To‘nga tegin va Alp Er To‘nga bir shaxsmi – Fitrat nega adashgan?


Saqlash
14:37 / 23.01.2025 72 0

Bugungi kunda Turonning ilk xoqoni – Alp Er To‘nga aslida kim bo‘lgani to‘g‘risida turli ilmiy tortishuvlar mavjud. Alp Er To‘nga va Afrosiyob bitta shaxs bo‘lganini Yusuf  Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig” (Saodatga eltuvchi ilm) asarida keltirilgan jumlalar tasdiqlaydi: “Nazar solib qarasang turk beklari, turk beklarining eng yaxshilari, ular orasida eng mashhuri va baxti kulib boqqani To‘nga Alp Er nomli bek edi. Mushohadasi keng, san’at – hunarlari behisob ko‘p, bilimli, zakovatli, sara odam o‘sha edi. Tojiklar uni Afrosiyob deb ataydilar, u talay ellarni o‘z tasarrufiga olgan edi. Tojiklar u haqida kitobda yozib qoldirganlar, bo‘lmasa u haqda kim nimani ham bilardi”. Shuni ta’kidlash kerakki, Al-Hindda saltanat boshqargan turkiy sulolalarga Kushon podshosi Kanishkaning siyosiy dovrug‘i qancha buyuk bo‘lsa, Turonda davlat qurgan sarkardalar uchun Afrosiyobning nomi shunchalar yuksak qadrli edi. Zero buni Qoraxoniylarning o‘zlarini “Oli Afrosiyob” deb ataganlarida va Abulg‘ozi Bahodirxonning “Shajarai turk” asarida saljuqiylarning o‘z kelib chiqishini qiniq urig‘iga bog‘lagani, Afrosiyobning bir o‘g‘li Kayxusravdan qochib, turkmanlarning qiniq urug‘idan panoh topib, u yerda voyaga yetib, saljuqiylar davlatiga asos solib, o‘ttiz besh avloddan beri Afrosiyobga borib tutashamiz, deganida yoki Jo‘vayniyga ko‘ra uyg‘urlarning kelib chiqishi bilan aloqali Bo‘guxon, ya’ni Moyunchur xoqonning o‘g‘li ham Afrosiyob bilan tutashib ketganida ko‘rish mumkin. Har uchala ma’lumot Afrosiyob – Alp Er To‘nga turkiy xalqlarning bobokaloni deya ta’kidlashi jihatidan juda muhimdir.

 

Afrosiyob/Alp Er To‘nganing 3000 yillik turkiy davlatchilik poydevoriga bosh bo‘lganini inkor qiluvchilar, to‘g‘rirog‘i afsonaviy shaxs ekaniga urg‘u berish bilan bir qatorda mavzuga o‘ta akademik yondashib uni miloddan oldingi davrlardan emas, balki yaqin tarixdan qidirishga urinadilar. Aniqrog‘i, Alp Er To‘ngani Kultegin bitiktoshi shimoliy yuzining 6 va 7-qatoriga bitilgan To‘nga tegin bilan aynanlashtiradilar. Bitiktoshda To‘nga tegin haqida quyidagi satrlar mavjud: “... xalqi oyoqdan qoldi, yomon bo‘ladigan edi. Ilgari kelib olgan lashkarini Kul tigin turg‘izib otlantirib, bir qavm qahramon o‘n erni To‘nga tegin azasida qurshab olib o‘ldirdik. Beshinchi (marta) Azganti Qadazda O‘g‘uz bilan jang qildik”. Ko‘rib turganimizdek, bitiktoshda To‘nga teginning janoza marosimidan so‘z boradi.  Alp Er To‘ngani To‘nga tegin deguvchilar ana shu satrlarga ko‘ra, Mahmud Koshg‘ariyning “Devonu lug‘atit-turk”ida keltirilgan quyidagi marsiyani Kultegin bitiktoshida tilga olingan To‘nga teginning o‘limiga bag‘ishlab yozganini ta’kidlaydilar:

 

Alp Er To‘nga o‘ldimu,

Esiz ajun qoldimu,

O‘zlak o‘chin oldimu,

Emdi yurak yirtilur.

