Ozodlik niqobi ostidagi jismoniy qullik targ‘iboti – bolsheviklarning “Hujum” kampaniyasi nega boshlangandi?


Saqlash
17:57 / 17.01.2025 168 0

Rossiya imperiyasi tomonidan Turkiston hududi bosib olingach, barcha sohalarda mustamlaka tartiblari joriy qilingan. Ularning diqqat markazida turgan yana bir muhim masala – xotin-qizlarni ishlab chiqarishga jalb qilish, ishchi kuchi sonini ikki barobarga oshirish edi. Bosqinchi hukumat buning uchun birinchi navbatda ayollarning paranjisini yechish kerak, deb hisoblagan va bu boradagi dastlabki urunish 1900-yillar boshida bo‘lib o‘tgan. 1908-yili Rossiya imperiyasi hukumati tomonidan Turkistonni taftish qilish uchun yuborilgan graf Palen boshchiligidagi komissiya ham aynan ayollar masalasiga e’tibor qaratganini tarixiy manbalar tasdiqlaydi.

 

Ma’lumki, Turkistonning markaziy shaharlarida qadimdan ayollarning o‘ranib yurishlari odatga aylangan. Ammo XX yuzyillik boshlarida jamiyat hayotini isloh qilish uchun boshlangan harakatlar zamirida ayollarning maktablarda bilim olib, kasb-hunar bilan erkin shug‘ullanishlariga imkoniyat yaratish maqsadlari ham bor edi. O‘z davrining yetuk ulamolaridan bo‘lgan, Buxoro amirligi muftisi Domla Ikrom barcha zamonaviyliklarni qo‘llab-quvvatlasa-da, ayollarning paranjidan voz kechishlariga qarshi chiqqan. Muallif “Risolayi forsiya dar bayoni vujubi satri niso” (Ayollarning o‘ranib yurishining vojib ekanligi to‘g‘risida forscha risola”, 1912) risolasi orqali ayollarning o‘ranib yurishlari lozimligini Qur’oni karim, Tafsir, hadislar va ko‘plab islomiy kitoblar orqali isbotlashga harakat qilgan. Turkistonni taftish qilish uchun kelgan graf Palen Buxoro amirligiga ham tashrif buyurgan. Buxoro qo‘shbegisi Nasrullo tavsiyasiga ko‘ra mufti Ikrom domla bilan uch masalada suhbatlashgan: yangi usul maktablari, ayollarning kiyinishi va soliq. Graf Palen ayollarning paranji kiyib yurishi bo‘yicha Ikrom domlaning fikrini so‘raganda, u shariatga muvofiq, shuningdek, xavfsizlik nuqtai nazaridan o‘ranib yurishi joizligini ta’kidlagan.

 

Ayni shu davrda “Vaqt” gazetasi muxbirlari Behbudiy tomonidan ochilgan kutubxona bilan tanishish maqsadida Samarqandga kelganlarida, Mahmudxo‘ja Behbudiy va Abduqodir Shakuriyga “Paranji ayollaringizning milliy kiyimi emas, u Erondan o‘zlashtirilgan va kiyish an’anaga aylangan. Nega bundan voz kechmayapsizlar”, deganida, ikki taraqqiyparvar ham savolning javobini ochiq qoldiradi. Bu sukunat Turkiston jamiyati: ayol ham, erkak ham paranjidan voz kechishga tayyor emasligidan edi. Shu o‘rinda qayd etish joizki, Mahmudxo‘ja Behbudiy ham Istanbul, Qohira, Damashq shaharlarida ayollarning masjidga borib namoz o‘qishlari, o‘z uylaridek tikish tikib o‘tirganlarini ko‘rib hayratga tushgan. Bozorlarda erkaklar bilan ayollar ham barobar savdo yuritayotganiga va ayollar o‘z ishining ustasi ekaniga guvoh bo‘lgan. Barcha sohalarda islohotlar qilishni yoqlab chiqqan Mahmudxo‘ja Behbudiy Turkiston jamiyatidagi ayollar mavqei oldingidek saqlanib qolishi tarafdori bo‘lgan va ayollar masalasida an’anaviylik fikrida qolgan: “... Masalan, xotunlar masalasini hozir o‘rtadan chiqarmoq kerak. Mana bul butun Turkistonning ixtilofiga sabab bo‘lub, do‘stlarimiz bag‘rini qon va dushmanlarimizni xursand etar. Bizning ittifoqimizni xohlaganlardan rijo etarmizki, xotunlar masalasidan hozir bahs etmasunlar va muvaqqat zamong‘a havola etsunlar”.

 

Xullas, 1918-yil Turkiston avtonom respublikasi, 1920-yil Xorazm va Buxoro respublikalari tuzilgach, bolsheviklar arzon ishchi kuchi sifatida ayollar mehnatidan ham foydalanish maqsadida go‘yoki ularni “ozodlikka chiqarish” shiori ostida “Hujum” rejasini tuzganlar.

 

20-yillarda respublika, viloyat, tuman va mahallalarda xotin-qizlar bo‘limi tashkil qilingan. Har bir xonadonga kirib, ayollar uchun o‘quv kurslari tashkil qilinganini juda ehtiyotkorlik bilan tushuntirib chiqqanlar. Savod chiqarish kurslari, maxsus xotin-qizlar klublari, artellar va do‘konlar tashkil qilganlar. Bu yerga tashrif buyurgan ayollarga hunar o‘rgatish, savodini chiqarish fonida paranji tashlash bo‘yicha targ‘ibot ishlari amalga oshirilgan. 3-4 yillik targ‘ibot sezilarli natija bermagach, 1926-yil sentyabrda O‘rta Osiyo partiya komitetlarining xotin-qizlari bo‘limlari xodimlari ishtirokida kengash o‘tkazilgan va ayollar bo‘yicha olib borilayotgan ishlarni jadallashtirish – uni majburiy ravishda o‘tkazishga qaror qilingan. Bu majburiy tadbir “Hujum” deb atalgan. Go‘yoki hujum uslubida ayollar muammosini hal qilishga kirishilgan. 1926-yili bu kampaniyani amalga oshirish uchun O‘zbekistonda maxsus komissiya tuzilgan. Bolsheviklar “Xotin-qizlarni ozodlikka chiqarish”, “paranjiga qarshi kurashish” nomi ostida yana bir maqsadiga erishish yo‘lidan borgan. Endi ular Turkistonda arzon, tekin ishchi kuchini ikki barobarga oshirishi va yanada ko‘proq foyda ko‘rishi mumkin edi. Ayollarning qishloq xo‘jaligi va og‘ir sanoat ishlariga jalb qilinishi aslida ozodlik emas, qullikni yangi bir bosqichga ko‘tarish edi.

 

1927-yil 8-mart kuni O‘zbekistonning barcha hududlarida yuzlab mitinglar tashkil qilingan va minglab ayollar paranji tashlagan. Bu tadbirni o‘tkazishda islom an’analari, o‘zbek oilasidagi erkak va ayol munosabatlari, milliy urf-odatlarimiz inobatga olinmagan.

 

1927-yili o‘z safida 25 ming O‘zbekiston SSR fuqarosi bo‘lgan Kompartiyaga “Hujum”ning tashkilotchisi bo‘lish va namuna ko‘rsatish vazifasi yuklangan. Ular kommunist sifatida o‘z xotinlarini paranji yoqiladigan joylarga olib kelib paranjisini tashlatgan, uyiga olib kelgach, paranjida yurishini tayinlagan. Bu kabi holatlardan xabar topgan partiyaning O‘rta Osiyo byurosi partiya a’zolarining mazkur ishini maishiy jinoyat sifatida baholab, partiya safidan o‘chirishgacha bo‘lgan jazolarni qo‘llashga qaror qilgan. Partiya safidan o‘chirish o‘sha paytda partiya a’zosi uchun o‘limga teng holat bo‘lgan.

 

“Hujum” shunday shiddatli tus olganki, hatto xotin-qizlar yuzini ochish bo‘yicha O‘zbekiston va Turkmaniston respublikalari o‘rtasida “sotsialistik musobaqa” ham tashkil qilingan. “Musobaqa”ga respublikalarning sud organlari ham qo‘shilgan. Ular chiqargan qarorda “Ajrashish ishi bir haftadan kechiktirilmay ko‘rib chiqilsin” degan band kiritilgan edi. Bu qaror natijasida birgina O‘zbekistonning o‘zida minglab oilalar buzilgan, bolalar ota-onasi o‘rtasida sarson bo‘lgan. Arxiv hujjatlarida ajrashish uchun ariza bergan ko‘plab ayollar erlari yoki aka-ukalari tomonidan o‘ldirilgani haqida ma’lumotlar mavjud. Jumladan, 1927-yil 27-iyunda Buvayda tumanining Poloson qishlog‘ida dehqon Abduqodir Hojimatov xotini paranji tashlagani uchun osib o‘ldirgan. Beshariq tumanining Yangiqo‘rg‘on qishlog‘ida ham erlar o‘z xotinlarini osib o‘ldirganlari holati qayd qilingan. Rasmiy hujjatlarda 1927-1928-yillari O‘zbekistonda 2,5 mingdan ortiq paranji tashlagan ayollar o‘ldirilgani ko‘rsatilgan. Ammo bu atayin kamaytirib ko‘rsatilgan bo‘lib, aslida o‘ldirilganlar soni bu raqamlardan 2-3 barobar ko‘p bo‘lgan. Ayollarning o‘ldirilishi ortidan 1928-yili 671 kishi qamoqqa olingan va turli muddatlarga ozodlikdan mahrum qilingan, 7 kishi otuvga hukm qilingan.

 

Sovet davri adabiyotlarida “Hujum” tufayli 100 ming ayol paranji tashladi, 5 ming ayol savodsizlikni tugatish kurslarida tahsil oldi, 5 202 ta ayol viloyat, shahar va tuman sudlariga xalq maslahatchisi qilib saylandi, deb bu kampaniyani ahamiyatli qilib ko‘rsatishga harakat qilinadi. Bolsheviklar ta’kidlaganidek, Turkiston ayoli savodsiz emas edi, to‘rt devor orasida ham emas edi. Jumladan, Qurbonjon dodxoh jasorati, 1916-yili mardikorlikka olish ortidan kelib chiqqan qo‘zg‘olonda faollik ko‘rsatgan, aynan rus askarlari tomonidan otib tashlangan Ruzvonbibi Ahmadjonova, Zuhrabibi Musayevalar Turkiston ayollari edi. Germaniyada tahsil olgan Maryam Sultonmurodova, Xayriniso Majidova bolsheviklar tashkil qilgan savodsizlikni tugatish kurslarida o‘qigan emas.

 

Sovet hukumati tomonidan amalga oshirilgan “Hujum” xalqning noroziligiga sabab bo‘lgan. Ayniqsa, Farg‘ona vodiysida ko‘plab ommaviy chiqishlar yuzaga kelgan. Birgina Namanganda 500 kishi ishtirokida norozilik chiqishi yuz bergan. Bu kabi noroziliklar bolsheviklar tomonidan qurol kuchi bilan to‘xtatilgan. Zo‘ravon hukumat qurol kuchi va qo‘rqitish usullari bilan “Hujum” kampaniyasi orqali ham o‘z maqsadiga erishadi.

 

“Hujum”ning ikkinchi bosqichi ayollarni og‘ir ishlarga jalb qilishdan iborat bo‘lgan. Sovet hokimiyati O‘zbekiston SSRda ko‘plab ishchi kuchi yetishmasligini niqob qilib, bo‘sh ish o‘rinlarini ayollar hisobiga to‘ldirish yo‘lidan borgan. Ayollar g‘isht tashish, terish va duradgorlikni uddalaydi, deb xulosa qilingan. Og‘ir sanoatga uzluksiz jalb qilib borilgan. Jumladan, O‘zbekiston SSR Markaziy ijroiya qo‘mitasi huzuridagi xotin-qizlar mehnati va turmushini yaxshilash komissiyasi raisi A.Volniy ayollar metall va yog‘ochni qayta ishlash sanoatida ham bemalol ishlay oladilar, deb ko‘rsatma bergan.  Shuningdek, o‘zining 1931-yili chop qilingan “Paranjilar yonmoqda” kitobida metalni qayta ishlash sanoatidagi 10 ming ishchining 15 foizi, 7 000 haydovchining 50 foizi, 27 000 traktorchining 20 mingtasi xotin-qizlar bo‘ladi, deb ta’kidlagan. A.Volniyga o‘xshagan vallomatlar Turkiston ayollariga “tenglik” berish niqobi ostida ularni kamsitish, og‘ir mehnatlarga jalb qilish yo‘lidan bordi. Bolsheviklarning “g‘amxo‘rligi” natijasida 1939-yili ayollar erkaklar bajaradigan ishning 50 foizini egallaganlar. Qishloq xo‘jaligi ishlaridagi dehqonlarning 80 foizi ayollar edi.

 

Xulosa qilib aytganda, “Hujum” – mustamlakachi hukumatnig navbatdagi nayranglaridan bo‘lib, Turkiston aholisini kamsitish, g‘ururini poymol qilish, Turkistonda ishchi kuchini ayollar evaziga ikki barobar ko‘paytirish uchun puxta o‘ylab topilgan rejasi edi. Bu kampaniya turkistonliklarga qimmatga tushdi. Minglab ayollar paranji tashlash ortidan o‘z otasi, akasi, ukasi, eri tomonidan o‘ldirildi. Ayollar qishloq xo‘jaligi va sanoat sohasida og‘ir mehnatlarga jalb qilindi. Shuni ta’kidlash joizki, paranji tashlash niqobi ostida amalga oshirilgan bu kampaniyada bosqinchi hukumat Turkiston ayollariga ozodlik berishni emas, ularni jismoniy qullikka mahkum qilishni maqsad qilgan edilar.

 

Dilnoza JAMOLOVA,

O‘zR FA Tarix instituti direktorining

ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 24009
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//