
Ma’naviyat
Adib Murod Muhammad Do‘st ijodining bir qismini uning kinodramaturgiyasi tashkil etadi. Aytish mumkin bo‘lsa, nasriy asarlari zamonaviy o‘zbek adabiyotida qanday mavqe kasb etsa, ssenariylari asosida tasvirga olingan filmlar ham milliy kino sohasida shunday yutuq hisoblanadi. Har qalay, o‘zbek badiiy kinosining yaqin tarixdagi umumiy manzarasini ko‘z oldimizga keltirsak, muallifning kinoga qo‘shgan hissasi o‘zining saviya-salmog‘i bilan alohida farqlanib turadi.
Bir paytlar ulug‘ yozuvchi Lev Tolstoyning “Anna Karenina” romanida Vronskiyning tasviriy san’atga mayli va mashqlari haqidagi sahifalarni o‘qiyotib, o‘zimga shunday xulosa olgan edim: ijodkor ilhomni hayotdan ham, boshqalar yaratgan san’at asarlaridan ham olishi mumkin. Lekin hayotdan olingan ilhom bilan yaralgan asarlar asilroq, haqiqiyroq va abadiyroq bo‘ladi. Ha, ijodkor, san’atkor uchun hayotdan kuchliroq ilham manbai yo‘q. So‘z boshlaganimiz Murod Muhammad Do‘st ssenariylari ham aynan haqiqiy hayot o‘zanida tug‘ilgan o‘ylarning badiiy in’ikosi bo‘lib, odamlar sevib ko‘radigan filmlarga aylandi.
Ssenariynavislik ham yozuvchilikning bir shakli, ammo nasrga qaraganda anchayin murakkab, “injiq” turi. Sahnalashtirish yo tasvirga olishga moslab yozishning mushkuloti o‘quvchi-kitobxonga mo‘ljallab yozishdan ko‘ra ko‘proq bo‘ladi. Romanda, qissada muallif erki kengroq, dramaturgiya esa qat’iy qonuniyatlar ichida tafakkur qilishni talab etadi. Amerikalik rejissyor Endryu Devis topib aytganidek, bu xuddiki “filni jomadonga joylamoq”day ish. Shu boisdir aksariyat yozuvchilar badiiy ijodning bu turiga ko‘p ham qo‘l uravermaydi.
Bilamizki, Murod Muhammad Do‘stning ssenariynavislik faoliyati ancha avval, o‘tgan asrning 80-yillaridan boshlangan. 1986-yilda suratga olingan “Galatepalik avliyo” filmi adibning ilk ssenariylaridan, shuningdek, taniqli rejissyor Temurmalik Yunusovning ham dastlabki ishlaridan hisoblanadi. Ushbu qisqa metrajli filmda muallifning xuddi nasriy asarlaridagidek xarakterlar topish, so‘zni mohirona qo‘llash, pishiq-puxta noodatiy syujet yaratish va mazmunga milliy ruh, yumoristik kayfiyatni singdirish mahoratini ko‘rish mumkin.
Donoligi, fahm-u farosati bilan hurmat qozongan, qishloqdoshlari nazdida “avliyo” bo‘lib tuyulguvchi oqsoqol ustaning yosh beva ayolga o‘zganing nomidan sovchilikka borishi bilan bog‘liq kichikkina hangoma aks etgan bu kartina ko‘ngil tilsimi, muhabbat va inson zakosi haqida hikoya qiladi. Undagi har bir obraz, personajlar tili-yu munosabatlaridagi tabiiylikni rejissyor munosib shaklda vizual qatlamga ko‘chirgan. Bot-bot teleekranlarda aylanib turadigan bu film, Maxsum (Hamza Umarov), Zubayda (Sayram Isayeva), Sayfil Muluk (Muhammadjon Rahimov), Hojiqul (Husan Sharipov) kabi obrazlar jozibasi va ularni jonlantirgan aktyorlarning ijrosi hanuz tomoshabinni ta’sirlantiradi. Umuman, “Galatepalik avliyo” yaralganiga salkam qirq yil bo‘lyaptiki, g‘oya-mazmuni, tasviriy talqini, ijro xususiyatlariga ko‘ra o‘z qiymatini yo‘qotmadi, milliy kinomiz tarixidagi yaxshi asarlardan biri bo‘lib qolyapti.
