Manziliga yetmagan ariza va shikoyatlar – Ikkinchi jahon urushining front orti manzaralari


Saqlash
18:32 / 20.01.2025 54 0

Ikkinchi jahon urushi ham iqtisodiy, ham ijtimoiy hayotga o‘z ta’sirini o‘tkazdi. Urushdagi moddiy-iqtisodiy qiyinchiliklar aholining ehtiyojini to‘liq qondirishga imkon bermadi. Qabul qilingan qarorlar ijrosi bajarilmadi. Bu esa aholi ijtimoiy ta’minotining (oziq-ovqat, uy-joy va boshqa kundalik muammolari) keskinlashuviga olib keldi. Shuningdek, oila boquvchisining armiya saflariga jalb etilishi, boquvchisidan mahrum bo‘lgan oila a’zolarining moddiy jihatdan qiyinchilikda kun kechirishiga sabab bo‘ldi. Hukumat tomonidan aholiga yetarlicha e’tibor berilmasligi natijasida ariza va shikoyatlar soni oshib bordi.

 

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, harbiy xizmatchilarning oila a’zolari, urush nogironlarining shikoyat va arizalarini ko‘rish yetarli darajada yo‘lga qo‘yilmay, byurokratik tarzda yondashilgan. Mas’ul xodimlar tomonidan  arizalarni qabul qilish vaqti aniq belgilanmagani sababli ko‘pgina shikoyatchilar bir necha soatlab kutib turishga majbur bo‘lishgan. Shuningdek, shikoyatlar va arizalar bo‘yicha ishlar aniq ro‘yxatga olinmay, tartibsiz holatda amalga oshirilgan. Bu esa arizalarning “yo‘qolib” qolishiga sabab bo‘lgan. Urush yillarida murojaatlarning aksariyati moddiy yordam va uy-joy bilan ta’minlash masalasida bo‘lgan.

 

Shikoyatlar xalq komissarligi rahbariyati tomonidan 3, 5, 10 kun ichida ko‘rib chiqilsa-da, na xalq komissari, na uning o‘rinbosari birorta shikoyat bo‘yicha ijro muddatini belgilamagan. Ijtimoiy ta’minot organlaridagi kamchiliklar, vazifalarni to‘liq ado etmaslik, rahbar xodimlarning o‘z ishlarini suiste’mol qilishlari natijasida  ariza va shikoyat bilan murojaat etuvchilar soni oshib borgan. Ularning aksariyati harbiy xizmatchilarning oila a’zolari bo‘lib, davlat tomonidan hech qanday moddiy yordam berilmasligi ta’kidlangan. Hattoki frontda jang olib borayotgan askarlar oilasining moddiy jihatdan qiyin ahvolda qolganini ta’kidlab, yordam berishlarini so‘rash holatlari ham bo‘lgan. Aslida barcha harbiy xizmatchilarning oila a’zolari qonun jihatdan doimiy ta’minotda bo‘lishlari lozim edi. Biroq qabul qilingan qarorlarlarning ko‘pi amalda qo‘llanilmagan. Urush boshidan 1942-yil 1-fevralgacha birgina Toshkent viloyati bo‘yicha 35 483 ta ariza kelib tushgani ham ijtimoiy ta’minot organlarining kamchiligidan dalolat beradi. Boshqa hududlarda ham arizalarning soni oshib borgani arxiv manbalarda qayd etilgan. Jumladan, 1941-yilda armiya saflariga jalb qilingan harbiy xizmatchi Karim Rasulov uyida 8 kishidan iborat oilasi og‘ir sharoitda yashayotgani, uydagi hamma narsa sotilgani bois moddiy yordam so‘ragan.

 

Shuningdek, armiya saflarida bo‘lgan gvardiya katta serjanti Ismoil Qosimov tomonidan yuborilgan maktubda shunday deyilgan: “Men yashagan oilada onam (ishga yaroqsiz), opalarim Akramova Baxshanda (eri armiyada) va Qosimova Muborak (eri armiyada) 3 tadan bolasi bilan qolgan. Keyingi paytlarda uydan xatlar olib, oila ahvoli haqida xabardor bo‘ldim. Men hozirgacha oila to‘g‘risida qayg‘urmas edim. Chunki Qizil Armiya jangchilarining oilalari davlat va xalqimiz g‘amxo‘rligi bilan qoplanganligiga ishonganman. Afsuski, ba’zi bir ishga rahbarlar bu borada hanuzgacha be’etibor qaramoqdalar. Shu tufayli bizning oila 150 aqcha olib turishidan boshqa (u ham o‘z vaqtida emas) yordam olmayotirlar. Uydagilar xatlarida tuzukkina yashayapmiz, deb yozadilar. Chunki ular bizni xafa qilishni istamaydilar. Oilam oziq-ovqat, kiyim-kechak jihatdan qiynalmoqdalar”. Bu xatga javoban Qosimovning oilasigа ahvol yuzasidan tekshiruv ishlari olib borilgandan keyingina yordam ko‘rsatilgan. Bundan ko‘rinadiki, harbiy xizmatchilarning oilasini moddiy jihatdan ta’minlash, qiyin ahvolda qolgan oilalarning ro‘yxati tuzish kabi tizimli ishlar olib borilmagan.

