Inson o‘zining ibtidoiy faoliyati davrida tabiiy boshpana bilan kifoyalangan. Uning ma’naviy dunyoqarashi shakllanib borgani sayin u ham o‘zining ijtimoiy-maishiy turmush tarzini yaxshilab boravergan. Shu tariqa insonlarda yashash uchun o‘ziga qulay turar-joy qurish istagi yuzaga kelgan.
Turar-joylar qurilishini insonlar turli urf-odat, marosimlarni qilish orqali boshlagan. Bunda dastavval qo‘y so‘yib, qo‘ni-qo‘shnilarni, ko‘ngilli bo‘lib hasharda qatnashganlarni mehmon qilish odat bo‘lgan. Bu orqali ular imoratning mustahkam, baxt keltiruvchi uy bo‘lishini Оllohdan so‘rashgan. Shuningdek, marosim bahonasida qo‘ni-qo‘shnilarga, ustalarga, ko‘ngilli bo‘lib kelganlarga imorat egasi minnatdorchilik bildirgan.
Shunday marosimlardan yana biri Hovli to‘yi marosimidir. Qadimgi Sharqning deyarli barcha xalqlari ota-bobosining joyini muqaddas bilib, e’zozlagan. Shuning uchun ham otasidan qolgan uyni saqlab qolishga harakat qilishgan. Eskirib qolgan qismlari yangilab turilgan. Meros bo‘lib qolgan hovlini buzishning oqibati yomon bo‘lishi haqidagi fikrlar xalq orasida tarqalgan. Meros bo‘lib qolgan hovlini saqlab qolish zamirida oilaning sharoitini yaxshilash bilan birga ma’naviy-tarbiyaviy ahamiyatga ega masalalar ham yotgan. Yana imorat qurib bitqazilgandan keyin, u katta tantana bilan nishonlangan va ziyofat berilgan. Buni bir so‘z bilan aytganda “Imorat yoki Hovli to‘yi” deb atashimiz mumkin. Turonda ham bu urf-odatning mavjudligini bir necha misollar orqali keltirib o‘tishimiz mumkin. Masalan, hovli to‘yida mehmonga kelganlar xonadon egalarini yangi uy-joy bilan tabriklashgan. Sovg‘a-salomlar berishgan. Ayrim mintaqalarda qo‘shiq va laparlar ham aytilgan: Nurota tog‘ tizmasining Sintab, Katta Ej, Mojurum, Uxum qishloqlarida quyidagi laparni aytib hovliga kirib kelishgan:
Muborak shaved xonet.
Pur shaved tuxmu donet.
Ma’nosi:
Muborak bo‘lsin uying
Ko‘p bo‘lsin bola-yu nevaralaring.
Ma’lumotlarga qaraganda, yangi uyga ko‘chganda sohiblari qurbonlik qilib, qo‘ni-qo‘shnilarni chaqiradilar. Qurbonlikda odatda qo‘y yoki xo‘roz so‘yiladi. Chaqiriladigan insonlar soni ham uy egasining ijtimoiy holatiga bog‘liq. Yangi uyni ko‘rishga kelgan mehmonlar esa o‘zlari bilan uy-ro‘zg‘or yumushlarida ishlatiladigan kerakli buyumlarni sovg‘a sifatida olib kelishadi. Bundan tashqari yangi uyga ko‘chgan uy sohiblari yosh oila bo‘lsa, ularga ota-onasi tomonidan eski qozon, supra va shunga o‘xshash ro‘zg‘or uchun kerakli buyumlar beriladi. Ma’lum muddat ishlatilgan buyumlarni berish orqali o‘sha uyning barakasi yangi uyda ham mavjud bo‘lishiga ishonishgan. Bu urf-odatlar odatda peshin namozi vaqtida o‘tkazilgan. Mehmonlar bilan birgalikda peshin namozi o‘qilib, Qur’on tilovat qilingan. Bu odatlar deyarli ko‘p hududlarda bir xil tarzda o‘tkazilgan. Lekin ayrim hududlarda bu biroz farq qilgan.
Masalan, Namangan viloyatida “Uy to‘yi” mahalliy tilda “kampiryotti” deb atalgan. Bunda yangi ko‘chgan uy sohiblari 5 yoki 6 ta kampirni mehmon qilib chaqirishgan. Ular uchun alohida maxsus ko‘rpacha tikilgan va ular bu yangi uyda bir kecha mehmon bo‘lib, yotib qolishgan. Shuning uchun ham mazkur odat “kampiryotti” deb atalgan. Bu marosim odatda shom namozi vaqtida o‘tkazilgan. Kampirlar bilan birgalikda shom namozi ham o‘qilgan. Yoshi katta insonlarni chaqirish orqali ularning xayr-u barokat olib kelishiga ham ishonishgan.
Farg‘ona vodiysida esa bu marosim “Uy ko‘rdi yoki Uy oshi” deb atalgan. Yangi uyga ko‘chib kiriladigan kuni barcha qo‘ni-qo‘shnilar va qarindosh-urug‘lar chaqirilib, jonliq so‘yib xudoyi qilingan. Shu kunda o‘choqqa olov yoqilib, qozonga uch qoshiq yog‘ quyilgan. Qozonga yog‘ni asosan qaynona yoki yoshi ulug‘ katta ayollar quyib bergan. Agar yangi uyga ko‘chib kirayotganlar yosh kelin-kuyovlar bo‘lsa,
O‘t-u paxtaday bo‘linglar,
Yusuf-Zulayhoday bo‘linglar.
Rizq-u nasibali bo‘linglar,
Qulluq (qutlug‘) uyda unib o‘singlar,
deb yoki shunga o‘xshash ezgu tilaklar bildirilib, qozonga yog‘ quyilgan. Keyin esa ushbu xonadondan o‘tgan ajdodlar ruhi-poklariga atab uch dona qatlama va uch dona chalpak pishirilib, qo‘ni-qo‘shnilarga tarqatishgan.
Yangi uyga ham odatda xayrli kunda ko‘chib kirilgan. Aholi asosan juma kunini xayrli deb bilishsa-da, bu kunda kasallar holidan xabar olish va qarindosh-urug‘larni borib ko‘rish boshqa ishlardan ko‘ra xayrliroqdir, deb o‘ylaganlar. Yangi ko‘chib kiriladigan uyga birinchi bo‘lib yoshi ulug‘ serfarzand va pir-u badavlat ayollar o‘zlari bilan tuz olib kirganlar. Namangan viloyatining Chortoq tumanida yashovchi qipchoqlarda tuz bilan birga do‘lana ham olib kirilib, uyning uch joyiga joylangan. Bunda yosh oila do‘lanadek qattiq, mustahkam bo‘ladi degan qarash mavjud bo‘lgan.
Bu urf-odat va marosimlar orqali xalqimizning ming yillik an’analari bugungi kungacha saqlanib qolganini va o‘z ahamiyatini, milliyligini yo‘qotmay kelayotganini ko‘rishimiz mumkin. Bu an’analar o‘zbekchiligimizning bir bo‘lagidir.
Zulfizar ISMATOVA,
Tarix instituti stajyor-tadqiqotchisi
Tarix
Tarix
Tarix
Tarix
Jarayon
Jarayon
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q