Sulton 1902-yil 15-dekabr kuni Xo‘jand shahrida dunyoga kelgan. Matqulning bobosi Alibek Buxoro amirining yuqori mulozimlaridan bo‘lgan. Otasi Matqul Alibek o‘g‘li Xo‘jandda ilk paxta zavodini ochgan davlatmand insonlardan edi. U savdo ishlari bilan shug‘ullanib, rus tili va Yevropa madaniyati bilan tanishadi, taraqqiyparvar sifatida o‘g‘li Sultonning tarbiyasiga alohida e’tibor bilan qaraydi. Sulton Matqul avval jadid va rus-tuzem maktablarida, so‘ng Buxoro madrasalarida ta’lim oldi. 1919-1920-yillar “Yosh buxoroliklar” safida bo‘ldi, biroq, “qizil armiya”ning Buxorodagi vahshatlarini ko‘rgach, shaharni tark etib tahsilni davom ettirish maqsadida Toshkentga qaytadi.
Sulton Matqul 1922-yil Toshkentda Turkiston MIK yotoqxonasida yashagan. U mahalliy yoshlarni Germaniya va boshqa xorijiy mamlakatlar oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga yo‘llash maqsadida “Ko‘mak” uyushmasini tuzish tashabbuskorlaridan biri bo‘ldi. Turkiston Respublikasi rahbarlari Abdulla Rahimboyev, Akmal Ikromov, Usmonxon Eshonxo‘jayevlar “Ko‘mak” uyushmasi g‘oyasini qo‘llab-quvvatlaydi.
1922-yil sentyabrida Sulton Matqul, Ahmadjon Ibrohim, To‘lagan Mo‘min, Solih Muhammad, Xayriniso Majidxonova, Maryam Sultonmurodova, Tohir Shokir, Temurbek Kazbek, Sobir Ibrohim, Abduvahhob Is’hoq, Azimbek Berimjon hamda Saida, Nasriddin va Fuzayl Sherahmedovlardan iborat guruh Toshkentdan Germaniyaga yo‘lga chiqadi. Sulton Matqul, dastlab, Berlindagi xorijliklar uchun olmon tili kursida, so‘ng gimnaziyada o‘qiydi.
1922-yil oxirida Buxoro Xalq Respublikasi rahbari Fayzulla Xo‘jayev davolanish bahonasi bilan Berlinga keladi. U 25 kun davomida Germaniyada bo‘lib, unga buxorolik mashhur millioner Aminjon Sulaymonov va Edelman ismli Buxoro yahudiysi hamkorlik qiladi. Shu davrda Fayzulla Xo‘jayev maxfiy ravishda bir necha bor olmon siyosiy doiralari bilan muzokaralar olib boradi. Bu jarayonda Buxoro hukumati vakili Olimjon Idrisiy va talabalardan Sulton Matqul faol ishtirok etadi. Kelishuvga ko‘ra Fayzulla Xo‘jayev Buxoroga qaytgach, Germaniya davlati BXRning mustaqilligini xalqaro doirada tan olishi kerak edi. Biroq Germaniya hukumati vakillari o‘zlaridagi og‘ir siyosiy inqiroz tufayli bergan va’dasini bajara olmaydi.
Sulton Matqul 1926-yil Berlin oliy texnika institutining elektr-muhandisligi fakultetiga o‘qishga kiradi. U tahsil bilan bir paytda Germaniyadagi talabalar orasida Turkiston hukumatining vakili sifatida ish olib bordi. U talabalarning iqtisodiy muammolariga yechim topishga intildi, to‘garaklar tashkil etib, ularning sifatli ta’lim olishiga ko‘makdosh bo‘ldi.
1927-yil Germaniyadan bir guruh o‘zbek talabalari yozgi ta’tilda Turkistonga keladi. GPU ulardan To‘lagan Mo‘minni Sulton Matqulning O‘zbekiston hukumati rahbarlari Fayzulla Xo‘jayev va Akmal Ikromovlar nomiga yozgan xatini keltirgan degan ayblov bilan qamoqqa oladi. Tergovda bu ma’lumot o‘z isbotini topmaganiga qaramay, To‘lagan Mo‘minga Germaniyaga qaytib oliy ta’limni yakunlashiga ruxsat berilmadi. Sulton Matqul tahsilning so‘nggi yilida Berlin universitetining kimyo fakultetida ta’lim olgan, asli Litvaning Kavno shahrida, yahudiy savdogari oilasida tug‘ilgan Basya Ovseyevna Raybman bilan turmush quradi.
1931-yil Vatanga qaytgan Sulton Matqul Toshkentda O‘zbekelektrlashtirish boshqarmasida ish boshlaydi. 1935-yildan O‘zbekenergoda bosh muhandis bo‘lib, respublikada elektrotexnika tarmoqlarini rivojlantirishga, elektr quvvatidan sanoat obyektlarida ratsional foydalanishga intildi, elektr tizimini zamonaviy ilm asosida boshqarishda to‘plagan nazariy va amaliy bilimlarini ishga soldi. Germaniya tajribasi asosida O‘zbekenergo qoshida maxsus o‘quv kursi tashkil etib, sohada mahalliy kadrlar tayyorlash ishiga alohida e’tibor qaratdi. Iqtidorli yoshlarni ichki Rossiya oliy ta’lim dargohlariga o‘qishga yo‘lladi.
Olmon tilidan tashqari ingliz, fransuz tillarini mukammal bilgan, jahon siyosatida kechayotgan jarayonlarni nihoyatda chuqur tushungan Sulton Matqul O‘zbekiston hukumatining mustaqil tashqi siyosatini ishlab chiqishda muhim shaxslardan biri edi. Uning tashabbusi bilan O‘zbekiston hukumati 1932-1933-yillarda Buyuk Britaniyaning Afg‘onistondagi elchisiga chiqib, mavjud yerosti resurslaridan konsessiya berish evaziga Angliya bilan iqtisodiy aloqalarni yo‘lga qo‘yishga, yangi texnika-texnologiyalar keltirishga harakat qildi. 1934-1935-yillarda yana Germaniya va ayniqsa, Yaponiya bilan qiziqadi, jumladan, Yaponiyaning pillachilik sirlarini o‘rganish, ilmiy aloqalarni yo‘lga qo‘yish maqsadida o‘nlab delegatsiyalar almashiladi. Albatta, bu harakatlarning ortida kelajakda Turkistonning istiqlolni qo‘lga kiritishida mazkur mamlakatlar bilan hamkorlik qilish maqsadi yashiringan edi.
Sulton Matqul 1937-yildan O‘zSSR Fan komiteti raisi Otajon Hoshimning o‘rinbosari bo‘lib, atoqli o‘zbek olimlari Fitrat, G‘ozi Olim Yunus, Oybek, Hodi Zarif va boshqalar bilan ilmiy hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi. Qo‘mitaning nashri “Sotsialistik fan va texnika” jurnalining muharriri bo‘lib, qisqa vaqtda mamlakatda ilm-fan rivoji va ilmiy tadqiqotlarni yo‘naltirishda keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirishga erishdi. Qator maqolalar yozdi, kitob va ilmiy lug‘atlar ustida ish olib bordi.