Mamlakat tangalariga ismi yozilgan, qizlar o‘qishiga pul ajratgan, rassom va ovchi boburiy malika


Saqlash
11:52 / 16.12.2024 599 0

Tarixga nazar solsak, o‘zi yashagan davrga har jihatdan ta’sir o‘tkazolgan, o‘ziga xosligi bilan alohida ajralib turadigan malikalar ko‘p emas. Maqolada ana shunday malikalardan biri boburiy Nurjahon begim haqida so‘z boradi.

 

To‘rtinchi boburiy hukmdor Jahongirning turmush o‘rtog‘i Nurjahon begim 1577-yilda Qandahorda tug‘ilgan. Uning asl ismi Mehrinniso bo‘lib, Jahongirga turmushga chiqqandan so‘ng Nurjahon nomiga ega bo‘lgan. Otasi Mirzo G‘iyosbek safaviylar davlatida amaldor sifatida xizmat qilgan. Onasining ismi Asmat begim. Ular asli tehronlik bo‘lik, Akbarshoh davrida Hindistonga ko‘chib borishgan. Mirzo G‘iyosbek Akbarshoh saroyida vazir bo‘lib xizmat qilgan. Unga Etimod ud-davla – davlat tayanchi unvoni berilgan.

 

Yoshligida yaxshi ta’lim-tarbiya olgan Nurjahon begim ulg‘ayganda go‘zalligi bilan birga oqila ayol ham bo‘lgan. Arab va fors tillarini puxta o‘rgangan, fors tilida she’rlar yozgan.

 

U 1594-yilda Ali Quli (Sher Afg‘on)ga turmushga chiqadi va ularning Ladli begim ismli qizi bo‘lgan. Sher Afg‘on 1607-yilda Bengalda chiqqan isyonni bostirish paytida halok bo‘ladi. Shundan keyin Nurjahon begim qizi bilan boburiylar haramiga ko‘chib boradi. U Akbarshohning rafiqasi Salima Sulton begim xizmatiga kiradi.

 

 

Nurjahon begim 1611-yilda Jahongirga turmushga chiqadi. Aqlli va kuchli ayol sifatida Jahongirning hukmronligi davrida unga maslahatlar bergan. Bundan ko‘rinadiki, u siyosiy hayotda faol bo‘lgan. Malika shahzodalar, viloyat boshqaruvchilari, hind rojalari, savdogarlar va chet ellik sayohatchilarning hukmdor bilan munosabatlarida faol qatnashgan. 1623-yilda shahzoda Xurram – Shohjahon otasiga qarshi qo‘zg‘olon ko‘targanda, Nurjahon begim ularni yarashtirib qo‘yadi. 1625-yilda Muhabbatxon boshchiligida Jahongirga qarshi isyon ko‘tarilganda, qo‘zg‘olonni bostirishda asosiy rolni bajaradi. Saroyda uning bunday kuch-qudratga egaligi faqatgina hukmdor rafiqasiligi bilan bog‘liq emas edi. Nurjahon begimning otasi Etimod ud-davla vazir, akasi Asafxon bir necha yuz ming qo‘shin boshlig‘i edi. Bularning bari Nurjahonning siyosiy faoliyatini mustahkamlab turgan.

 

Jahongir ham davlat boshqaruvida Nurjahonning maslahatlaridan foydalangan. Uni qattiq hurmat qilib, e’zozlagan. Uning sharafiga mamlakatda chiqariladigan kumush tangalarga “nurjahoni” nomi berilgan. Boburiylar davrida malikalar yashaydigan saroylar haram emas, mahal deb yuritilgan. Nurjahon begim saroyi esa Nur Mahaliy deb nomlangan. Unga hatto, farmon chiqarish huquqi ham berilgan. Imperator muhri ham unda turgan. Bularning barchasi Jahongirning ayollarga bo‘lgan hurmati namunasidir.

 

Nurjahon begim siyosiy hayotdan tashqari, ijtimoiy sohalarda ham faol bo‘lgan. Xususan, u savdo bilan shug‘illangan. Bir qancha kemalarga egalik qilib, indigo va kiyim savdosini yo‘lga qo‘ygan. Bu ishlarda unga akasi Asafxon yordam bergan. Inglizlar bilan savdoni yaxshilashga harakat qilishgan, chunki portugallar bilan ularning munosabati yaxshi bo‘lmagan.

 

Boshqa davlat malikalari bilan ham yaxshi munosabatlar o‘rnatgan. U ashtarxoniy hukmdor Imomqulixonning onasidan maktub olib, javob tariqasida Nurjahon Xo‘ja Nosirni Samarqandga sovg‘a-salomlar bilan jo‘natgan.

 

Shuningdek, Nurjahon begim yaxshi shoira bo‘lgan va boy kutubxonaga egalik qilgan. Kambag‘al qizlarning o‘qishi uchun pul ajratib turgan. San’atning rassomchilik turiga ham qiziqib, kiyimlarga va matolarga rasm chizgan.