Fransuz ma’rifatparvari Antuan Rivarolning bir gapi yangi dunyoning chalkash mohiyatini ochib tashlaydi. Bu shunday: “Volter: “Odamlar qanchalik ma’rifatli bo‘lsalar, shunchalik erkindirlar”, deb ta’lim bergandi. Uning izdoshlari esa xalqqa: “Siz qanchalik erkin bo‘lsangiz, shunchalik ma’rifatlidirsiz”, deb uqtirdilar. Halokatning siri ana shunda!”
Qarang-a, bir qarashda ikki talqin ham aslida bir xil, ko‘p farqi yo‘qday, shunchaki so‘zlarning o‘rni almashib qolganday tuyuladi. Lekin birinchisi eltuzar, ikkinchisi elbuzar g‘oya. Ya’ni, dunyoni yaxshi tomonga o‘zgartirishga xizmat qiladigan g‘oya so‘zlarning o‘rni almashishi bilan dunyoni buzadigan g‘oyaga aylanib qolgan. Matematikadagi “Qo‘shiluvchilarning o‘rni almashgan bilan yig‘indi o‘zgarmaydi” degan qoida sonlar uchun amal qiladi, lekin so‘zlarga to‘g‘ri kelmaydi. Bunday holatda yig‘indi u yoqda tursin, hatto falak ham teskari aylanib ketishi mumkin. Asta-sekin bu fikrni omma “Istaganingcha erkin bo‘laver, kerak bo‘lsa, ma’rifatning o‘zi keladi”, bora-bora “Erkin bo‘lsang bo‘ldi, ma’rifat shartmas” qabilida qabul qila boshladi. Xullas, insoniy qadr va erkinlikni faqat ma’rifat berishini nazardan chetga surib tashladilar. Bu hodisa dunyo ma’naviyatini halokatga torta boshladi. Gʻarbning o‘zidan, Ovrupo yuragidan chiqqan ma’rifatparvar Rivarolning tashxisidan so‘ng ko‘p o‘tmay Gʻarb ma’naviy bo‘ronlar ichida qoldi.
Ba’zan ma’rifatli, chin ma’nodagi erkin, hur fikrli odamlar bilan gaplashib qolaman. Ularga ich-ichingdan havasing keladi, hurmating ulug‘ bo‘ladi. Ularning balandligini, ulug‘vorligini, katta Insonligini his etasan. Ularni kuzata turib, o‘zingni taftish qilib ko‘rasan va ba’zi maydakashliklaringdan uyalib ketasan. Ma’rifatli erkinlik odamni yuksakka ko‘taradi, Xudoga yaqinlashtiradi, ma’rifatsiz erkinlik tubanlikka tortadi, shaytonga yaqinlashtiradi. Buni erkinlik deb bo‘lmaydi, aslo. Aslo! Gʻarb bu zalolatning qanchalik jabrini tortayotgani dunyoga ayon. Bir jinsli nikohlar, qarigan ota-onani qarovsiz tashlab ketishlar, hayo va ibo, mehr va oqibat tanazzuli, xiyonatlar, xudbinlik va mahdudlik kabi yuzlab illatlar qator xalqlarning tarixiy ildizlarini qurtlatib yubormoqda. Agar hozirgi zamon illatlari ensiklopediyasi chop etilsa, kamida 10 jild bo‘ladiyov. Ba’zi filmlar-u, boshi adog‘i yo‘q seriallarni ko‘rib, bular xiyonat va sotqinlikni, zo‘ravonlik va buzuqlikni fazilat deb e’lon qilishmasa go‘rga edi, degan o‘yga borasan. Shubhasiz, erkinlik buyuk ne’mat, hatto muqaddas ne’mat, lekin u ma’rifat bilan qadrli, ma’rifatsiz “erkinlik” bema’nilik va buzg‘unchilikdan boshqa narsa emas. Internet va ijtimoiy tarmoqlardagi millionlab rasvogarchilik va bachkanalik, behayolik va oldi-qochdilar, fitna-fasod, hatto fahsh va qotilliklar ham erkinlik niqobi ostida namoyon bo‘layotgani alam qiladi. Mening bu fikrlarimni to‘g‘ri tushunishlaringizni istardim. Men so‘z erkinligini qattiq hurmat qilaman, fikrlar xilma-xilligini juda qadrlayman. Busiz taraqqiyot ham, tafakkur ham bo‘lmasligini yaxshi anglayman. Lekin so‘z erkinligi bilan ig‘vo erkinligining, fikrlar xilma-xilligi bilan shallaqiliklar xilma-xilligining osmon bilan yercha farqi bor. Biz ba’zida fikr nima-yu, vaysaqilik nima ekanini farqlolmay qolyapmiz. Bu gul bilan go‘ngning farqiga borolmaslikday gap. Ijtimoiy tarmoqlarda bir to‘da o‘quvchilarning 60 yashar o‘qituvchisini yelkasiga minib urayotgani, Navoiy haykali poyida bir tirraqining dahoni masxaralab kulayotgani, gapiga ilon po‘st tashlaydigan bir uyatsiz xotinning sharmandalarcha valaqlayotgani, ba’zan andishali odamlar ustidan mag‘zava ag‘darilayotgani (sanayversang adog‘i yo‘q!) – bularni nima deb atash kerak. Erkinlikmi bu, fikrlar xilma-xilligimi?!
