XX asrning ilk choragi Markaziy Osiyo tarixida juda muhim oʻrin tutadi. Bu davrda oʻlka xalqlarining “oltin avlod”i katta sahnaga chiqdi va oʻz millatlarining mustaqil davlatini tuzish hamda oʻzligini yaratish ishiga jiddiy kirishdi. Ammo, afsuski, bu mard oʻgʻlonlar magʻlubiyatga uchradi va deyarli barchasi qatagʻon qilindi.
Shunday ziyolilardan biri, qardosh qozoq xalqi jadidlarining eng yorqin vakillaridan boʻlgan Alixan Bukeyxanovni koʻproq Fayzulla Xoʻjayevga oʻxshatish mumkin. Ularning har ikkalasi milliy davlatlarga (Alash Oʻrda hamda Buxoro xalq shoʻro jumhuriyati va Oʻzbekiston ISHJ) rahbarlik qildi, oʻlka jadidlarini qoʻllab-quvvatladi, boshqaruvda yaxshi ishbilarmonlik koʻrsatdi. Va ikkovi ham sovet qatagʻoni qurboni boʻldi.
1882-yilda yangi tuzilgan Dasht general-gubernatorligi rahbari Gerasim Kolpakovskiy Qozogʻistonda joylashgan Karkaralinsk shahridagi hunarmandchilik maktabiga tashrif buyuradi. Kolpakovskiy uning oldiga saf tortgan maktab oʻquvchilarga murakkab savol beradi: Omsk va Karkaralinsk orasidagi 760 mil (810 km) yoʻlni bosib oʻtgan gubernator foytunining bir gʻildiragi yoʻl mobaynida necha marta aylangan? Barcha bunday qiyin savoldan shoshib qoladi.
Shunda safdan yosh bir yigit chiqib, toʻgʻri foytun tomon yuradi. U belidagi kamarini yechib, arava gʻildiragi diametrini oʻlchaydi. Soʻng yerga oʻtirib, hisob-kitob qilishni boshlaydi va oradan bir necha daqiqa oʻtib, toʻgʻri yechimni aytadi. Lol qolgan gubernator maktab direktori va uyezd rahbariga bu bolani guberniya markazi – Omskdagi texnika maktabiga yuborishni buyuradi.
Yosh Alixan Bukeyxanov
General-gubernator Kolpakovkiyni hayratda qoldirgan yosh yigitning ism-sharifi Alixan Bukeyxanov edi. Bu ism keyinchalik butun imperiyaga tanildi va tarixda oʻchmas iz qoldirdi.
Chingizxon avlodi
Alixan 1866-yil Karkaralinsk shahri yaqinidagi kichik qishloqlardan birida tugʻilgan. Uning otasi Nurmuhammad Bukeyxanov Oʻrta Juz xonlari sulolasidan boʻlib, bobosi Mirzatoy Oʻrta Juzning mashhur xoni Bukeyxonning nevarasi edi. Alixan ham aynan ushbu qozoq xoni sharifini olgandi. Juz xonlari esa, Chingizning bevosita avlodlari hisoblangan.
Otasi uni dastlab madrasaga, soʻng hunarmandchilik maktabiga oʻqishga beradi. Iqtidorli Alixan tez orada oʻz bilimi bilan koʻzga tashlanib, Omsk shahriga tahsil olishga joʻnaydi.
Yosh Bukeyxanov 1889-yildan mahalliy gazetalarda maqolalar chop qila boshlaydi. U chor Rossiyasining dasht hududlaridagi qishloq xoʻjaligi siyosati, milliy ishlarni yuritishi haqida oʻz fikrlarini bildiradi. Alixan nomi bilan bogʻliq ilk gazeta, shubhasiz, “Dasht oʻlkasi” roʻznomasi edi. Bukeyxanov bu yerda mahalliy aholi muammolari yorituvchi, mustamlakachi hukumatni tanqid qiluvchi materiallar eʼlon qilib boradi va chor Rossiyasi kuchishlatar tizimlarining eʼtiboriga tushadi.
Bukeyxanov birinchi boʻlib, buyuk qozoq shoiri va mutafakkiri Abay Qoʻnonboyev merosiga eʼtibor qaratadi. 1905-yilda “Semipalatinsk yaprogʻi” gazetasida Alixanning Abay xotirasiga bagʻishlangan nekrologi bosiladi. Keyingi yillarda ham Bukeyxanov Abay nomini ommaviylashtirish borasida katta ishlar amalga oshiradi.
“Qozoq” gazetasi va Alash
1900-yillar boshida Rossiya imperiyasida ahvol ogʻirlashadi. Rus-yapon urushidagi magʻlubiyat, “Qonli yakshanba” voqealari butun imperiya xalqida podshohdan norozilik hissini kuchaytiradi. Butun mamlakat boʻylab namoyishlar toʻlqini avj oladi. Podshoh Nikolay II aholini tinchlantirish uchun parlament – Davlat Dumasini chaqirishga majbur boʻladi.