Yozuvchining faoliyati bevosita kino bilan bog‘langan 2000-yillarni mustaqillik davri o‘zbek kinematografiyasida alohida bosqich desak bo‘ladi. Murod Muhammad Do‘st shu yillarda sohaning rahbari o‘laroq kinoijodkorlar izlanishlariga bosh-qosh bo‘lish bilan birga o‘zi ham bir nechta ssenariylar yozdi. Nafaqat adibning filmlari, umuman, yangi asr avvalida suratga olingan qator badiiy filmlarda, shaxsan menda milliy kino degan tushunchaning mazmuni amalda sezilarli oydinlashganday, yangi qiyofa kasb etganday taassurot qoldiradi. Ya’ni, “Milliy kino qanday bo‘lishi kerak?” degan jiddiy va hanuz bahsli savolning javobi shu yillardagi filmlarda bo‘y ko‘rsatganday tuyuladi. Negaki, ularda aks etgan hamma narsa o‘zbekka xos, qahramonlarning o‘y-tashvishlari ham, muomala-munosabatlar, hayotiy tutumlar – bari-bari o‘zbekniki. Eng muhimi, hayot haqiqatini, davr muhitini bo‘yab-bejamay, yaxshi-yomoni bilan boricha ifoda etishga intilish, inson qalbi va qadrini bosh masala sifatida ko‘tarish, saviyada sezilarli siljish kuzatiladi. Bu davrda kino imkon qadar xalqning, odamlarning hamdardi bo‘lishga, rostgo‘ylikka intilganini ko‘rish mumkin. Ijodda erkinlik, did, jur’at uyg‘unlashsa natija qanday bo‘lishi shu yillarda yaratilgan qator kinofilmlarda namoyon bo‘ldi.
Xususan, Murod Muhamamad Do‘st muallifligidagi filmlarga nazar tashlasak, ularda kino bilan real hayot o‘rtasidagi masofa qisqargani, san’at vositasida bugun haqida bugun rost so‘z aytishga bo‘lgan jur’at seziladi. XXI asr avvalida o‘zbek jamiyati qanday edi, odamlarning turmushi, dard-u quvonchlari nimalardan iborat edi – hammasi badiiy shaklda o‘z aksini topdi.
Muallifning shoir Aleksandr Faynberg bilan birgalikda yozgan “Dev bilan pakana” (2003) komediyasi xuddi shunday zamona manzarasi, oddiy odamlarning turmush tashvishlari ijtimoiy-falsafiy ko‘lamda ifoda etilgan, milliy ruh balqib turadigan o‘zgacha filmdir. Kartinaning pishiq kompozitsiyasi, personajlarning xarakteri, tili-dialoglarida usta yozuvchining mahorati yaqqol ko‘rinib turadi. Aytish mumkinki, bu jihatlar film badiiyatining eng ustuvor, ta’sirchan jihatiga aylanadi.
Kartina yetakchi qahramonlari – biri chekka qishloqdan shaharga rizqini qidirib kelgan devqomat Polvon, ikkinchisi omadi chopmagan shaharlik shovvoz pakana Zulfiqor. Film syujeti shu bo‘y-bastda, aql-u yoshda nomutanosib, lekin hol-u dardlari o‘xshash ikkovlonning birlagikda boshidan kechirgan goh kulguli, goh qayg‘uli sarguzashtlari asosiga qurilgan. Ular voqealar oqimida duch keladigan turli vaziyatlar, personajlar orqali davr muhiti, inson, jamiyat, hayot haqida teran mushohada yuritiladi.
