Huquqiy-demokratik davlat barpo etishni, so‘z erkinligi, inson huquq va hurliklari ustuvorligiga erishishni kuchli fuqarolik jamiyatisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Davlat jamiyat ustidan emas, balki jamiyat davlat institutlari ustidan nazoratni amalga oshirsagina shaxs erkinliklari to‘liq ro‘yobga chiqishi mumkin. Bunday tizimga o‘tish uzoq va mashaqqatli jarayon bo‘lib, u aynan fuqarolik jamiyatini shakllantirish bilan chambarchas bog‘liqdir.
Jon Lokk, Adam Smit kabi mutafakkirlar fuqarolik jamiyatini kishilik jamoasining yovvoyi shakldan sivilizatsiyalashgan bosqichga o‘tishini anglatuvchi fenomen sifatida ta’riflaganlar. Bu borada Aristotel, Hegel, Marksdan tortib XXI asr olimlariga qadar turli yondashuvlarni ilgari surgan. Ularni umumlashtirgan holda bunday ta’rif berish mumkin: fuqarolik jamiyati – iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy va ma’naviy sohalarda faoliyat yurituvchi, ko‘ngilli asosda tuzilgan nodavlat tashkilotlar tizimidir.
So‘nggi yillarda butun dunyoda, jumladan, Markaziy Osiyoda boshqaruv islohotlarining harakatlantiruvchi kuchi o‘laroq fuqarolik jamiyatining o‘rni oshib bormoqda. Quyida mintaqaning besh mamlakatida fuqarolik jamiyati holati xususida muxtasar so‘z yuritamiz.
* * *
Qozog‘iston Respublikasi. 1980-yillar oxiri – 90-yillar boshlaridagi iqtisodiy, siyosiy islohotlar turli ijtimoiy guruhlarning huquq va manfaatlarini himoya qiluvchi jamoat birlashmalarini tuzishga yo‘l ochdi. Mamlakatda birinchilardan bo‘lib nodavlat sektor ishchi-xodimlari manfaatlarini himoya qiluvchi mustaqil kasaba uyushmalari tashkil etildi. Ommaviy axborot vositalari, jamoat va diniy birlashmalar, siyosiy partiyalarning institutsionallashuvi faol tarzda kechdi. Fuqarolik faolligining yorqin ifodasi sifatida yadroviy sinov maydonlarini yopish talabini ilgari surgan “Nevada – Semipalatinsk” ijtimoiy harakatini yodga olish lozim.
90-yillar boshlarida Ijtimoiy himoya koalitsiyasi tuzilib, uning tegrasida 28 ta tashkilot, partiya va harakatlar birlashdi. Shu tariqa jamiyat o‘tkir ijtimoiy muammolarni bir yoqadan bosh chiqarib hal qilishga kirishdi.
90-yillar oxirlari fuqarolik jamiyati institutlarining professionallashuvi davri sanaladi. 2000-yili nohukumat tashkilotlarning davlat hokimiyati bilan o‘zaro hamkorligini muvofiqlashtiradigan Qozog‘iston nohukumat tashkilotlar konfederatsiyasi tuzildi. O‘sha yili qabul qilingan “Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida”gi qonun ijroiya hokimiyati institutlari, ish beruvchilar va ishchilar uyushmalari vakillari o‘rtasida manfaatlar uyg‘unligini ta’minlash yo‘lida muhim qadam bo‘ldi. 2002-yil iyul oyida qabul qilingan yangi tahrirdagi “Siyosiy partiyalar to‘g‘risida”gi qonun mamlakat partiyaviy tizimida sifat jihatidan tarkibiy o‘zgarishlarga olib keldi.
O‘tgan yillar davomida fuqarolik jamiyati institutlari – siyosiy paptiyalar, nodavlat notijorat tashkilotlar, kasaba uyushmalari, milliy-madaniy uyushmalar, ommaviy axborot vositalari rivojlanish bosqichiga o‘tdi. Bugungi kunda Qozog‘istonda rasmiy ro‘yxatdan o‘tgan 7 ta siyosiy partiya faoliyat yuritadi. 22 mingdan ortiq NNTlar tarmog‘i mavjud.
Qozog‘istonda fuqarolik jamiyatining uyg‘un rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotgan muammolar ham bor. Mamlakatda nodavlat notijorat tashkilotlarning davlat organlari bilan teng huquqli sherikchiligi masalasi to‘liq hal etilmagan. Muhim loyihalarda ochiq raqobatni ta’minlash va NNTlar ishtirokini kuchaytirish uchun davlat ijtimoiy buyurtmasini shakllantirish mexanizmini yaratish zarur. NNTlar hududlar, ayniqsa, qishloq joylarda faol emas. Ularni ro‘yxatga olish tartibi murakkab, badal miqdori yuqori. Fuqarolarning yuridik shaxs tashkil etmay norasmiy birlashma (tashabbuskor guruh) tuzishi ham mushkul. Bundan tashqari, NNTlar tomonidan ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni amalga oshirishda biznes tuzilmalar ishtiroki sust.
Kuchli ijtimoiy-siyosiy ehtiyojga qaramay, partiyalar jamoatchilik talabiga muvofiq faoliyat yuritmoqda deb bo‘lmaydi. Aksar partiyalar zarur moliyaviy resurslarga ega emas. Siyosiy partiyani ro‘yxatdan o‘tkazish uchun imzo to‘plash bo‘yicha qoidalarda mavhumliklar mavjud.
Kasaba uyushmalari davlatning ijtimoiy-iqtisodiy siyosatini ishlab chiqish va ijro etishda to‘liq ishtirok etmaydi. Jamoa shartnomalari va kelishuvlari hali-hanuz ishchilar huquqlarini himoya qilishning samarali mexanizmiga aylanmagan.
2019-yili Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari prezidentlik saylovida Qosim-Jo‘mart To‘qayevning hokimiyatga kelishi bilan mamlakatda demokratik modernizatsiya va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha yangi davr boshlangandek edi. Lekin bir muddat hokimiyat vakolatlarining talay funksiyalari sobiq prezident qo‘lida qoldi. 2022-yil boshida ayrim viloyatlarda sodir bo‘lgan norozilik namoyishlaridan keyin hukumat konstitutsiyaviy islohotlarni boshladi, demokratiya va fuqarolik jamiyatiga yon berdi.
2022-yil 15-iyundagi farmon bilan Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Jamoatchilik ishonchi milliy kengashi o‘rnida Milliy qurultoy tuzildi. Qurultoy mamlakatda siyosiy islohotlarni amalga oshirish, jumladan, ko‘ppartiyaviylik tizimini takomillashtirish, so‘z va matbuot erkinligini qo‘llab-quvvatlash, qonunchilikni liberallashtirish, demokratik tamoyillar va fuqarolik jamiyati institutlarini yuksaltirish borasida milliy muloqot maydoni vazifasini o‘tashi lozim.
* * *
Qirg‘iziston Respublikasi. 1990-yillar boshida Qirg‘izistonga xalqaro donorlik tashkilotlarining kirib kelishi nodavlat notijorat tashkilotlarni shakllantirishda muhim rol o‘ynadi. Mamlakat rahbariyati fuqarolik jamiyati tashkilotlarini tuzish tashabbusini qo‘llagani bois bu turdagi tuzilmalar adadi ortdi.
Qirg‘izistonda ro‘yxatdan o‘tgan nodavlat tashkilotlar soni 8 mingdan 12 mingtagachani tashkil etadi. Ammo ulardan 600–700 tasi izchil va faol tarzda ishlaydi, xolos. Davlat soliq inspeksiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakat bo‘ylab 600 ga yaqin nodavlat notijorat tashkilot har oy soliq hisobotini berib turadi, shundan 400 ga yaqini Bishkek shahrida qo‘nim topgan.
NNTlar asosan ikki guruhga bo‘linadi. Birinchi toifa – islohotlar, demokratlashtirish, davlat organlari faoliyati ochiqligi va oshkoralikni targ‘ib qiluvchi siyosiy-institutsional tashkilotlar. Poytaxtda faoliyat yurituvchi bu sira tashkilotlar turli darajadagi hisobotlarda qatnashadi, xalqaro konvensiyalar hamda hujjatlarga doir ma’ruzalarni tayyorlaydi. Ikkinchi toifa – viloyatlardagi amaliyotchi NNTlardir. Ular faoliyati institutsional o‘zgarishlarga emas, balki jamiyat va ma’lum aholi guruhining ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal qilishga qaratilgan. Shuningdek, xayriya tashkilotlari va milliy ozchilik huquqlarini himoya qiluvchi uyushmalar ham mavjud.
