Navoiy ko‘chasining qirollari va fuqarolari qismatidan hikoyalar – Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov mutolaa qiladi


Saqlash
11:12 / 09.12.2021 2233 0

“Navoiy – 30”. Atoqli yozuvchi Xayriddin Sultonning ushbu kitobi qisqa fursat ichida keng omma tomonidan katta qiziqish bilan o‘qildi, o‘qilmoqda. Buning boisi ne? Poytaxtimizdagi Navoiy ko‘chasida joylashgan va yonboshiga “30” raqami zarb etilgan azim imorat ham asar qahramoni bo‘lishi mumkinmi?..

 

Qo‘limga ushbu kitob tushgach, shuurimda ana shunday fikr va savollar g‘ujg‘on o‘ynay boshladi. Muallifini oddiy inson sifatida ham, bir ijodkor sifatida ham yaqindan bilaman. Deyarli har bir asarini mutolaa qilganman va ular kitob javonimda alohida o‘rin egallagan. Shu bois “Navoiy – 30”ni ham katta qiziqish va ishtiyoq bilan o‘qishni boshladim. Shunda qiziq bir holat ro‘y berdiki, bu haqda alohida to‘xtalmasam bo‘lmas.

 

Gap shundaki, yozuvchi “janri yo‘q” deya ta’rif bergan xotira-badialar g‘oyat ko‘tarinki ruhda, eng aziz narsasini birovga tuhfa qilayotgan boladay erkalab, ardoqlab, goh kulib, goh kuyib-yonib, obrazli qilib aytganda, qalb amri bilan yozilgan edi.

 

Yurakdan chiqqani yuraklarga tezda yetib boradi, deb bejiz aytishmagan ekan. Bu esdaliklar, ulardagi ruh-u kayfiyat darrov kaminaga ham yuqdi: muallifga qo‘shilib voqealar ichida yashadim, goh dilim quvonchga to‘lar, goh qahramonlarga qo‘shilib g‘am-anduh chekardim. “Ko‘z yoshidek tiniq orzular, g‘araz g‘uboridan xoli intilishlar, mastona davralar, darveshona yurishlar, bedor ruh isyoni, otashin inkor tuyg‘ulari, sevgi afsonasi, chigal ishq iztiroblari, samimiy tabassumlar, ajib parvoz va inqirozlar, barbod bo‘lgan va yuksalgan taqdirlar – qisqasi, shu jilvagar hayotning rang-barang tamannolari” yuragimni jazillatib o‘tardi...

 

Eng muhimi, butun mutolaa davomida baland ruh, nekbin tuyg‘ular menga hamroh bo‘ldi.

 

Xo‘sh, kitobning o‘qishliligini qaysi jihatlar ta’minlab bergan? Nega u qo‘lga olishimiz bilan hamrohimizga, hamdamimizga aylanib qoladi?

 

Bu yozuvchining yuksak mahorati bilangina bog‘liq emas, nazarimizda. Kitobning muvaffaqiyatini muallifning nihoyatda samimiy uslubi, asar qahramonlari ko‘pchiligimiz bilgan, biz bilan birga umrguzaronlik qilgan yoki bugun ham yonimizda yashayotgan benazir iste’dod egalari – shoir-u yozuvchilar, san’atkorlar, madaniyat va ma’rifat sohasi namoyandalari, davlat arboblari ekani, ularning turfa taqdirlari ochib berilgani ta’minlagan, desak, xato bo‘lmaydi.

 

Zotan, yozuvchi ta’biri bilan aytganda, bir vaqtlar Navoiy ko‘chasini to‘ldirib, gullatib-yashnatib yurgan, iste’dod salohiyati, azm-u g‘ayrati, hayotga muhabbati bilan hech qachon qarimaydigandek, o‘lmay dunyoga ustun bo‘ladigandek tuyulgan ne-ne g‘aroyib siymolar endi yodnomalar qahramoniga aylandi. Aksariyatining timsollari Adiblar xiyoboniga ko‘chib o‘tdi.