 

Ushbu marsiya Abdurauf Fitrat tomonidan ham chuqur o‘rganilib, marsiya 10 parcha bo‘lib, har parchasi to‘rtlikdan iboratligi aytilgan. Fitrat: “Bu marsiya Alb Erto‘nga degan bir turk boturining munosabati bilan aytilgan. Biroq Alb Erto‘nganing o‘zi kimdir? Bu to‘g‘rida “Devoni lug‘at”ning o‘zida shu ma’lumot bor: To‘nga – al-babru va yo‘laqqabu bihi kasiran. Fayuqalu “To‘nkaxon”, “To‘nka takin” va asbahuhu va kana Afrosiyobu la maliku-l-turk yulaqqabu “To‘nga Alb ar”. Ma’nosi: To‘nga – “babir” atalgan yirtg‘uchi bir hayvondir, ko‘b kishilarga ham to‘nga deyiladir. To‘ngaxon, To‘nga takin va shunga o‘xshash laqablar bor. Turk xoqoni Afrosiyobning laqabi “To‘nga Alb er edi”, deb yozadi.  Abdurauf  Fitrat garchi Alp Er To‘nganing Afrosiyob ekanini bilsa-da: “Turk tarixiga oid forsiy manbalarga murojaat qilg‘animizda: Chingizdan burun Bolosog‘un shahrida inqirozga yuz tutgan bir xonliq bo‘lg‘anin, uning boshida Afrosiуob naslidan bir kishi turg‘anin, qarluq, qipchoq, qang‘li qabilalarining chopovlilarig‘a chidamay o‘z xonlig‘inin qora xitoylarg‘a topshirg‘anin ko‘ramiz. Fikrimizcha, tojiklar tomonidan Afrosiyob atalg‘an  “Аlb Er To‘nga“ bilan haligi Bolosog‘un xonining bobosi bir odam bo‘lsa kerak”, deya ma’lumot beradi.  Adabiyotshunos olim Mirxondning “Ravzat us-safo” asarida keltirilgan ma’lumotlarga suyanib ushbu fikrni aytgan. Garchi Fitrat o‘z davrida turk olimi Fuad Ko‘pruluning Alp Er To‘nga aynan To‘nga tegin degan fikridan xabardor bo‘lsa-da, uni Afrosiyob – turkiy qavmlarning bobosi sifatida e’tirof etgan.

 

