Qaldirg‘ochsiz Alpomish alp bo‘lmasdi – “Alpomish” dostonidagi “ko‘makchi ayol obrazi” tahlili


Saqlash
10:31 / 28.01.2025 364 0

Bugungi kunga qadar “Alpomish” qahramonlik dostonini o‘rganish, tahlil etish ko‘plab folklorshunos olimlar tomonidan amalga oshirilgan. Dostonning kelib chiqishi, undagi motivlar, obrazlar tahlili keng o‘rganilgan mavzulardan sanaladi. Shunga qaramay, dostonni o‘rganish masalalari hanuz davom etmoqda. Mavzu ko‘lami keng bo‘lgan bu doston bugunga qadar qator ilmiy tadqiqotlar uchun asosiy manba vazifasini o‘taydi.

 

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, ushbu maqolada o‘zbek xalq qahramonlik dostonining eng go‘zal namunasi “Alpomish” dostonining ko‘makchi obrazlardan biri sifatida talqin etilgan, Alpomishning egiz singlisi Qaldirg‘och obrazi tahlil qilinadi.

 

Dostondagi tugun – “farzandsizlik motivi”

 

Dostonning an’anaviy “farzandsizlik motivi” bilan boshlanishi, biylarning farzand talabida yurgan holatlari, tugun vazifasini bajaradi:

 

“Burungi o‘tgan zamonda, o‘n olti urug‘ Qo‘ng‘irot elida Dobonbiy degan o‘tdi. Dobonbiydan Alpinbiy degan o‘g‘il farzand paydo bo‘ldi. Alpinbiydan tag‘i ikki o‘g‘il paydo bo‘ldi: kattakoning otini Boybo‘ri qo‘ydi, kichkinasining otini Boysari qo‘ydi. Boybo‘ri bilan Boysari ikkovi katta bo‘ldi. Boysari boy edi, Boybo‘ri shoy edi, bu ikkovi ham farzandsiz bo‘ldi ... Qirq kun o‘rtadan aniq o‘tdi, boz ravzadan ovoz keldi: Boybo‘ri, senga xudoyim bir o‘g‘il, bir qiz berdi, yolg‘iz emas, egiz berdi; Boysari, senga xudoyim bir qiz berdi, egiz emas yolg‘iz berdi. Bundan borsang, farzandlarni ko‘rsang, xaloyiqlarni yig‘sang, to‘y-tomoshalar bersang, to‘yda qalandar bo‘lib borib, bolalaringning otini o‘zim qo‘yib kelaman”.

 

Yuqoridagi parchada biylardan birining egiz farzandli bo‘lish bashorati qadim mifologik tasavvurlarning eposga ta’sirini ko‘rsatadi. Xalq dostonlarida “dualistik qarashlarni o‘zida ifoda etgan egizaklar kulti muhim o‘rin tutgan”.

           

O‘zbek xalq og‘zaki ijodi asarlarida qadimiy tarixiy asosga ega egizaklar kulti, jahon xalq eposlarida ham muhim ahamiyat kasb etadi: egizak ma’budlarga sig‘inish an’anasi qadimiy asoslarga ega bo‘lib, hind-yevropa tillarida so‘zlashuvchi xalqlarning deyarli barchasida egizaklar kulti mavjud bo‘lgan. Alpomish dostonida ham egizak obrazlarining yetakchi obraz sifatida uchrashi, homiy ruhlar tomonidan ularning tilab olinishi, Alpomishning “alplik quvvati” bilan talqin etilishi, unga ko‘makchi etib aynan “egiz singil” – Qaldirg’ochning tanlanishi – obrazlarning epos va etnos taqdirida muhim rol o‘ynashini anglatadi.

 

 

O‘zbek xalq dostonlarida tug‘ilajak bolaga ism qo‘yish an’anasi ko‘p uchraydigan hodisalardan sanaladi. Jumladan, Alpomish dostonida ham:

 

“Boybo‘ri bilan Boysari niyatiga yetib, farzandli bo‘lganlarida elni yig‘ib 40 kun to‘y berdilar. To‘y tarqaydigan bo‘lib turganda bir tarzi gul yuzli, shirin so‘zli, bir siyosatli qalandar keladi. Biylar farzandlarining uchovini ham olib kelib, pirning etagiga soladilar. Shohimardon piri Boybo‘rining o‘g‘lining otini Hakimbek qo‘ydi, o‘ng kiftiga besh qo‘lini urdi. Qo‘lining o‘rni dog‘ bo‘lib, besh panjaning o‘rni bilinib qoldi. Qizining otini Qaldirg‘och oyim qo‘ydi; Boysarining qizini otini Oy Barchin qo‘ydi”.

 

Ko‘rinadiki, doston qahramonlarining ismi Shohimardon pir tomonidan qo‘yiladi. Shohimardon pir shu tarzda farzandlarning keyingi taqdirida homiy vazifasini bajaradi. Xalq og‘zaki ijodining ko‘pgina dostonlarida “homiy” obrazi mavjud bo‘lib, u doston syujetidagi muhim obarazlardan biri hisoblanadi. O‘zbek xalq ertaklari qahramonlariga yordam beruvchi afsonaviy homiy ko‘pincha oq soqolli nuroniy mo‘ysafid, qalandar, darvesh sifatida tasvirlanadi. Qalandar obrazi ertak qahramoninig g‘ayritabiiy tug‘ilish motivining badiiy talqinida ham ishtirok etadi. Xususan, qalandar bergan olmani yeb homilador bo‘lish, qahramonga qalandar tomonidan ism qo‘yilishi motivlari yuqoridagi fikr dalilidir.

 

Eposning harakatlantiruvchi quvvat kuchlari

 

Alpomish, Qaldirg‘och, Barchin uchligi eposning harakatlantiruvchi quvvat kuchlari sifatida talqin etiladi. Alp bir o‘zi g’alaba qozona olmaydi. Unga ruhan ko‘mak beruvchi – Qaldirg‘och, alpga tayanch – Barchin obrazlari alpning quvvatini to‘ldirib turuvchi vakillar hisoblanadi.

 

Eposda Barchin va Qaldirg’ochga yuklatilgan vazifaning o‘rni va ahamiyati katta. Bundan shuni anglash mumkin-ki, eposda feodalizm, patriarxat urug‘chilik davri yoritilgan bo‘lsa-da, uning negizida matriarxat davridagi ayollarga bo‘lgan hurmat, ularga tayanib ish bajarish, ularning aql-zakovatidan ko‘mak olish an’anasi saqlanib qolgan. Shuningdek, ilk ibtidoiy davrlardanoq ayollarga ziyraklik, zukkolik va jamiyat hayotida faollik xususiyatlari O‘rta Osiyo xalqlarining qadimgi yodgorligi “Avesto” dagi ayol ma’budalar, oilaparvar, oiladagi o‘rni farzand dunyoga keltirib, uni ezgulik yo‘lida tarbiyalovchi ayollar timsolida talqin etilgan:

 

“Dastlabki kundayoq Axuramazda ayollarga buyurdi: ey ayol! Seni e’tiqodli va pahlavon erkaklarni vujudga keltirib, mehr to’la og’ushingda parvarish et, deb yaratdim, toki ular nodurustlik va nopoklik ildizini yer yuzidan yo’qotsinlar”.

 

Qaldirg’och obrazi ham eposda xalqning qadim mifologik inonchlarini o‘zida mujassam etgan holda, akaning egizi, jonining bir bo‘lagi, ko‘makchisi bo‘lgan.

 

Alpning ruhiy olami va quvvatini anglashda uning egizidan-da munosib vakil yo‘q. Eposda etnosning orzu-istaklarini o‘zida mujassamlashtirgan alpga singil bo‘lish ham sharafli ham mashaqqatlidir.

 

Alp behad ulkan kuch-qudrat. Alp bir uxlasa, qirq kunlab uxlaydi. Alp uxlayotgan tog‘. Bu tog‘ uxlagani sari kattalashaveradi. Uyqudagi tog‘ni uyg‘otish oson emas. Alpni uyg‘otish missiyasi Qaldirg‘ochning singilning zimmasiga tushgan. Barchindan kelgan maktubni unga yetkazgan, chechasining qiyin vaziyatda qolganligidan ogohlantirgan ham Qaldirg‘och. Alpomish Barchinning maktubiga e’tiborsizligini ko‘rgan singil unga jur’at berish, g‘ururini uyg‘otish, alpni muqim o‘rnashib olgan makonidan siljitish oson bo‘lmasligini yaxshi anglay olardi:

 

                                               Mard yigitning yori talash bo‘larmi,

                                               Er yigitning yorin qalmoq olarmi,

                                               Barchin checham talash bo‘lib qolarmi,

                                               Senday beklar bul bexabar turarmi?!

 

Shunday bo‘lishiga qaramay, Qaldirg‘och Alpning quvvatini sezgan, alpga ham sezdirgan uning yerdagi homiy vakilasiga aylana oldi.  U boshqa homiy ruhlar singari alpni safar oldidan kerakli narsalar: nazarkarda ot tanlash (Boychibor), alpni munosib kiyintirish, qurol aslahasini tayyorlab berish vazifalari ham uning zimmasida. Qaldirg‘och oddiy ayol emas, Alpomishning ilohiy homiylaridan biri ekanligini ko‘rsatadi. Zero, Alpga singillik qilish, Alpomishdek Alpning tulporini egarlash, uni o‘q o‘tmaydigan, suvda cho‘kmaydigan, olovda kuymaydigan qilib kiyintirish, ya’ni qahramonni ilohiy asbob-anjom va ot bilan ta’minlash – homiy obraz haqidagi tasavvurlarning ko‘makchi qahramondagi badiiy ifodasidir.

 

Eposning birinchi qismidagi Barchindan kelgan maktubni Alpga yetkazib, uni safarga otlantirish ham “homiy iloha”ning zimmasiga yuklatilgan. Eposning ikkinchi qismida ham Qaldirg‘och yana asosiy harakatlantiruvchi kuch vazifasini bajaradi. Qaldirg’och ismi shu nomdagi bahordan xabar beruvchi qushning nomiga qiyos etib qo‘yilgan. Folklorda qaldirg‘och qush nomi “xabarchi” qush sifatida qaralib, bu qush obrazi o‘zida qadimiy mifologik tasavvurlarni saqlab qolgan. Alpning singlisi ham Qaldirg’och ismi homiy eranlar tomonidan qo‘yilishida alpning yerdagi ko‘makchi ilohasi sifatida talqin etilishiga ishora bor. Alpomish uchirgan g‘oz Qaldirg‘och yoniga kelib qo‘nishi, bundan Qorajonni xabardor etib, uni alpni qutqarish uchun safarga undashi ham uning zimmasida: G’oz yaxshi xabar, do‘st. Muayyan matn tarkibida “ezgu niyat”, “hamfikr do‘st” va shu ko‘lamda semantik doirasini kengaytirish mumkin. Qadim xalq tasavvuriga ko‘ra g’oz – ezgu kuchlar (ruhning) elchisi hisoblangan. G’oz xalqning mifologik dunyoqarashlari asosida paydo bo‘lgan o‘zak ramzlar sirasiga kiradi.

