Fors epik she’riyatiga realizmni olib kirgan shoir


Saqlash
12:01 / 31.01.2025 14 0

Markaziy Osiyo, Eron va Hindiston adabiyotining shakllanishi va rivojlanishiga ozarbayjonlik buyuk shoir va mutafakkir Nizomiy Ganjaviy o‘ziga xos ta’sir ko‘rsatgan. Ushbu maqolada shoirning sharq adabiyotida tutgan o‘rni va qo‘shgan hissasi haqida, uning faoliyatiga doir ayrim jihatlarga to‘xtalib o‘tamiz. 

 

Asli ismi Ilyos bo‘lgan Nizomiy Ganjaviy XII asrda bugungi Ozarboyjonning Ganja shahrida tavallud topdi. Butun umr davomida shu shaharda yashadi va ijod qildi. Ganjaviy yashagan zamonda yuqori daraja va martabaga erishish uchun saroyda xizmat qilish va ijod qilish eng muhim shartlardan biri edi. Ammo Ganjaviy bu yo‘lni tanlamadi. Balki shuning uchun u bugungi buyuklikka erishgandir. Oddiy hayot kechirgan Ganjaviy asosan hukmdorlarga yuborgan she’rlari ortidan kun ko‘rgan. Ganjaviy she’rlarini yuborgan hukmdorlar ichida Iroq saljuqiylari sultoni To‘g‘rulbek, Ozarboyjon otabeglaridan Nasriddin Jahon Pahlavon, Qizilarslon, Nasriddin Abu Bakr ibn Muhammad, Alouddin Ko‘rpa Arslon, Erzinjon hokimi Malik Faxriddin Bahromshoh va Mo‘sul otabegi Iziddin Mas’udlar bor edi.

 

Nizomiy Ganjaviy olim hamdir. U forscha va arabchadan tashqari pahlaviy, suryoniy, ibroniy, armani va gurju tillarini ham mukammal bilgan. Turli fan sohalarida ta’lim olgan. Astronomiya, falsafa, geografiya, tibbiyot, matematika, musiqa ilmidan xabardor bo‘lgan. Nizomiyga “hakim” unvonining berilishi uning olimligiga dalil. Ungacha bunday ulug‘ unvonga faqat Ibn Sino va Umar Xayyomlargina ega bo‘lgan. Nizomiyning shaxsiy hayoti haqida ko‘p ma’lumotlar saqlanmagan. Bu uning saroyda faoliyat yuritmagani bilan bog‘liq bo‘lsa kerak.

 

Nizomiy ijodining o‘ziga xosligi

 

Nizomiy Ganjaviy sharq romantizmi asoschisi sifatida mashhur. U fors epik she’riyatiga dialog va realizmni olib kirgan shaxs sifatida tan olingan. Хalq og‘zaki ijodi namunalari va tarixiy xronikalardan foydalangan holda o‘z she’rlari bilan islomgacha va islomdan keyingi davr Eronni birlashtira oldi. Professor Chelkovskiyning fikriga ko‘ra, Firdavsiyning “Shohnoma”sini o‘qish Nizmoiyning sevimli mashg‘uloti bo‘lgan. Natijada uning ijodiga Firdavsiyning ta’siri paydo bo‘lgan. Shuningdek, Nizomiy ijodiga Qatron Tabriziy, Sanoiy, Faxriddin Jurjoniy va tarixchi Tabariylar ham o‘z ta’sirini ko‘rsatgan. Ammo Firdavsiy Nizomiyning ilhom manbai bo‘lgan. Bu Nizomiyning “Iskandarnoma” dostonida yaqqol ko‘rinadi. Ushbu dostonni yozishda u “Shohnoma”dan ko‘p bor foydalangan. Yana Xamsa”sidagi “Xusrav va Shirin”, “Haft paykar” dostonlarini yozishda ham Shohnomadan asosiy manba sifatida foydalangan.

 

Nizomiy Firdavsiyning doston janrini cho‘qqiga olib chiqibgina qolmay, nazmiy sevgi hikoyalarining eng buyuk ustasi unvoniga sazovor bo‘ldi va fors adabiyotida Xamsa” janrining asoschisi bo‘lib tarixda qoldi. Uning mavzularni yuritish texnikasidagi mahorati, ifodalash uslubi, yangi ma’no va metaforalarni topishi, ifodalashda estetikaga ahamiyat berishi, ta’riflar, qalb tahlilidagi teranlik, tasavvuridagi kenglik, uslubidagi yorqinlik va madaniy boylik fors adabiyotining daho shoiri sifatida tan olinishida muhim rol o‘ynadi. Voqea, tushuncha va his-tuyg‘ularni ifodalashda adabiy san’atlardan foydalanib, ularni boy tasvirga joylashtirgani uchun har bir bayt o‘zida bir butunlik va go‘zallikni tashiydi.

