Kuler – suvluq, prank – zil-hazil, keshbek – qaytiq – muqobil so‘zlar tavsiyasi


Saqlash
11:31 / 29.01.2025 121 0

1. Karaoke – yaponcha so‘z bo‘lib, “yakkaxon ijrochi” ma’nosini bildiradi. Biror ashulaning havaskorlar tomonidan tayyor matn va kuy asosida ijro etilishiga karaoke deyiladi.

 

2. Samosud – “o‘zboshimcha sudlash”, ya’ni jinoyatchining davlat organi emas, odamlar tomonidan jazolanishi.

 

3. Poverbank – ingliz tilidan so‘zma-so‘z tarjima qilganda “quvvat banki” degan ma’noni bildiradi. Mobil qurilmalarni quvvatlaydigan qo‘shimcha batareya.

 

4. Barsetka – italyancha so‘z, “hamyon xalta” degani. Undan asosan erkaklar foydalanadi. Telefon, pul, plastik karta kabilarni olib yurishga qulay buyum.

 

5. Onlayn – inglizcha so‘z bo‘lib, “aloqada” ma’nosida tushuniladi.

 

6. Kafel – nemischa kachel so‘zidan kelib chiqqan. Yo‘laklarda,  devorlarning poydevorida, oshxona va yuvinish xonalarida yerga yo devorga teriladigan suvshimmas  qurilish materiali.

 

7. “Ariston” – Italiyadagi korporatsiya nomi, keyinchalik brendga aylangan. Xonadonlarda suvni isitib beradigan moslama.

 

8. Keshbek – inglizcha cashback so‘zidan olingan, “pulni qaytarmoq” ma’nosini bildiradi. Ya’ni, to‘langan summaning ma’lum qismining iste’molchiga qaytarib berilishi.

 

9. Karving – “kesish, o‘ymakorlik” degani. Meva va sabzavotlarni kesib bezak berish san’ati.

 

10. Shtrix-kod – strich – “chiziq, yo‘l” hamda lotincha  codex – “yupqa yozuv” so‘zlarining birikmasi. Mahsulot va uning ishlab chiqaruvchisi haqida ma’lumot beruvchi grafik belgi.

 

11. Kuler  inglizcha cooler – “sovutuvchi” va fransuzcha couler – “quymoq” so‘zlaridan kelib chiqqan, kompyuterlarning sovutish tizimidagi shamol haydagich, shuningdek, suvni isitib yoki sovutib, idishga quyib beradigan moslama.

 

12. Prank – inglizcha “hazil” degani. Blogerlar uyushtiradigan, video tasmasiga yozib olinib, jamoatchilikka tarqatiladigan qora hazillar tushuniladi. 

 

 

O‘zbekiston xalq yozuvchisi Isajon Sulton tavsiya qiladi:

 

1. Karaoke. Texnologik atamalar boshqa xalqlarga o‘sha texnologiya kashf qilingan tilda tarqaladi. Ushbu so‘z dunyoning barcha o‘lkalarida qanday bo‘lsa shunday: “karaoke” shaklida qo‘llanadi. Shunday bo‘lsa-da, unga esh so‘z tilimizda bor: jo‘r bo‘lmoq, jo‘rlamoq. Misol uchun “Eshmat jo‘r uskunasini yoqdi”, “Toshmat jo‘rlov qurilmasidagi yozuvga qarab qo‘shiq aytdi”.

 

2. Samosudolomon qilmoq. “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da ham bu so‘zga “Olomon qilmoq – sudsiz-boshqasiz ko‘plashib urmoq, urib o‘ldirmoq” deb izoh berilgan (“Gap shu, musulmonlar, agar bugun ham bir gap chiqmasa, bizni laqillatganlari uchun uchovining boshiga to‘n yopib, olomon qilamiz. Xudoyberdi To‘xtaboev, “Yillar va yo‘llar”).

 

3. Poverbank – bu boradagi eng maqbul so‘z – kuchluq, zamonaviyrog‘ini istasak, quvvatlagich ko‘rinishida qo‘llasa bo‘ladi. 

 

4. Barsetka – ha, bu so‘z italyancha “borsetta” so‘zidan kelib qolgan. O‘zbekchasi yonqopchiq, belqopchiq. Umuman, bunday narsalarni ifodalaydigan so‘zlarga tilimiz ancha boy: to‘rva, xalta, qop, qopchiq, kissa, cho‘ntak, hamyon...

 

5. Onlayn – buning eng yaxshi muqobili – davra. Ma’nosi “onlayn”dan ko‘ra ancha keng. Asli arabcha bu so‘z tilimizda “muttasil aylanib turuvchi zamon” mazmunida keladi. Bizda esa chin o‘zbekona ruhiyatni ifodalashi bilan e’tiborga loyiq. Masalan: davraga kirmoq, davradan chiqmoq, davra qurmoq, davra aylanmoq.

 

6. Kafelkoshin. Yana “Sopol yoki chinni koshin to‘shalgan” iborasi “kafel yotqizilgan”dan ancha afzal. Koshinli shift, koshinli tavon, koshinli sahn...

 

7. “Ariston” – ha, bu bizda argo so‘zga aylanib qolgan. Shunga o‘xshash holat “Tefal”da ham kuzatilgan edi. Hozir “elektr choynak atamasi bilan teng qo‘llanadi. Buning ma’nosini eng yaxshi ifodalaydigan so‘z isitkich. “Ariston” va “Tefal” hodisasi tadbirkorlarimizga yaxshigina ovoza uchun imkon beradi. Mosroq biron-bir so‘z bilan shunaqa qurilma ishlab chiqarishsa, o‘sha so‘z o‘z-o‘zidan uskuna nomiga aylanib qolgan bo‘lardi.

 

8. Keshbekqaytiq, qaytqi, qaytim.

 

9. Karvingkesma bezak.

 

10. Shtrix-kod  o‘zimizga o‘girsak “tamg‘a-chiziq”. Lekin kamina buning o‘rniga “paysa”ni tavsiya qilgan bo‘lardim. To‘g‘ri, paysa bir vaqtlar mayda chaqa-pulni bildirgan, Pokistonda hozir ham shunday. Biroq eski turk uluslaridan to Chingizxongacha u nishon-yorliq o‘laroq qo‘llangan bo‘lib, kishining kimligini va rutbasini ifodalagan.

 

11. Kuler issiq-sovuq suvni quyib beradigan moslamani anglatsa ham aslida “cool” (sovuq) so‘zidan olingan. Elektron qurilmalarni sovutadigan parrakchaniyam “kuler” deyishadi. Agar bu moslama faqat sovutsa edi, nomlash muammosi muzluq so‘zi bilan hal bo‘lardi, ammo u suvni isitadi ham. Shu sababli umumiy qilib suvluq so‘zini ishlatsa bo‘ladi. Agar har bir uskunaga shu tamg‘a yopishtirilib sotilsa, bu so‘z tez ommalashadi. “Ot suvlig‘i ham bor-ku” deganday mulohazalar bo‘lishi mumkin. Tilimizda turli ma’nolarni bildiradigan so‘zlar anchagina, o‘shalar qatorida yashayveradi.

 

12. Prank – qarangki, tilimiz bu mazmunni ifodalashda ham boy ekan. Hazrat Navoiy “hazil” so‘zi bilan birga “zarofat” va “mutoyiba” so‘zlarini ham qo‘llagan. Menimcha, prank o‘rniga “hazil” so‘zi mos keladi, ya’ni: hazil video. “Prankda bir oz mazax ham bor-ku” degan e’tiroz bo‘lishi mumkin, bundaylari “mazax video”, yanayam qorarog‘i – “masxara video” deyish mumkin va hokazo.

 

 

Filologiya fanlari doktori, professor Durdona Xudoyberganova tavsiya qiladi:

 

1. Karaoke – ushbu so‘z o‘zbek tilida, xususan, yoshlar nutqida ancha ommalashgan va ma’nosi ham ko‘pchilikka tushunarli. Uning ikkita ma’nosi bor: 1) biror qo‘shiqning havaskor  tomonidan tayyor matn va kuy asosida ijro etilishi; 2) shunday qo‘shiq turi uchun moslangan qurilma. Bizningcha, birinchi ma’noni anglatuvchi karaoke so‘zi shu tarzda qolgani ma’qul. Ikkinchi ma’noda qo‘llanuvchi karaoke so‘zini esa birinchisidan farqlash maqsadida “karaoke qurilmasi” deb nomlash mumkin.

 

2. Samosud – mazkur so‘z ma’nosini o‘zbekcha “noqonuniy jazo” deb ifodalash mumkin. Chunki samosud qilayotgan shaxs boshqa shaxs ustidan o‘zicha hukm chiqaradi, ya’ni uni ayblanuvchi deb hisoblaydi va uni kuch ishlatib, noqonuniy jazolaydi.

 

3. Poverbank – o‘zbek tili so‘z yasalishi qolipi asosida hosil qilingan quvvatsaqlagich so‘zini qo‘llash mumkin deb hisoblayman.

 

4. Barsetkani “yonxalta deyish mumkin.

 

5. Onlayn anglatgan ma’noni “masofali tarzda” birikmasi orqali ifodalasa bo‘ladi. Qiyoslang: “Majlisda onlayn qatnashdi. Majlisda masofali tarzda qatnashdi”.

 

6. Kafel – ayni shaklda o‘zbeklar yaxshi tushunadi va ko‘p ishlatadi. Uni boshqa so‘z bilan almashtirishga ehtiyoj yo‘q.

 

7. “Ariston”ni “suvisitgich” so‘zi bilan almashtirish tarafdoriman.

 

8. Keshbek uni “xarid chegirmasi” birikmasi bilan ifodalash mumkin.

 

9. Karving o‘z holida qolgani ma’qul.

 

10. Shtrix-kod o‘rniga “grafik ma’lumotnoma” birikmasini taklif qilaman.

 

11. Kuler – “suvquygich” ham yomon so‘z emas.

 

12. Prank bu so‘z ifodalab kelgan hodisa aksar hollarda hazil qilingan odamni stress holatiga tushirib, o‘zaro munosabatlarning buzilishiga, ba’zan og‘ir oqibatlarga ham olib kelishi mumkin. Bu “Hazil – hazilning tagi zil” maqolida ifodalangan vaziyatga o‘xshaydi. “Og‘ir” so‘zining ma’nodoshi hisoblangan “zil” so‘zi bu yerda salbiy oqibatga ishora. Shu mulohazadan kelib chiqqan holda prankni “zil-hazil” juft so‘zi orqali ifodalashni taklif qilaman.

 

Bayram ALI tayyorladi.

 

“Ma’naviy hayot” jurnali, 2024-yil 4-son.

“Eshiklar ochiq, lekin...” maqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 24265
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//