Qiyin davrlardagi umidbaxsh kun. Oʻzbeklar Yangi yil bayramini qanday oʻzlashtirdi?


Saqlash
14:36 / 25.12.2024 50 0

Hozirda bolalar orziqib kutuvchi, u haqda oʻnlab filmlar olingan, deyarli butun sayyora nishonlovchi Yangi yil bayrami atigi bir asr oldin juda kichik doiralardagina bayram qilinar edi. Jumladan, Oʻzbekistonda ham bu bayram faqat 1960-yillardan ommaviy tantana qilina boshlangan. Xoʻsh, bu ayyom qay tariqa oʻzbeklar hayotiga kirib keldi?

 

Nega aynan 1-yanvar?

 

Koʻpchilik oʻzbekistonliklar Yangi yil bayramini Rojdestvo bayrami kabi xristian dini bilan bogʻlaydi. Aslida yangi yilni 1-yanvar sanasidan boshlash anʼanasi, nasroniylik paydo boʻlishidan ancha oldin, miloddan avvalgi 46-yildan amaliyotga kirgan. Imperator Yuliy Sezar shu yili Rim imperiyasida yangi yil endi konsullar saylangan kundan emas, 1-yanvar kunidan boshlanishini eʼlon qilgan (aslida konsullar ham shu kundan lavozimiga kirishgan).

 

Aynan 1-yanvar tanlanishiga sabab, yanvar oyi qadimgi Rimda kurash va ibtido xudosi Yanos sharafiga nomlangandi. Yanos ikki yuzli qilib tasvirlangan boʻlib, uning bir yuzi oʻtmishga, bir yuzi kelajakka boqqan. Shu tariqa rimliklar ibtido xudosi sharafiga nomlangan oy yilning ham ibtidosi boʻlishiga ishora qilgan.

 

Yangi yilda sovgʻa berish anʼanasini ham rimliklar joriy qilgan. Asosiy sovgʻa – lavr gulchambarlari boʻlgan.

 

Rim imperiyasi qulagandan soʻng, katolik cherkovi turli diniy sanalarni yangi yil kuni sifatida belgilashga uringan. Faqatgina 1582-yil papa Grigoriy XIII bu urinishlardan toʻliq voz kechgan va oʻz kalendariga Yuliy kalendaridagi kabi 1-yanvarni yangi yil boshlanuvchi kun sifatida tanlagan.

 

Shu tariqa Grigoriy kalendari nomini olgan ushbu taqvimni qabul qilgan mamlakatlarda 1-yanvar yilning ilk kuniga aylangan. Hozirda dunyoning deyarli barcha davlati (Eron, Afgʻoniston, Nepal va Efiopiyadan tashqari) Grigoriy kalendaridan foydalanadi.

 

Endi oʻzbeklar uchun haqiqiy yangi yil Navroʻz deydigan insonlar uchun. SSSRʼda islomiy yangi yil bayrami deya taʼkidlanib, taqiqlangan Navroʻz ham aslida islomga aloqador emas. Bundan 4 ming oldin qadimgi bobilliklar bahorgi va kuzgi tengkunlikni hisoblab, ularni Yangi yil kunlari deb belgilagan va Ahamoniylar ulardan bu merosni oʻzlashtirib, Yaqin Osiyoga tarqatgan. Oʻz navbatida keyingi Sharq sulolalari qadimgi fors shohlari taqvimini ishlatgan. Shunday qilib, aslida 21-mart – Navroʻzdan yangi yilni boshlash odati rimliklar joriy etgan 1-yanvar anʼanasidan qadimiyroq. Demak Navroʻz va 1-yanvar – shunchaki ikki antik xalq: bobilliklar va rimliklar tomonidan joriy qilingan ikki xil yil ibtidosi sanasi.