“Katta odamlar uch xil bo‘ladi, – deydi film qahramonlaridan biri Murodxon aka (Bahodir Yo‘ldoshev) – amali bilan katta odamlar, mol-davlati bilan katta odamlar va o‘zi katta odamlar”.
Bu film ayni shunday katta-kichik odamlarni ko‘rsatadi. Aktyor Nodir Saydaliyev ijro etgan Polvon bahaybat sumbatiga zid tarzda biroz go‘l, nozik ko‘ngil, to‘g‘rife’l, jo‘mard yigit. Obid Asomovning Zulfiqori esa ayyorgina, xiyla gapga chechan, tili va aqli bo‘yidan uzun, shu bilan birga mard, tiynati toza yorqin xarakter egasi. Ular ishsiz, pulsiz, yo‘lsiz bo‘lsa-da, oriyati baland, ko‘ngillari keng, ruhan katta odamlar. Shuning uchun ham munofiq, laganbardor, sharafsiz turli mayda kimsalar dunyosiga sig‘ishib, murosa qilib ketolmaydi. Tomoshabin ularni shuning uchun ham yaxshi ko‘rib qoladi. Ularning og‘riqlariga sherik bo‘ladi.
Filmda kimningdir jiyani bo‘lgani uchun “yulduz” bo‘lgan Panjilar, amaldor pinjida girdikapalak Nurmatlar, shon-shuhrat-u unvon uchun o‘zlarini bozorga solgan ona-qiz raqqosalar – umuman, katta-kichik har bir personajning syujet mozaykasida o‘rni va tomoshabinga aytar muhim gapi bor.
Avvaliga salbiy xarakter bo‘lib ko‘rinadigan Murodxon aka filmdagi e’tiborga molik obrazlardan biri. Mansabiga ko‘ra ham, davlatiga ko‘ra ham, o‘zi ham katta bo‘lgan bu shaxs odamni odamdan farqlaydi, atrofidagi laganbardorlarni, munofiqlarni ham, shuningdek, Zulfiqor va Polvon kabilarning insoniy ustunliklarini ham ko‘ra oladi. Bu Murodxon obrazini muallifning boshqa filmlarida ham uchratish mumkin. Yozuvchi nechuk bir istehzo ila o‘z ismi bilan atagan (ayrim filmlarida o‘zi o‘ynagan) bu qahramon har bir filmda “katta odam” pozitsiyasida qoladi, muayyan tagma’no fikrni tashish bilan birga boshqa xarakterlar haqida tomoshabinga xulosalar berguvchi qandaydir prizma vazifasini bajaradi.
“Dev bilan pakana”da jamlangan turfa xil xarakterlar yaxlitlikda ko‘z o‘ngimizda o‘zbek xarakterini chizadi. Zulfiqor va Polvon – darbadar juftlikning dardi umumning, oddiy odamlarning dardi bo‘lib akslanadi. Film yakunida yaponlar olib ketgan Polvon omadli sambochi bo‘lib qaytishini ko‘ramiz. Kinokomediyaning bunday yechimidan “o‘zingnikini o‘zing qachon qadrlaysan” degan fikrni o‘qish mumkin. Umuman, “Dev bilan pakana” chin insonlik haqidagi andak quvlik va quvnoqlik bilan aytilgan xazin bir hikoyadir.
Ssenariyning butun mazmun-falsafasi, tabiiyligi, hayotiyligi tasvirga san’atkorona ko‘chirilgani bois film oson ko‘riladi, fikr, dard va zavq tomoshabinga teng ta’sir ko‘rsatadi. Albatta, bunda rejissyor Jahongir Qosimovning ijodiy salohiyati, professonal yondashuvini e’tirof etmaslik mumkin emas. Haqiqatan ham rejissyor filmning butun ma’no qatlamini badiiy tasvirda chuqur ochib bergan. Buni har bir obraz xarakteriga mos aktyorlar tanlaganida, kadrlar mazmuni va aktyorlar ijrosida tabiiylikka katta ahamiyat berilgani, janr kayfiyati va mazmunning yaxlitligi, umuman, film poetikasining barcha jihatlarida ko‘rishimiz mumkin.