O‘tgan asrning 80-yillarida Ahmad Zaki Validiy To‘g‘on bevosita Afrosiyob/Alp Er To‘nga mavzusiga teginib, “Shohnoma” asosida Afrosiyobning Arjasp ismli o‘g‘li bo‘lgani va uning qarluqlarni o‘ziga tobe qilganini yozadi. Yirik turk olimi Fuad Ko‘prulu Alp Er To‘nga milodiy V asrdan oldin yashab, turklar xotirasida kuchli iz qoldirgan buyuk qahramon boʻlishi mumkinligini aytadi. Turkiy run yozuvlari bilimdoni Tekin bu mavzuni Kultegin bitiktoshi shimoliy yuzining 6 va 7-qatoriga bitilgan To‘nga teginning dafn marosimi haqidagi parcha bilan bog‘lab, quyidagi fikrlarni bildiradi: “Bu voqea sodir boʻlgan sana bilan Koshgʻariy yashagan davr orasida uch yarim asrlik davr bor. Bu davr haqiqiy voqea va qahramonning afsonaviy bo‘lishi uchun yetarli. Shu sababdan, Alp Er To‘ngani ancha oldingi davrlarda yashagan turk qahramoni yoki Ko‘prulu ta’kidlaganidek, “tarixga kirmagan yana bir To‘nga tegin” deb qarashga hojat yo‘q deb o‘ylaymiz. Devondagi elegiya qismlarida nomi tilga olingan Alp Er To‘nga, katta ehtimol bilan 713-yilda Beshbaliqqa jangga borgan va pistirmaga uchrab o‘ldirilgan Qapag‘an xoqonning o‘g‘li To‘nga tegin sharafiga nomlangan. 714-yildagi uning o‘limi turklarni chuqur qayg‘uga solgan”. Keyinchalik bu fikrlar Alp Er To‘ngani kichik shahzodalardan bo‘lgan To‘nga tegin bilan bir shaxs deb qarashlariga sabab bo‘ldi. Qapag‘an xoqonning To‘nga tegin ismli o‘g‘li umrini davlat uchun sarflagan, mol-mulkka qiziqmagan, akasi va pochchasi bilan birga Beshbaliqda xitoyliklarga qarshi kurashgan, jangda pistirmaga uchrab halok bo‘lgan, uning janozasida esa o‘g‘uzlarga qaqshatqich zarba berilgan. Sharqiy Turkistondagi Bezeklik xarobalarida bir shaxs tasviri aks etgan (uning og‘zi va liboslarida qon izi bo‘lib, rasmning bir yerida “To‘nga tegin”, boshqa yerida “To‘nga bo‘l” yozuvi yozilgan) miniatyura bo‘lib, u To‘nga teginga oid bo‘lishi mumkin, degan fikrlar bor.

 

Shu paytgacha yaratilgan kitoblarda Alp Er To‘nganing tarixan kimligiga alohida e’tibor qaratilgan va turlicha fikrlar ilgari surilgan. Tarixiy manbalarda yozilishicha, mil.av. 625-yil – hukmdori Madyas davrida janglarda kuch yo‘qotgan skiflar (yunon manbalarida saklar shunday atalgan) mast qilinib, ommaviy ravishda o‘ldiriladi. Buning natijasida ular Midiyaga chekinadilar. Hatto Madyasning o‘zi ham ichkilik orqali zaharlanib o‘ldirilgani va skiflarning yo‘lboshchisiz qolgani aytiladi. Bu hodisalar skiflar/saklarning markaziy birligiga putur yetganini anglatadi. Tadqiqotchi Qahramon Rajabov ham yuqoridagi voqealarni quyidagicha ta’riflaydi: “Har ikki tomon oʻrtasida qaqshatqich janglar Turon va Eron sarhadlarida bir necha marta boʻlib oʻtadi. Tarixiy ma’lumotlarda keltirilishicha, Alp Er Toʻnga qoʻmondonlik qilgan ana shunday janglarning oxirgisi mil.av. 626-yilning kech kuzida Midiya (hozirgi Ozarboyjon va Eron hududining bir qismida boʻlgan qadimgi davlat)da boʻlib oʻtgan. Bu jang turonliklarning gʻalabasi bilan tugaydi. Jangdan keyin sulh tuzilib, magʻlublar gʻoliblar sharafiga katta ziyofat beradi. Biroq Eron shohi Kayxusrav Alp Er Toʻngani ziyofat paytida mayga zahar qoʻshib berib oʻldiradi. Turon xoqoni Alp Er Toʻnga ishonuvchanligi va soddadilligi uchun eroniylarning makr va hiylasiga qurbon boʻldi. Xoqonning uxlab yotgan lashkarboshilari ham tigʻdan oʻtkazilgan. Alp Er Toʻnganing oʻlimi Eronda tur(k)lar yoki saklardan qutilish kuni sifatida katta tantana qilingan. Xullas, Alp Er Toʻnga va uning lashkarboshilari eronliklar tomonidan xoinlarcha oʻldirilgach, xoqon qoʻshinining tirik qolgan qismi Midiya, Anatoliya, Eron, Turon hududlariga tarqalib ketgan. Ularning bir qismi sharqiy Anatoliyaning togʻli joylariga qochib qutildilar”.

