Tangada tasvirlangan xotunlar – Ilk o‘rta asrlar davlat boshqaruvida ayollarning o‘rni


Saqlash
14:52 / 03.01.2025 98 0

Ma’lumki, ibtidoiy davrlardan toki bugungi kunimizgacha jamiyatda ayollarning o‘rni muhim hisoblanib kelingan. Ilk o‘rta asrlar O‘rta Osiyo siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy hayotida ham ayollarning o‘rni yetakchi bo‘lganiga  mintaqada zarb etilgan tanga-pullar, saroy devoriy rasmlari, turli arxeologik topilma (sopol buyum, tosh haykal, muhr)lar guvohlik beradi.

 

Tanga pullar o‘zida qisqa ma’lumotlarni aks ettirishiga qaramay, mintaqa xalqlari davlatchilik tarixini yoritishda birlamchi manba hisoblanadi.  Chochda zarb etilgan G‘arbiy Turk xoqonligi tangalarining bir qancha turida davlat boshlig‘i xoqon bilan birga uch qirrali bosh kiyimda xotun tasviri uchrab, sinchiklab nazar tashlansa, tizimli ravishda muayyan bir kompozitsiya hosil qiladi:

 

 

Birinchi tangada hukmdor (xoqon) va malika (xotun)ning portreti, ikkinchi tangada esa otdagi hukmdorga uch qirrali bosh kiyim kiygan malika idishda ilohiy “qut” berayotgani, uchinchi tangada hukmdor va malika gilamda bog‘dosh o‘tirgani (turkona o‘tirish; malika homilador) tasvirlangan. Avvalo, uch qirrali bosh kiyim tasviriga izoh beradigan bo‘lsak, turklarning e’tiqodiga ko‘ra malikaning bunday bosh kiyimda tasvirlanishi iloha Umayga o‘xshatilishi bilan bog‘liqdir. Xotunning idishda xoqonga “qut” berishi Tangridan hukmdorga beriladigan davlat boshqaruvi – “qut” Umay orqali topshirilgan, deb bilganlar. Xotunning homilador holda tasvirlanishi ham Umay bilan bog‘liq tushuncha bo‘lib, iloha Umay hosildorlik, unumdorlik, chaqaloqlar va askarlar qo‘riqlovchisi hisoblangan. Shuningdek, turkiy mifologiyaga ko‘ra, Tangri, Umayning yerdagi ko‘rinishi xoqon va xotun bilan bog‘liq tushuncha sifatida qaralgan.         

 

Arab-fors manbalarida VI–VII asrlarga oid Xotunkat shahrining aynan Jabg‘ukat shahri bilan yonma-yon o‘rnashgan shahar deb eslatilishining o‘ziyoq uning xoqonlik qarorgohi joylashuvi hisobga olinib qurilganini ko‘rsatadi. Demak, Jabg‘ukat – Xotunkat paralleli bu – xoqonlik siyosiy markazida hukmdor o‘rdasi (yoki o‘tovi) bilan yonma-yon malika o‘rdasi o‘rin olishi an’anasining Choch vohasidagi tasdig‘idir. Xotunkat shahri arxitekturasi qadimgi turklar davlat boshqaruvida ayollarning o‘rnini belgilab, hukmdor mamlakatda bo‘lmagan paytda uning nomidan xotun hokimiyatni boshqarganini ko‘rsatadi.

 

Qo‘shaloq portretli tasvirlarni quyidagi tosh haykal (balbal), sopol buyum va muhr, saroy devoriy rasmlarida ham ko‘rish mumkin:

 

 

Siyosiy boshqaruvda xotun hukmdordan keyin turuvchi vazir darajasidagi shaxs hisoblanib, ushbu nomdagi unvoni ham bo‘lgani haqida turkiy bitiktoshlarda yozib qoldirilgan. Qo‘shaloq portretli tasvirlarni nafaqat Chochda zarb etilgan xoqonlik tangalarida, balki Buxoro, To‘xoriston (Chag‘aniyon), O‘tror va Sug‘d tangalarida ham ko‘rish mumkin. Hattoki, Sug‘d xotun unvoni bilan tanga zarb etilgan.

 

 

Ilk o‘rta asrlar mintaqada ayollarning boshqaruvdagi o‘rni haqida Buxoroda davlat ishlarini muhokama qilishda, Chochda diniy bayramlarda xotun ishtirok etganini manbalardan bilib olamiz. O‘rta Osiyo ayollari  Xitoyga elchi va sovg‘a-salomlar jo‘natgani hamda o‘z navbatida ulardan sovg‘alar olgani, maxsus unvonlar bergani haqida ma’lumotlar keltiriladi.

 

Ilk o‘rta asrlar davlatchiligimiz tarixida jadal davr sifatida alohida qadrlanadi. Yuqorida keltirilgan ma’lumotlar G‘arbiy Turk xoqonligi hamda voha hukmdorliklari-mulklarida ayollarning alohida o‘rni bo‘lgani, ularning mavqeyi yuqori darajada turganiga guvohlik beradi.   

 

Hilola NORMAMATOVA,

Milliy arxeologiya markazi tayanch doktoranti

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23781
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//