O‘zbek xalqi qadimdan mehnatsevarligi, usta-hunarmandligi va mehmondo‘stligi bilan tanilgan. Yaxshi kunlarida katta va keng dasturxon atrofida yuzlab insonlarni mehmon qilishni, “dasturxon ustida bir piyola choy” bilan suhbat qurishni yaxshi ko‘rgan. “Mehmon atoyi Хudo”, “Mehmon otangdek aziz” kabi xalq maqollari ham bejizga paydo bo‘lmagan.
O‘troq, ko‘chmanchi, yarim ko‘chmanchi chorvador holda yashab kelgan aholi azaldan uylarini bezatishni ham yaxshi bilgan. O‘troq aholi uylarini paxsa, g‘isht, yog‘ochdan qurib, katta zallarda mehmonlarni qabul qilishgan. Saroylardan tashqari zodagonlar, yuqori mansab egalari, oddiy xalq ham mehmonlar uchun alohida xonalarni ajratishgani uy qurilishidan bilinadi. Birgina Termizshohlar saroyida mehmon va elchilarni qabul qilish uchun 14x14 m bo‘lgan katta zal mavjud bo‘lib, turli: qizil, yashil, ko‘k, malla rangdagi shishadan yasalgan medalonlar bilan deraza va pollarini bezatgan – bu orqali o‘z hukmronlik kuchini ko‘rsatish, mehmondo‘stligini bildirishni ko‘zlagan.
“Sayyoh Ibn Battuta (1333-yil) Xorazmda yuqori tabaqa vakillari uylarini bezatishi va mehmondorchilikda ishlatiladigan qimmatbaho metall idishlar to‘g‘risida ma’lumotlar beradi. Uning Urganch qozisi Abu Hafs Umar mehmonxonasi haqida yozishicha, “Bu go‘zal va keng xona bo‘lib, qator tokchalarning har biriga oltin suvi yuritilgan kumush idishlar qo‘yilgan. Odatda mamlakat fuqarolari o‘z uylarini ana shunday tarzda bezatadilar”, deb yozadi. Shuningdek, “... yana boshqa idishlarni, patnislarni ham olib kelishdi. Tozalangan anor donalari ichiga tilla qoshiqchalar solingan oltin va kumush idishlarda tortildi”, deya ma’lumot beradi.
Hunarmandlar an’analarni hisobga olgan holda kundalik ro‘zg‘or buyumlar, mehmonxonalarni bezatish va mehmonlar kelganda foydalanish uchun, turli marosim, bayram va bazmlarda ishlatiladigan idishlar yasashgan. Bu idishlar sopoldan, kumushdan, shishadan yasalib, hunarmandning ishlov berishi, qimmatbaholigi jihatidan ajralib turgan. Kundalikda ishlatiladigan shisha idishlar oddiy, bezaksiz, bir xil shaklda yasalgan bo‘lsa, mehmonlar uchun ishlatilgan idishlar hashamdor, tilla, kumush suvlari yuritilgan, maxsus bezakli qoliplar yordamida ishlab chiqarilgan.
Dasturxon idishlariga ko‘pincha choynak, piyola, piyolasimon idishlar, kosa, qadah, suv idishlar (bezatilgan krujkalar), vaza, grafin va ko‘zalar kirgan. Kundalik ro‘zg‘orda sopoldan yasalgan, bayramlarda, mehmon dasturxoni uchun shishadan yasalgan idishlardan foydalanilgan. Samarqand, Toshkent vohasida piyolasimon idishlar yashil, tiniq rangli shishalardan tayyorlanib, ular ichimlik ichish uchun noqulay bo‘lgan.
Ma’lumki, yozda pishgan mevalarni qish uchun quritib qo‘yish o‘zbeklarga xos. Piyolasimon, undan kattaroq, og‘iz qismi tashqariga qarab kengaygan idishlar choy ichish uchun emas, ko‘proq dasturxonga turli ziravorlar, shirinliklar, kichik mevalar, quruq mevalar, turli ko‘rinishdagi yong‘oqlar va qattiq shirinlik tortish uchun ishlatilgan bo‘lishi mumkin. Arxeologlar shishadan, bejirim bezak berib yasalgan kosa namunalarini topgan bo‘lib, bu idishlar ham dasturxonga mehmon kelganda yoki biron bayramda mevalar, suyuqliklar, yarim suyuq shirinliklar (qaynatilgan uzum – shinni, asal, nisholda va boshqalar) tortish uchun ishlatilganini taxmin qilishgan. Choy yoki suyuqlik ichish uchun juda nafis buyumlar yasalgan bo‘lib, bu turdagi idishlardan bugungacha foydalanib kelamiz.
Bazm dasturxonlarida foydalanilgan idishlardan yana biri ritonlardir. Qadimgi davrga tegishli ko‘plab ritonlar Eski Nisodan topilgan. Axamoniylar davridan boshlangan an’anaga ko‘ra viloyat hokimlari mavjud hokimiyat tepasida turgan sulola sharafiga Nisoda to‘planib, bazm uyushtirishgan. Baqtriyadan keltirilgan uzum sharbatidan tayyorlangan ichimliklar ichishgan. Bu odat Parfiya, Yunon-Baqtriya davrida ham davom etgan. Ritonlarning sig‘imi 200 ml gramdan 2-2,5 litrgacha bo‘lgan. Samarqand, Toshken, Andijon, Varaxsha hududlaridan o‘rta asrlarda ham bezak, hashamat ramzi sifatida foydalanilgan shishadan yasalgan riton namunalari topilgan. Grafin, ko‘zalarda dasturxonga sharbatlar, hududlariga qarab qimiz, sharob, may kabi ichimliklar tortilgan. To‘y marosimida kelin-kuyov shishadan yasalgan tutqichli suv idishlarda shirin suv ichishgan.
Insonlarning yashash sharoitlari yaxshilanib borishi bilan san’at asarlariga qiziqish, uylarini dabdabali yasantirish urfga kira boshlagan. O‘rta asrlarda ham tokchalarni bezatish, mehmonlar uchun maxsus qimmatbaho idishlarda taom, ichimliklar tortish odati yuqori tabaqa vakillariga xos bo‘lgan. O‘zbeklar qadimdan mehmondo‘st xalqligini isbotlab kelgan.
Surayyo MAMATALIYEVA,
O‘zFA Tarix instituti tayanch doktoranti
Tarix
Tarix
Tarix
Jarayon
Jarayon
Adabiyot
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q