Muallifning rejissyor Hilol Nasimov suratga olgan “Po‘sht, arava” filmi esa bir qarashda “Dev bilan pakana”ning ikkinchi qismidek taassurot uyg‘otadi. Jahon kinosida “spin-off” degan yo‘nalish bo‘lib, biror filmdan syujetning qaysidir bo‘lagi yoki biror personaj uzib olinib, shuning asosida alohida film yaratiladi. “Po‘sht, arava” ham “Dev bilan pakana”dan keyin ishlangan shunday spin-off xarakteridagi film bo‘lib, unda tomoshabinga yaxshi tanish Zulfiqor obrazining boshqa kechmishlarini ko‘ramiz. Tegirmonga tushsa butun chiqadigan bu qahramonni bu filmda ham Obid Asomovning o‘zi ijro etgan.
2006-yilda katta ekranlarga chiqqan mazkur komediyada o‘zbek jamiyatining bozor iqtisodiyotiga o‘tishdagi qiyinchiliklari badiiy aks ettirilgan deyish mumkin. Kulgu fonida ko‘pgina ijtimoiy illatlar tanqid qilinadi. Shovvoz Zulfiqor endi jamiyatda ildiz otgan tanish-bilishchilik, poraxo‘rlik, laganbardorlik, adolatsizliklarga chap berishni o‘rgangan uddaburon kichik tadbirkor sifatida gavdalanadi. Komediya syujetini uning bozorda urinib-surinib rizqini terib yurgan aravakash-hammollarga bosh bo‘lib, aravakashlar shirkatini tashkil etishi bilan bog‘liq voqealar tashkil etadi. Zulfiqor o‘z imkoniyati darajasida adolatparvarga, oddiy odamlarning haq-huquqlari himoyachisiga aylanadi, unga qarshi chiqqan kimki bor, dodini berishga tushadi. Boy-u qashshoqlarning makoni bozor filmda qaysidir ma’noda jamiyat ramziga aylanadi. U yerdagi har turli g‘irromlik, tartibsizlik ijtimoiy ma’no kasb etadi.
Kartinada Zulfiqordan tashqari bir-biridan qiziqarli xarakterlar jamlangan. Ayniqsa, Noila Toshkenboyeva ijro etgan Mastura aya va Farhod Abdullayev o‘ynagan uning ajabtovur o‘g‘illari obrazlarida shunchaki odamlar emas, hayot tarzini kommunizmdan kapitalizmga o‘zgartirib, boshqa insonga aylanmoqchi bo‘layotgan avlodning satirik timsolini ko‘rish mumkin. Shuningdek, Mamasoli Yusupov ijrosidagi Safarqul, Rajab Adashovning Abror buvasi – umuman aksariyat personajlar tipik xarakterda bo‘lib, filmning badiiy-g‘oyaviy asosini ochib berishga xizmat qiladi.
Mazkur filmda ham “Dev bilan pakana”dan bizga yaxshi tanish bo‘lgan ayrim personajlar kezib yuradi. Masalan, Murodxon aka obrazi (Bahodir Yo‘ldoshev) o‘sha eski shotiri Nurmat (Fotih Jalolov) bilan birga Zulfiqorni izlab keladigan epizodda qahramonning insoniy jihati yana ham chuqurroq ochiladi. “Po‘sht, arava” komediyasi shu kabi rang-barang yorqin xarakterlar va aktyorlarning ijrosi bilan tomoshabinni o‘ziga jalb etadi. Kartinaning umumiy rejissyorlik talqini uslubiy jihatdan televizion film formatini eslatadi.
Murod Muhammad Do‘stning Jahongir Qosimov bilan hamkorlikda yaratilgan eng yaxshi filmlaridan biri shubhasiz “18-kvadrat”dir. Jahongir Qosimov adibning ssenariylarini har tomonlama to‘g‘ri idrok eta olgan eng munosib rejissyor ekanini har ikki filmning badiiy darajasi ko‘rsatadi. 2007-yilda ekranlarga chiqqan bu kinodrama harbiy-vatanparvarlik mazvusidagi boshqa o‘zbek filmlaridan tubdan farq qiladi.
Film qahramoni mayyor Tosh (Said Muxtorov) timsolida og‘ir-bosiq, biroz qo‘rs, shunchaki o‘z vazifasini mas’uliyat bilan bajaradigan insonni ko‘ramiz. U va filmning boshqa yetakchi personajlari qahramonliklarini buni da’vo qilmasdan ko‘rsatadilar, o‘z xizmat vazifalarini ado etish asnosida ularning mardligi, vatanparvarligi ko‘rinadi.
Film voqealari, qahramonlarning o‘zini tutishi, gap-so‘zlari, yurish-turishlari tabiiy, hayotiy tasvirlanadi. Asosiymi, epizodikmi – har bir obraz avvalo inson o‘laroq gavdalanadi. Xususan, Tosh o‘z jonidan ham unga qo‘shilib kelgan xodimi Ziyodov (Javohir Qosimov)ni asrashga bo‘lgan harakati, harbiy otryad boshlig‘i Aliyev (Tohir Saidov) bilan suhbatlari, goh dahanaki tortishuvlarida uning shaxsi yanayam jonliroq ochiladi. Voqealar davomida hech bir personaj tilidan vatan so‘zi aytilmaydi. Ular o‘z vatanparvarligini tilda emas, jarayonda, amalda ko‘rsatadi va shu yo‘l bilan tomoshabinga kuchliroq ta’sir o‘tkazadi. Har bir inson ko‘nglida pinhon vatanga muhabbat, jasorat hissini cho‘g‘lantirishga erishiladi.
Jang sahnalarining ishonarli tasvirga ko‘chirilgani, aktyorlar ijrosi, so‘z va kadrlardagi uyg‘unlik kartina badiiy yaxlitligini ta’minlaydi. Film rejissyorlari Jahongir Qosimov va Ahmad O‘narboyevlar ishonarli tasviriy-badiiy voqelik, jonli obrazlar bilan mazmunli kinonarrativ yaratdi, yurt tinchligi, vatan tuyg‘usi haqida hech bir yasama shiorlar, balandparvoz so‘zlarsiz ham ta’sirli ochib berish mumkinligini ko‘rsatdi. “18 kvadrat” mening nazarimda, o‘zbek kinosida harbiy-vatanparvarlik mavzusida hozirgi paytgacha ishlangan filmlarning eng yaxshisi bo‘lib qolyapti.
Rejissyor Mirmaqsud Oxunov suratga olgan “Akaxon” (“Ro‘yo”) filmida esa boshqa bir jiddiy mavzu aks etadi. Mazkur ijtimoiy-psixologik drama o‘zi o‘ylab topgan yolg‘on tufayli hayoti, o‘zligi tanazzulga yuz tutgan inson kechmishi va kechinmalarini hikoya qiladi. Film qahramoni Vohid (Faxriddin Shamsimatov) ishi, omadi yurishmay qolgan oddiy bir tadbirkor. Oxir-oqibat zamon zo‘rga boqqan muhitda katta amaldorning mavhum timsoli bo‘lgan Akaxonni o‘ylab topishga majbur bo‘ladi. Shu yolg‘on hamma eshiklarni ochuvchi kalitga, hamma g‘ovlarni yo‘ldan olib tashlovchi xaloskorga aylanadi. Biroq shu Akaxonning soyasiga aylanib erishgan to‘kis hayotida o‘zi yo‘qolib boradi. Yolg‘on uning hamma narsasiga egalik qila boshlaydi. Atrofidagi hamma xushomadlar, ehtiromlar uning uchun, hatto shaxsiy hayotida ham akaxon nomi hukm suradi. Bundan o‘zligi tahqirlana boshlaydi. Qahramonning tashqi kurashlari bora-bora ichiga ko‘chib o‘tadi. Filmdagi asosiy ziddiyat shu o‘z yolg‘oni bilan ichki kurashida bo‘y ko‘rsatadi. Akaxon tufayli kelgan omad, oxir-oqibat u tufayli shaxs fojiasiga aylanadi.
Uni shu yolg‘onni yaratishga avvalo, mavjud muhit, jamiyat majbur etgan edi – tanish-bilishing, zaring yo zo‘ring bo‘lmasa hech kim mensimaydigan jamiyat. Laganbardorlar, kim zo‘r bo‘lsa, kimdan manfaat kelsa shunga egiladigan, yuzi ming o‘zgaradigan munofiqlar har qanday muhitda yashab ketishlari mumkin. Aslida hayotni murakkablashtiradigan, jamiyatni shunday ahvolga keltiruvchilar ham shundaylar ekanini filmda Tavakkal Sultonov, Mamasoli Yusupov, Sobir Otajonov, Dilmurod Ergashev kabi aktyorlar jonlantirgan tiplar timsolida ko‘ramiz.
Kartina qahramonning ayni shunday ruhiy tanazzul jarayoni kechayotgan nuqtadan boshlanadi. Film ekspozitsiyasida u muallifning o‘zi ijro qilgan Murodxon aka obrazi bilan suhbatidan so‘ng butun voqealar qahramonning xotiralari shaklida bayon qilinadi.
Mirmaqsud Oxunov kino tilidan – ramzlar, shartli yechimlardan nihoyatda o‘rinli va maromida foydalanadi. Film yakunida ramziy atribut – tilla yondirgich bir paytlar Vohid qo‘liga qanday tushib qolgan bo‘lsa, yana shunday boshqa birining qo‘liga o‘tib qoladi. Bu yechim bilan akaxon ham bir “omad” ekani, bu omad tufayli film qahramoni boshiga tushgan fojia boshqalarda ham takrorlanishi mumkinligiga ishora qiladi go‘yo. Umuman, “Akaxon” hayotimizning achchiq haqiqati, jamiyatda ildiz otib ketgan axloqiy illatlar haqida baralla gapirilgan jiddiy film bo‘ldi. Boshqacha aytganda, reallik yuziga juda yaqin olib borib tutilgan katta oyna edi. Bu oyna kimlarningdir ko‘zini qamashtira olgani uchun ham ancha kechikib, 2018-yilda ekran yuzini ko‘rdi.
Murod Muhammad Do‘st ssenariysi asosida dunyoga kelgan yana bir film – “Ko‘rgim keladi” muallifning boshqa filmlaridan janri, qahramoni, ifoda usuliga ko‘ra farqli. 2014-yilda yosh rejissyor Javohir Qosimov tomonidan suratga olingan bu dramada davr ijtimoiy fonida ayol kechmishlari haqida hikoya qiladi. Film qahramoni Ziyoda (Dilnoza Kubayeva) xonanda. U shafqatsiz shou-biznes olamida o‘zligini, g‘ururini saqlashga intilayotgan ayol, og‘ir xastalikka chalingan farzandi uchun qo‘lidan kelganini qilayotgan ona, tashlab ketilgan rafiqa. Sevgan yori Amerikaga ketib, uni, farzandini unutgan. Lekin qalbining tub-tubida ojiz ilinj tolalari borday, qachondir qaytishidan umidvor yashaydi. Muallifning boshqa filmlarida san’atkor, xususan qo‘shiqchi, raqqosa kabi personajlarni uchratganmiz va ular iste’dodsiz, oriyatini yo‘qotgan kimsalar sifatida istehzoli usulda talqin etilgan bo‘lsa, “Ko‘rgim keladi”da ijodkor ayolning insoniy iztiroblariga samimiy nazar tashlanadi.
Filmda yana dallol ayol (Mahfuza Bobotillayeva), savdogar Barno (Zuhra Soliyeva) timsolida ham yolg‘iz ayolning hayot uchun yakka kurashlarini ko‘ramiz. Biri erta beva qolib, farzandlar tarbiyasi, tirikchilik yuki yelkasiga tushgan bo‘lsa, boshqasining oilasida erkak va ayol o‘rni almashib qolgan. Aktyor Tohir Saidov o‘z burchini ayol yelkasiga ortmoqlab qo‘ygan va bundan zarracha xijolat tuymaydigan erkak timsolini gavdalantiradi. Shuningdek, ne bir sabab bilan jinoyatchiga aylangan qamoqxonadagi ayollarning ham turfa tarixlari bor. Umuman, film ijodkorlari kartina orqali oilada, jamiyatda erkakning o‘rni degan jiddiy masalani ko‘taradi. Bugunning shu og‘riqli savoliga javob izlaydi. Film optimistik yechimda tugatiladi, Kamol (Husan Jo‘rayev) timsolida hali inson, oila, ayol oldidagi mas’uliyatini unutmagan er-yigitlar borligiga ishonch bildiriladi.
Kino o‘zgacha jozibali, lekin haqiqat ham murakkab san’at. Albatta, kino asarning ijodkori birinchi navbatda rejissyor bo‘ladi. Lekin yaxshi ssenariysiz yaxshi film ham bo‘lmaydi. Murod Muhammad Do‘st ssenariylari asosida olingan mazkur kinofilmlarda har xil rejissyorlarning o‘ziga xos talqini va mahorat darajasi aks etsa-da, barida muallif uslubiga xos umumiy jihatlar yaqqol ko‘zga tashlanadi. Ularda katta yozuvchining nigohi bilinadi, hayot qamrovi keng, taqdirlar, davrlar mushohadasi teran, kechinmalar samimiy va rost ifoda etiladi. Adibning o‘zi “men o‘zim orzu qilgan milliy kinoni tabiiylikdan izlagan ekanman” deya e’tirof etganidek, filmlarining eng xos, ustun tomoni ham shu tabiiylikda ko‘rinadi. Tabiiylik – tilda, xarakterlarda, ifoda yo‘sinida o‘zgacha ufurib turadi.
Murod Muhammad Do‘st kino orqali ideal qahramonlar yaratishga urinmadi. Aksincha, kinoqahramonlari orqali odamlarning dardkashi, haqiqat izhorchisi bo‘lishni afzal ko‘rdi. Usta rassom misoli o‘zbekona xarakterlarni, davr manzaralarini aniq-tiniq chizib berdi. O‘zbek kinosini Polvon, Zulfiqor, Murodxon, Akaxon, Vohid, Nurmat kabi “zamondosh ekran qahramonlari” bilan boyitdi. Eng muhimi, kino orqali hayot haqiqatini ko‘rsatishga, tomoshabinni aldamaslikka harakat qildi. Garchi adibning o‘zi kino mening ishim emas, deb hisoblasa-da, o‘zbek kinosi uchun bir ijodkor shaxs qila olishi mumkin bo‘lgan ishni qildi – ham ssenarist, ham sohaning ma’lum davrdagi rahbari bo‘lib kino asar deb aytishga arzirli besh-oltita saviyali film yaralishiga sababkor bo‘ldi. Shuning o‘zi katta gap, san’atga va xalqqa qilingan chin xizmat asli.
Maftuna MUHAMMADAMINOVA
Ma’naviyat
Jarayon
Adabiyot
Adabiyot
Adabiyot
Adabiyot
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q