 

Nizomiy she’riy asarlar yozgan, lekin ular dramatik xarakteri bilan ajralib turadi. Uning ishqiy she’rlari syujeti hikoyaning psixologik murakkabligini oshirish uchun puxta qurilgan. Qahramonlari harakatlar bosimi ostida yashaydi hamda o‘zlarini va boshqalarni anglash uchun shoshilinch qarorlar qabul qilishlari kerak. U o‘z qahramonlarining psixologik portretlarini chizib, kuchli va zavolsiz muhabbatga duch kelgandagi inson qalbining boyligi va murakkabligini ochib beradi. Nizomiy ishqiy doston janrining mohir ustasi edi. Nizomiy o‘zining shahvoniy-erotik she’rlarida insonning o‘zini shunday tutishiga nima sabab bo‘layotganini tushuntirib, uning beparvoligi va ulug‘ligini, kurash, ehtiros va fojialarini ochib beradi. Nizomiy uchun haqiqat she’riyatning tub mohiyati edi. Shunday yondashuv orqali u o‘z iste’dodini yer-mulk hadyalari evaziga sotgan saroy shoirlarini tanqid qildi.

 

Nizomiy mistik shoir bo‘lgan. Shu bilan birga uning ijodida mistikani erotikadan, diniylikni dunyoviylikdan ajratish mumkin emas. Manbalarda uning sunniy musulmon va dindor kishiligi aytiladi. Shuningdek, o‘sha paytlarda keng tarqalgan botiniylikka ashaddiy qarshilardan biri bo‘lgan. She’rlarida sunniy islom, payg‘ambar va to‘rt xalifani ko‘p bor tilga olgan. Ayrimlar uni mutasavvif ham deydi, ayrimlar esa uning biror bir tasavvuf maktabiga a’zo bo‘lmaganini keltiradi. Ammo shunga qaramay uning she’riyatida tasavvuf ramzlari, an’analari va obrazlarini uchratish mumkin. Nizomiyning mistikasi asketik mistika bo‘lib, bu jihatdan u Abu Homid G‘azzoliy va Farididdin Attorga yaqin turadi.

 

Nizomiyning asarlari

 

Nizomiy shoir sifatida ko‘p asarlar yaratgani shubhasiz, lekin bizgacha uning yagona she’riy devoni – Xamsa”si yetib kelgan va muallifni ushbu yo‘nalishning “otasi”ga aylantirgan. Mazkur devonida 6 ta qasida, 116 ta g‘azal, 2 ta qit’a va 30 ta ruboiy o‘rin olgan. Shoirning “Panj ganj”i haqida biroz kengroq ma’lumot beramiz. Ganjaviy besh dostondan iborat ushbu asarni 35–40 yil davomida yozgan va uning hajmi 35 ming baytni tashkil etadi. Xamsa”dan o‘rin olgan dostonlar quyidagilar: “Maxzan ul-asror”, “Xusrav va Shirin”, “Layli va majnun”, “Haft paykar” va “Iskandarnoma”. Ushbu dostonlar masnaviy janrida yozilgan bo‘lib, o‘zidan keyin yozilgan barcha Xamsa”lar uchun asos bo‘lib xizmat qildi. Birinchi doston, ya’ni “Maxzan ul-asror” g‘aznalik shoir Sanoiyning “Hadiqat ul-haqiqat” (Haqiqatlar bog‘i) dostoni ta’sirida yozilgan. Bu dostonni Nizomiy Erzinjon hokimi Faxriddin Bahromshohga bag‘ishlab, pand-nasihat shaklida yozgan. Keyingi asrlarda ushbu didaktik asarga bir qancha naziralar yozilgan bo‘lishiga qaramay, ularning birortasi, hatto Navoiyning “Hayrat ul-abror”i ham mazkur doston bilan tenglasha olmaydi.

 

Xamsa”ning ikkinchi dostoni “Xusrav va Shirin”, to‘rtinchi dostoni “Haft paykar” va beshinchi dostoni “Iskandarnoma” yuqorida qayd etganimizdek Firdavsiyning Shohnomasi asosida yozilgan bo‘lib, Sosoniylar imperiyasi shohlari Xusrav va Bahrom hamda buyuk Aleksandr Makedonskiy haqida so‘zlaydi. Uchinchi dostoni “Layli va Majnun” esa VII asrda yashagan arab shoiri Qays ibn Mullavahning muhabbatidan hikoya qiladi.

 

Nizomiy dostonlarida aynan uning taʼriflari tufayli bugungi kungacha yetib kelgan noyob maʼlumotlar mavjud. Masalan, Xamsa”ning hayratlanarli tomonlaridan biri shundaki, unda sozandalarning batafsil ta’rifi berilgan. Bu esa Nizomiy dostonlarini XII asr fors musiqasi va cholg‘u asboblari haqidagi qimmatli ma’lumotlar ba’zasiga aylantira olgan. Nizomiyning oddiy odamlar hayotiga qiziqishiga qaramay, shoir monarxiya institutini inkor etmagan va uni fors turmush tarzining ajralmas, ma’naviy va muqaddas bir qismi deb hisoblagan.