2004-yilda Qirg‘iziston Prezidenti tomonidan hukumat va nodavlat notijorat tashkilotlar o‘rtasida hamkorlik konsepsiyasi tasdiqlandi. Deklarativ xususiyatga ega ekaniga qaramay, konsepsiya jamiyatga ma’lum darajada ijobiy ta’sir ko‘rsatdi, nohukumat tashkilotlar va davlat idoralarining o‘zaro munosabati mustahkamlana boshladi. Maslahatlashuv va ma’lumot almashuv hamkorlikning asosiy shakli sifatida belgilandi. NNT vakillari Prezident huzuridagi sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish, ilm-fan va ta’limni rivojlantirish, nogironlarni ijtimoiy himoya qilish ishlari bo‘yicha milliy jamoatchilik kengashlariga, shuningdek, hukumat huzuridagi idoralararo tuzilmalarga jalb etildi.
2016-yildan e’tiboran Qirg‘iziston parlamentida “Chet el agentlari to‘g‘risida”gi qonun loyihasi keng muhokama qilindi. Mazkur hujjat jamoatchilik tomonidan fuqarolik jamiyati uchun jiddiy xavf deb baholandi. E’tirozlarga qaramay, ushbu qonun 2024-yilda qabul qilindi. Unga muvofiq, chet eldan mablag‘ oladigan va siyosiy faoliyat bilan shug‘ullanadigan NNTlar “chet el vakili” degan yorliqni qabul qilishi kerak.
2020-yilning oktyabr oyida mamlakatda ro‘y bergan ommaviy namoyishlar ortidan prezident hamda hukumatning iste’foga chiqishi jamiyatda siyosiy inqiroz yetilganidan dalolat berar edi. Bu kabi notinchliklar ijtimoiy hayot va boshqaruvda tomonlar manfaatlarini uyg‘unlashtirish, yagona konsensusga erishishga to‘sqinlik qiladi.
Ta’kidlash joizki, fuqarolik jamiyatining yetukligi nafaqat nodavlat notijorat tashkilotlarning miqdoriy ko‘rsatkichi bilan, xalqning ijtimoiy-siyosiy tafakkur darajasi bilan ham belgilanadi. Ijtimoiy kapital rivojlansa, fuqarolarning davlat organlariga nisbatan ishonchi mustahkamlansa, milliy va diniy bag‘rikenglik ustuvor ahamiyat kasb etsa, chinakam fuqarolik jamiyatini qurish mumkin bo‘ladi.
* * *
Tojikiston Respublikasi. Mamlakatda an’anaviy ijtimoiy tuzilmalar madaniyat, e’tiqod va din bilan bog‘liq holda shakllangan. Masalan, jamomad yoki gashtak an’anasi ko‘p asrlik tarixga ega. Bugun ham tojik jamiyatida ko‘ngillilar faoliyati qishloq va mahalla darajasida mavjud.
Sovet Ittifoqining qulashi va keyinchalik fuqarolik urushi natijasida yuzaga kelgan ijtimoiy parokandalik fuqarolik jamiyati ravnaqiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatdi.
Tojikistonda Jamoatchilik kengashining tashkil etilishi tinchlik o‘rnatish jarayonida fuqarolik jamiyati rolining yorqin namunasi sanaladi. Shu tariqa turli ijtimoiy tashkilotlar sa’y-harakati bilan 1997-yil may oyida Tinchlik shartnomasi imzolandi.
Fuqarolik tashkilotlari mahalliy boshqaruvning kundalik muammolarini hal qilish va jamiyatda barqarorlikni mustahkamlashga faol hissa qo‘sha boshladi. Nodavlat notijorat tashkilotlar soni 1997-yilda 300 tani tashkil etgan bo‘lsa, 2006-yilda 2750 ga yetdi. Bugungi kunga kelib Tojikistonda 3 mingdan ziyod NNT faoliyat olib boradi.
Mamlakatdagi nodavlat tashkilotlar faoliyat yo‘nalishlaridan biri – inson huquqlari himoyasidir. Chekka hududlardagi NNTlar esa barqarorlikni mustahkamlashning samarali vositasi hisoblanadi. Qishloq joylarda aynan shu toifa tashkilotlar ko‘magi tufayli fermerlar asta-sekin o‘z ovoziga ega bo‘lmoqda.
2007-yili mamlakatda tub islohotlarni amalga oshirish, demokratiyani mustahkamlash va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish maqsadida Taraqqiyot milliy kengashi tuzildi.
Ijobiy o‘zgarishlarga qaramay, Tojikistonda haligacha ma’lum sektor uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oladigan kuchli fuqarolik jamiyati tarmog‘i shakllanmadi. Hozirda vazirliklar o‘zi mas’ul soha talab-ehtiyojlariga javob beradigan “soyabon tashkilot” maqomida. Ya’ni tegishli vazirlik fuqarolik jamiyati tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtiradi va ularga yetakchilik qiladi.
2007-yilda Tojikiston Respublikasining “Jamoat birlashmalari to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilingan edi. Mutaxassislar mazkur qonunga 2015 va 2019-yillarda kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarni noliberal xarakterga ega deb baholaydilar.
Mamlakatdagi fuqarolik jamiyati tashkilotlari o‘z faoliyati uchun mablag‘ jalb qilish bo‘yicha yetarli tajribaga ega emas. Nodavlat tashkilotlarning resurslari cheklangan. Bundan tashqari, jamiyat ularga har doim ham ishonch bilan qaramaydi. Ishonchsizlik muhiti esa mahalliy hokimiyat va biznes tuzilmalar bilan hamkorlik o‘rnatishga g‘ovdir. Shuningdek, NNTlarda malakali kadrlar taqchilligi mavjud.
Tahlilchilar fikricha, so‘nggi vaqtlarda Tojikistonda fuqarolik jamiyatining holati sustlashgan. Nodavlat notijorat tashkilotlar Soliq qo‘mitasi va boshqa tuzilmalar tomonidan tekshiruvlardan o‘tkazildi. Ma’muriy va texnik talablarga muvofiq emasligi sabab inson huquqlari bo‘yicha bir nechta NNT yopilishi mumkin.
“Jamoat birlashmalari to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan yangi o‘zgartishlarga ko‘ra, NNTlar chet eldan gumanitar yordamning maxsus reestriga kiritish uchun olingan barcha mablag‘lar to‘g‘risida adliya organlarini xabardor qilishi shart. Fuqarolik jamiyati tashkilotlari ushbu talab nafaqat nodavlat tashkilotlarga qo‘shimcha ma’muriy vazifa yuklashi, balki ularning mablag‘ olishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun ham ishlatilishi mumkinligidan xavotirda. BMTning inson huquqlari bo‘yicha tuzilmalari ham yangi talabni nomaqbul deb topgan.
Global va mintaqaviy jarayonlar fuqarolik jamiyatining tobora ortib borayotgan ahamiyatini e’tiborga olish lozimligini ko‘rsatmoqda. Shunga ko‘ra davlat asta-sekinlik bilan bo‘lsa-da, fuqarolik jamiyati uchun faoliyat maydonini ochib bermoqda. NNT vakillari mamlakatda militsiya tizimini isloh qilish va yangi soliq kodeksi loyihasini ishlab chiqish kabi jarayonlarga jalb etildi. Hamkorlikni tizimli darajaga yetkazish, muqobil nuqtai nazarlarni hisobga olish muhimdir. Umuman olganda, siyosiy qarorlarni qabul qilishda fuqarolik nazoratini kuchaytirish huquqiy-demokratik davlatning ko‘rsatkichlaridan biridir. Tojikiston ham islohotlarni shu yo‘nalishda davom ettirmoqda.
* * *
Turkmaniston Respublikasi. Mamlakatda fuqarolik jamiyati tashkilotlari tor doirada faoliyat yuritmoqda. Konstitutsiyaning 28-moddasiga muvofiq, fuqarolar siyosiy partiya va boshqa turdagi jamoat tashkilotlarini tuzishga haqli. Qolaversa, sohani tartibga soluvchi “Jamoat tashkilotlari to‘g‘risida”gi qonun va boshqa huquqiy hujjatlar mavjud. Lekin siyosiy partiyalar va kasaba uyushmalari faoliyatini tartibga soluvchi alohida qonun qabul qilinmagan. Bu borada qonunosti hujjatlari ishlab chiqilgan.
O‘rganishlarga ko‘ra, jamoat birlashmalarini tashkil etish va boshqarish huquqlarini cheklashga urinish mavjud. Masalan, jamoat birlashmasi davlat ro‘yxatidan o‘tishi uchun tashabbuskor guruh adliya idorasiga hujjatlar bilan birga tegishli vazirlikning maxsus xatini ham topshirishi kerak. Deylik, ekologiya sohasida NNT tashkil qilmoqchi bo‘lganlar Tabiatni himoya qilish vazirligidan, ta’lim sohasida faoliyat yuritishni ko‘zlaganlar esa Ta’lim vazirligidan rasmiy xat olishi talab etiladi.
Turkmanistondagi 89 ta NNTlardan faqat 7 tasi xalqaro hamjamiyat tomonidan mustaqil tuzilma sifatida tan olingan. Jamoat tashkilotlarining aksari davlat tomonidan tuzilgan yoki uning organlariga bo‘ysunadi.
So‘nggi yillarda fuqarolik jamiyati asta-sekin jonlanmoqda. 2018-yilda inson huquqlari bo‘yicha vakil – Ombudsman instituti joriy qilindi. Inson huquq va erkinliklarini ta’minlashga ko‘maklashish, ijtimoiy monitoring olib bopish uning asosiy vazifalari sifatida belgilangan.
Turkmaniston xotin-qizlar ittifoqi faol jamoat tashkilotlaridan biri hisoblanadi. Tuman va shaharlarda boshlang‘ich tashkilotlariga ega bo‘lgan bu ittifoq bir millionga yaqin ayollarni birlashtiradi. Uning asosiy faoliyati ayollarning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayotdagi rolini oshirishga qaratilgan.
* * *
O‘zbekiston Respublikasi. Mamlakatimizda fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rni va ahamiyatini oshirishga qaratilgan 200 dan ortiq qonun hujjati qabul qilingan. O‘zbekiston Pespublikasining Konstitutsiyasi hamda “Jamoat birlashmalari to‘g‘risida”, “Nodavlat notijorat tashkilotlar faoliyatining kafolatlari to‘g‘risida”, “Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida”gi qonunlarda huquqiy, iqtisodiy, tashkiliy asoslar belgilab berilgan.
O‘zbekiston Prezidentining joriy yil 26-avgustda qabul qilingan “Fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ushbu sohada yangi huquqiy mexanizmlarni yaratishga asos bo‘ldi.
Mamlakatimizda nodavlat notijorat tashkilotlar shakllanishi va rivojlanishini to‘rt bosqichga bo‘lish mumkin.
Birinchi bosqich 1991–2002-yillarni o‘z ichiga olib, nodavlat tashkilotlar faoliyatini tashkil etishga oid qonunchilik shakllanishining dastlabki davri hisoblanadi.
Ikkinchi bosqichda (2003–2009-yillar) fuqarolik jamiyati institutlari kafolatlari hamda moddiy-texnik salohiyati kuchaytirildi.
Uchinchi bosqichda (2010–2016-yillar) fuqarolik jamiyati institutlari, xususan, mustaqil OAV va mahalla institutini yanada rivojlantirish hamda ularning davlat organlari bilan teng hamkorlik o‘rnatishining huquqiy asoslari yaratildi.
2017-yildan boshlangan to‘rtinchi bosqichda yangilanayotgan O‘zbekistonni demokratlashtirish va liberallashtirish, nodavlat tashkilotlarni chinakam jamoatchilik nazorati subyektiga aylantirishga e’tibor qaratilmoqda.
2020-yil 16-aprel kuni e’lon qilingan “O‘zbekiston Pespublikasi Ppezidenti huzuridagi Jamoatchilik palatasini tashkil etish to‘g‘risida”gi farmonda davlat, fuqarolar va fuqarolik jamiyati institutlarining mamlakatni jadal va har tomonlama taraqqiy ettirishga qaratilgan sa’y-harakatlarini uyg‘unlashtiruvchi zamonaviy muloqotni yo‘lga qo‘yish vazifasi belgilangan. Shuningdek, palataga jamoatchilik eshituvi, jamoatchilik ekspertizasi, jamoatchilik monitoringi kabi mexanizmlarni qo‘llash, har yili O‘zbekistonda fuqarolik jamiyatining holati to‘g‘risida milliy ma’ruza tayyorlash vazifasi yuklandi.
Parlament huzurida Nodavlat notijorat tashkilotlar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondining tashkil etilishi ijobiy hodisa bo‘ldi.
O‘zbekistonda 9 mingdan ziyod nodavlat notijorat tashkilot mavjud. Shuningdek, 30 ta xalqaro va xorijiy nohukumat tashkilotlarning filial hamda vakolatxonalari faoliyat yuritmoqda.
Fuqarolik jamiyatining asosiy bo‘g‘inlaridan biri – o‘zini o‘zi boshqarish tizimi ham rivojlanmoqda. Respublikamizda 10 mingga yaqin mahalla bor.
Fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish borasida ayrim kamchilik va muammolar ham mavjud. Avvalo, nodavlat notijorat tashkilotlarni moliyalashtirish masalasi hanuz dolzarbligicha qolmoqda. Paplament huzuridagi jamoat fondi tomonidan ajratiladigan mablag‘lar NNTlarning miqdor va sifat jihatdan o‘sishiga muvofiq emas. Keyingi vaqtlarda jamg‘arma tomonidan NNTlarga ajratilayotgan moliyaviy mablag‘ va yordamning markazlashuvi kuzatilmoqda.
