Diniy mavzudagi adabiyotlar ko‘p nusxada nashr etila boshlanganidan so‘ng shu sohaga oid so‘z va iboralar turlicha yozilib, qo‘shimchalar turlicha qo‘llana boshlandiki, ularni bir xil usulda yozish va qo‘llash masalasida hamon bir to‘xtamga kelinmadi. Yakuniy xulosaga kelinib, amalda qo‘llanilayotganlari ham bir oz andisha uyg‘otayotir. Xususan, -lar qo‘shimchasi ham ilm va ijod ahli o‘rtasida ko‘plab bahs-u munozaralarga sabab bo‘lmoqda. Bir toifa hurmatli shaxslar otiga -lar qo‘shimchasini qo‘shib aytishsa, boshqa toifa buni inkor etib, -lar ko‘plik qo‘shimchasi ekanini iddao etadi va: “otamlar”, deganda “uning otasi ko‘pmi?” degan savol paydo bo‘lib qoladi”, deydi.
Mamlakatimizning peshqadam axborot agentligi O‘zA va yetakchi nashrlari “Tafakkur” jurnali, “Xalq so‘zi” gazetasida -lar qo‘shimchasi faqat ko‘plik ma’nosida qo‘llanadi. Biroq diniy nashrlarda -lar qo‘shimchasi ko‘plik bilan birga shaxsga hurmat ifodasi ma’nosida ham qo‘llanmoqda. Masalan, “Payg‘ambar sollalllohu alayhi vasallam aytdilar”, “Shayx hazratlari keldilar” va shunga o‘xshash.
Nega bunday bo‘layotganini bilish uchun tilimizda ushbu qo‘shimcha qanday vazifalarni bajarishiga e’tibor qaratmog‘imiz lozim. Jumladan, 2015-yil nashr etilgan “O‘zbek tilidan ma’ruzalar to‘plami”da bunday yozilgan:
-lar qo‘shimchasining uslubiy vazifalari
Agar qo‘shimcha o‘z vazifasini bajarsa, bu uning morfologik vazifalari hisoblanadi. Masalan, kitoblar so‘zida -lar qo‘shimchasi grammatik ko‘plikni ifodalamoqda. Bu esa uning vazifasi, ya’ni morfologik vazifasi sanaladi. Agar qo‘shimcha o‘z vazifasidan boshqa vazifalarni ham bajarsa, bu uning uslubiy vazifasi hisoblanadi. Masalan, Onamlar keldilar gapida -lar qo‘shimchasi hurmat ma’nosini ifodalamoqda. Bu uning o‘z vazifasi emas (yuqorida ta’kidlaganimizdek, -lar qo‘shimchasining vazifasi grammatik ko‘plikni hosil qilish), balki uslubiy vazifasidir.
Otlarning ko‘plik shakli ko‘plik ma’nosidan tashqari hurmat, umumlashtirish, kuchaytirish (ko‘zim – ko‘zlarim, labi – lablari) ma’nolarini ham ifodalashi mumkin:
1. Hurmat ma’nosi. -lar qo‘shimchasi qarindoshlik munosabatini bildiruvchi shaxs otlari (dada, ona, oyi, amma, xola, tog‘a, aka, opa kabi so‘zlar)ga qo‘shilganda 1 va 2-shaxs egalik qo‘shimchalaridan oldin kelsa grammatik ko‘plik, keyin kelsa hurmat ma’nosini ifodalaydi.
Qiyoslang:
Akalarim keldilar – grammatik ko‘plik – 1-shaxsda;
Akamlar keldilar – hurmat – 1-shaxsda;
Akalaring keldilar – grammatik ko‘plik – 2-shaxsda;
Akanglar keldilar – hurmat – 2-shaxsda;
Uchinchi shaxsda esa -lar qo‘shimchasi o‘z ma’nosiga qarab ko‘plik yoki hurmatni bildiradi. Qiyoslang: Dadamning akalari keldilar. Bu yerda hurmat yoki ko‘plik ma’nosi ifodalangan.
2. O‘zi qo‘shilayotgan otning ma’nosini kuchaytirish. -lar qo‘shimchasi faqat birlik sonda qo‘llaniladigan inson a’zolari yoki mavhum otlarga qo‘shilganda ma’noni kuchaytiradi: Sizlarga qarab zavqlarim (zavq – mavhum ot) toshib ketdi. Boshlarim (bosh – inson a’zosi nomi) og‘rib ketdi.
Solishtiring: ko‘zlarimga ishonmayman (O‘tkan kunlar). Bu jumladagi ko‘zlarimga so‘zini birlik shaklga – ko‘zimga shakliga almashtirib ko‘ring. Ikkinchi holat bilan birinchi holat bir xil ma’noni – birlik ma’nosini (bir kishining ko‘zini) ifodalasa ham, lekin bu ikki holat ta’sirchanlik, ifodalilik belgisiga ko‘ra bir-biridan farq qiladi. Birinchisida yuqoridagi belgilar bor, ikkinchi holatda esa yo‘q. Ba’zan tasviriylik, ifodalilikni kuchaytiradi: ko‘z yoshini artdi – ko‘z yoshlarini artdi.
3. Umumlashtirish, jamlash ma’nosini bildirsa atoqli otlar turdosh otlarga aylanadi va kichik harf bilan yoziladi: O‘rtangan shirinlarning fojialari, yor vaslini biyobonlardan izlagan majnunlarning sarguzashtlari xayolimda jonlandi.
4. -lar qo‘shimchasi o‘zlik olmoshiga qo‘shilganda kesatish, mazax yoki hurmat ma’nosini bildiradi. O‘zlari ham kelibdilar-da – kesatish. Majlisni raisning o‘zlari olib bordilar – hurmat.
5. Donalab sanalmaydigan narsa va hodisalarni bildiruvchi otlar birlik shaklda kelsa ham, aslida, jamlikni bildiradi. Masalan, “Ko‘chaga qum to‘kilgan” yoki “Ariq to‘la suv, ichgani tashna bolam”. Bunday so‘zlar ko‘plik shaklini olganda ko‘pincha narsa va hodisaning xilma-xil ekanini bildiradi. Suvlar (gazli suv, mineral suv kabi); bozordagi unlar. Do‘konlarda nonlar va ichimliklar sotilmoqda. Tumanimiz markazida yog‘lar ishlab chiqarilmoqda.
6. -lar qo‘shimchasi atoqli otlarga qo‘shilganda birgalikda ekanlik ma’nosini bildiradi: Musobaqada Olimlar (ko‘p olimlar emas, Olim va uning o‘rtoqlari) g‘olib bo‘lishdi. Yozda Buxorolarni (ko‘p Buxoroni emas, Buxoro va uning atroflarini yoki Buxoroning turli nuqtalarini) aylanib keldim.
7. -lar qo‘shimchasi payt va masofani bildiruvchi so‘zlarga qo‘shilganda chama, taxmin ma’nosini bildiradi. Soat beshlarda boraman. Bodom fevralning oxirlarida gullaydi. Metrogacha ikki yuz metrlar yurasiz (Nargiza Erkaboyeva. O‘zbek tilidan ma’ruzalar to‘plami. Toshkent, “Akademnashr” 2015, 149-151 betlar).
Ushbu ta’rifdan ayon bo‘ladiki, -lar qo‘shimchasining vazifasi ba’zilar o‘ylagandek, ikki xil: hurmat va ko‘plik emas, yetti xil ekan.
Endi o‘sha asosiy bahsga sabab bo‘layotgan ikki masalaga kelsak, agar qo‘shimcha o‘z vazifasini bajarsa, bu uning morfologik vazifalari hisoblanadi. Masalan, kitoblar so‘zida -lar qo‘shimchasi grammatik ko‘plikni ifodalamoqda. Bu esa uning morfologik vazifasi sanaladi. Agar qo‘shimcha o‘z vazifasidan boshqa vazifalarni ham bajarsa, bu uning uslubiy vazifasi hisoblanadi. Masalan, Onamlar keldilar gapida -lar qo‘shimchasi hurmat ma’nosini ifodalamoqda. Bu uning o‘z vazifasi emas (yuqorida ta’kidlaganimizdek, -lar qo‘shimchasining vazifasi grammatik ko‘plikni hosil qilish), balki uslubiy vazifasidir.
Demak, yetakchi ommaviy axborot vositalari -lar qo‘shimchasining grammatik ko‘plikni hosil qilish vazifasini olganlar, diniy nashrlar esa uning morfolik vazifasi bilan birga uslubiy vazifasini ham olgan.
Shu nuqtai nazardan, shaxsning ismiga -lar qo‘shimchasini qo‘shmasa ham, qo‘shib yozsa ham xato bo‘lmaydi. Faqat bu borada bir to‘xtamga kelib olinmog‘i zarur. Bizning fikrimizcha, diniy soha xodimlari va diniy nashrlar ushbu qo‘shimchaning ikki vazifasidan ham faol foydalanishda davom etgani tuzuk. Negaki, Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamning ismlariga -larni qo‘shib aytmaslik sira ham yarashmaydi. Shuningdek, Payg‘ambar alayhissalomning merosxo‘rlari bo‘lgan zotlar Imom Buxoriy, Imom Moturidiy kabilar va zamonamiz olimlarining ham ismiga -larni qo‘shib aytmasa odam go‘yoki ularga hurmatsizlik qilayotgandek xijolat tortadi.
Aslini olganda, bu yaqin yillarda paydo bo‘lgan muammo emas, shu yillarda ko‘zga chalinib qoldi xolos. Chunonchi, Hazrat Navoiy “Majolis un-nafois” asarida Amir Qosim Anvor quddisa sirruhu haqida yozganlarida “Yigitliklarida shayx Sadriddin Ardabiliy quddisa sirruhug‘a murid bo‘ldilar va sufiya odob va tariyqin andin takmil qilib shayx ishorati bila Xurosong‘a keldilar”, degan bo‘lsalar; boshqa o‘rinda “Mavlono Kotibiy – o‘z zamonining benaziri erdi. Har nav’ she’rg‘aki, mayl ko‘rguzdi, anga maoniyi g‘ariba ko‘p yuzlandi, bataxsis, qasoidda balki ixtiro’lar ham qildi va ko‘p yaxshi keldi”, deganlar.
Buni qarangki, bir asarning o‘zida -lar qo‘shimchasi hurmat-ehtirom ma’nosida ham qo‘llanyapti, ham qo‘llanmayapti.
Bundan ayon bo‘ladiki, ushbu qo‘shimchani qanday qo‘llash masalasida bir to‘xtamga kelib olishimiz talab qilinayotgan ekan, xolos.
Tilimizga oid bu kabi muammolar juda ham ko‘p. Maqolaning hajmi kattarib ketmasin degan andishada bitta qo‘shimcha bilan kifoyalanib qo‘ya qoldik. Ammo ishonchimiz komilki, bu yurtimizdagi nufuzli dinshunos, tilshunos, atamashunos olimlarimiz va OAV vakillari ishtirokida bir anjuman o‘tkazib muhokama qilishga arziydigan mavzu.
Damin JUMAQUL
Foto by: Abdumannon MUHAMMAD
Tarix
Adabiyot
Tarix
Tarix
San’at
Jarayon
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q