So‘nggi jadidning qizi


Saqlash
18:28 / 24.01.2025 1119 0

Begali Qosimov ilmiy faoliyatining hammasini to‘laligicha jadidlar mavzusiga bag‘ishlagan, ularning ma’rifatparvarlik sohasidagi, millatni uyg‘otib hozirgi zamon sivilizatsiyasiga esh qilish yo‘lidagi harakatlarini davom ettirgan edi. Deyarli yarim asr davom etgan bu ish jarayonida Begalining o‘zi ham jadidlarning qay bir xislatlarini o‘zlashtirib olgandek ko‘rinardi. Shuning uchun “So‘nggi jadid” degan laqab unga juda mos tushgan edi…

 

Begali doktorlik dissertatsiyasi ustida ish boshladi. Tabiiyki, bu tadqiqot ham jadidizm masalasiga bag‘ishlangan bo‘lib, endi Begali uni katta ko‘lamda, hamma nazariy jihatlari bilan birga yoritishni maqsad qilib qo‘ygan edi. Biroq bu paytga kelib, mafkuramizda yana bir evrilish sodir bo‘ldi endi jadidlar masalasini umuman tilga olish mushkul bo‘lib qoldi. Mahalliy “dohiylar”imizdan allaqaysisi, bilsa-bilmasa, “Jadidlar sinfiy dushmanimizdir” degan “hikmat”ni aytipti. Sho‘rolar davrida, ayniqsa O‘zbekistonda mafkura ana shunaqa ahvolda edi. Nima qilmoq kerak? Bu mavzudan voz kechish o‘zbek adabiyotining chorak asrlik tarixidan voz kechish demak edi. XX asr birinchi choragidagi adabiyot tarix sahifalaridan o‘chirib tashlansa, adabiyot rivojida uzilish ro‘y berar, uning tadrijiy rivojlanish yo‘llarini izohlash mumkin bo‘lmay qolardi…

 

Ozod SHARAFIDDINOV,

O‘zbekiston qahramoni

 

Bolaligimda otamning ishdan kelishini uxlamay kutardim. Meni har kuni ozroq o‘ynatib, so‘ng bag‘riga bosgancha sekingina “Girya”ni kuylardi. Hadeganda uxlayvermasam birin-ketin g‘azal o‘qirdi. Otam xirgoyi qilmasa uxlab qolganimni sira eslolmayman.

 

To‘ng‘ich farzandman. Ismimni Adiba deb otam qo‘ygan. Adabiyotga daxldor odam bo‘lishimni istab shu ismni tanlagan deb o‘ylayman. Bir singlim, ikki ukam bor. Otam hammamizni birday yaxshi ko‘rar, birday ardoqlardi. Har birimizga alohida e’tibor qaratardi.

 

 

Har bahorda otamning ota yurti Qashqadaryoga borardik. Har safar dovon orqali yurardik. Doim lola terishga to‘xtardik. Otam yo‘l-yo‘lakay manzillarning tarixini to‘lib-toshib gapirib berardi. Tarixda bo‘lgan voqealar ko‘z oldimizda jonlanib, buyuk Amir Temur bobomiz yonimizda turganday bo‘lardi go‘yo. Shuning uchun biz – bolalar otamni eshitishni xush ko‘rardik. Ko‘pincha adabiyotshunos Qozoqboy Yo‘ldosh yoki shifokor Jumanazar Beknazarov biz bilan qishlog‘imizga borardi. Ular bora-borguncha she’r o‘qirdi.

 

Qishloqqa kirmay, avval bobom va momomning qabrini ziyorat qilardik.

 

So‘ngra bobo hovlimizda bayram boshlanib ketardi. Hamma bizni intiq kutgan, diydorni sog‘ingan bo‘lardi. Amma-yu amakilarim bilan dasturxon boshida gurung bo‘lardi. Bahr-u baytga ulangan suhbatlar yarim tungacha davom etardi. Bahr-u baytda har doim biz yutqazganmiz, chunki ular ko‘p she’r yodlashgan edi.

 

Amaki va ammalarimning aytishicha, otam maktabda a’lo bahoga o‘qigan ekan. Ilmga chanqoqligi bois o‘n besh yoshidayoq talaba bo‘lgan. O‘ylashimcha, otamning yetuk olim bo‘lishida oiladagi muhit muhim ahamiyat kasb etgan. Chunki otamning ota-bobolari ham ilmli, san’atga oshufta kishilar bo‘lgan. Ilmga, san’atga oshuftalik ajdodlar genidan o‘tgan deya gapirardi amakim Shomurod Qosimov. Bobom qishning uzun tunlarida farzandlarini sandal atrofiga yig‘ib, dutor chalib berar ekan. Shundanmi, otam ham dutorni maromiga yetkazib chalardi.

 

Uyimizdagilar otam uch marta o‘limdan qolganini ko‘p eslashadi. Chaqaloqligida otam qattiq kasal bo‘ladi. Hech qanday dori-darmon kor qilmaydi. Isitmasi tushavermagach, bobom “asrab qololmasak yolg‘onchining shamolini ham bir ko‘rsin” deb chaqaloqni tashqariga olib chiqib, shamolga qaratib qo‘yadi. Shundan keyin xudoning marhamati bilan otam tuzalib ketadi.

 

Bir kuni cho‘milishga borgan otam ariqqa kalla tashlaydi-yu, ancha vaqt suv yuziga qaytib chiqmaydi. Olisroqda buni kuzatib turgan bobom o‘g‘lini qutqarib oladi.

 

Uchinchisida bo‘lajak olim tok urishidan omon qoladi.

 

Shularni eslaganimda, Xudo otamning jonini katta ishlar uchun asrab qolganmikan deb o‘ylayman.

 

 

Otam har ishda tartibni birinchi o‘ringa qo‘yardi. Nonushtani ham, kechki ovqatni ham oila bilan birga yeyishimiz shart edi. Hamma birga ovqatlansa mehr bo‘ladi derdi. Agar kimdir yetib kelolmasa, albatta uni kutardik. Yana, qanday ovqat bo‘lishidan qat’i nazar, bir qoshiq qoldirmay oxirigacha yeb qo‘yishimizni aytardi. Otamning eng sevimli taomi chuchvara bilan ugra (keskan osh) edi. Shuning uchun uyimizda bu taomlar tez-tez tayyorlanardi.

 

Oqshom soat to‘qqizdan so‘ng chiroqlar o‘chirilib, hammamiz uxlardik. Otamning har bir soniyasi hisobli edi. Masalan, har kuni nonushtadan so‘ng mashinkada bir-ikki qog‘oz yozardi. Bizdan ham vaqtning qadriga yetishni talab qilardi. Kun davomida qilgan ishimizni birma-bir kundaligimizga yozishimiz shart edi. Otam ishdan keliboq hammaning kundaligini tekshirar, xatosiz yozgan kishini mukofotlardi. Hatto oilaviy dam olishga borsak ham tartibga qattiq amal qilardik. Har yili yozda Shohimardonga borganimizda otam kallai saharlab hammamizni uyg‘otib, mashq qilishga undardi. Barvaqt uxlashga ham qo‘ymasdi. Kechki ovqatdan keyin hazmi taom uchun sayr qilardik, badminton yoki voleybol o‘ynardik.

 

Uyda hech kimning ovozini balandlatib gapirishga haqqi bo‘lmagan. Hatto ota-onam ham juda sekin gaplashardi. Ularning muhabbatichalik muhabbat ko‘rmadim. Bir-birini e’zozlar, avaylar edi. Otamning onamga sizlab gapirishi farzandlariga doim o‘rnak bo‘lgan.

 

Qattiqqo‘l bo‘lishiga qaramay, otam juda samimiy, hazilkash, mehribon inson edi. Dilozorlikni yomon ko‘rardi. Esimda, uyimizda bir mushuk bor edi. Uni Qarshi shahridan olib kelgandik. O‘sha mushuk doim otamning yelkasiga chiqib olardi. Bir kuni otam ishdan kelsa, o‘sha mushuk uyda yo‘q. Qochib ketibdi. O‘shanda otam mushukka ozor bergansizlar, shunga qochib ketgan deya ancha kungacha biz bilan gaplashmay yurgan.

 

Quyi sinfda o‘qirdik. Bir kuni bekor o‘tirganimizni ko‘rgan otam Jyul Vernning “O‘n besh yoshli kapitan”i va Mayn Ridning “Boshsiz chavandoz”ini o‘qishni buyurdi. Avvaliga kitoblarni o‘qigim kelmadi. Lekin otamning jiddiy nigohidan qo‘rqib, istab-istamay qo‘lga oldim. Keyin asar voqealariga shu qadar sho‘ng‘idimki, ular ichida yashay boshladim. Fikr-u xayolim shu kitob bo‘lib qoldi. Shu-shu adabiyotga mehrim tushdi. Hatto boshqa darslarni qilmay, burchak-burchaklarda kitob o‘qiydigan bo‘ldim.

 

Uyga vazifalarni tayyorlashda ham otam yordam berardi. Ayniqsa yodlashga berilgan g‘azallarning ma’nosini bilmasak, ularni maromiga yetkazib tushuntirardi. Maktabda birorta o‘qituvchi g‘azallarni u kishiday sharhlab bergan emas.

 

 

Bolalikda kompozitor bo‘lishni orzu qilardim. Musiqa jon-u dilim edi. Otam esa farzandlariga nima kerakligini doim his qilgan, qo‘llagan. Bir gal tug‘ilgan kunimda pianino sovg‘a qilgan. O‘zimda yo‘q xursand bo‘ldim. Aslida pianino olib berishini ilgariroq so‘ragan edim. Chunki musiqa maktabiga qatnayotganim uchun pianino juda kerak bo‘lgan.

 

O‘sha pianino otamdan esdalik bo‘lib qoldi. Hozir u kishini sog‘insam, pianinomni chalaman.

 

Otamning musiqa eshitib ishlaydigan odati bor edi. U menga ham yuqqan. Shu jihatdan otam bilan bir xilmiz. Har kuni xonasida musiqa chalib berardim. Otamning o‘zi dutor chalardi. Juda ko‘p kuylarni, xususan, “Munojot”, “Girya”ni maromiga yetkazib ijro etardi.

 

Musiqa maktabida o‘qiganlar ma’lum bir muddatda imtihonlar bo‘lib turishini yaxshi biladi. Imtihondan keyin konsert bo‘ladi. Bir gal tengdoshlarimning barchasining ota-onasi keldi. Zaldan faqat otamni qidirardim, aksiga olib uydan ham hech kim kelmagan ekan. Qaniydi otam kelib qolsa deb kutdim. Boz ustiga navbatim yaqinlashib qolgan. Bir mahal otam shoshib zalga kirib keldi. Juda band bo‘lishiga qaramay,  men uchun o‘sha kuni vaqt topib kelgandi. O‘zimda kuch va ishonch paydo bo‘lib Betxovenning “Oydin” sonatasini shu qadar go‘zal ijro etdimki, butun zal olqishladi.

 

Bunaqa voqealar hayotimda ko‘p bo‘lgan. Otam ortimizda tog‘day suyanch bo‘lib turganini doim his qilganman. Hech qanday qiyinchilik yo‘q edi, chunki ortimda tog‘day otam bor edi.

 

Otam tez-tez xorijiy mamlakatlarga safarga borib turardi. Ba’zan ikki-uch oy o‘sha yerda qolib ketardi. Qayerga bormasin, albatta tarixiy joylarni ko‘rmasdan yurtga kelmas edi. Safardan qaytayotganini eshitsak, hammamiz nimadir olib kelishiga umid qilib intiqlik bilan eshik oldida kutib o‘tirardik. Kelishi bilan shosha-pisha safarxaltasini ochsak, uning ichidan og‘ir-og‘ir kitoblar chiqardi.

 

 

 Bir marta germaniyalik professor Ingeborg Baldauf otamni yurtiga taklif qildi. U yerda ikki oycha qolib ketdi. Qaytib kelgach, uyimizga do‘stlari, shogirdlari va hamkasblari yo‘qlab keldi. Safar taassurotlarini eshitib o‘tirishganda kimdir “Nemischa ham bir-ikki so‘z o‘rgandingizmi? deb so‘rab qoldi. “Ha, albatta, – deb javob berdi otam. – “Iltimos, eshikni ochib yuboring, men kutubxonada qamalib qoldim” deyishni o‘rgandim”.

 

Otamning aytishicha, o‘sha safar davomida “Oyina” jurnalining barcha sonlarini to‘liq o‘rganib kelgan ekan.

 

Ota-onam tug‘ilgan kunimizga qiziqishlarimizga qarab sovg‘a olardi. Masalan, singlim Nilufar tikuvchilikka qiziqqani uchun tikuv mashinasi olib bergan. Menga, hozir aytganimday, pianino sovg‘a qilgan.

 

Bir gal qishda Qashqadaryoga bordik. Qaytishda otam Registonga olib bordi. So‘ngra bir restoranga kirib, kabob yedik. O‘shanda tug‘ilgan kunim edi. O‘n oltiga kirgan edim. Otam soat sovg‘a qildi. Shunaqa xursand bo‘ldimki, asti qo‘yaverasiz. Restorandan chiqib, Ulug‘bek rasadxonasini ziyorat qildik.

 

Otam talabchan bo‘lsa ham kasb tanlashimizga e’tiroz bildirmagan. “Ko‘nglingizga yaqin kasbni tanlang” derdi doim. Men O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining tarjimonlik fakultetiga o‘qishga kirdim. Talabalik yillarim otam ishlayotgan universitetga borib, darslariga kirardim. U kishining dars o‘tishi juda yoqardi. Bir gal universitetimizda professor Begali Qosimov bilan ijodiy uchrashuv bo‘ldi. Otam aktrisa Gavhar Zokirova bilan birga keldi. Uchrashuv qizg‘in o‘tdi. Otam Abdulla Avloniy haqida gapirayotib talabalar orasida kaminaga ko‘zi tushib qoldi. Meni ko‘rdi-yu bir muddat jim bo‘lib qoldi. Uyga kelganda “g‘alati bo‘larkan, qizim, seni ko‘rib gapimni yo‘qotib qo‘ydim” degan edi bolalarcha hazillashib. O‘sha uchrashuvda professor Begali Qosimovning qizi ekanimdan faxrlanib o‘tirganman.

 

Begali Qosimov mehridaryo inson edi. O‘sha daryodan bahramand bo‘lib yashaganmiz. Bir kuni otamning ishxonasiga kimdir qo‘ng‘iroq qilib, “katta qizingiz hech qayerda yo‘q, morglarni qidiring” deb aytibdi. Balki o‘sha odam hazillashmoqchi bo‘lgandir yoki dushmanlik kayfiyatida bo‘lgandir, ochig‘i, bilmayman, ammo otam bu sovuq xabardan o‘zini yo‘qotib qo‘ygan. Uyga qo‘ng‘iroq qilgan. O‘sha kuni uyda edim. Aniq eslolmaymanu, uxlab qolgan bo‘lishim mumkin. Xullas, telefon ovozini eshitmay qolganman.

 

Otam qidirib bormagan birorta kasalxona qolmagan. Oxiri tarvuzi qo‘ltig‘idan tushib, ne bir ahvolda uyga kelgan. Eshikni esa men ochganman. Eshikni ochishim bilan otam bag‘riga bosgancha o‘kirib yig‘lab yuborgan. U kishini ilk marta bunday ahvolda ko‘rishim edi. Oyoq-qo‘li dir-dir titrardi. Jussasi kichrayib ketganday edi. Men ham qo‘shilib yig‘ladim.

 

 

2004-yil... Katta yo‘qotish yili bo‘ldi. Kutilmaganda otam kasal bo‘lib qoldi. Shifoxonaga borsak, saraton kasalligi ekan. Zudlik bilan operatsiya qildirdik. Oradan qirq kun o‘tib, otam chin dunyoga safar qildi. Dog‘da qoldik. Oxirgi kunlarini yaxshi eslayman, hammamiz bilan birma-bir gaplashib chiqdi. O‘shanda ham otamdan ayrilib qolamiz deb o‘ylamaganman. Tuzalishidan umidvor edim. “Meni videoga olib qo‘yinglar, eslab yurasizlar” degandi ukamga.

 

Hali otamdan o‘rganadigan narsalarim ko‘p edi. Vaqtida gurunglashib, diydoriga to‘yib qolmaganimdan afsusdaman. Har gal uyimizga borsam, otamni izlayman. Qaniydi qarshimdan chiqsa, qaniydi hayot bo‘lsa...

 

Har gal otamni eslar ekanman, u kishining umri so‘ngida yozgan quyidagi satrlari yodimga keladi:

 

Bilaman, har kimga bu on keladir,

So‘nggi so‘z ayturga imkon keladir.

Vijdon-la yuzma-yuz iymon keladir,

Quvonchlar chekinib armon keladir.

Komida yashirin alamli vido –

Ul vido onidir, vido alvido!

 

Olimning qizi Adiba QOSIMOVA xotiralarini

Guljahon NAMOZOVA oqqa ko‘chirdi.

 

“Ma’naviy hayot” jurnali, 2024-yil 4-son.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

San’at

15:03 / 13.03.2025 0 54
Zamonaviylikka ehtiyojmand qoʻgʻirchoq teatrlari





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 25904
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//