Fuqarolik jamiyati institutlarini moliyalashtirish bo‘yicha rivojlangan mamlakatlarda keng qo‘llanadigan usullar (a’zolik badallari, xayriya) keng tarqalmagan. Umuman olganda, mahalliy NNTlarda samarali fandrayzing strategiyasi mavjud emas.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga 2017-yilgi Murojaatnomasida qayd etganidek, “Bir qancha yirik jamoat tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida, “Nuroniy” jamg‘armasi, Yoshlar ittifoqi, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, Savdo-sanoat palatasi, o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi kabi nodavlat notijorat tashkilotlar faoliyatini takomillashtirish, ularni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan alohida farmon va qarorlar qabul qilindi. Ammo ana shunday muhim sa’y-harakatlarga qaramasdan, aholining muammolarini tizimli o‘rganish, ularni aniq hal etish, ayniqsa, ijtimoiy sharoiti og‘ir ayollarni qo‘llab-quvvatlash, yoshlar va xotin-qizlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish, ularni ish bilan ta’minlash masalalarida bu tashkilotlarning ishtiroki yetarli darajada sezilmayapti. Ular faqat nomiga yig‘ilishlar o‘tkazish bilan mashg‘ul bo‘lib qolmoqda”.
Aholining ongi, dunyoqarashini kengaytirish, siyosiy madaniyatini yuksaltirish, fuqarolik pozitsiyasini mustahkamlashda ommaviy axborot vositalari muhim o‘rin tutadi. Bu sohaga doir o‘ndan ortiq qonun hujjati qabul qilingan, mulk shakli va faoliyat yo‘nalishi turlicha bo‘lgan yuzlab OAV faoliyat yuritmoqda.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda xalqaro OAV bilan aloqani mustahkamlash borasida dadil qadamlar tashlandi. Jumladan, xalqaro mediaforumlar tashkil etildi, ko‘plab chet el muxbirlari akkreditatsiyadan o‘tkazildi. Ayni choqda, milliy media makon mustaqilligini mustahkamlash, xalqaro matbuot erkinligi reytinglarida o‘rnimizni yaxshilash, erkin fikr, plyuralistik kayfiyatni kuchaytirish yo‘lidagi chora-tadbirlarni davom ettirish davr talabidir.
NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari ham kasbiy malakasini oshirib borishi, tashkiliy, moddiy-texnik bazasini mustahkamlashi, bir so‘z bilan aytganda, jamiyatda o‘z legitimligini ta’minlashi dolzarb vazifalar sirasiga kiradi.
* * *
Xulosa shuki, Markaziy Osiyoning har bir mamlakatida fuqarolik jamiyati barpo etish turli sur’atda kechmoqda. Asosiysi, mintaqa davlatlari taraqqiyotga doir o‘rta va uzoq muddatli strategik hujjatlarni qabul qilgan. Qozog‘iston Respublikasini 2025-yilgacha rivojlantirish rejasi (2018-yil 15-fevral), Qirg‘iz Respublikasini 2018–2040-yillarda rivojlantirish milliy strategiyasi (2018-yil noyabr), Tojikiston Respublikasini 2030-yilgacha rivojlantirish milliy strategiyasi (2016-yil fevral) va 2022–2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi (2022-yil 28-yanvar) shular jumlasidan. Ushbu dasturiy hujjatlarda davlat va jamiyat hayotini demokratlashtirish, fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirishga ham alohida ahamiyat qaratilgan.
Markaziy Osiyoda fuqarolik jamiyati modeli ko‘p jihatdan davlat bosh islohotchiligi va paternalistik xarakterga asoslanadi. Aslida esa, fuqarolik jamiyati fenomeni insonlar va jamiyat tafakkurida ijtimoiy-siyosiy hamda ma’naviy qadriyatga aylanmog‘i lozim. Zero, fuqarolik jamiyati nafaqat ichki siyosiy barqarorlikka, balki mintaqaviy hamkorlikka, siyosiy integratsiyaga ham xizmat qiladi.
Sanjar SAIDOV
“Tafakkur” jurnali, 2024-yil 4-son.
“Fuqarolik jamiyati: tafsil va tahlil” maqolasi
Tarix
Til
San’at
Adabiyot
Jarayon
Adabiyot
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q