 

Alpomish dostonida ham ezgu xabar Qaldirg‘ochning, alpning yordamchi quvvati, egizini qoshiga yetadi. Quvvatlar zanjiri yana sergaklanib, Alpni chohdan chiqib, zulm-adovat botqog‘iga botgan Boysun-Qo‘ng‘irotga erkni, hurlikni, qahraton qish nihoyasi bahorni olib kelish uchun uni evrilish holatidan faollantiradi. Alpning daraksiz yetti yil g’oyib bo‘lishi, Boysun-Qo‘ng‘irot eliga zaif kuchlarni hokimyat tepasiga kelishiga, natijada alpning homiy ko‘makchilari eng ko‘p aziyat chekishiga olib keladi. Qultoy ko‘kdan yerga ingan, Qaldirg‘och yerdan ko‘kka intilgan Boysun-Qo‘ng‘irotning quvvat “tashuvchi”laridir. Davlatning tayanchi qonun, lashkar va uning ichki butunligini ta’minlovchi ma’naviyatda mujassamdir. Qultoy va Qaldirg‘och – etnosning ma’naviyat qo‘rg‘onlari edi. Ultontoz davrida eng qadrsiz holatga Qultoy va Qaldirg‘och tushdi. Chunki Ultontoz siyosati aynan ana shu ikki qadriyat ziddiga qurilgan. Ultontoz ushbu ikki qadriyat asoslarini oyoq osti qilish hisobiga taxtni egalladi. Qaldirg‘och Ultontozning ham jigari edi. Ultontoz – zaif, quvvatini faqat o‘zidan ojizlarga ko‘rsatib, jigarchilikni-da unutgan. Qaldirg‘och uning qo‘l ostida ancha zulmni ko‘radi, o‘z suyanchlaridan himoyasiz qoladi:

 

“Bektemir boybachcha Alpomish bilan, qirq yigit bilan birga borib, u yurtda o‘lib ketdi, endi hamma Ultontozga tobe bo‘libdi. Qaldirg‘och oyim ham Ultontozning qo‘lida qolib ketdi. Qaldirg‘och oyimni Ultontoz Bobir ko‘liga buyurib, tuya boqtirib qo‘ya berdi”.

 

Doston garchi feodalizm davrida yaratilgan bo‘lsa ham, amalda davlatchilik hali to‘liq shakllanmagan. Hokimyat besohiblarning qo‘lida, amaldagi oqsoqollarning Ultontozning siyosatiga qarshi bora olmaganligidan hali Boysun-Qo‘ng‘irotda mukammal davlatchilik tuzumi shakllanib ulgurmagan. Dostonda Boysari tilidan: “Davlat qo‘nsa bir chibinning boshiga, Semrug‘ qushlar salom berar qoshiga” deb aytilgan shohbaytining ma’no ko‘lami keng. Bu chivinda bir “yovvoyi” quvvat, g‘ujur, qobiliyat borki, davlat boshiga qo‘ndi. Qolaversa fuqaroning fe’li, a’moli shunga munosib. Yana hikmat keladi: “Eshagiga yarasha tushovi…” “Endi u – chivin emas – kuch, davlat”.

 

O‘z urug‘i, oilasiga zulm berish orqali halovatini qurgan Ultontoz

 

Ultontoz o‘z urug‘i, oilasiga zulm berish orqali, o‘z halovatini qurgan. Qaldirg‘och qabila sardorining qizi, alpning singlisi eng ko‘p Ultontozning hokimyat davrida aziyat chekadi. Bul tuya boqib yurgan Qaldirg‘och oyim, bekning singlisi, ustida jaramli kiyimi yo‘q, a’zoyi badani ko‘rinadi, tuyaning keyinindan ergashib, hala, deb tuyani qaytarolmay, bu so‘zlarni aytib borayotir:

 

“Hala, deyman, besohibning tuyasi,

Qachon kelar bu tuyaning egasi,

Kumushdandir qarchig‘ayning chegasi,

Oltindandir kirovkaning yoqasi,

Besohib degani og‘zim bormaydi,

O‘lmasa Yodgorjon bo‘lar egasi”.

 

Yuqoridagi parchada keltirilgan “jaramli kiyimi yo‘q, a’zoyi badani ko‘rinadi” – jumladagi libos – Qaldirg‘ochning amalda himoyachilariga ishora. Suyangan yori, Bektemir Alpomish bilan ketib vafot etdi, Alpomishdek himoyachi akaning na o‘ligidan, na tirigidan xabar bor. Lekin singilning hali umidi uzilmagan. Chunki alpning davomchi Yodgori tirik. Ulg‘aysa otasining o‘rnini bosadigan farzand bo‘lishiga umid bog'laydi. Chunki u – amma. Akaning bolasiga ammadek jonkuyari bo‘lmaydi. Yodgorning siyratida Alpomishning kuch-quvvati kun kelib kamol topishiga ishonadi.