 

Bundan deyarli 3 ming yil oldingi Eron saltanatlari oʻtmishidan so‘zlovchi “Avesto” va boshqa bir qator qadimgi fors yozma manbalarida “Kavi Xoasrava” koʻrinishida tilga olingan Kayxusrav ismli yarim afsonaviy shaxsga Eron yurtidan kunchiqar oʻlkalarga – Turonga yurish qilib, bir sira Xorazm oʻlkasini boshqargan, deb qaraladi. Shuningdek, Kavi Xoasrava (Kayxusrav) Ahamoniylar davlatining ilk boshqaruvchisi Kir II (boshqaruvi – mil. old. 559–530)ning xalq ogʻzaki ijodida, ayniqsa, Eron va Turon ellarining folklorida keng tarqalgan afsonaviy otidir. Kayxusrav Kayoniylar sulolasidan boʻlgan uchinchi Eron shohi boʻlib, otasi eronlik Kaykovus oʻgʻli Siyovush, onasi Farangiz esa kelib chiqishi boʻyicha turonlik boʻlgan. Kayoniylar sulolasining ilk hukmdori Kaykovusning oʻgʻli Siyovush Afrosiyobdan dastak soʻraganda Afrosiyob uni qizi Farangizga uylantirib qoʻyadi. Farangizdan Kayxusrav ismli oʻgʻil tugʻiladi. Bundan keyin ham Eron va Turon oʻrtasidagi kurashlar yanada avj oladi. Kayxusrav esa turonliklarning qoʻlidan qochirilib, Kaykovusning yoniga keltiriladi. Kaykovusning oʻlimidan keyin yana janglar  boshlanadi. Kayxusrav va Afrosiyobning toʻqnashuvi yuz beradi, natijada Afrosiyob va uning inisi Kayxusrav tomonidan oʻldiriladi.

 

Tadqiqotchilar yuqoridagi doston qahramonlarining qaysi tarixiy shaxsiyatlar ekani, qaysi davr nazarda tutilayotganini tahlil qilib, Kayoniylarning Ahamoniylar ekani, Kayoniylar davri esa Ahamoniylar davri – VI asrning boshlariga toʻgʻri kelishini ta’kidlaydilar.  Shuningdek, Afrosiyob/Alp Er Toʻnga bilan Turon taxti uchun janglarda doimiy kurash olib borgan eronliklarning midiyaliklar boʻlgani taxmini mavjud. Sababi shu davrda Midiya davlati ham kuchga toʻlgan va Ossuriya hamda Urartu kabi davlatlarni oʻziga boʻysundirib, qudratining yuksak darajasiga koʻtarilgan edi. Midiyaliklar ham Turonni egallash uchun harakat qilgani yozma manbalarda keltirilgan. Xususan, mil.av. I asrda yashagan yunon muallifi Diodor “Artin podshohligi davrida parfiyaliklar midiyaliklardan ajralib chiqib, oʻz yer va shaharlarini saklarga topshirdilar. Shunda saklar va midiyaliklar oʻrtasida urush boshlandi... Oxiri (oʻzaro) sulh tuzildi... Sak podshohlari midiyalik asirlarni Tanaidu (Sirdaryo) tomon koʻchirib olib ketdilar” deb ma’lumot beradi. Bu ma’lumot oʻsha davrda sak qabilalarining yetakchisi Afrosiyob/Alp Er Toʻnga boʻlishi ehtimolini oʻrtaga qoʻyadi. U bilan bogʻliq rivoyatlarda ham Afrosiyobning Eronda 12 yil hukmronlik qilgani aytiladi. Ahamiyatlisi, Midiya yoki Ahamoniylar kabi Sharqning ilk qudratli davlatlari qatorida ularga tenglasha olgan yoki Turon darvozasini yovlardan himoya qila olgan yetuk sarkardalar hamda ular boshchiligida davlatlar Oʻzbekiston hududida qadimdan mavjud boʻlganini koʻrish mumkin.