 

Aholi oʻta qashshoq boʻlgan Oʻrta asrlarda 1-yanvar kuni bayram sifatida umuman nishonlanmagan. Oddiy odamlar uchun 31-dekabr va 1-yanvarning boshqa kunlardan hech qanday farqi boʻlmagan. Asosan aristokrat doiralarida Yangi yil kuni munosabati bilan ball va tadbirlar uyushtirilgan.

 

Oʻzbek davlatlari Yuliy va Grigoriy kalendaridan foydalanmagani uchun ularda yangi yil umuman 1-yanvarga bogʻlanmagan. Faqatgina SSSR tarkibiga kirgach, umumittifoq doirasida OʻzSSR ham Grigoriy taqvimiga oʻtgan va jumhuriyatda Yangi yil bayrami oʻtkazila boshlangan.

 

Yangi yil bayrami Oʻzbekistonda

 

SSSR hukumati dastlab Navroʻz kabi Yangi yil kunini ham diniy bayram deb hisoblagan va uni ateistik siyosat sabab taqiqlagan. Bolsheviklar Yangi yilni burjuaziya, feodallik sarqiti deya atagan.

 

Biroq, 1935-yilda SSSRʼda ateistik siyosat moʻtadillashishi natijasida, Yangi yil bayrami ilk bor nishonlangan, lekin u ham ommaviy ravishda boʻlmagan. Bayramni “sovetlashtirish” uchun unga sovetcha unsurlar: qorqiz, “olivye” salati, shampan vinosi, mandarin va kurant bongi qoʻshilgan.

 

Rasman ruxsat berilgan boʻlsa-da, SSSR aholisining katta qismi Yangi yil bayramini nishonlamaslikni davom ettirgan. Chunki, 1930-1940-yillarda mamlakatda mahsulotlarning kartochka tizimi mavjud boʻlib, Yangi yilda dasturxonni bezash uyoqda tursin, kunlik ehtiyoj uchun ham mahsulot topish qiyin boʻlgan. Yangi yil bayrami odatda davlat idoralarida, qorbobo ishtirokida oddiy tadbir shaklida oʻtkazilgan.

 

Oʻzbekiston SSRʼda ham butun SSSRʼdagi kabi Yangi yil 1935-yildan nishonlana boshlangan. Respublikada oʻtkazilgan Yangi yil bayramiga doir rasmlarning eng eskisi 1936-yilga oid. Demak 1935-yilda Oʻzbekistonga Yangi yil bayrami rasman kirib kelgan.

 

1936-yil 31-dekabr. Namangandagi maktabda Yangi yil bayrami

 

Ikkinchi jahon urushi yillarida Yangi yil bayrami fuqarolar ruhiyatini koʻtarish uchun shaharlar markaziga katta archalar oʻrnatish bilan tantana qilina boshlanadi.

 

1947-yilda SSSRʼda nafaqat kartochka tizimi bekor qilinadi, balki 1-yanvar dam olish kuni etib belgilanadi. Bu fuqarolarga Yangi yil bayramini uyda oʻtkazish imkoniyatini yaratadi va bayramni nishonlash anʼanasi kengaya boshlaydi.

 

Toshkentliklar Romanovlar saroyi oldiga o‘rnatilgan archa atrofida Yangi yilni nishonlamoqda. 1940-yillar

 

Ammo Yangi yil baribir shahar aholisi bayrami boʻlib qolaveradi, chunki SSSRʼda Yangi yil ramzlaridan boʻlgan mahsulotlar — “olivye” salati, mandarin va kolbasani shaharlarda ham topish mushkul edi, qishloqlarda ularni esa qidirishdan maʼno boʻlmagan.

 

Oʻzbekiston SSRʼda, Yangi yil shahar bayrami ekanligi, ayniqsa, yaqqol sezilgan. Chunki aynan shaharlarda ruslar va boshqa xalqlar diasporasi koʻproq boʻlgan va ular Yangi yilni nishonlash odatini nisbatan tez oʻzlashtirgan. Qishloq aholisi esa oʻzlari uchun yangi boʻlgan bayramni qiyin qabul qilgan.

 

1947-1949-yillarda Toshkentda Yangi yil munosabati bilan artilleriya to‘plaridan o‘q ham uzilgan

 

1950-yillar oxiri 1960-yillar boshidan vaziyat oʻzgaradi. Xrushchyovning “iliqlashtirish” siyosati doirasida shaxsiy hayot va shaxsiy bayramlar huquqi nafaqat tan olinadi, balki rasmiy mafkuraning bir qismiga ham aylanadi. Endi hukumat Yangi yil bayramni propaganda qilishni boshlaydi. Qolaversa, shu davrdan mamlakatda shahar aholisining salmogʻi qishloq aholisi ulushidan oshib ketadi.

 

Oʻzbekistonda ham Yangi yil bayrami 1960-yillar oxiridan, nihoyat, keng omma orasida tantana qilina boshlanadi. Propaganda doirasida kolxozlarda ham Yangi yil oqshomlari uyushtiriladi. Odamlar 31-dekabr tunida Yangi yil dasturxonini bezashni odat qilib oladi.

 

Alisher Navoiy teatri oldiga o‘rnatilgan Yangi yil archasi. 1959-yil. 1950-yillarda O‘zbekiston SSR’ning bosh archasi aynan Navoiy teatri oldiga o‘rnatilgan

 

1970-yillarda Yangi yil endi haqiqatdan uzoq kutiluvchi bayramga aylanadi.

 

Chunki “turgʻunlik davri”da SSSRʼda oziq-ovqat mahsulotlarining oʻtkir tanqisligi kuzatilgan, iqtisodiy inqiroz chuqurlashgan va hukumat har qanday bayramdan propaganda maqsadida foydalangan. Masalan, 1970-yillardan soʻng SSSRʼda Yangi yil oldi mandarin yoki kolbasa uchun uzun navbatlar yuzaga kelgan, ularni topish chinakam muammo boʻlgan. Odamlar faqatgina shu bayramda turli kamyob, delikates mahsulotlarni sotib olgan. Hech qanday siyosiy mitinglarsiz bayram qilgan (9-may va 17-noyabrdan farqli oʻlaroq), bir necha kunga ogʻir mehnat va yashash sharoitni unutgan. Shu boisdan ham kishilarda Yangi yil bayramni kutish odati shakllangan deyish mumkin.

 

Hozirgi Central Park (sobiq Mirzo Ulug‘bek) bog‘idagi Yangi yil saylida chang‘i uchayotgan insonlar. 1970-yillar

 

‘‘Toshkent’’ mehmonxonasi oldidagi archa va salyutlar. 1973-yil 31-dekabr

 

 

Samarqanddagi Yangi yil sayli. 1978-yil

 

Qorbobo va qorqiz Yangi yil bayramida. Toshkent 1986-yil.

 

Hozirgi Xalqlar do‘stligi saroyi oldida o‘rnatilgan Yangi yil archasi. 1985-yil

 

Sobiq Lenin (hozirgi Mustaqillik) maydonidagi Yangi yil archasi. 1986-yil

 

Nurota shahridagi bayram archasi. 1988-yil

 

XXI asrning ilk Yangi yili. Toshkent. 2000-yil

 

 

Mustaqillikning dastlabki ogʻir yillarida ham Yangi yil insonlarga umid bagʻishlovchi bayram boʻlib qoladi. Odamlar uchun bu bayram yaqinlar bilan koʻrishish, tansiq taomlar tayyorlash va xursandchilik qilish ramziga aylanadi. Hozir ham Yangi yil bayrami, avvalo, oila davrasida nishonlanuvchi bayram sifatida koʻriladi va turli mazali yeguliklar bilan uygʻun oʻtkaziladi. AQSH va Yevropa mamlakatlarida Yangi yil moʻjizalar bayrami hisoblansa, sobiq sovet davlatlarida bu tantana umidbaxsh bayram (kun) oʻlaroq shakllangan.

 

Muhammadqodir Sobirov

Oyina.uz

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23706
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//