Shu o‘rinda alohida ta’kidlash kerak, ijtimoiy tarmoqlarda ba’zan jonkuyar odamlarimizning el-yurt taqdiri, adolat, bizga chetdan bo‘layotgan tahdidlar, vatanimiz sha’niga aytilayotgan tuturiqsiz iddaolarga dadil javoblarini, milliy muammolarimiz masalasida samimiy, ilg‘or fikrli chiqishlarini ko‘ramiz. Lekin ularning ovozini ham bema’ni shovqinlar, og‘zi shaloq g‘iybatlar bosib ketayotganiga guvoh bo‘lamiz. Chunki biz o‘zimizga nima kerag-u, nima kerak emasligini bilmaymiz. Chunki hamma gapirsam deydi, baqirsam deydi, birov tinglasam demaydi.
Erkinlikning ildizlari ma’rifatdan suv ichadi. Inson erkinligi bilan Vatan ozodligi chambarchas bog‘liq jarayondir. Ya’ni, insoniy erkinlikning mas’uliyatini bilmagan odam Vatan ozodligining mohiyatini ham bilmaydi. Rabindranat Tagorning bir gapi hammamizga doimiy dars bo‘lishi kerak: “Ozodlikning abadiyligini faqat bir narsa ta’minlaydi. U ham bo‘lsa ma’rifatdir”. Menimcha, eng to‘g‘ri gap shu. Ma’rifatsiz ozodlik ozodlik emas.
Katta pul dardida
Odamni ma’rifatdan qaytaradigan har qanday narsa uni Xudodan qaytaradigan illatlar bilan bir qatorda turadi.
Jadidlar bizga har ishda mudom ibratdirlar. Ular butun kuchni ma’rifatga qaratdilar. Najotni ma’rifatda deb bildilar. Erkinlik va ozodlikning tayanchi ma’rifat ekanini tinimsiz uqtirdilar. Shu bilan birga yurtning katta boylarini ilm-u ma’rifatga xizmat qilishga, bu yo‘lda mablag‘larini sarflashga undadilar.
Katta pul va boylik nimaga xizmat qilishi kerak? Insonning inson bo‘lishi uchunmi yo yuhoga aylanishi uchun? Yurtimizda ezgulik, ilm-fan, adabiyot uchun hissasini qo‘shayotgan boylar bor. Lekin aksariyat puldorlar bilan gaplashib qolganingda diling og‘riydi. Ularning gap-so‘zlaridan, o‘zini tutishlaridan “O‘sha ma’rifat-pa’rifating tag-tomiri bilan yo‘q bo‘p ketmaydimi? Menga nima?” degan ohangni sezasan. Har ikki kunning birida tuppa-tuzuk lavozimda, yaxshi maosh, obro‘ bilan ishlab yurgan o‘ziga to‘q amaldorlar katta pora bilan qo‘lga tushib qolgani haqidagi xabarlarni o‘qiymiz. Agar shu kimsalarning ichida ozgina ma’rifati bo‘lganda edi, qadrini qorniga almashtirib o‘tirmasdi.
Katta pulni orzu qilmagan odam kamdan kam topiladi. Balki topilmas. Har qanday odam umrining qaysidir bosqichida bu haqda o‘ylaydi va havasiga tushadi. Odammizmi, bas, bu vasvasaga qaydadir bir emas, bir necha bor duch kelishimiz tayin. Faqat kimningdir umri mavsumlarida bu narsa o‘tkinchi hissiyot kabi o‘tib ketadi, kimnidir esa domiga yutib mangu quliga aylantiradi.
