Debocha
Turkiston Rossiya imperiyasining mustamlakasi bo‘lgan davr – XIX asrning ikkinchi yarmi – XX asr boshlarida mahalliy xalqning milliy va diniy qadriyatlari, urf-odatlari oyoqosti qilindi. Mustamlakachilar islom dini zaminida vujudga kelgan odob-axloq me’yorlari, ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar tizimini izdan chiqarishni ham o‘z oldilariga maqsad qilib qo‘ygan edilar. Bu xususda turli qonunlar ham chiqarilgandiki, ular mahalliy xalq manfaatiga butunlay mos kelmasdi. Ushbu makkorona siyosat haqida M.Behbudiy o‘zining “Bizga islohot kerak” sarlavhali maqolasida (“Najot” gazetasi. 1917-yil 17-aprel) shunday deydi: “Missionerlar tarafidan va yoyinki bizni yo‘q va nobud bo‘lishimizni va shariati muqaddasamizni hukmdan qolishini xohlatadurg‘on eski va mustabid hukumat odamlari tarafidan shunday zakonlar chiqardi”.
O‘lkada hukmronlik qilgan chor ma’murlarining tazyiqiga qaramasdan, ulamolar shariat axkomlariga qat’iy rioya qilishga katta e’tibor bergan, o‘lkaga kirib kelayotgan yevropacha madaniyatning salbiy jihatlaridan fuqarolarning saqlanishiga qaratilgan faoliyat olib borgan.
Bu esa mustamlakachilarning o‘lkada o‘z hukmronligini mustahkamlashga asosiy to‘siqlardan biri bo‘lgan. Shuning uchun ham ular ehtiyotkorlik bilan ulamolarning mahalliy aholiga ta’sirini susaytirishga qaratilgan choralar ko‘rgan. Ulamolarning jipslashuviga to‘sqinlik qilingan, musulmon diniy tashkilotlarining – masjid, madrasa va boshqalarni birlashtiruvchi rahbar organ – Mahkamai shar’iya tashkil qilishiga yo‘l berilmagan.
Jamiyatning tashkil etilishi
Muborak aylagay olamlara Haq ushbu jamiyat,
Bu jamiyatga bois bu zamonda bo‘ldi hurriyat.
G‘urbatiy
Rossiya imperiyasining diniy qadriyatlarga bo‘lgan shu kabi munosabatidan norozi bo‘lgan ulamolar 1917-yilda vujudga kelgan hurriyatni zo‘r xursandchilik bilan qarshi oldilar. Ular ham o‘z navbatida yuzaga kelgan ozodlik zamonidan unumli foydalanib, millat erkinligi yo‘lida bir yoqadan bosh chiqarishni muhim va zarur deb hisobladilar.
Natijada 1917-yilning iyun oyida Toshkentning bir guruh ulamolari milliy ozodlik harakati uyushtiruvchisi bo‘lgan “Sho‘roi islomiya” jamiyati bilan umumiy ish ko‘rib, millatlar hamda musulmonlarning axloqiy asoslarini muhofaza qilishni ko‘zda tutib “Ulamo” jamiyatini ta’sis etdilar.
“Ulamo” tushunchasiga izoh
Mazkur jamiyat, uning maqsad-u vazifalari xususida ma’lumot berishdan oldin o‘sha davrdagi “ulamo” tushunchasiga izoh berib o‘tish joiz. Avvalo, “ulamo” aslida arabiy kalima bo‘lib, lug‘aviy ma’nosi “olimlar”dir.
XX asr boshlarida “ulamo” tushunchasi ijtimoiy ma’no kasb etardi. Bunday paytda “ulamo” deyilganda, asosan, madrasalarni tamomlagan, diniy va dunyoviy ilmga ega bo‘lgan ziyoli kishilar tushunilgan. Hozirgi kunimizda ham “ulamo” deganda biz aynan diniy ilmlarga ega bo‘lgan islom dini peshvolarini tushunamiz. Biroq tadqiq etilayotgan davrda siyosiy maqsadlar sari intilishlar ham kuchayib borgach, jadidlar bilan ayrim masalalarda muxolifatda bo‘lgan o‘lka ziyolilari “ulamolar” deb atala boshlandi va mazkur tushuncha siyosiy ma’noda qo‘llaniladigan bo‘ldi. Bunga bevosida Toshkent ulamolarining bir jamiyatga birlashishi hamda bu jamiyatning olib borgan faoliyati ham muhim omil bo‘lganini ta’kidlash o‘rinlidir.
Jamiyatning rasmiy nomi qanday?
Turkiston/O‘zbekistonning XX asr boshidagi tarixiga bag‘ishlangan deyarli barcha tadqiqotlarda jamiyatning nomi “Sho‘roi ulamo” yoki “Sho‘royi ulamo” tarzida noto‘g‘ri berib kelingan. Hattoki, 2000-yilda nashr etilgan “O‘zbekiston yangi tarixi” kitobining II jildida ham jamiyat nomi shu tarzda berilgan. 2022-yilda nashr etilgan “O‘zbekiston tarixi (Eng qadimgi zamonda bugungi kungacha)” kitobining I jildi “Sovetlar hukumronligi davri” nomli bo‘limida ham “Sho‘royi ulamo” shaklida yozilgan. Tarixchi olim, professor Q.Rajabovning 2023-yilda nashrdan chiqqan “Turkiston Muxtoriyati tarixi” monografiyasi I bob 1.4-bo‘limi esa “Sho‘royi Ulamo” yoki “Ulamo” jamiyati tarixiga bir nazar” deb nomlangan. Kitobning annotatsiya qismi va mundarijada bo‘lim nomi “Ulamo” jamiyati tarzida, lekin ichki matnlarda “Ulamo jamiyati” shaklida har ikkala so‘z qo‘shtirnoqda berilgan.
Qiziq jihati shundaki, sovet davrida 70-yillargacha yozilgan adabiyotlarda jamiyat nomi “Ulamo” jamiyati tarzida to‘g‘ri berilgan, kim tomonidan “Sho‘royi ulamo” tarzida ilk marta qo‘llanilganini, afsuski aniqlab bo‘lmadi.
Ma’lumki, 1917-yilda “Bor hukumat sho‘rolarga!” (ruschada: «Вся власть советам!») shiori ommaviy bo‘lgan. “Sho‘roi islomiya” tashkilotchilari ham o‘zlarining o‘lkaning musulmon aholisi manfaatlarini himoya qiluvchi tashkilot ekanlarini ko‘rsatish maqsadida tashkilot nomiga “Sho‘ro” so‘zini qo‘shgan bo‘lishi mumkin. Bu so‘z ommabop bo‘lgani uchun keyinchalik sovet tarixshunoslari tomonidan “Ulamo” jamiyati nomiga ham qo‘shib yuborilgan bo‘lishi ehtimoli bor.
Biroq tadqiqotlar natijasida hech qanday rasmiy hujjatda “Ulamo” jamiyatining nomida “Sho‘ro” so‘zi uchramadi. Jamiyatning dumaloq muhrida ham “Ulamo” jamiyati Toshkent shahri (arab imlosida) va “Организация Улема стар.города Ташкента” deb qayd etilgan.
Ruschadagi “oрганизация” so‘zi ham o‘zbek tilida “tashkilot” bo‘ladi. Nima sababdan “jamiyat” so‘zi “oбщeство” emas “oрганизация” deb berilgani tushunarsiz. Aytish kerakki, rus manbalarida “Sho‘roi islomiya”ga nisbatan ham “oрганизация” so‘zi ishlatilgan.
Maqsad va maslak
Yangi tashkil etilgan “Ulamo” jamiyati musulmon fuqarolar orasida diniy zaminda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan har xil shikoyat va anglashilmovchiliklarni hal etish va tushuntirish kabi vazifalarni o‘z faoliyatining asosiy yo‘nalishlari sifatida belgilab oldi. Mazkur vazifalar jamiyat nizomida ham o‘z aksini topdi.