 

Mazkur kitob Navoiy ko‘chasining fuqarolari va qirollari bo‘lgan ana shunday insonlar sha’niga bitilgan. To‘plamdan o‘rin olgan, Navoiy – 30 tegrasida yuz bergan voqealar ham mohiyat e’tibori ila ushbu makon ruhi bilan yo‘g‘rilgandir.

 

Kitobni o‘qish davomida ulug‘ insonlarning “Ustoz – shogird” an’analari, muomala madaniyati, yurish-turishi, turmushi haqida ham ko‘p ma’lumotlarni bilib olamiz. Ayniqsa, bu “Kitob xatosiz bo‘lmas...” hikoyasida go‘zal badiiy ifodasini topadi. O‘tgan asrning 80-yillarida G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida ishlagan muallifning hikoya qilishicha, O‘zbekiston xalq shoiri Mirtemirning yangi kitobi nashrdan chiqadi. Ammo ne ko‘z bilan ko‘rsalarki, atoqli shoirning “Onaginam” sarlavhali she’ri “Onanginam” bo‘lib ketibdi. Bu gap bosh muharrir o‘rinbosari Odil Yoqubovning ham qulog‘iga yetib boradi. Kitob muharriri Razzoq Abdurashidni mutasaddi rahbar yoniga chaqiradi. Mas’ul muharrir hayajonda. Dakki eshitsam kerak deb o‘ylaydi. Biroq bag‘rikeng ijodkordan butunlay boshqacha munosabatga duch keladi:

 

“– Ko‘p siqila bermang, – debdi Odil aka uni yupatib, – o‘zi bizning Turkistonda “Onaginam” demaydi, “Onanginam” deydi. Tak chto, asliga to‘g‘ri. Mirtemir akayam turkistonlik, buni to‘g‘ri tushunadi. Mashoyixlar aytadi – “Xotin jafosiz bo‘lmas, kitob xatosiz bo‘lmas”. Katta xatolardan Xudoning o‘zi asrasin”.

 

Asardan olingan ushbu kichik parcha bizga Odil Yoqubov haqida katta tasavvur beradi. Uning naqadar daryodilligini, kiftini keltirib lutf qilishini va o‘z o‘rnida xodimlariga tanbehni ham chiroyli alfozda yetkaza oladigan so‘z ustasi bo‘lganini ko‘rsatadi.

 

“Yildirim” (“Giroza”) hikoyasi ham samimiy va o‘tkir yumor bilan sug‘orilgan, hazil-mutoyibaga g‘oyat boy. Uning qahramoni “Anavi Dadamat Tursunning o‘g‘li mening ocherkamni yomon yozibdi”, deb da’vo qilishidan uning qanday ijodkor ekani oydinlashadi. Muharrirga (muallifning o‘zi) ushbu yozuvchining katta hajmli “Yildirim” romanini nashrga tayyorlash topshiriladi. Ming bir mashaqqat bilan tahrirdan chiqarilgan kitob chop etishga yuboriladi. Biroq muammo paydo bo‘ladi: asarning bir bobi tushib qolibdi.

 

“Yuragim shuv etib ketdi, – deb yozadi hikoyanavis. – Axir bu “Mahalla komissiyasining spravka daftari”ni ikki oy mobaynida ko‘tarib yurdim. Choyxona-yu qahvaxonalar, ijara kvartiram, do‘stlarimning uylari, rassom og‘aynilarning ustaxonalari, Parkentga qatnaydigan avtobuslarda qo‘limdan tushmadi. Kim bilsin, hazilkash jo‘ralardan biri qitmirlik qilib papkaning ichidan bir dasta qog‘ozni sug‘irib olgan bo‘lsa-chi? Yoki har turli joylarda daydib-sang‘ib yurgan kezlarimda papkadan tushib qoldimikan?”

 

U ana shunday vahimali o‘ylar ichra asar muallifiga qo‘ng‘iroq qiladi. Ma’lum bo‘ladiki, “yozuvchi”ning shotirlaridan biri “Giroza”dan bir bobini ayollar jurnaliga beraman deb so‘rab olgan va qaytarib qo‘ymagan, qizig‘i asar shu qadar zerikarli, siyqa bo‘lganidan tahrirlangan qo‘lyozmani muallifning o‘zi ham, yozuvchi ham bir necha bor o‘qigan, ishlagan bo‘lsa-da, butun boshli romanning bir bobi tushib qolganini sezmagan. Bu hangoma avval nashriyotda, keyinchalik adabiy davralarda latifaga aylanib ketadi. Tili zaharroq hamkasblar “Romanning hammasi tushib qolsayam, birov sezmasdi”, deb istehzo ham qiladi...

 

Kitobdagi esdaliklar bir latif she’rdek mayin o‘qiladi. Birini tugatib, ikkinchisini boshlab, kitobni beixtiyor varaqlayverasiz. O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Erkin Vohidovning yosh ijodkorning Toshkandi azimdan uy-joyli bo‘lishi uchun jonkuyarligi, paxta terimi mavsumida dala mehnatkashlari davrasida she’r o‘qiyotgan paytda eshak hangrab qolishi va bu noqulay vaziyatdan shoirning mutlaqo o‘zini yo‘qotmasdan, “shalpangquloq xonishini tugatguncha sukut saqlab”, so‘ng kulimsirab, “Как только поэт начинает читать стихи, то сразу критик подаёт голос”, deya so‘zga chechanlik bilan chiqib ketgani, O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov va muallifning Andijon hamda Parijga safarlari, shoirning “Versal” muzeyi haqida she’r bitgani va bir mahalliy tadbirkorimizning Toshkentda shu nomda restoran ochilganidan keyin Fransiyaga borib kelib, “Vey, sizlar bilmaysizlar, ulardayam “Versal” degan joy bor ekan”, degan sodda e’tiroflari...

 

Bu hayotiy tafsilotlarni o‘qiganda, ham yayrab kulamiz, ham xalqimiz ardog‘idagi ijodkorlarning mahorati-yu iqtidoriga yana bir bor tasanno aytamiz.

 

Mutolaa asnosida XX asr o‘zbek adabiyoti va san’atining Asqad Muxtor, Said Ahmad, Pirimqul Qodirov, Ozod Sharafiddinov, Shukur Burhonov, Chingiz Ahmarov, Mutal Burhonov, Vahob Ro‘zimatov, Berta Davidova, Mashrab Boboyev, Mahkam Muhamedov, Kibriyo Qahhorova, Nosir Fozilov, To‘lepbergen Qaipbergenov, O‘tkir Hoshimov, Muhammad Yusuf singari o‘nlab o‘lmas siymolari ko‘z o‘ngimizda gavdalanadi.

 

Shu bilan birga, kitobdan o‘rin olgan “Ko‘rpasi bilan kelgan...”, “Mardikori bo‘lmasa kerak...”, “Demokratiya” tantanasi”, “Ish tashlash”, “Kanizak Izaura”, “So‘zi o‘lmagan adib”, “Said Islombek izidan”, “Ko‘ngil nega yig‘laydi?”, “O‘chmagan chiroq”, “Duo ketgan jumla”, “Changak”ning changalida”, “Chuvalachi”, “Bu ayolning eri yo‘qmidi?”, “Telefon ishlaydi – quloq ishlamaydi” kabi go‘zal va ta’sirchan badialar qalbingizda yorug‘ tuyg‘ular, xush kayfiyat uyg‘otadi.

 

Biz bugungi kunni internetsiz tasavvur qila olmaymiz. Nimaiki bo‘lsa, avvalgidek ensiklopediyalarni titkilab o‘tirish yo‘q. Xotiralarini eslar ekan, yozuvchi “Navoiy ko‘chasining fuqarolari” Guglsiz qanday yashaganiga bugunning nigohi bilan qarab o‘tadi.