 

Alpomish Qo‘ng‘irotga kirib borishda Qaldirg’och bilan uchrashadi, aka o‘z singlisi holini ko‘rib, qalbi uzoq sog‘inchdan ezilsada, kimligini sir tutishga majbur, uni tanib kelgan qora norning ketqazish maqsadida Qaldirg‘ochni olmaysanmi tuyangni deb koyib berishi ham majburiyatdan:

 

“Sen ham bir yaxshining ko‘rar ko‘zisan,

Balki ko‘rar ko‘zi, so‘ylar so‘zisan,

Changalning ostiga yotgan mungligim,

Qo‘ng‘irot elda o ‘zing kimning qizisan?

Ustingga kiyganing yashil-ko‘kmidi,

Qo‘ng‘irot elda hech rahbaring yo‘qmidi”.

 

 

Alpomish “mungligim” deb, mehribonlarcha singilga birorta himoyaching yo‘qmidi deb savol berishiga javoban, Qaldirg‘och ham unga quyidagicha javob qaytaradi:

 

“Bek Alpomish degan akam bor edi,

Kashalning yurtiga safar qilgandi,

Eshitamiz borib zindon bo‘gandi,

O‘ldi deb xabari bunda kelgandi,

Borib ko‘rolmadik, unda zindondi[r],

Yana bir tirik deb xabar kelgandi,

Shuvaqqacha hech bir xabar bo‘madi,

Endi bildik, emikdoshim o‘lgandi[r]”.

 

Qaldirg‘och bek akasini esladi, qarshisida turgan alp o‘zining jigari ekaniga ham ishonchi komil, lekin Alpomish o‘zini tanishtirmadi: Alpomish qaytdi, Qaldirg‘ochning ko‘ngli “bu yo‘lovchi akang”, dedi, yupunligidan iymanib yuzma-yuz bo‘la olmadi. Alp singlisiga o‘zini tanitmay o‘tdi, hali tanishuv, tanishtiruv dami pishmagan edi. Ya’ni, bu yerda Alpomishning hali kurashi oldinda ekanligiga, hokimyatni egallab olgan ichki g‘animlarni yengib, keyin o‘zini namoyon etishiga ishora bor edi.

 

Qaldirg‘ochsiz Alpomish alplik maqomida bo‘lmasdi

 

Xulosa qilib aytganda, Qaldirg‘och obrazi shunchaki, bosh qahramonning oddiy singlisi emas, balki uni harakatga kelishga undovchi asosiy ko‘makchi obraz bo‘lgan. Qaldirg‘ochsiz Alpomish alplik maqomida bo‘lolmasdi. Bu ularning egiz farzand ekanligidan tortib, butun boshli eposning tag zaminidagi mazmun-mohiyatda bo‘y ko‘rsatadi. Qaldirg‘och obrazi eposda ezgulikni targ‘ib etuvchi uning asosiy zanjir quvvatidan biri hisoblanadi. Uning vazifasi – alpga ko‘mak berish, uni ta’sir quvvatini ommaga oshkor qilishdir. Homiy ruhlar tomonidan Qaldirg’ochning ham egiz singil, ham ko‘makchi qilib tanlanishi – obrazda ham o‘ziga xos mifologik  quvvat borligini aks ettiradi. Alpni aynan ko‘makchi vakila harakatga keltiradi, unga madad, ishonch, mardlik tuyg’usini singdiradi. Bu bilan singil akaning eng yaqin suyanchi ekanligi yana bir bor o‘z tasdig‘ini topadi.

 

Shohinur RAHMATALIYEVA,

O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti

va folklori instituti tayanch doktoranti

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 24244
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//