 

1943-yil 27-yanvarda Samarqand shahar zaxira polkda xizmat qiluvchi harbiy xizmatchi Ergash Rasulov Kalinin tuman ijroiya komitetiga yozgan arizasida oilasiga (onasi, ayoli va 3 o‘g‘li bo‘lgan) hech qanday yordam ko‘rsatilmaganligi bois yordam so‘rab murojaat qilgan”. Hattoki urushdan nogiron bolib qaytib kelganlar ham oilasini ta’minlash borasida qiyinchiliklarga duch kelgan. Ularning mehnat qobiliyatini yo‘qotishi, keyingi ish faoliyatiga, oilasining moddiy jihatdan ta’minlashiga ta’sir qilgan. Masalan, 1943-yil 28-martda urush qatnashchisi Hakimjon Karimov ham quyidagi mazmunda yordam so‘rab ariza yozgan: “jangda uch marta yaralanib, 2-guruh nogironi sifatida o‘z yurtimga qaytib keldim. Uyda uchta farzandim, xotinim, ota-onam bor. Moddiy sharoit og‘irligi uchun uydagi hamma narsa sotildi. Hozirda paltomdan boshqa hech narsa yo‘q. Iqtisodiyot tanazzulga yuz tutdi. Shu munosabat bilan oilamni hech bo‘lmaganda ta’minlab, ro‘zg‘orni nisbatan tiklashim uchun moddiy yordam ko‘rsatishingizni so‘rayman”. 1943-yil 1-aprelda 2-guruh nogironi, katta serjant Matyoqub Masharipov ham yo‘llagan arizasida: “yetti oy muttasil janglarda boʻldim, soʻng uch marta yarador boʻlib, nogiron sifatida uyga qaytdim. Hozirda oilam va men har tomonlama moddiy yordamga muhtojmiz. Hokimiyat organlariga bir necha bor qilgan murojaatimga javoban bu tashkilotlarning hech biri menga jiddiy yordam ko‘rsatmadi”, deb yozgan. Shuningdek, harbiy xizmatchi oilalarning arizalariga nisbatan mas’uliyatsizlik bilan qarash holatlari yuz bergan. Masalan, Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tuman partiya komitetiga Vlasovning janglarda qahramonlik ko‘rsatgani aytilib, uning oilasiga yordam ko‘rsatilishi so‘ralganda, partiya xodimlari harbiy xizmatchining oilaviy holatini tekshirmay “yordam berildi” deb yozadilar. Holbuki, amalda hech qanday yordam berilmagan. Bundan tashqari, urushdan nogiron bo‘lib qaytgan Babenko vafot etib (1943), ayoli dafn etish uchun moddiy yordam so‘raganda ham uning iltimosi asossiz rad etilgan.

 

1945-yil 25-yanvarda 83-sonli “Aholi tomonidan berilgan ariza va shikoyatlarni hisobga olish va tekshirish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan. Tekshirish natijasida quyidagi xato va kamchiliklar aniqlangan: birinchidan, ariza va shikoyatlar viloyat ijroiya komiteti raislari va ularning o‘rinbosarlari tomonidan shaxsan kam ko‘rilib, ko‘proq ularni ijroiya komitetining sekretari va apparatning boshqa xodimlari ko‘rganlar (Bu esa tayinli javob ololmagan kishilarning yuqori hokimiyat organlariga murojaat qilishiga sabab bo‘lgan); ikkinchidan, shikoyat va arizalar ko‘rib chiqilgandan keyin, ariza bergan kishilarga natijasini ma’lum qilmaslik; uchinchidan, tegishli nazorat bo‘lmagani sababli ariza va shikoyatlar 3–4 oylab ko‘rilmay qolib ketgan; to‘rtinchidan, aholini qabul qilish uchun shahar va tuman ijroiya komiteti bo‘lim mudirlari aniq belgilangan vaqt ajratmagan, natijada ko‘pgina shikoyatchilar qabul qilish vaqtini kutib bir necha soatlab turib qolishiga to‘g‘ri kelgan; beshinchidan, shikoyatlarni ro‘yxatga olish daftari yurgizilmagan (Ustidan shikoyat berilgan shaxslar va muassalarning o‘zlariga o‘sha shikoyatlarni yuborish holatlari bo‘lgan).

 

Mirshod SIDDIQOV,

                                     O‘zR FA Tarix instituti tayanch doktoranti

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 24059
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//