 

Nashriyot muharriri kimni yomon ko‘radi? Iste’dodsizlarni! Buni adib xotiralarini o‘qish jarayonida shundaylarga bergan izohi bilan bilib boraveramiz. “Xaltura ma’budi”, “Iste’dodsiz shoir”, “Laychalar”. Xullas, bunaqa zukko topilmalar kitobda juda ko‘p.

 

Aytish mumkinki, “Navoiy – 30” adibning o‘tgan yili nashr etilgan “Odamlardan tinglab hikoya” kitobining mantiqiy davomidir. Ushbu to‘plamlardagi hikoyalar shaklan bir-biriga o‘xshash uslubda bitilgan esa-da, mazmun va roviy nuqtayi nazaridan farqlanadi. Avvalgi kitobda muallif do‘st-u yaqinlaridan, zamondoshlaridan eshitgan voqea-hodisalar, esdaliklar, kechinmalarni qog‘ozga tushirgan bo‘lsa, yangi asaridagi voqea-hodisalar o‘z boshidan kechirgan hayotnomalardir.

 

Shu o‘rinda ushbu asarlardagi voqealarni bayon etish uslubi, ularni bo‘yab-bejamay, imkon qadar sodda, xalqona tilda ifoda etganiga nazar solib, katta qiziqish bilan “Boburning tushlari”, “Boburiynoma”, “Saodat sohili” kabi bir-biridan dilbar asarlar, qissa va hikoyalar bitgan taniqli yozuvchining ijodiy faoliyatida buyuk bobomiz Zahiriddin Muhammad Boburning ta’siri, o‘rni, ahamiyati beqiyos ekanini his etamiz. “Boburnoma” tarixiy-memuar asarida bo‘lgani singari “Navoiy – 30” da ham Xayriddin Sulton tasvirlayotgan voqea-hodisalarga faqat va faqat adolat hamda haqiqat ko‘zi bilan qaraydi, farishtalar tarixini emas, oddiy insonlar hayotini yozayotganini, xom sut emgan banda sifatida barchaning nuqson va xatolardan xoli emasligini unutmaydi. Kezi kelsa, reallikdan chekinmay, o‘zini ham tanqid va kulguga oladi, ayamasdan kamchiliklarini ochib beradi.

 

Men adabiyotshunos ham, tahlilchi ham emasman, oddiy kitobxonman. Lekin bu kitobdan o‘zim uchun ko‘p hayotiy saboqlar oldim. Cheksiz ma’naviy halovatni, ruhiy ko‘tarinkilikni tuydim. Bu esa koronavirus atalmish “ko‘rinmas yov” har lahza bizni xavotirga solib, qalbimizda g‘ulg‘ula uyg‘otib turgan hozirgi kunda nihoyatda muhim. Binobarin, ruhi sog‘lom, irodasi mustahkam, kayfiyati chog‘ insonning tani tetik, immuniteti baquvvat bo‘ladi.

 

Hamma yaxshi narsalarni oila a’zolarimizga, farzandlarimizga, do‘stlarimizga ilinamiz. Men ham o‘zim o‘qigan kitobni, undan olgan xulosalarimni ulashgim keldi. Zotan, atoqli yozuvchi Xayriddin Sultonning “Navoiy – 30” kitobi boshqa zalvorli asarlari kabi o‘qigan odam, albatta, boshqalarga ham tavsiya qiladigan go‘zal badiiy majmuadir.

 

Barcha kitobsevarlarni yangi kitob bilan muborakbod etaman!

 

Ozodbek NAZARBEKOV,

O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri

 

“Xalq so‘zi” gazetasi, 2021-yil 2-dekabr, 258 (8038)-son.

“Xotiralarning badiiy majmuasi” maqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19080
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19080
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 7 15775
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi