashish maqsadida qilayotgan amallarida to‘g‘ri yo‘lni tutishi, savob qilaman deb zimmasida o‘zgalar haqqi qolib ketmasligini ta’minlashi zarur.
– “Salam bay” degani qanday bay? Shu haqda ma’lumot bersangiz...
– Shariatimizda xaridor pulni avvaldan berib qo‘yib, sotuvchi mahsulotni keyin yetkazib berishi – “salam” savdosi deyiladi. Aslida bu savdo hali mavjud bo‘lmagan narsani sotish bo‘lsa-da, uning joiz ekaniga Qur’on, sunnat va ijmodan dalillar bor.
Ibn Abbos roziyallohu anhu aytadi: “Guvohlik beramanki, ma’lum muddatga zimmaga olingan salaf (ya’ni, salam savdosi)ni Alloh taolo halol qilgan va ruxsat bergan. Alloh taolo shunday deydi: “Ey iymon keltirganlar! Bir-biringizdan biror muddatga qarz olib, qarz bersangiz, uni yozib qo‘yingiz” (Baqara surasining 282-oyatidan, Imom Hokim rivoyati).
Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam Madinaga kelganida odamlar mevalar uchun bir, ikki yilga pul olardi. U zot alayhissalom “Kim xurmo uchun qarz olsa, ma’lum idish (o‘sha paytlarda mahsulotlar idishlarda ham o‘lchangan), ma’lum og‘irlikka va ma’lum vaqtga olsin” dedi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Islom ummati salam savdosining joizligiga yakdil fikrga kelgan. Chunki savdoning bu turiga zarurat bor.
Salam savdosining rioya qilinishi kerak bo‘lgan bir nechta sharti mavjud. Umumiy shart – mahsulotning miqdori va sifati ma’lum bo‘lishi kerak. Masalan, kilo, idish yoki metrda o‘lchanadigan yoki sanaladigan mahsulotlar. Hayvonlar, ularning a’zolari, terisi va qimmatbaho gavharlarda salam savdosi bo‘lmaydi.
Salam bitimini tuzish uchun mahsulotning quyidagi jihatlari ma’lum bo‘lishi lozim:
1) turi (masalan, bug‘doy);
2) navi (lalmi yoki obi);
3) sifati (yaxshi, o‘rtacha yoki yomon);
4) miqdori (kilo, metr, dona yoki hajmi);
5) vaqti (salamning eng kam muddati – bir oy);
6) to‘lanadigan pulning miqdori (bitim o‘z kuchida qolishi uchun mahsulot sotmoqchi bo‘lgan odam pulni oldindan olishi kerak);
7) mahsulotni tashish xarajatli bo‘lsa, mahsulotni qayerga yetkazib berish joyi ma’lum bo‘lishi kerak (“Fathu bobil inoya”, “al-Muxtor”).
Demak, yuqoridagi shartlarga to‘g‘ri keladigan mahsulotlarga avvaldan pul berib qo‘yish joiz. Lekin salam savdosida belgilangan vaqt kelgach, mahsulotning narxi kelishilgan narxdan arzon yoki qimmat bo‘lishi e’tiborga olinmaydi.
Ba’zilar “Menga bir tonna kartoshka urug‘ bersangiz, kuzda hosilni yig‘ishtirib olganimda to‘rt yo besh tonna qilib qaytaraman” deydi.
Bu savdo shar’an durust emas. Chunki bir turdagi molni bir-biriga ayirboshlashda kam yoki ko‘p qilib bo‘lmaydi. Demak, bir tonna kartoshka urug‘lik olsa, shu miqdorda qaytariladi.
Bir jinsli molni ayirboshlashda nasiya qilish ham durust emas. Shuning uchun biror narsaning urug‘ligiga muhtoj bo‘lsa, ayirboshlash yo‘li bilan emas, naqd pul olib savdo molini nasiya qilish mumkin. Uning ko‘rinishi quyidagicha bo‘ladi. “Hozir menga falon so‘m bersangiz, kuzda sizga to‘rt tonna falon navli, yaxshi sifatli kartoshkani falon joyga yetkazib beraman” deydi. Kuzda kartoshkaning narxi qancha bo‘lishidan qat’i nazar kelishuvga muvofiq miqdorda beradi. Shu holatda kuzda to‘rt tonna kartoshkaning pulini olish mumkin emas. Qolaversa, kartoshka o‘rniga sabzi, piyozga o‘xshash boshqa mahsulotni olib bo‘lmaydi. Aks holda ribo bo‘ladi.
– Naqdga 10 so‘mga sotiladigan buyumni kreditga o‘xshatib 12 oyda bo‘lib to‘lash sharti bilan 12 so‘m deb baholab, oyiga bir so‘mdan to‘lov shart qilib qo‘yilmoqda. Agar oyiga shart bajarilmasa, buyumni qaytarib oladi. Shu nasiya savdosi to‘g‘rimi? 12 oyga baylashib shu muddat ichida qurbi yetgancha to‘lab borishi nasiya savdosi deyilmaydimi?
– Savdo moliga naqdga falon so‘m, nasiyaga falon so‘m deb ikki xil narx belgilash mumkin. Uni oyma-oy to‘lashga yoki oxirida birdaniga to‘lashga kelishish ham mumkin. Nasiya savdoda muddat va narx aniq bo‘lishi lozim.
“Oyiga shart bajarilmasa, buyum qaytarib olinadi” kabi shartlar qo‘yish mumkin emas. Chunki savdo bunday shartlarni taqozo qilmaydi. Agar shunday shart qo‘yiladigan bo‘lsa, savdoni buzib qaytadan to‘g‘rilash kerak. Buning ustiga, nasiya savdosida ham bitim tuzilishi bilan mol xaridorning mulkiga o‘tadi va u sotuvchidan molning narxiga qarzdor bo‘ladi. Kelishilgan mablag‘ni vaqtida to‘lay olmasa ham sotuvchi xaridordan sotgan narsasini qaytarib (tortib) ololmaydi. Lekin ikki tomonning roziligi bilan savdoni bekor qilish mumkin.
Shariatimizda tuzilgan savdoni buzish iqola deyiladi. Bu ish ikki tomonning roziligi bilan bo‘ladi hamda sotilgan mahsulot sotuvchiga, to‘langan pul xaridorga qaytadi: “Iqola birinchi (berilgan) mablag‘ miqdori bilan to‘g‘ri bo‘ladi” (“Fathu bobil inoya” kitobidan). Ya’ni, ikki tomon necha pulga kelishgan bo‘lsa, ana shu pul miqdorida bekor bo‘ladi. Sotuvchi bundan ortiq yoki kam olishi mumkin emas.
Yuqoridagi gaplar xaridor mahsulotga hech qanday ayb yetkazmasdan qaytarib kelgan holatga tegishli.
Agar xaridor mahsulotni savdogar nazdida narxni tushiradigan ayb bilan qaytarib kelsa, yetkazilgan ayb miqdori xolis savdogarlarga baholatiladi. Agar savdogarlar “Ayb yetishi tufayli bu mashinaning narxi falon so‘m pastlagan” deb baholab bersa, sotuvchi iqola paytida o‘sha miqdorni ushlab qoladi va qolgan pulni qaytaradi.
Pulni vaqtida to‘lamagani sababli, darhol aqdni buzmasdan, ilojini qilib biroz muhlat berish ham tavsiya qilingan. Chunki Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda bunday deyilgan: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam “Kim nochorga muhlat bersa yoki undan bir qismini kechib yuborsa, Qiyomat kuni, uning soyasidan o‘zga soya bo‘lmagan kunda Alloh taolo uni Arshining soyasi bilan soyalantiradi” dedi” (Imom Termiziy rivoyati). Agar muhlat bersa ham, muddat tugasa ham qarzini to‘lay olmasa, mazkur narsani tortib olmasdan, balki egasi bilan kelishgan holda sotib, qarzini undirib olsa bo‘ladi.
“12 oyga baylashib shu muddat ichida qurbi yetgancha to‘lab borishi nasiya savdosi deyilmaydimi?”. Bu nasiya savdoning bir turi – taqsit savdosi. Unda savdo moli naqd berilib, uning pulini berish kechiktiriladi.
Taqsit savdosi salam savdosining aksidir. Ya’ni, salam savdosida pul naqd berilib mol nasiya qilinadi. Taqsit savdosida belgilangan pulning barchasini yoki bir qismini nasiya qilish mumkin. Ko‘pincha belgilangan mablag‘ bir necha qismga yoki bir necha bosqichga bo‘lib ado etiladi. Agar belgilangan mablag‘ kelishilgan muddatning oxirida birdaniga ado etilsa, bu nasiya savdo bo‘ladi. Nasiya savdosida ham savdo bitimi tuzilishi bilan mol xaridorning mulkiga o‘tadi va u sotuvchidan molning narxiga qarzdor bo‘ladi.
Damin JUMAQUL tayyorladi.
“Ma’naviy hayot” jurnali, 2024-yil 4-son.
“Qaltis savollarga nozik javoblar” suhbati
Foto: Abdumannon Muhammad
Tarix
Ma’naviyat
Adabiyot
Adabiyot
San’at
Til
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q