Nafs tabiatida bir xususiyat borki, u ochilgan sari ochilib boraveradi, oqibatda yuhoga aylanadi va o‘z egasini ham yutib yuboradi. Katta pul bor joyda xatar bo‘ladi, der edi onam. O‘zbek xalq ertaklaridagi xazina ustida yotadigan ajdaho timsoli ham shundan ogoh etadi.
Manglay teri bilan mablag‘ topib, boylik orttirayotganlar ham bor. Gapim kimlargadir g‘alati tuyulsa-da, bir narsani aytay. Manglay teri bilan topilgan pulda ma’rifat bor. Chunki bu boylik ortida mehnat yotadi. Chin mehnat ham ma’rifatdir. Shuning uchun mehnat odamni tarbiyalaydi, dunyoga qarashlarini o‘zgartiradi.
Men yoshlar bilan uchrashuvimda ham aytdim. Pulingiz ko‘p bo‘lgani yaxshi. Lekin ichingizda ma’rifat bo‘lmasa, yuz million dollaringiz bo‘lsa ham bu boylik sizni qutqarolmaydi. Ma’rifatsiz har qanday kuch puch va halokatga mahkumdir.
Yana bir gapni bot-bot takrorlayman: Katta pul fohishada ham bo‘lishi mumkin, ashaddiy jinoyatchida ham, qonxo‘r manyakda ham, ablah bir g‘alamisda ham bo‘lishi mumkin. Taqqos uchun boshidan uzr so‘rayman-ku, deylik, Erkin Vohidov yo Abdulla Oripovning pulidan ko‘ra mashina o‘g‘risi bo‘lgan bir mafiozning puli yuz ming barobar ko‘p bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Bunga tarixda ham, bugungi zamonda ham misollar ko‘p. Lekin ma’rifat hammada ham bo‘lavermaydi. Boshingizni ming joyga uravering, minglab vajlarni pesh qilavering, baribir, oxir-oqibatda odamning odamligi uning ma’rifati bilan o‘lchanadi.
Buzuq o‘lchov birligi
Shunday odamchalar to‘dalari paydo bo‘lyaptiki, moddiy foydadan boshqa narsa ularning ko‘ziga ko‘rinmaydi. Ular uchun bundan boshqa o‘lchov birligi yo‘q! Men ba’zida o‘ylab qolaman yana 15–20 yildan so‘ng ularga Beruniy, Ulug‘bek, Navoiy haqida gapirsang, “O‘tmishda o‘tgan bo‘lishsa o‘tishgandir, menga nima foydasi bor” deyishlari aniq. Men o‘n-o‘n besh yildan so‘ng deb andavalab gapirayotgandirman, holbuki bu ko‘rgilik boshlanib bo‘lgan. Faxr tuyg‘usining o‘lishi yomon narsa, odamning ildizlarini quritadi.
Yana bir gap. Faqat o‘qishning o‘zi bilan ma’rifatga to‘liq erishib bo‘lmaydi. Muhabbat, iymon, sadoqat, vatanparvarlik tuyg‘ulari ham o‘qish, o‘rganish barobarida ulg‘ayib borishi kerak. Shunday odamlarni ko‘rganmanki, ular o‘qishni bilishmasdi, maktab ko‘rmagan, harf tanimas edilar. Lekin savodsiz savodlilar edi ular. Ularning yuragi ma’rifatga to‘la edi. Bobolaridan faxrlanishar, vatanini jondan sevishar, or-nomusni hamma narsadan ustun qo‘yishar, ezgulik va iymon bilan yashashar edi. Garchi harf tanimasa-da, ularni o‘qimagan deb ham bo‘lmas... Chunki ular o‘z xalqining qadimiy afsonalari, dostonlari, ertaklari, hikmatlarini, ezgu hayot qoidalarini qon-qoniga singdirib yuborishgandi. Bu o‘rinda yana Nobel mukofoti sohibi Migel Anxel Asturiasning o‘sha gapini eslab o‘tmak joiz: “Aslida eng yaxshi romanlar yozilmagan, aytilgan!”