Mahalliy xalq orasida oʻtkir maqolalari bilan yaxshigina tanilgan Alixan Bukeyxanov bu davrda faol boʻlgan Konstitutsion-demokratlar partiyasi(Kadet)ga qoʻshiladi va yurti mustaqillikka erishishida ushbu partiya qoʻlloviga umid bogʻlaydi. Duma saylovlariga kadetlar safida qatnashgan Bukeyxanov saylov kampaniyasi doirasida ham, keyinchalik deputat boʻlganidan soʻng ham bir necha bor qamoqqa olinadi. Chor maʼmurlari u mahalliy xalqni oyoqqa turgʻazishidan va mustaqillik uchun kurash boshlashidan xavfsiraydi.
Birinchi Duma tarqatib yuborilgandan soʻng, Bukeyxanov yana publitsistik faoliyat bilan shugʻullanadi. Xususan, 1913-yilda mashhur “Qozoq” gazetasini ochadi. Bu paytda “qozoq” nomi keng qoʻllanilmas, uning oʻrniga “qirgʻiz-qaysaki”, “qirgʻiz”, “tuzem” kabi nomlar ishlatilardi. Alixan xalqi erkinlikka erishishi uchun birinchi navbatda tarixiy merosni tiklashi kerakligini taʼkidlaydi. “Qozoq” gazetasi mahalliy aholining chor tizimiga qarshi haqiqiy minbariga aylanadi. Unda xalqni uygʻotuvchi, mustamlakachi hukumatga qarshi turish kerakligi haqidagi maqolalar birin-ketin chop etiladi.
1916-yilda butun Markaziy Osiyoni qamrab olgan milliy qoʻzgʻolonlar qozoq dashtlariga ham tarqaladi. Podsho qoʻshini ushbu norozilik harakatlarini shafqatsizlik bilan bostiradi: minglab insonlar otib tashlandi, yuz minglab odamlar esa surgun qilindi. Bukeyxanov front orti ishlaridan bajarish uchun Belorusga yuboriladi.
Fevral inqilobi roʻy berib, hokimiyat Muvaqqat hukumat qoʻliga oʻtgach, Bukeyxanov Birinchi jahon urushi frontidan Qozogʻistonning Turgʻay viloyatiga komissar (rahbar) boʻlib qaytadi.
Muvaqqat hukumatda katta taʼsirga ega boʻlgan kadetlar partiyasi Bukeyxanov intilishlariga zid oʻlaroq, Rossiyaning unitar davlat tuzumida qolishini yoqlab chiqadi. Bunga javoban, Alixan 1917-yil iyul oyida kadetlar safini tark etadi va iyuldayoq Axmat Boytursunov hamda Miryoqub Dulatov bilan birgalikda “Alash” partiyasini tuzadi.
“Alash” partiyasi aʼzolari Rossiyada yuzaga kelgan ikki hokimiyat (Muvaqqat hukumat va ishchi-dehqon sovetlari) holatida neytral pozitsiyani egallaydi.
1917-yil oktabr inqilobi sodir boʻlganda, Bukeyxanov hokimiyatning qurol bilan egallanishini qattiq qoralaydi va II umumqozoq qurultoyini chaqiradi.
Ushbu qurultoyda qozoq ziyolilari va faollari milliy davlat – Alash Oʻrdaʼni tuzishga qaror qiladi. Yangi mamlakatning poytaxti etib Semipalatinsk yoxud Alash qalʼa (hozirgi Semey shahri) tanlanadi. Bukeyxanov hukumati rahbari boʻladi.
Tez orada boshlangan Fuqarolar urushi davrida Alash Oʻrda rasmiylar xalqni talon-taroj va qirgʻinlardan omon saqlash uchun nozik ip ustida yurishiga toʻgʻri keladi. Bukeyxanov dastlab Oq armiya bilan yaqinlashadi. Biroq hokimiyatni boy bergan “monarxiyachilar” hali ham mahalliy xalqlarga erkinlik bermoqchi emasligi ayon boʻlgach, alashliklar tarafni oʻzgartiradi.
Ular bolsheviklar Alash Oʻrda muxtoriyatini tan olsa, sovetlar hokimiyatini tan olishga tayyorligini bildiradi. Moskva bunga rozi boʻladi. 1919-yil kuzida Alash Oʻrda rahbarlariga siyosiy amnistiya eʼlon qilinadi.
1920-yil 26-avgustda Butunrossiya Markaziy Ijroiya qoʻmitasi va RSFSR Xalq Komissarlari Soveti tomonidan RSFSR tarkibida poytaxti Orenburg shahri boʻlgan “Qirgʻiz (Qozoq) sovet muxtor sotsialistik respublikasini tuzish toʻgʻrisida” dekret chiqariladi.
Shu tariqa, uch yilga yaqin “yashagan” Alash Oʻrda davlati tugatiladi. Bukeyxanov va boshqa Alash Oʻrda rasmiylar qamoqqa olinadi hamda amnistiyadan soʻnggina ozod etiladi.
Soʻnggi nafasgacha vatan uchun
Bukeyxanov bir muddat yangi davlat tizimida ishlaydi. 1921-yilda rafiqasi vafotidan soʻng, Orenburgdan ona qishlogʻiga qaytadi va siyosatdan tanaffus qiladi. Biroq sobiq “Alash” partiyasi yetakchisining oʻz yurtida boʻlishi Moskva uchun xavfli edi. Natijada Stalin qarori bilan Bukeyxanov hibsga olinadi hamda Moskvaga olib kelinadi. Unga poytaxtda qolish va shu yerda ishlash taklif qilinadi. Bukeyxanovga hukumat roziligisiz Moskvani tark etish taqiqlanadi.
1922-1927-yillarda Alixan Bukeyxanov SSSR Millatlar ishlari boʻyicha xalq komissarligi markaziy nashriyoti hamda Rossiya Fanlar akademiyasida ilmiy xodim boʻlib ishlaydi. U bu vaqt davomida qozoq xalqi tarixi hamda folklori haqida ilmiy izlanishlar olib boradi, “Shoʻlpan” va “Temirqaziq” jurnallariga maqolalar yozadi. Jahon adabiyotining nodir namunalarini qozoq tiliga tarjima qiladi.
1927-yil 1-oktabrda Bukeyxanov barcha lavozimlaridan boʻshatiladi. Uning moliyaviy ahvoli ogʻirlashadi. Shunday boʻlsa-da, magʻrur qozoq ziyolisi oʻz millati uchun xizmat qilishdan toʻxtamaydi.
Oradan ikki yil oʻtib, Bukeyxanov yana qamoqqa olinadi. Bu safar uni moʻjiza qutqarib qoladi. “Lenin gvardiyasi” deb ataluvchi eski bolsheviklardan boʻlgan Vasiliy Shelgunov Bukeyxanovning qizi iltimosi bilan Alixanni himoya qiladi. Hali hokimiyatda yaxshi oʻrnashmagan Stalin eski gvardiyachi talabiga rad javobi bera olmaydi va Bukeyxanov ozod etiladi.
Qamoqdan chiqarilganiga qaramay qozoq maʼrifatparvari uy qamogʻida saqlanadi. Uning oldiga koʻplab millatdoshlari, sobiq safdoshlari kelib turadi. Alixan ularga xalq uchun xizmat qilishni toʻxtatmaslik lozimligi, insonlarni oʻqimishli qilish ziyolining eng asosiy vazifasi ekanini taʼkidlaydi.
Markaziy Osiyo xalqlari uchun mashʼum boʻlgan oʻsha 1937-yil (26-iyul)da qozoq xalqining jonkuyar oʻgʻloni Alixan Bukeyxanov yana hibsga olinib (9-iyul kuni Fayzulla Xoʻjayev qamoqqa olingan), Moskvadagi Butirka qamoqxonasiga tashlanadi.
Tintuv chogʻida Bukeyxanovning qoʻlyozmalari, qozoq tarixi, adabiyoti, tiliga oid ilmiy izlanishlari, tarjima asarlari, boy kutubxonasi musodara etiladi. Olimning oʻn yillik mehnati bolsheviklar tomonidan keyinchalik yoʻq qilib yuboriladi.
Bukeyxanovni aksilinqilobiy faoliyatda va burjua millatchiligida ayblashadi. U shafqatsiz qiynoqlarga qaramasdan, toʻqib chiqarilgan tuhmatlarni tan olmaydi. Va mard qozoq yigit soʻngsoʻzida ochiq haqiqatni aytadi: “Men sovet hokimiyatini tan olganman, lekin hech qachon uni xushlamaganman”.
SSSR Oliy sudi Harbiy kollegiyasi 1937-yil 27-sentabrda Bukeyxanovni barcha ayblovlar boʻyicha aybdor deb topadi va oliy jazoga hukm qiladi. Hukm shu kuniyoq amalga oshiriladi.
Butun umrini xalqini ziyoli, mamlakatini mustaqil qilishga sarflagan turkiy jadid hayoti shu tariqa yakun topadi.
Alixan Bukeyxanov 1989-yil 14-mayda jinoyat tarkibi yoʻqligi sababli oqlanadi. Hozirda Qozogʻistonda uning ismi bilan bir qancha koʻchalar, maktablar nomlangan. Bukeyxanov nomi qozoq jadidlarining eng oldingi saflarida keladi.
Muhammadqodir Sobirov
Oyina.uz
Tarix
Tarix
Tarix
Tarix
Jarayon
Til
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q