Hech o‘ylab ko‘rganmisiz, nega tilimizga xorijiy tilllardan kirib kelgan so‘zlarning aksariyati bir-biriga o‘xshash? Nima uchun ba’zi so‘zlarning imlosi va talaffuzida o‘xshashlik bo‘lsa ham ma’nolarida tafovut bor? Ushbu maqolamizda o‘zlashma so‘zlardan ayrimlarinining o‘zaro yaqinligini ko‘rib chiqamiz.
Bilamizki, konstitutsiya so‘zi lotinchada “o‘rnatish”, “belgilash”, “tuzish” degani. Bu so‘zning asosi esa kons (o‘y, fikr). Kons so‘zi o‘z navbatida bir necha mashhur atamalarga asos bo‘lgan. Ular quyidagilar:
Konstitutsiya, konspekt, konsalting, konsul, konsultatsiya, konselyariya, konsepsiya, konsert, konsentratsiya, konstruksiya, konserva, konservator.
Konstitutsiya ingliz tilida oʻrnatilgan qonun yoki odatni bildiruvchi soʻz sifatida tuzilgan. Bu lotincha constitutes ya’ni, constituere soʻzining oʻtgan zamon feʼli boʻlib, “oʻrnatmoq” degan maʼnoni bildiradi, bu con- (“bilan, birga, birgalikda”) prefiksining statuere (“oʻrnatmoq yoki qoʻymoq”) feʼliga qo‘shilishi natijasida yuzaga kelgan.
Konspekt (lot. conspectus – ko‘rib chiqish, umumiy ko‘rinish, insho) – biror narsaning mazmuni haqida xulosa yoki qisqacha yozuv. Yozuvlarning bir joyda yig‘ilishi, to‘planishi ushbu so‘z yasalishiga asos bo‘lgan.
Konsalting (ingliz tilida consult+ing) kelib chiqishi fransuz tiliga borib taqaladi. Fransuzcha “maslahatlashish” degan mazmunni anglatadi. So‘z asosi consult bo‘lib bu hozirgi konsul so‘zining paydo bo‘lishiga olib kelgan. Ingliz tilida consult+ant ko‘rinishida esa “maslahatchi” atamasini hosil qilgan. Bundan ushbu kalima o‘zbek tiliga o‘rnashgan konsul va konsultatsiya so‘zlari bilan o‘zakdosh ekani anglashiladi.
Konsul (lot. consul) – Qadimgi Rimda respublika davridagi eng yuqori saylangan lavozim. Rim respublikasidagi ikkita bosh magistraturadan biri consuleva (to‘g‘ridan to‘g‘ri lotin tilidan consul) deb atalgan. Dastlab, “Senat bilan maslahatlashuvchi”, keyinchalik “Qadimgi Rimdagi magistratura” ma’nosini anglatishda qo‘llangan. Bu kalom ham o‘z navbatida esa consulere (“o‘ylab ko‘rmoq, maslahat olmoq”) va consultation (“maslahatlashmoq, maslahat bermoq”) so‘zlarni yasashga asos bo‘lgan. Hozirda konsul so‘zi “suveren davlat tomonidan o‘z fuqarolarining manfaatlarini himoya qilish va u yerda savdo qilish uchun chet elda yashash uchun tayinlangan agent” ma’nosini bildiradi.
Konsultatsiya lotinchadan consultativ “uchrashuv”, “maslahatlashish”, konsullar bilan tez-tez muhokama qilish” ma’nolarini bildiradi. Lotin tilida consultationem (“maslahat berish harakati”), nominativconsultatio (“yetuk mulohaza”) kabi iboralar keng iste’molda bo‘lgan. Qadimgi lotin xalqlari senatni yig‘ish, senatorlar majlisi kabi jumlalarni ifodalashda o‘tgan zamon o‘zagidan yasalgan harakat consultare (“maslahatlashmoq, maslahat so‘ramoq” yoki mulohaza yuritmoq, obdon o‘ylab ko‘rmoq”) so‘zini ishlatishgan.
Konselyariya lotin tilidan kelib chiqqan. Uning kelib chiqishi haqida 2 xil faraz mavjud. Birinchi taxminga ko‘ra cancellaria, cancelli (“panjara”) bo‘lib, u hokimiyat buyruqlarini e’lon qiluvchi platformani anglatadi. Ikkinchi talqinga ko‘rsa esa consulere (“o‘ylab ko‘rmoq”, “birga chaqirmoq”) mazmunida ishlatilgan. Bu jumlaning ildizi qadimgi lotin tiliga borib yetadi. “Uzoqroq maslahatlashish”, “tez-tez muhokama qilish” mazmunida conselere (con-“bilan, birga” + selere-“chaqirmoq, kengash”) kalimasi qo‘llangan. Bu kalom, shuningdek, proto hind va ibroniy tillarida “maslahatlashmoq” (sal-“olmoq, tutmoq”) ma’nolarini ifodalagan. Consulere senatum deganda “senatni yig‘ish” nazarda tutilgan.
Konsepsiya soʻnggi lotincha “concipere” soʻzidan olingan boʻlib, “qabul qilish, tasavvur qilish” mazmunini ifodalaydi. Konsepsiya bu – ongda o‘ylab topilgan g‘oya. Konsepsiya (lotincha conceptio – majmua, tizim) – 1) biror sohaga oid qarashlar, tamoyillar tizimi, fakt va hodisalarni tushunish, anglash va izohlashning muayyan usuli, asosiy nuqtai nazar; 2) adabiyotda – biror asarning asosiy gʻoyasi. Konsepsiya jumlasi “qo‘shma, yig‘indi, umumiylik” mazmunida lotin tilida paydo bo‘lgan. Concipere “to‘plash; tasavvur qilmoq; chizmoq” ma’nolarida (con-“bilan, birga” + capere “olmoq; qabul qilish”) qo‘llangan. Protohind va qadimgi Ovro‘pa tillarida kap (cap) “ushlash” ma’nosini bildirgan.
Konsert italiyanchada paydo bo‘lgan so‘z. Consert “tanlov (ovozlar)” degani. Qadimgi lotin tilida concertāre “raqobat qiling, bahslashing” degan mazmunni anglatgan. Bunda ham asos con (“bilan, birga”) bo‘lib, unga qo‘shilayotgan certus “aniq” yoki cernere “ajratish, farqlash” ma’nolarini ifodalaydi. Proto hind va ibroniy tillarida krei (crei) so‘zi – “elakdan o‘tkazmoq, ajratmoq” kabi mazmunlarda qo‘llangan. Italyan tilida “ommaviy musiqiy ijro” ma’nosida, odatda, qismlarga bo‘lingan musiqiy chiqish nazarda tutilgan. So‘zning ildizi yana lotincha concentare “birgalikda kuylash” (con-“birga” + cantare-“qo‘shiq aytish”)ga borib taqaladi.
Konsentratsiya kalimasining yana bir ma’nosi lotincha “birlashish harakati”ni anglatadi. Vikipediyaning o‘zbekcha variantida ushbu atama lotincha (con-“birga”, centrum-“markaz”) – biror narsaning muayyan joyda toʻplanishi deya izohlangan. Kimyo fanida eritma yoki erituvchining maʼlum ogʻirlik miqdori yoki hajmida erigan modda miqdori konsentratsiya deyiladi.
Konstruksiya (lotincha: constructs – tuzilish, qurilish) – 1) mashina, inshoot yoki oʻzel va detallarning tuzilish sxemasi, shuningdek, mashina, inshoot, oʻzellar hamda ularning detallari. Konstruksiyada kerakli qism va elementlarining shakli hamda oʻzaro joylashishi, ularni biriktirish usullari, oʻzaro taʼsiri va qanday materiallardan yasalishi hisobga olinadi; 2) ilmiy yoki badiiy asarlarning tuzilishi (shu o‘rinda bu so‘z kompozitsiya atamasi bilan o‘rin almashgan); 3) bir sintaktik birlikni tashkil qiluvchi soʻzlar birikmasi. “Qurilish” so‘zi lotincha construere so‘zidan kelib chiqqan bo‘lib, uning o‘zi ham con-“birgalikda” va struere-“uyilib ketmoq” ma’nosini bildiradi. Ingliz tilidagi structure “qurilish”ni anglatishi ham so‘zning negizi con ekanidan dalolat beradi.
Konserva lotinchdana “xavfsizlikni saqlash, yo‘qotishdan yoki parchalanishdan saqlash” degani. Bu nom ham quyidagi ko‘rinishda hosil bo‘lgan: con-“birga” + serve-“saqlash”. Qadimgi fransuz tilida conserver, lotin tilida conservare “saqlash, saqlab qolish, butunlikni saqlash, qo‘riqlash” ma’nolarida qo‘llangan.
Konservator so‘zi izohli lug‘atlarda yozilishicha “qotib qolgan qarashlar tarafdori, taraqqiyot va oʻzgarishlarga qarshi” ma’nolarini bildiradi. Inglizchada bu so‘z quyidagicha izohlanadi: “birovning yoki biror narsaning manfaatlari yoki huquqlarini himoya qilish vakolati yuklangan mansabdor shaxs”. So‘z asosi lotincha conservator (“qo‘riqchi, saqlovchi, himoyachi”) kalimasiga borib taqaladi. U ham konserva singari (con-“birga” + servere-“saqlang”) hosil qilingan.
Xulosa o‘rnida, yuqorida sanab o‘tilgan so‘zlarni umumiy birlik, birgalik mazmuni birlashtirib turibdi. Biz esa ularga kongress, konslager, konsern, kontingent, kontrabanda, kontrakt, kontakt kabi jumlalarning ham aloqadorligi bor degan fikrdamiz. Bunga keyingi maqolalarimizda batafsil to‘xtalamiz.
Anvar ESHNAZAROV
Tarix
Tarix
Tarix
Jarayon
Tarix
Tarix
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q