
Tilshunoslikda faux amis – “aldoqchi doʻstlar” tushunchasi bor. Ikki yoki undan ortiq tillardagi talaffuzi yoki yozilishi oʻxshash, lekin maʼnosi turli boʻlgan soʻzlar shunday ataladi. Tilshunoslikda aldoqchi doʻstlarning paydo boʻlishi odatda, quyidagi omillarga bogʻliq:
1. Tarixiy aloqa. Misol uchun, oʻzbek va turk tillari kabi qarindosh tillar oʻrtasida bir xil ildizdan kelib chiqqan, lekin vaqt oʻtishi bilan maʼnosi oʻzgarib ketgan soʻzlar koʻp uchraydi.
2. Oʻzlashmalar. Turli tillardan oʻzlashgan soʻzlar oʻzlashish jarayonida turlicha shakl va maʼno olishi mumkin. Masalan, arabcha ildizga ega boʻlgan soʻzlar oʻzbek va turk tillarida har xil ishlatiladi.
3. Talaffuz va yozuv oʻxshashligi. Baʼzan ikki til bir-biriga yaqin boʻlgani uchun soʻzlarning talaffuzi yoki yozilishi oʻxshash tuyuladi, lekin asl maʼnosi farq qiladi.
Aldoqchi doʻstlar turli tillarda mavjud soʻzlarning shakl jihatidan oʻxshash, ammo semantik tomondan farqlanishiga asoslanadi. Oʻzbek va turk tillarida bunday hodisalar, asosan, quyidagi sabablarga koʻra yuzaga kelgan:
1. Tarixiy rivojlanish: Oʻzbek va turk tillari umumiy turkiy ildizga ega boʻlsa-da, ularning rivojlanish jarayoni turli geografik, madaniy va ijtimoiy sharoitlar taʼsirida boʻlgan. Bu esa soʻzlarning shakliy oʻxshashligi bilan birga semantik farqlanishiga olib kelgan.
2. Semantik oʻzgarishlar: Baʼzi soʻzlar bir tilning leksikasida maʼlum bir maʼno saqlagan boʻlsa, boshqa til leksikasida ularga yangi yoki kengaytirilgan maʼno yuklangan.
3. Oʻgirma soʻzlar taʼsiri: Ikkala til ham tarixiy jarayonda boshqa tillardan oʻzlashtirilgan soʻzlar tufayli oʻxshash leksik birliklarni shakllantirgan.
Bugungi kunda turkiy tillar 35 dan ortiq til va lahjaga boʻlingan boʻlsa-da, ularning barchasi bir ota til – proto-turk tili avlodlari hisoblanadi. Lekin tarixiy jarayonlarda geosiyosiy, iqtisodiy, diniy-madaniy va tabiiy omillar tufayli bu tillar sezilarli darajada oʻzgarishga uchragan. Oʻzgarishlar nafaqat grammatik tuzilish va fonetik oʻzgarishlar shaklida, balki leksik darajada ham namoyon boʻlgan. Ushbu maqolada oʻzbek va turk tillari oʻrtasidagi aldoqchi doʻstlar hodisasiga bir qancha oʻrnaklar keltiramiz.
Axtarmoq – Aktarmoq
Oʻzbekcha: Qidirmoq, izlamoq.
Turkcha: Bir narsani bir yerdan yoki idishdan boshqa yerga oʻtkazmoq, joʻnatmoq, yubormoq, toʻkmoq.
Anglamoq – Anlamak
Oʻzbekcha: Fikr-mulohaza, hodisa mazmunini bilib olmoq, tushunmoq, idrok etmoq, faxmlamoq.
Turkcha: Biror narsaning nimani anglatishini tushunmoq.
Bekor – Bekar
Oʻzbekcha: Ishdan holi, ishi yoʻq; boʻsh, ishsiz, beish.
Turkcha: uylanmagan yoki turmushga chiqmagan, boʻydoq.
Bobo – Baba
Oʻzbekcha: Otaning yoki onaning otasi (nabiraga nisbatan).
Turkcha: ota, padar.
