Maktabda diniy ta’lim – ziyolilardan murosasiz va murosasoz fikrlar


Saqlash
15:12 / 07.12.2021 1994 0

 

So‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda umumiy o‘rta maktablarda diniy darslar o‘tilishi kerakmi-yo‘qmi, degan savol atrofida fikrlar to‘qnashuvi kuzatilmoqda. Ayrimlar shart desa, kimlardir demokratik davlatda buning iloji yo‘qligini ta’kidlaydi. Oyina.uz muxbiri bir necha ziyolilarimizga murojaat qilib, shu mavzudagi mulohazalari bilan qiziqdi.

 

 

Nurulloh Muhammad Raufxon,

yozuvchi:

 

Hech bir ikkilanishsiz maktablarimizga diniy ta’lim qo‘yilishi kerak. Chet ellardagi tajribaga suyanib, bolasi qanaqa din darsiga kirishini yo hech qaysi biriga kirmasligini ota-ona hal etsin. Lekin o‘qitilsin. Insoniy ehtiyoj bu.

 

Jamiyat dunyoviy ilm-fanga qanchalik muhtoj bo‘lsa, o‘shancha va balki undan ko‘proq diniy bilimga ham muhtojdir. Bu tiriklik uchun suv bilan havo zaruratiga o‘xshaydi. Birini berib, ikkinchisini bermasangiz, odam baribir o‘ladi. Dunyoviy ilm-fan o‘qitilib, diniy bilim o‘qitilmasa, insonning jismi o‘lmasa-da, fitrati o‘ladi.

 

Nisbiy ma’noda, Odam bolasini uch tuyg‘u boshqaradi, desa bo‘ladi: ONG, QALB, VIJDON! Bu uchalasi alohida-alohida, bir-biridan xabarsiz holda emas, balki bir paytda va bir-biri bilan kelishgan, uyg‘un holda ishlaydi. Birini ikkinchisidan ayirsangiz, ta’lim ham, tarbiya ham, yumshoq qilib aytganda, kamchilikli bo‘ladi. Qattiqroq, ya’ni boricha aytilsa, bir tomon o‘piriladi.

 

Har qancha pishiq, ko‘rkam qasr quryapman demang, bir tomoni o‘pirilib yotsa, u qasringiz bir kuni qulashi aniq. Ong, qalb va vijdonning eng muhim va birlamchi ozuqasi DINdir. Din bilangina inson ongi, qalbi va vijdoni uyg‘unlashadi, mukammallikka erishadi.

 

Qisqasi, yana qaytaraman: bolalarga diniy ta’lim-tarbiyani murg‘ak bolaligidan boshlab berish kerak. Jumladan, maktablarda, oliy o‘quv yurtlarida ham!

 

 

Rahmon Qo‘chqor,

adabiyotshunos:

 

– O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga binoan mamlakatimiz dunyoviy davlat hisoblanadi. Biroq bu “dahriy davlat” degan tushunchani anglatmaydi. Din, garchi davlatdan ajratilgan bo‘lsa-da, jamiyatdan ajratilgan emas. Shu tufayli ham sho‘rolar istibdodidan, kommunistik mafkuradan xalos bo‘lgan ona yurtimizda barcha millat va elatlar vakillarining o‘zi istagan dinga e’tiqod qilishi, vijdon erkinligini amalda his etmog‘i uchun kerakli barcha shart-sharoitlar yaratilgan.

 

Mazkur erkinlikning asl mohiyatini anglamay, uni ochiqdan-ochiq suiiste’mol qilishga urinayotgan, jamiyatdagi jamiki muammolarning yagona va universal yechimini faqat diniy ta’limda ko‘radigan ayrim kishilar tomonidan umumta’lim maktablari va oliy ta’lim muassasalari o‘quv dasturlariga diniy darslarni tezkorlik bilan joriy etish taklifi ilgari surilmoqda.

 

Mening nazarimda, bu singari populistik xulq-atvor tarafdorlari ta’lim olgan maktab yoxud madrasalarda adabiyot, tarix, jahon dinlari tarixi singari – odam bolasining inson bo‘lib voyaga yetishuvida nihoyatda kuchli rol o‘ynaydigan fanlar sifatli o‘qitilmagan bo‘lsa, ajab emas.

 

Masalan, o‘zbek tilida dars beriladigan umumta’lim maktablarining boshlang‘ich sinflaridan to yuqori sinflarigacha Hazrat Navoiy, Mirzo Bobur singari mumtoz ijodkorlarning eng muhim asarlari tahlilu talqin etiladi. Ularning g‘azallari, ruboiylari, doston va nasriy asarlari mazmun-mohiyatini o‘quvchilar yoshiga mos tarzda tushuntirish orqali farzandlarimizda halol va haromning farqi, birovning haqiga xiyonat qilmaslik, riyokorlik va yolg‘onchilikka yaqin yo‘lamaslik, tana va qalbni pok saqlamoq, ota va ona hurmatini joyiga qo‘yish, tug‘ilgan yurtga sadoqat va fidoyilik singari – inson iymonining mustahkam ustunlarini bunyod etish mumkinmi-yo‘qmi?

 

Yoxud Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romani bosh qahramonlari Otabek, Kumush, Yusufbek hoji obrazlarining ibratli jihatlariga, “Mehrobdan chayon” asaridagi Abdurahmon domla qiyofasida esa pokiza mehrobga uya qurgan chayonlar kirdikorlariga o‘quvchilari diqqatni alohida jalb etishga o‘qituvchi-murabbiyga kim to‘sqinlik qiladi? Axir Cho‘lponning “Kecha va kunduz”, Oybekning “Navoiy”, Asqad Muxtorning “Chinor” romanlari, Said Ahmadning “Ufq” trilogiyasi, Tog‘ay Murod qissalari yoxud Erkin Vohidov va Abdulla Oripov she’riyati, hatto Antuan de-Sent Ekzyuperining “Kichkina shahzoda” asari talqini bilan yosh avlod ongu shuurida iymon va e’tiqodning mustahkam qo‘rg‘onlarini tiklash nahotki mumkin emas?..

 

Demoqchimanki, maktab va liseylarimiz, kollej va universitetlarimizda inson bolasini insofli, vijdonli, halol, to‘g‘riso‘z shaxs qilib tarbiyalashning juda ko‘p imkoniyatlari mavjudki, hamma gap o‘sha imkoniyatlardan to‘g‘ri va oqilona foydalanishda qolgan, xolos.

 

 

Mubashshir Ahmad,

“Azon.uz” loyihasi rahbari:

 

– Bolasiga diniy ta’lim berayotgan yo buni xohlayotganlar, ularga dunyoviy bilimlarni ham bering.

 

Bolasiga faqat dunyoviy ta’lim berayotganlar, ularga dinu diyonatni ham o‘rgating.

 

Ta’limning bu ikki jihati qushning ikki qanoti kabi. Agar qanotlarning bir tomoni oqsasa, qush to‘g‘ri ucha olmaydi. Bir tomonga og‘ib ketadi va qulaydi.

 

 

Sherzod Komil Xalil,

mustaqil tadqiqotchi:

 

Dinning jamiyatda roli va ahamiyati shubhasiz, katta. Biroq masalaga konservativ yondashish qanchalik to‘g‘ri? Dinning roli bo‘rttirilgan jamiyatlarga nazar solaylik, xususan, yon qo‘shnimiz Afg‘onistonda din, ehtimol, so‘nggi yuzyillikda o‘z pozisiyasini mustahkam tutib kelmoqda. Lekin u yerdagi axloqni mukammal deya olamizmi? Birgina Afg‘onistonda gullab-yashnayotgan bachchabozlik omilining o‘zi savolga yo‘q deb javob berishimiz uchun yetarli. Din maktab, jamiyat axloqini tuzatishga mukammal ma’noda qodir emas. Axloq dindorni ham, ateistni ham birdek qamrab ololadi. Dinning esa qamrovi cheklanmoqda.

 

Yapon, nemis, fin ta’limi, menimcha, bizga o‘rnak bo‘la oladi. Shu o‘rinda Avloniy hazratlarini tarbiya biz uchun yo hayot yo mamot, yo najot yo halokat, yo saodat yo falokat masalasidir, degan fikrlarini eslash orqali jadidlar bu borada najotni ta’limga qaratganini urg‘ulashni istardim. Zero, ta’lim o‘z samarasini bermagani uchun biz axloqiy nekbinlikni saqlab qololmayotgandirmiz. Din esa sharqona ahloq tarkibida albatta kerak, ammo o‘z o‘rnida, me’yorida.

 

O‘zbekiston ko‘p millatli va turfa e’tiqodli odamlar yashaydigan mamlakat. Men maktabda diniy ta’lim berilishi, xususan, Qur’on darslari haqidagi fikrni shu ma’noda qo‘llaymanki, bu ko‘proq fan vositasida o‘rganilishi kerak. Bu o‘rinda dinshunoslik fani ayni muddao. Ya’ni dinshunoslik tarkibida islomni va uning tub mehvari bo‘lgan Qur’onni o‘rganish mumkin. Boshqa dinlar qatori umumiy rakursda bolalar dunyoqarashini shakllantirishda dinlar haqida tushuncha bo‘lishi muhim. Qur’on darslarini maxsus o‘rganish uchun esa madrasa ta’limi mavjud. U yerda o‘rganish ko‘proq maqsadga muvofiq sanaladi.