 

Bizning fikrimizcha, Kultegin bitigtoshida tilga olingan Qapag‘an xoqonning o‘g‘li To‘nga tegin Alp Er To‘nga bo‘lishi mumkin emas. Alp Er To‘nga Turonning ilk hukmdori Afrosiyobdir. Eron tuproqlaridagi fojea – Afrosiyobning o‘limi uning yaqinlari va xalqini iztirobga solgan va avloddan avlodga o‘tib kelayotgan “Alp Er To‘nga dostoni” va marsiyasi yaratilgan. Zero, Alp Er To‘nga o‘limidan keyin beklar chuqur qayg‘uga botgani va uzoqlardan ot choptirib kelgani marsiyada ta’riflanganidek yoki uning Fitrat tarjimasidagidek: “Hoyg‘u ularni shunchalik orig‘lotgankim, za’far surtilgan kabi yuzlari sarg‘ayib qolibdir” holida aks etgan. Alp Er To‘nga/Afrosiyob mavzusi ming yillar davomida adabiy va tarixiy asarlarda shunchalik aks-sado berganki, uning shaxsini hali davlat qurmagan, xitoyliklarga qarshi kurashgan kichik bir tegin – shahzoda bilan cheklab qo‘yish mumkin emas. Hatto o‘zbek adabiy tilining asoschisi Alisher Navoiy ham “Tarixi mulki Ajam” asarida Afrosiyobga o‘rin ajratib, “Afrosiyob. Oni ba’zi debdurlarkim, Pushang binni Tur binni Faridun o‘g‘lidir. Va ba’zi aning nisbati Qayumarsga yetkurubdurlar. Ammo burung‘i durustroqdir. Chun Navdarni o‘lturdi, Eron mulkini andoq buzdiki, oz yerda ma’murluq qoldi... Afrosiyob podshohligi o‘n ikki yil erdi”, deb ma’lumot beradi. Yana bir bobokalonimizga Bobur – “yo‘lbars” nomi berilishi ham bejiz emas, u ham “to‘nga” deb qadimdan davom etib kelayotgan va jasur yo‘lboshlovchi shahzodalarga berilgan turkiy unvonning yoki Alp Er To‘nga epitetining boshqa tildagi shaklidir.

 

Feruza JUMANIYAZOVA,

O‘zR FA Sharqshunoslik instituti katta ilmiy xodimi,

 tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori

 

Foydalanilgan adabiyotlar:

1.  Abdurahmonov Gʻ, Rustamov A. Qadimgi turkiy til. – Toshkent: O‘qituvchi, 1982.

2.  Koshg‘ariy M. Devonu lug‘atit-turk. – T.1. – B. 77. Yusuf Xos Hojib. Qutadg‘u bilig // Qadimiy hikmatlar. Tuzuvchi N.Rahmonov. – Toshkent: Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti, 1987.

3.  Navoiy A. Tarixi mulki ajam // Mukammal asarlar to‘plami. Yigirma tomlik. T.16. – Toshkent: Fan, 2000. – B. 203-204.

4.  Rajabov Q. Alp Er To‘nga (Afrosiyob). – Toshkent: O‘zbekiston.

5.  Eng eski turk adabiyoti namunalari / Fitrat; nashrga tayyorlovchi O.Hamroyeva; mas’ul muharrir H.Boltaboyev; O‘zR Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy un-ti. – Toshkent: MUMTOZ SO‘Z , 2008.

6.  Gömeç S. Tonga Tigin'in Kimliği Üzerine // Türk Dili Araştırmaları Yıllığı – Belleten. 48 (2000). – S. 205–210.

7.  Tekin T.  XI. yüzyıl Türk şiiri (Dîvânu lugati’t Türk’teki manzum parçalar). Ankara: TDK Yayınları, 1989.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Tarix

14:01 / 23.01.2025 0 133
Bobur qanday jang qilgan?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 24151
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//