Men yaqinda oliy dargohlarimizdan birida magistrlardan imtihon olishda qatnashdim. Yaxshi bilimli va farosatli, yurtparvar yoshlarimiz bor. Ularni ko‘rib, ko‘zing yashnaydi, ko‘ngling tog‘day o‘sadi. Lekin ular qatorida ildizini yo‘qotib qo‘ygan yoshlarimiz ham uchraydi. Imtihon vaqtida shunday yoshlarni ko‘rdim. Ular uchta tilni biladi, dunyoning narigi burchidagi hodisalarni biladi, har baloni biladi, lekin Vatanni bilmaydi. Biri Shayxontohur tumanida tug‘ilgan, shu yerda unib o‘sgan, shu yerda voyaga yetgan, lekin “Sen tug‘ilgan tumanning nomi nega shunday ataladi?” deb so‘rasang, tinimsiz saqich chaynaydi. Shayx Hovandi Tohur haqida tasavvuri ham yo‘q. Biridan “familiyang palonchiyev ekan, xo‘sh, bobongning ismi ma’nosini aytib ber-chi” desangiz, aytolmaydi, kurakda turmaydigan gaplar bilan aravani quruq olib qochadi. Yana biri Navoiydan biror g‘azal yo ruboiy u yoqda tursin, “Tilga ixtiyorsiz, elga e’tiborsiz” degan to‘rtta so‘zdan iborat kichik bir hikmatni aytib berolmaydi. Shu yurt ozodligi uchun jonini bergan, vatani uchun otilgan, osilgan Cho‘lpon, Fitratlar haqida aytadigan ikki jumla gapi yo‘q, yana “magistrman” deydi.
Oshirib yuboryapsiz, demang. Men ko‘rganimni aytyapman. Tag‘inam, qisqartirib aytyapman. Ikki-uchtamas, o‘nta tilni biling, Amerika, Avstraliya, hatto Antarktidagacha yaxshi biling, lekin hammasidan avval Vatanni biling. Vatanni bilmak kerak. Vatanni bilmay, dunyoni bilishning foydasi yo‘q.
Shunday sho‘rliklar borki, ular imkonini qilib, Xudoni ham aldasa bo‘ladi deb o‘ylashadi. Keyingi paytlarda odamlarning yaxshi niyat, halol mehnat bilan plastik kartalariga yig‘gan pullarini o‘marib ketayotgan firibgarlar, odam savdosi bilan shug‘ullanib, yon qo‘shnisigacha sotib yuborayotgan qalloblar, soddadil odamlarni chuv tushirib, sarson-sargardon qilayotgan ko‘rnamaklar haqidagi xabarlarni o‘qib shu haqda o‘yladim. Bu muttahamlarning tasavvuri shuncha tubanki, Xudoni nari borsa, tuman hokimi yo tuman prokurori darajasida ko‘ra oladi. Undan u yog‘iga o‘tolmaydi. Ularning bo‘lgani shu.
Oddiy odamlarning haqqini o‘g‘irlayotgan bir zo‘ravon, yo tuhmatga uchragan jabrdiydadan pora olayotgan bir amaldor “Xudo bilsa, bilsin, qonunchilarning qo‘liga tushib qolmasam bo‘ldi” qabilida ish tutadi.
Ma’rifat shunday narsa ekanki, bir ahmoqning miya qopqog‘ini ochib, ichiga to‘ldirib bu ne’matni tiqib qo‘ysang ham yuqmas ekan. Uni yuqtirish ona qornidan, beshikdan boshlanishi kerak ekan. Yoshi qirqqa borib qolgan eshakning qonini almashtirgan bilan hech narsa o‘zgarmaydi.
700 yillik hikmat va 2 kilo-yu 360 gramm palov
Endi kim ko‘p osh yeyishi bo‘yicha “chempionat”ni ham boshlab yubordik. Ana tashabbus-u mana tashabbus! Qoyilmaqom g‘oya! Bizga shu yetmay turuvdi o‘zi. Samarqandda bo‘lib o‘tdi bu dovruqli musobaqa. Unda bir kishiga 2,5 kilogramm palov beriladi va oshxo‘r uni 30 daqiqada yeb tugatishi kerak. Dard ustiga chipqon deganlariday, musobaqa boshida boshlovchi og‘iz ko‘pirtirib, kim ko‘p osh yeyishi bo‘yicha bo‘lib o‘tayotgan bu musobaqa “Mustaqilligimizning 33 yilligiga bag‘ishlanadi”, deb tantanali e’lon qildi. E-voh, it urishtirishdan ham xunukroq bu mashmashaga mustaqillikni aralashtirmasanglar bo‘lardi, birodarlar.
Oshxo‘rlarni tomoshabinlar gulduros qarsaklar, olqishlar bilan kutib oladilar. Xuddi xalq qahramonlarini kutib olayotgandek. Intervyularni aytmaysizmi? Yo tavba! Yoqangni chok-chok etishdan boshqa yo‘l qolmadi. Ko‘p ovqat yeyish bilan ham maqtanib bo‘ladimi, aksincha buning uchun uyalish kerak-ku, ey musulmonlar! Yorilib ketguncha ovqat yeyish, bo‘kib qolish qaysi axloqqa to‘g‘ri keladi?
Musobaqa davomida boshlovchi: “Kimning g‘olib bo‘lishi Allohdan, albatta”, “Chempion sanoqli daqiqalar ichida aniq bo‘ladi”, “Badiiy sahnamizga bugungi unutilmas kechamizning polvonlarini olqishlar bilan taklif etamiz”, “Ular bugun o‘ziga xos obro‘ga ega bo‘lishdi”. “Mana shunaqangi festivallar, chempionatlar ko‘p bo‘lishini tilab qolamiz” kabi pufaklarni tinimsiz puflab turdi. Hamma tomonni pufak bosib ketdi.
Xullas, bu chempionatda uchinchi o‘rindagi 36 yoshli ishtirokchi 1 kilo-yu 600 gramm, ikkinchi o‘rindagi 33 yoshli oshxo‘r 1 kilo-yu 650 gramm, birinchi o‘rin shohsupasiga ko‘tarilgan 44 yoshli oshpolvon 2 kilo-yu 360 gramm palovni paqqos tushirib, “shonli tarixga o‘z nomlarini muhrladilar”.
Eh farosat, farosat! Munchalar xor bo‘lding, sho‘rlik farosat!
Erkin Vohidov bir she’rida: “Mening bir qo‘shnim bor unga to‘y ham, aza ham bitta narsa: oshxo‘rlik”, deb yozgan edi.
Naqshband bobomizning: “Kam ye, kam de, kam uxla” degan 700 yillik hikmati ham hayf ketdi. Bu hikmat 2,5 kilo palovga qo‘shib yeb yuborildi.
Odam bo‘lsinmi yo ho‘kiz?
Ma’rifatsizlik odamni ming ko‘yga soladi. Bir pulga qimmat arzimagan hoy-u havaslarning battol hammoliga aylantiradi. Yig‘inlarda kimnidir dollardan tikilgan ko‘ylakni kiydirib, o‘rtaga chiqarib, quturtiradi. Yana bir nodonni ilm va olimning ustidan kuldirib, bo‘kirtiradi. O‘ziga to‘qlarni shu holga tushirsa, o‘zida yo‘qlarni haq-huquqini tanimaydigan, duch kelganga aldanaveradigan, fikrsiz go‘llarning go‘liga aylantiradi.
Yomon illatlarimizdan biri – ko‘pincha arzimagan mayda-chuyda narsalar ketidan chopib, katta narsalarni boy beramiz. Bitta dabdabali to‘yga ketadigan pulga bir o‘g‘ilni yaxshi joylarda o‘qitib odam qilishimiz mumkin. Yo‘q, bizga to‘ydagi soxta dabdaba-yu uch kunlik ko‘pik maqtovlar kerak. O‘sha o‘g‘il odam emas-da, bir ho‘kiz bo‘lib yetilar, lekin obro‘ ketmasin, deymiz. Shu obro‘mi?
Jahon xalqlarining qay birin tarixiga qaramang, ularni faqat ilm-fan va ma’rifat Xalq qilgan, qaddini ko‘targan, tog‘day o‘rnini belgilab bergan.
El nomusi
“Ona Vatan”, “Ona yurt” degan iboralarni ko‘p ishlatamiz, ba’zida me’yoridan oshirib ham yuboramiz. Bu so‘zlar aziz so‘zlar, muqaddas so‘zlar. Lekin keyingi paytlarda meni bir narsa qattiq xavotirga soladi. Vatanimiz haqida xorijda og‘ziga kuchi yetgan-yetmaganlar har xil xunuk gaplarni aytib qolishadi. Hatto uch ming yillik davlatchilik tarixiga ega yurtni tarixsizga chiqarishadi. U yerda tarixni biz yaratganmiz deb tuhmatlar qilishadi. Ular xalqimiz, millatimiz, tariximiz, yurtimiz sha’niga nomaqbul gaplarni ham aytishadi. Bunday gaplarni bizning har birimiz o‘z onamiz sha’niga aytilayotgan gap deb qabul qilishimiz kerak va bunga zarur javobni berishimiz shart. Shunda Vatanni ona deyishga haqli bo‘lamiz.
Har bir o‘zbek “Vatanimning sha’ni bu – mening o‘z onamning sha’ni” degan xulosaga kelishi kerak. Bolalarga maktabdan shu tuyg‘uni singdirmasak bo‘lmaydi. Dunyo qaltis tus olib bo‘ldi. Bunday vaziyatda bizni ichimizdagi ma’rifat saqlab qoladi. Mamlakatimiz Prezidenti tomonidan ilgari surilgan ma’rifatli jamiyat g‘oyasi kelajakni himoyalashni o‘zida mujassamlashtirgan.
Aziz yurtdoshim! Bir inson sifatida, shu yurtning bir farzandi sifatida men hammamizning bir narsani to‘liq anglab yetishimizni orzu qilaman. Aziz vatandoshim! Beg‘ubor orzular bilan Boysunda yurgan bir qizning nomusi, yo Marg‘ilonda yashayotgan bir qizning nomusi, yo Baxmalda bo‘yga yetayotgan bir qizning nomusi... Xullas, hamma-hammasi sen bilan mening nomusimdir, aziz vatandoshim, pirovardida Vatan nomusidir. Chunki ular millatning ertangi onalaridir.
Aziz yurtdoshim! Gʻuzorda bo‘y cho‘zayotgan bir o‘g‘ilning ori, Andijonda qaddini ko‘tarayotgan bir o‘g‘ilning ori, Toshkentda manaman deb yetilayotgan bir o‘g‘ilning ori... Xullas, hamma-hammasi sen bilan mening orim va kelajagimdir, aziz vatandoshim, pirovardida Vatan kelajagidir.
Arz va izhor
Bashariyat o‘n ming yilda ham Xudoga aytadigan gaplarini aytib tugatolmadi. Bo‘lmasam, shoirlar, musavvirlar, san’atkorlar paydo bo‘lmasdilar. Insoniyatning har bir avlodi so‘ngsiz arz va izhorlarning davomi bilan dunyoga kelaveradi. Bu zor va izhor abadiyatda ham davom etaveradi. Toki dunyoga izma-iz kelayotgan inson avlodlarining Xudoga aytar arzi va izhori bo‘lar ekan, unda ma’rifat ham bardavom bo‘laveradi.
Odamni ham zohiran, ham botinan Yaratganga bog‘laydigan hamma narsa, katta-yu kichikligidan qat’i nazar ma’rifatdir. Xoh u ezgu fikr bo‘lar, yo biror muhtojga tirnoqcha yaxshilik bo‘lar, yo vatan uchun qahramonlik bo‘lar, yo qo‘shni uchun kichik bir siylov bo‘lar...
Shayx Sa’diy Sheroziy:
Siyna limmo-lim alamdir qayda malhamdin darak,
Yangi odam, yangi olam qaytadin tuzmoq kerak...
– deganida ma’rifatli dunyoni nazarda tutgan edi.
Pifagor ham “Xudoning Yer yuzida toza qalbdan boshqa yaxshiroq boshpanasi yo‘qdir” deganida ma’rifatga to‘la qalblarni nazarda tutgan edi.
So‘zimning oxirida yana o‘sha gapni takrorlayman. Dunyo tarixidagi hamma halokatlarning siri ma’rifatsizlikda! Hamma yaxshiliklar siri ma’rifatda, faqat ma’rifatda!
Eshqobil SHUKUR
“Jadid” gazetasi, 2025-yil 4-son.
“Halokatning siri nimada? Qo‘shiluvchilarning
o‘rni almashganda yig‘indi o‘zgaradi” maqolasi
Elnur Egamov rasmlaridan foydalanildi
San’at
Til
Adabiyot
Jarayon
Adabiyot
Jarayon
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q