 

Nizomiyning boshqa shoirlarga ta’siri

 

Nizomiyning adabiyot va madaniyatga ko‘rsatgan ta’siri keyingi asrlarda ham davom etdi. U qalamga olgan asosiy mavzularga qiziqish sakkiz asrdan beri davom etib kelmoqda. Buni ushbu mavzularga bag‘ishlangan tadqiqotlar ham ta’kidlab turibdi. Kavkaz, Markaziy Osiyo, Yaqin va O‘rta Sharq, shuningdek, Hindistonda yashagan yuzlab shoirlar o‘z ijodlarida Nizomiyga murojaat qilishgan va u qoldirgan adabiy maktab davomchilariga aylanishgan. Uning asarlari ko‘plab tillarga tarjima qilingan. Jahon adabiyoti tarixida bunday shaxslar sanoqli.

 

Adabiyot tarixida besh dostondan iborat bo‘lishi qat’iy belgilangan Xamsa”chilik an’anasi aynan Nizomiydan boshlandi. Keyingi asrlarda Hindistonda Xusrav Dehlaviy, Hirotda Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiylar ham o‘z “Xamsa”larini yaratdi. Abdurahmon Jomiyning jiyani Abdulloh Xotifiy ham bu borada o‘zini ko‘rsatdi, desak bo‘ladi. XVI asrga kelib Hindistonda Shayx Abulfayz Fayzi ham Ganjaviy va Dehlaviydan ilhomlanib Xamsa” yozishga kirishdi, biroq uchta doston bilan kifoyalandi. XVII asrda yashagan kashmirlik shoir Muhsin Foniy esa 4 ta doston bilan kifoyalandi. Xamsa”navislar o‘z asarlarida epik-romanik, qahramonlik yoki so‘fiylik mavzusini birinchi o‘ringa qoʻygan. Nizomiy Ganjaviy Xamsa”sining syujet va mavzulari turli xalqlar badiiy adabiyotlariga taʼsir etib, XIIIXX asrlar mobaynida 600 dan ortiq asar yaratilgan.

 

Nizomiy Xamsa”si va Amir Xusrav Dehlaviy asos solgan maktab insonparvarlik idealini targʻib qilish, insonlar va xalqlarni yuksak axloqiy qadriyatlar atrofida birlashtirish, xalqlar va mamlakatlar oʻrtasidagi oʻzaro tushunish, hamkorlik va doʻstlikni himoya qilishda katta rol oʻynadi. Nizomiyning asarlari bir qator g‘arb adabiyoti namoyondalari ijodiga ta’sir qilgani aytiladi. Jumladan, Shekspir, Dante, Gyote kabi adiblar Nizomiy Xamsa”sidan ilhomlangan. Shuningdek, Puchchinining Turandot operasi ham Nizomiy ijodidan ilhomlanib yaratilgan. Fransiyalik jurnalist Jan Mishel Brunning fikricha, Nizomiy Ganjaviy qarashlari Fransiyadagi “Ma’rifatparvarlar davri” mutafakkirlari shakllanishida ham salmoqli rol o‘ynagan.

 

Nizomiy Ganjaviy sharq adabiyoti, falsafasi va dunyoqarashi shakllanishida yuksak hissa qo‘shgan buyuk shaxsiyatdir. U fors adabiyotida Firdavsiydan keyin eng yirik figura hisoblanadi. U haqida bir qator g‘arb olimlari va mutafakkirlari iliq so‘zlar aytgan. Rossiyalik sharqshunos Spasskiy-Avtonomov fikricha, Eronda Sa’diy, Firdavsiy, Anvariylarni payg‘ambar hisoblashgan bo‘lsa, Nizomiyni shoirlar ichida xudo deb hisoblashgan. Bu albatta biroz mubolag‘a holida aytilgan gap. XV asrda yashagan samarqandlik tazkirashunos Davlatshoh Samarqandiy Nizomiyni o‘z davrining eng nafis shoiri deb ta’riflaydi. Hofiz She’roziy esa u haqda she’rlar yozib “o‘tgan kunlarning barcha xazinalarini Nizomiy qo‘shiqlarining shirinligi bilan solishtirib bo‘lmaydi”, deydi. Biz esa Nizomiy ijodiga xulosalarimizni Hazrat Navoiyning quyidagi misralari bilan yakunlaymiz:

 

Emas oson bu maydon ichra turmoq,

Nizomiy panjasiga pajna urmoq.

 

Jahongir OSTONOV,

OʻzR FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi

Sharqshunoslik instituti tayanch doktoranti

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 24287
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//