Dada – Dede
Oʻzbekcha: ota, padar.
Turkcha: bobo, buva.
Eshik – Eşik
Oʻzbekcha: Uy, xona, bino yoki hovlining kiraverishiga oʻrnatiladigan, ochib-yopib turiladigan qurilish buyumi.
Turkcha: Eshikning pastki qismidagi bosib kiriladigan yer, ostona.
Gul – Gül
Oʻzbekcha: Yopiq urugʻli oʻsimliklarning urchish uchun xizmat qiladigan, gulband, kosachabarglar, tojbarglar, changchilar va urugʻchilardan iborat qismi.
Turkcha: Atirgul
Hovli – Havlu
Oʻzbekcha: Biror oila, xoʻjalik, tashkilotga tegishli joyning imorat qurilmagan, odatda, atrofi oʻralgan qismi.
Turkcha: Sochiq.
Hovuch – Havuç
Oʻzbekcha: Bir qoʻl barmoqlarini bukib, shuningdek, ikki qoʻlning kaft va barmoqlarini yonma-yon birlashtirib, barmoqlarni bukib, chuqurcha qilingan holat.
Turkcha: Sabzi (sabzavot turi)
Iflos – İflas
Oʻzbekcha: Nopok narsalar bilan bulgʻangan, kir bosgan.
Turkcha: Sud qarori bilan qarzini toʻlashga qodir emasligi, toʻlashga layoqatsizligi, bankrotligi aniqlangan va eʼlon qilingan tadbirkorning ahvoli.
Kalit – Kilit
Oʻzbekcha: Qulfni ochish yoki berkitish uchun ishlatiladigan metall asbob.
Turkcha: Qulf.
Kira – Kira
Oʻzbekcha: Biror joyga borish yoki biror yukni olib borib berish uchun arava, mashina yollash, yollanish.
Turkcha: Uy-joy, mol-mulk yoki transport vositasi kabi narsalarni egasi tomonidan boshqa birovga maʼlum muddatga berish, ijaraga berish.
Krovat – Kravat
Oʻzbekcha: Toʻrt oyoqli, ustiga koʻrpa-toʻshak solib yotiladigan uy-roʻzgʻor anjomi.
Turkcha: Boʻyinbogʻ.
Pora – Para
Oʻzbekcha: Lavozimli kishiga biror ishni noqonuniy bitirib olish uchun berilgan narsa yoki pul.
Turkcha: Naqd pul, davlat tomonidan bosilgan qiymati boʻlgan qogʻoz yoki metall toʻlov vositasi.
Qiliq – Kılık
Oʻzbekcha: Kishining yurish-turishidagi, boshqalar bilan muomalasidagi oʻziga xos harakatlari, xulq-atvori.
Turkcha: Bir kishining kiyinishi, tashqi koʻrinishi, qiyofa, ust boshi.
Qoplon – Kaplan
Oʻzbekcha: Mushuksimonlar oilasiga mansub, moʻynali qalin sargʻish tusli, qora halqali dogʻlari (xollari) bor yirik sutemizuvchi yirtqich hayvon.
Turkcha: Mushuksimonlardan, eniga qora chiziqlar qoplangan va toʻq sariq moʻynali, Osiyoda yashaydigan chaqqon va yirtqich hayvon, yaʼni yoʻlbars (Telis tigris).
Sayr qilmoq // Sayratmoq – Seyretmek
Oʻzbekcha: 1. Sayr qilmoq – osuda yerlarda, oromgoh, sayrgohlarda aylanib yurish, tomosha qilish, orom olish. 2. Sayratmoq – Sayramoq soʻzining orttirma nisbat shakli.
Turkcha: Bir narsaning holatini, shaklini koʻrmoq, tomosha qilmoq.
Sovchi – Savcı
Oʻzbekcha: etnik. Uylanuvchi yigit tomonidan biror xonadonning voyaga yetgan qizini koʻrish va uni kelin qilib berishga rozilik soʻrash uchun vakil qilingan kishi.
Turkcha: qonun. Davlat nomidan va manfaati uchun sudga daʼvo qoʻzgʻatuvchi, jamoat huquqlari va qonunni bajarish uchun, sudya oldida sudlanuvchilarni javobgarlikka tortuvchi mansabdor shaxs, yaʼni prokuror.
Tinch – Dinç
Oʻzbekcha: Gʻala-gʻovur, shovqin-suron, toʻs-toʻpolondan holi.
Turkcha: Kuchi va sogʻligʻi joyida, jonli, baquvvat, mehnatsevar, har tomonlama rivojlangan.
Topmoq – Tapmak
Oʻzbekcha: Yoʻqotgan, umuman, qidirilayotgan (qidiruvda boʻlgan) narsa yoki shaxsga duch kelmoq, koʻzga ilintirmoq.
Turkcha: Sigʻinmoq, topinmoq.
Tuman – Duman
Oʻzbekcha: Atmosferaning quyi qatlamlarida yuzaga keladigan mayda suv yoki muz zarralari.
Turkcha: Bir moddaning yonishi natijasida ajrab chiqadigan, tarkibida qattiq zarralar va bugʻ boʻlgan turli rangdagi gaz, yaʼni tutun.
Tutqun – Tutkun
Oʻzbekcha: Asir olingan, asirlik holatidagi shaxs; asir bandi.
Turkcha: Koʻngil bermoq, maftun etmoq, ishqiboz.
Ushoq – Uşak
Oʻzbekcha: Nonning mayda boʻlaklari; uvoq.
Turkcha: Bola, bola-chaqa.
Xalat – Halat
Oʻzbekcha: Oʻzi ham, yengi ham uzun va keng boʻlgan, tugma oʻrniga belbogʻ qoʻllaniladigan ustki kiyim (asosan xotin-qizlar, baʼzan erkaklar ham kiyadi).
Turkcha: Arqon
Yopmoq – Yapmak
Oʻzbekcha: Eshik, deraza kabilarni berkitmoq.
Turkcha: qilmoq, bajarmoq.
Zoʻr – Zor
Oʻzbekcha: Kuch-quvvat, qudrat; taʼsir.
Turkcha: Osonning zid anglami, qiyin yoki qiyinchilik.
Oʻtmoq – Ötmek
Oʻzbekcha: Maʼlum yoʻnalishda harakatda boʻlmoq (yurmoq, uchmoq, oqmoq va h.k).
Turkcha: Qush yoki hasharotlarning turli ohanglarda tovush chiqarishi, yaʼni sayramoq.
Turkiy tillar oilasi jahon tillari tizimida qadimiyligi, boyligi va murakkabligi bilan alohida oʻringa ega boʻlib, bu tillar oʻrtasidagi qarindoshlik va oʻzaro bogʻliqlik turli lingvistik hodisalarni tahlil qilish uchun asosiy maydon sifatida namoyon boʻla oladi. Aldoqchi soʻzlarning oʻrganilishi esa nafaqat lingvistik bilimlarni boyitadi, balki turli xalqlar madaniyatlarini oʻrtasidagi oʻzaro taʼsirni ham chuqurroq tushunishga xizmat qiladi. Shu sababli bu hodisani tahlil qilish tarjimonlar, tilshunoslar va til oʻrganuvchilar uchun nazariy va amaliy ahamiyatga ega.
Alisherbek MAMAJONOV,
Fargʻona davlat universiteti magistranti
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. Oʻzbek tilining izohli lugʻati. Toshkent: Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi, 2006.
2. Türkçe sözlük. Elektron kitob. 2023.
3. Yusuf B. Turkcha-Oʻzbekcha va Oʻzbekcha-Turkcha lugʻat. Toshkent: Oʻzbekiston. 1993.
4. Mashrabbekova A. Лексические параллели в тюркских языках и их возникновение. Филология: научные исследования, 2019 – 2.
5. https//tureng.com
6. Telegram: t.me/AsanovEldar
7. Telegram: t.me/akademik_til
San’at
Tarix
San’at
Tarix
Tarix
Tarix
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q