 

 

Davronbek Tojialiyev,

“Ziyouz.com” portali bosh muharriri:

 

– Aslida ta’lim, tarbiya, ilm degan qadriyatlarning bari dinda mujassam. O‘zbekistonda ruxsat etilgan qonuniy diniy ta’lim uchun kvotalar juda kam. Diniy ta’lim olishni istovchilar esa nihoyatda ko‘p. Oxirgi yillarda Qur’oni karim va tajvid kabi ayrim diniy kurslarga ruxsat etilgan bo‘lsa-da, ularda ta’lim olish uchun voyaga yetganlik talab qilinadi. Voyaga yetmaganlar uchun esa birorta rasmiy diniy ta’lim muassasasi yo‘q.

 

Maktab yoshidagi bolalar uchun hech bo‘lmaganda haftada bir marta boshlang‘ich diniy ta’lim, ayniqsa, aqida darslari muhim. Chunki diniy-aqidaviy immuniteti shakllanmagan yoshlar turli yot aqidalarni haqiqat o‘laroq qabul qilishi bor gap. Maktablarda imomlar diniy suhbatlar o‘tkazishyapti, shu yetadi, degan vaj ham keltirilishi mumkin. Lekin bu doimiy emas. Ta’limda silsilaviy darslardagina foyda bo‘lishi haqiqat. Menimcha, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Musulmonlar idorasi maktablar uchun haftada bir marta dars o‘ta biladigan kadrlarni bemalol topib bera oladi. Albatta, bu darslar ixtiyoriylik asosida bo‘ladi. Xohlagan qatnashadi, istamagan – yo‘q. Masalan, boshqa din vakillari o‘sha darsda o‘z dinlari olimlaridan ta’lim olishga haqli bo‘lishi kerak.

 

Muhimi – bolalarimizga yoshligidan sof diniy ta’limotlarni singdirish. “Buni ota-onasidan olsin, ana kitoblar bor, internetda imomlarimizning darslari bor-ku, yetadi”, deyish yechim emas.

 

 

Shuhrat Sattorov,

Respublika ta’lim markazi direktori:

 

– Jamoatchilik va OAV vakillari diniy tarbiya yoki diniy ta’limning maktablarda o‘qitilishi yuzasidan tez-tez savol berishadi. Tarbiya va madaniyatning o‘zagi din bo‘lgan jamiyatda diniy qadriyatlarning ta’limga singdirilmasligini tasavvur qilish qiyin. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2020–2021-o‘quv yilidan boshlab maktablarda “Tarbiya” fani o‘qitila boshladi. Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlangan Uzluksiz ma’naviy tarbiya konsyepsiyasida bir qator ko‘nikma va bilimlar qatori o‘quvchilarda axloqiy, siyosiy dunyoqarash va diniy e’tiqodning shakllantirilishi ham belgilangan. “Tarbiya” fani dasturi va darsliklari tayyorlanayotganda bu jihatlar e’tiborga olingan. Ya’ni, muqaddas islom dinimizdagi axloqiy, umuminsoniy g‘oyalar yangi fan tarkibiga singdirilgan.

 

Hadislar “Tarbiya” darsligi orqali 1-sinfdan boshlab o‘quvchilarga o‘rgatib boriladi. Masalan, 3-sinfda: “Rivoyat qilinishicha, bir kuni Muhammad (s.a.v.) Hiro g‘orida o‘tirganlarida Jabroil farishta kelib: “O‘qing!” dedi. U kishi: “Men o‘qishni bilmayman”, dedilar. Farishta yana: “O‘qing” dedi. “Men o‘qishni bilmayman”, dedilar. U yana bir bor: “O‘qing!” dedi. “Men o‘qishni bilmayman”, deb uchinchi marotaba javob qaytardilar. Jabroil farishta: “O‘qing, Rabbingiz ismi bilan! O‘qing!” dedi qat’iylik bilan”. 8-sinfda: “Go‘zal xulq musulmon kishiga xos sifatlardandir. Musulmon kishi so‘kib haqorat qilinsa, u ham shunday javob qaytarmaslikka, balki tilini tiyib, sabr qilishga buyurilgan. Agar sizni biror kishi so‘ksa, unga: “Alloh seni kechirsin”, deb ayting”.

 

“Tarbiya” darsligi orqali, shuningdek, Imom al-Buxoriy hayoti hamda asarlari o‘quvchilarning yoshga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda yetkaziladi. Kitobga Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning umr yo‘li haqida kiritilgan ma’lumot hamda shaxsiy sifatlari haqidagi matn ham e’tiborga molik.

 

Ko‘rib turganingizdek, fikrlar qanchalik turfa bo‘lsa, shunchalik mushtarak ham. Ayniqsa, maqsad. Oltin oraliqni topish esa hech qachon oson kechmagan, biroq doimo taraqqiyot omili bo‘lib xizmat qilgan.

 

Nodira IBROHIMOVA

Oyina.uz

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19252
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16116
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi