Buxoro amirligi XIX asrning oxiri – XX asr boshlarida mutlaq monarxiya tartiblariga asoslangan davlat bo‘lib, mamlakatni boshqarish merosiy hisoblangan. Bu paytda amirlik tepasida mang‘itlar sulolasining so‘nggi vakillaridan Sayyid Abdulahadxon edi, u mamlakat tinchligi, osoyishtaligi va faravonligini ko‘zlab davlatni boshqargan.
Abdulahadxon amir Muzaffar (1860–1885)ning 14 o‘g‘lidan to‘rtinchisi edi. Dastlab amir Muzaffar to‘ng‘ich o‘g‘li Abdumalik To‘ra (1848–1909)ni taxt vorisi etib tayinlaydi. Ammo rus istilosi davrida (1868) ota-o‘g‘il o‘rtasida ixtilolar kelib chiqishi natijasida amir Muzaffar uni toj-taxt vorisi huquqidan butunlay mahrum etadi. Ayni paytda Chorjo‘y begi vazifasida bo‘lib turgan o‘g‘li Nuriddin (1851–1878)ni toj-taxt vorisi etib tayinlamoqchi bo‘lganda, to‘satdan vafot etadi. So‘ngra o‘g‘li Abdulfattoh (1856/57–1869)ni taxt vorisi etib tayinlab, 1869-yilda rus imperatori Aleksandr II huzuriga yuboradi va taxt vorisligiga imperator roziligini olishga erishadi. Ammo to‘satdan Abdulfattoh ham vafot etadi. Shundan so‘ng amir Muzaffar Abdulahadxonni taxt vorisi etib tayinlaydi. Uni 1883-yili rus imperatori Aleksandr III (1881–1894) huzuriga – Peterburgga Buxoro taxtiga bo‘lajak vorisligini tasdiqlatish uchun yuboradi. Abdulahadxon bilan birga Hisor hokimi Ostonaqul qo‘shbegi (1860–1923), Mirza Salimbek (1848/50–1930) parvonachi va boshqalar borishadi.
1883-yilgi Peterburg sayohati Abdulahadxon qarashlarida tub burilish yasab, unda islohotchilik kayfiyati paydo bo‘ladi. Buxoroning jahon taraqqiyotidan ancha ortda qolganini anglab, hamma sohalarda jiddiy o‘zgarishlar qilish zarurligini tushunib yetadi. 1885-yil 31-oktyabrda amir Muzaffar 62 yoshida vafot etgach, Karmana hokimi bo‘lib turgan 28 yoshli Abdulahadxon 1885-yil 4-noyabrda valiahd sifatida amirlik taxtiga o‘tiradi.
Amir Abdulahadxonga bu davrda Buxorodan uzoqda yashayotgan akasi – Buxoro taxti da’vogari Abdumalik To‘ra xavf solib turardi. Otasining og‘ir kasal ekanini eshitgan Abdumalik 1885-yil kuzidan Buxoro taxtini egallashga urina boshlaydi. U Hisor hokimi bo‘lgan ukasi Abdulmo‘min (1852–1894/98) bilan birgalikda hokimiyatni egallamoqchi bo‘ladi. Ularga inglizlar, Afg‘oniston amiri Abdurahmon, Ko‘lob begi Sarixon ko‘maklashishga va’da beradilar. Hatto Turkiston general-gubernatori fon-Kaufman (1818–1882; general-gubernatorlik yillari – 1867–1882) Rossiya Tashqi ishlar vaziriga yozgan maktubida “Butun Buxoro xalqi Abdumalikni kutmoqda” deb xabar bergan edi.
Xuddi shu davrda Chorjo‘y begi, Muzaffarning yana bir o‘g‘li Siddiqxon ham taxtga da’vo qilayotgan edi. Otasining o‘limidan xabarsiz Buxoroga yetib kelgan Siddiqxon uy qamog‘iga olingan va 35 yil (1885–1920) davomida siyosiy hayotdan chetlashtirilgan. U 1920-yili Buxoro amirligi tugatilgach Afg‘onistonga jo‘natilgan. Siddiqxon Hashmat taxallusi bilan she’rlar yozib, xalq orasida mashhur bo‘lgan.
Amir Abdulahadxon hokimiyat tepasiga kelganda, mamlakatda amaldorlarning sudxo‘rligi, mahalliy hokimlarning xalqqa o‘tkazayotgan zulmi beqiyos darajada ortib ketgan edi. Hatto, ayrim bek va hokimlar markaziy hokimiyatga bo‘ysunishdan bosh tortib, mustaqil bo‘lish uchun harakatlanayotgan edi. Mamlakat ijtimoiy hayotida ham bir qancha qusurlar mavjud bo‘lib, amaldorlar o‘rtasida poraxo‘rlik, ta’magirlik avj olgan, jamiyatda giyohvandlik, bachchabozlik, qimorbozlik keng tarqalgan edi. Bu illatlarga barham berish maqsadida Amir Abdulahad sud-huquq tizimini tartibga solishga kirishgan hamda ta’magirlik va poraxo‘rlik qilgan amaldorlarni lavozimidan ozod qilgan. Barcha viloyat qozilarini ishdan olib, o‘rniga yangi qozilarni tayinlagan.
Nasha chekish, ko‘knor ichish, bachchabozlik, qul savdosi, qatl qilish, tan jazolari amir buyrug‘i bilan rasman man qilingan. 1886-yili amir Abdulahadxon amirlikdagi zindonlarning bir qismini yopishga buyruq bergan va Buxoro shahridagi kanaxonani ko‘mdirgan.
Amir Abdulahadxonning ruxsati bilan 1888-yili Rossiya harbiy ishlar vazirligi tomonidan Buxoro-Samarqand temir yo‘li qurilgan. Pochta, telegraf va telefon xizmatlarini ham joriy etgan.
Amir o‘z hisobidan Kogondan Buxorogacha 12 km.li temir yo‘l qurishga qaror qilgan. Uning moliyaviy ko‘magi bilan Amudaryodan o‘tuvchi temir yo‘l ko‘prigi loyihalashtirilib, 1898-yilning 17-oktyabridan 1901-yilning 27-mayigacha 750 metrlik ko‘prik qurilgan. Ko‘prik qurilishiga 3.468.000 rubl miqdorda sarflangan pul amir tomonidan berilgan bo‘lsa-da, uning tepasidagi lavhda “Bu ko‘prik Nikolay II (1868–1918; hukmronlik yillari 1894–1917) hazratlari tomonidan, amir Abdulahad ishtirokida qurildi”, deb yozib qo‘yilgan.
Amir Abdulahadxon hukmronligi davrida bir necha bor Moskva va Sankt-Peterburgda rasmiy tashrif bilan bo‘lgan. Uning Rossiyaga navbatdagi safari 1892-yil dekabrida boshlangan bo‘lib, bunda u o‘g‘li Mir Sayyid Olimxonni Peterburgdagi harbiy oliy maktabga o‘qishga joylashtirish maqsadida borgan. Va o‘zining 1892-yil dekabr – 1893-yil fevral oylari davomidagi safari tafsilotlarini kundalik tarzida yozib borgan. Ushbu kundalik Ismoilbek Gaspirinskiy tomonidan 1894-yili Qozonda “Buxoro amiri hazratlarining kundaligi” sarlavhasi ostida nashr qilingan.
1892-yil dekabrda amir Abdulahadxon, o‘g‘li valiahd shahzoda Mir Olim to‘ra va saroy amaldorlaridan Durbinbiyqul Qo‘shbegi, Turobqulbiy Parvonachi Sarkarda, Ostonaqulbiy Parvonachi Zakotchi, Hazratqul To‘qsoba, Mirzo Ahmad Mushrif hamda Muhammad Yunus Miroxo‘rboshi hamrohligida Peterburg safariga otlangan. Vaqtinchalik mamlakatni boshqarib turishni Mulla Mir Badriddin qozikalon, Tursunxo‘ja Sadr hamda Mulla Jonmirzabiy Parvonachidan iborat 3 kishilik Kengashga topshirgan.
Amir Abdulahad Peterburgga safari davomida Asxabod (Ashxabod), Boku, Tiflis (Tbilisi) kabi shaharlarda ham bo‘lib, u yerdagi ijobiy o‘zgarishlarni diqqat bilan kuzatgan. Amir va uning hamrohlari Tbilisi shahridagi 800 talaba tahsil olayotgan gimnaziya faoliyati bilan tanishganlar. Gimnaziya o‘quvchilari o‘zlarining harbiy mashqlari, kitobdan olgan bilimlari, musiqa sohasidagi mahoratlarini namoyish etganlar.
Peterburgda esa imperator tomonidan aholining xavfsizligi yo‘lida tashkil qilingan o‘t o‘chirish komandasining faoliyati hamda davlat hisobidan faoliyat ko‘rsatuvchi har ikki jinsdagi ko‘r va kar bolalar uchun ta’sis etilgan maktabni borib ko‘radi. Maktabda bolalar o‘qish, yozish va imo-ishoralar yordamida so‘zlashishga o‘rgatilgan. U bir nechta bo‘limlardan iborat bo‘lib, yigitlar va qizlar alohida bo‘limlarda tahsil olgan. Ahvoli nochor ota-onalarning farzandlari yoki butkul ota-onasiz yetimlarga bu yerda har birining iqtidoriga qarab turli hunarlar o‘rgatilgan, xususan, qizlar kashta tikish, turli taomlar tayyorlash va o‘zlariga mos ishlarni o‘rgansa, o‘g‘il bolalar duradgorlik, tikuvchilik, etikdo‘zlik va boshqa shu kabi hunarlarni egallaganlar. Mazkur ta’lim tizimi nogiron yigit-qizlarga maktabni bitirib chiqqach, biror hunar bilan mashg‘ul bo‘lib, chetdan yordamga muhtoj bo‘lmay, o‘z mehnati evaziga turmush kechirish imkonini bergan.
Amir Abdulahadxon topshirig‘iga ko‘ra, 1897-yili Buxoro shahrida nogiron va muomalaga layoqatsizlar uchun zamonaviy tartibdagi nogironlar uyi tashkil etilib, ular kuniga ikki mahal issiq ovqat bilan ta’minlangan. Xuddi shu davrda amir homiyligi va nazorati ostida Buxoro shahrida zamonaviy shifoxona va dorixona faoliyat yuritgan.
1893-yilning fevral oyida amir Bog‘chasaroy, so‘ngra Sevastopol shahriga borgan va u yerda Ismoilbek G‘asparalini qabul qilib suhbatlashgan hamda uni Buxoroga taklif qilgan. Bu uchrashuvda Ismoilbek G‘asparali “Safarnomai oliya”ni kitob holida nashr qilishga va Buxoro aholisi uchun “Muallimi lisoni rusiy” nomida bir darslik yozishga va’da bergan.
Amir Buxoroga qaytishda Tbilisi shahridagi ipakchilik stansiyasi va o‘t o‘chirish komandasining kazarmasi ish faoliyati hamda Bokudagi kerosin zavodi, u yerdagi asbob-uskunalar va ularning ishlashi strukturasi bilan tanishgan.
Ashxabodda amir va uning hamrohlarini general Kuropatkin kutib olgan va amir sharafiga harbiy ko‘rik o‘tkazgan. Harbiy ko‘rik tugagach, ularni bir tomonda kazaklar, ikkinchi tomonda turkman mirshablari chavandozlik qilib kuzatib borganlar. Amir “kundaligi”da turkman sarbozlari haqida: “Haqiqat yuzasidan aytish kerakki, turkman mirshablari kazaklardan biroz bo‘lsa-da qolishmas edilarki, bu hol bizning nazarimizda qadimda o‘tgan donolarning “Ikki narsa bir-birining ko‘magisiz biron qimmatga ega emas”, degan hikmatli so‘zlarning isboti bo‘lib xizmat qilardi. Shuning bilan birga turkmanlarning harb ishda erishgan muvaffaqiyatlari bizda Buxoro qo‘shinini ham tubdan qayta qurish niyatini tug‘dirdi, zero turkmanlar ko‘p jihatdan Buxoro xalqlaridan past turadilar. Hech shubhamiz yo‘qki, Buxoro lashkarlaridan tajribali Ovrupo harbiy mutaxassislari rahbarligida munosib jangchilar yetishib chiqadi va ular, zarurat tug‘ilganda ham o‘z vatani uchun, ham do‘stlar uchun foyda keltiradi”, deb yozgan.
Amir Abdulahadxon 1895-yili tarkibi 2000 kishidan iborat bo‘lgan, amirlikning yirik shaharlarida xizmat qilishi mo‘ljallangan Buxoro militsiyasini tuzgan. 1908-yili esa armiya sonini qisqartirgan. Bu paytda armiyada 12 batalondan iborat piyoda, ya’ni 8200 sarboz, 52 ofitser va 12 batalon komandiri, 2 ta otliq eskodriya (600 soldat, 5 ofitser, 2 ta eskodran komandiri) va 300 to‘pchi mavjud edi.
Amir Abdulahad ma’rifatparvar hukmdor sifatida davlat ravnaqi uchun maorifning salmog‘i nechog‘li ekanini anglab yetgan. Jadidchilik harakatining asoschisi Ismoilbek G‘asparali “Tarjimon” gazetasida Abdulahadxonni “Ma’rifatli amir”, “Buxoro hayoti va davlat boshqaruvini isloh qilishga intilayotgan yosh amir” sifatida ta’riflagan.
Ismoilbek G‘asparali 1893-yili Buxoro amirligiga kelgan va sayohati taassurotlari asosida “Turkiston sayohatlari” nomli asarini yozgan.
Uning Buxoro amirligi haqidagi dastlabki taassurotlari Chorjo‘y bekligidan boshlanadi va beklik haqida: “Yangi bir dunyoga kelgandek ko‘nglimiz nurlarga to‘ldi, latif bir viloyat bag‘rida edik. Atrof don-dun dalalari, mevali bog‘lar, terakzorlar va tolzorlar, sharqirab oqayotgan ariqlar bilan bezangan edi. Bu yashillik orasida paxsali imoratlar, qal’alar, qishloqlar, qo‘rg‘on-u qo‘rg‘onchalar... Bu go‘zal yerlar Buxoro xonligining Chorjo‘y bekligiga mansub ekan”, deydi.
Amir Abdulahadxon topshirig‘iga binoan tosh yotqizilgan temir yo‘l bekati va Buxoro orasidagi 11 verstlik (11,66 km) yo‘ldan borar ekan, amirning bu bunyodkorlik ishini xalqparvarlik samarasi, deb ataydi.
Ismoilbek G‘asparali o‘z asarida Buxoro amirligining poytaxti bo‘lgan Buxoro shahri toza va ozodaligi, o‘lkada o‘g‘rilik hodisasi nihoyatda kamligi, mayxonalar yo‘qligini aytib, “100 yil oldin bizning Qirimda ham shunaqa edi”, deb yozadi. Buxoroda faoliyat ko‘rsatayotgan Rossiyaning pochta va telegrafxonasi faoliyatiga ham alohida urg‘u berib o‘tadi. Buxoro bozorlarida Rossiya, Turkiston, Xitoy, Eron, Hindiston va ingliz davlatlaridan keltirilgan turli xil mahsulotlar sotilishi va bozorlaring gavjumligini ko‘rib, “Buxoro bozorlariga bir-bir nazar tashlansa, uning Turkiston o‘lkasida eng birinchi mahalliy savdo-sotiq maskani ekani ayon bo‘ladir”, deb ta’rif beradi.
Ismoilbek G‘asparali talabalar ta’tilga chiqib ketgan bo‘lishiga qaramay bir qator madrasalarni kirib ko‘rib, talabalar bilan suhbatlashadi. Madrasalarning barchasida o‘qitish eski usulda ekanidan, arabiy ilmlar va adabiyotdan boshqa fanlar o‘qitilmasligidan afsuslanadi. Boshlang‘ich maktablardagi ahvoldan tashvishlanib, jadid maktablari tashkil etishni tavsiya qiladi.
Madrasalardagi ta’lim tizimi haqida: “Oliy madrasalarda diniy ilmlar yuksak saviyada o‘qitiladir. Lekin mo‘g‘ullar bosqinidan so‘ng islom o‘lkalari uchragan inqiroz va qoloqlikdan Buxoro ham mustasno emasdir. O‘tmish davrlarda e’tibor qozongan astronomiya, tib, handasa, kimyo va boshqa fanlar keyingi zamonlarda bu yerda unutilib yuborilgan. Umidvormizki, Tehronda, Istanbulda, Misrda, Bombeyda yangidan jonlangan bu tur ilmlar Buxoroyi sharifda ham tirilib qolar...”, deb yozadi.
Ismoilbek G‘asparali Buxoro shahri yaqinidagi mashhur Bahouddin Naqshband ziyoratgohiga borib, u yerga Xitoy, Qoshg‘ar, Hindiston, Afg‘oniston va Turkistonning har tarafidan ziyoratchilar kelib-ketishini aytib: “Sharq musulmonlari uchun bundan buyuk ziyoratgoh yo‘qdir”, deb ta’rif beradi.
Amir Abdulahadxon 1893-yil 12-iyunda Shahrisabzda Ismoil G‘asparali va uning hamrohi Majid G‘anizodani qabul qilib, ularga tashriflari uchun minnatdorchilik bildiradi. Ismoil Gaspirinskiy bu uchrashuvda amirga Rossiyadagi ta’lim tizimi haqida qisqacha ma’lumot beradi. Amir Abdulahad o‘zining tez-tez Peterburgga borib turishini quyidagicha izohlaydi: “Sulh va osoyish butunlay ta’minlansa, xudovandi olamning lutfi ila adh-u boshqaruvimga omonat qilinmish yuz minglarcha musulmon fuqaroning tinchlig-u iqbolidan boshqa fikrim va qayg‘um yo‘qdir”.
Amir Abdulahad davrida Buxoro shahrida jadid maktablari vujudga kela boshlaydi. 1897-yili Badriddin qozikalonning ruxsati bilan Mulla Jo‘raboy Ne’matulloh o‘g‘li Buxoro shahrida jadid maktabi ochgan. U Ismoilbek G‘asparalining “Xo‘jai sibyon” darsligini fors tiliga tarjima qilib, 13 nafar bolani o‘sha kitob bilan o‘qita boshlaydi. Bu haqda xabar topgan Ismoil G‘asparali ushbu maktabga 10 dona sarmashq va 1000 nusxa alifbo kitobini bosmaxonasida hadya sifatida bosib berishini aytadi. 1900-yilda ushbu maktabda imtihon o‘tkazilgan va uning so‘ngida savdogar Mirxon Porso o‘g‘li maktab va madrasalarda Tadrisni isloh qilish zarurligi haqida juda ta’sirli nutq so‘zlagan.
Rossiyaning Buxorodagi siyosiy agentining 1911-yil 27-yanvarda Ichki ishlar vaziriga yozgan 22-sonli xatida qayd etilishicha, 1902-1903-yillari Yangi Buxoroda tatar millatiga mansub Kaipov ismli muallim tomonidan Rossiya fuqaroligidagi musulmon bolalari uchun yangi usuldagi maktab tashkil etgan.
1907-yili Nizomiddin Sobitiy Buxoroda, o‘z uyida – qozi Mir Badriddin qozikalon ruxsati bilan tatar tilida yangi usul maktabini ochgan. Bu maktabda dastlab 10–12 nafar tatar bolalari o‘qigan. Ularga qozonlik tatar Abdurahmon Sa’diy o‘qituvchilik qilgan.
1908-yilning bahor faslida Ismoilbek G‘asparali Buxoroga ikkinchi bor tashrif buyurib, amir bilan Buxoroda uchrashgan. Bu safargi uchrashuv va ziyofatlar chog‘ida uning farzandi valiahd Mir Olimxonto‘ra bilan ham yaqindan tanishgan, uning o‘qimishli, rus tilini bilishi, dunyoviy ilm-fan va matbuotdan xabardor ekaniga ishonch hosil qilgan. Shuningdek, jadid maktablarini tashkil etish bo‘yicha tatar va buxorolik ma’rifatparvarlar bilan muzokara olib borgan. Muzokara yakunida mulla Nizom uyidagi maktab uchun hukumatdan alohida joy olish va unda buxorolik bolalar ham tahsil olishiga imkoniyat yaratish to‘g‘risida qaror qilingan va bu maktabga Ismoilbek G‘asparalining taklifiga ko‘ra marhum amir Muzaffar sharafiga “Muzaffariya” nomini berishga kelishib olingan. Ushbu masalalar yuzasidan Ismoilbek G‘asparali Buxoro amiri – Abdulahadxonga murojaat qilgan, amirga ham bu taklif ma’qul bo‘lgan, ammo keyinchalik ayrim ulamolar tazyiqi ostida takliflar to‘liq amalga oshmasdan qolib ketgan. Faqat, mulla Nizom uyidagi maktab Xolid Burnashev uyiga ko‘chirilgan va bir necha buxorolik bolalargina ushbu maktabga o‘qishga qabul qilinganlar.
Nizom Sobitiy maktabida darslar tatar tilida olib borilgani sababli unda buxorolik bolalarning tahsil olishi qiyinroq kechgan. Shuning uchun 1908-yilning oktyabrida Buxoro taraqqiyparvarlaridan Sadriddin Ayniy va Abduvohid Munzimlar tomonidan aynan buxorolik bolalar uchun jadid maktabi tashkil etilgan.
Abdulvohid Munzim ushbu maktabda 20–30 yoshli kishilar uchun kechki o‘quv kurslari tashkil qilib, katta yoshli talabalarga har kuni 2 soatdan dars o‘ta boshlaydi. Qisqa muddatda maktab xalq orasida shuhrat qozonadi. Maktabning dovrug‘i va xalqning unga intilishini ko‘rgan mutaassiblar mulla Qamariddin boshchiligida bu holatdan norozi bo‘lib, jadidlar maktabiga qarshi fitna qo‘zg‘atishga kirishadilar. Vaziyat murakkablashgach, qo‘shbegi va qozikalon maktabni yopish uchun yozilgan fatvoga muhr bosishga majbur bo‘lishadi. 1909-yil 26-sentyabrda Ostanaqul qo‘shbegi, qozikalon Baqoxo‘ja va Burhoniddin rais tomonidan ma’murlar kelib, mirzo Abduvohidga maktabning yopilganini rasman e’lon qiladilar.
Ismoilbek G‘asparali amir Abdulahad bilan Yaltada uchrashganida amir: “Bizni deganingiz Buxoroda bo‘ldi, ya’ni talabalar usuli jadida maktabi ochdilar, xalq o‘rgansun, maktabning muntazamini o‘zim ta’mir etib ochturaman... men arz tashakkur va duolar etdim”, deydi. Ammo oradan hech qancha vaqt o‘tmay, hukumat tomonidan maktablar yopib qo‘yiladi. Keyingi uchrashuvlarida Ismoil G‘asparali amirdan maktablarning yopib qo‘yilishi sababini so‘raganida u: “O‘lan yangi zamondir, eski zamon emas. Har maktabda usuli mashvarat joriy bo‘libdur. Biz Buxoroda ham g‘alvalar mashvarat ila bu yangi maktabning bo‘lmasligini xohish etibdurlar. Binobarin, maktab bog‘landi....”, deb javob beradi.
Amir Abdulahadxon hukmronligi davrida aholi sog‘ligini saqlashga qaratilgan bir qator tadbirlarni amalga oshiradi. 1889-yilda bezgak kasalini davolash uchun Rossiyadan 6000 rubllik dori sotib olgan. 1897-yilda esa “hind vabosi” kasalining mamlakatda tarqalishining oldini olish maqsadida chegaralardan hindlarni kiritmaslikka qat’iy amr bergan. Ammo hindlarning turli yo‘llar bilan Buxoroga kirib kelishi davom etavergach, qozikalon va devonbegi maslahati bilan afg‘on chegaralarida harbiy qo‘riqchilar joylashtirilgan. Shuningdek, vaboning tarqalishi munosabati bilan 1897-yili buxoroliklarning Haj safariga borishiga ruxsat berilmagan.
Amir Abdulahadxon hukmronligining so‘nggi yillarida amirlikning Qarshi va Shahrisabz, Qo‘rg‘ontepa, Qorategin (1905), Ko‘lob (1905, 1909) va Hisor (1909) bekliklarida mahalliy beklar va amaldorlar zulmiga qarshi qurolli qo‘zg‘olon bo‘lib o‘tadi. Amir qo‘zg‘olonning sabablarini aniqlab, ayrim bek va amaldorlarni lavozimidan ozod etadi hamda dehqonlarga bir qadar yengilliklar beradi. Bu davrda amirlikdagi shia va sunniylar o‘rtasida ham munosabatlar keskinlasha boshlaydi. Buxoro qo‘shbegisi Ostonaqul amir Abdullahadxonga sodiqlik bilan xizmat qilib, ba’zi bir obro‘li va daromadli lavozimlarga o‘ziga yaqin odamlarni tayinlaydi. Bundan sunniy mazhabidagi Buxoro qozikaloni Baqoxo‘ja va rais Burxoniddin norozi bo‘ladi. Buning ustiga 1908-yili Ostonaqul qo‘shbegining yordamida Buxoroda istiqomat qiluvchi shia-eroniylarga ularning muharram oyida o‘tkaziladigan motam marosimlarini ochiqdan ochiq nishonlashiga ruxsat beriladi.
1910-yil 9-yanvarda shunday marosimlardan birida shialarni sunniylar tomonidan mazax qilinishi va bunga javob tarzida bir sunniyning pichoqlanishi qonli harakatlarning boshlanib ketishiga bahona bo‘ladi. 1910-yilning 13-yanvarida amirning vorisi – Mir Olimxon Karmanadan Buxoroga yetib kelib, Ostonaqul qo‘shbegi, Sayid Olimxon, Mirob Ibrohim to‘qsabo kabi batalon komandirlarini, shuningdek, shahar atroflaridagi qishloqlardan kelib g‘alayonlarda ishtirok etgan 300 nafarga yaqin shia-forslarni Buxorodan chiqarib yuboradi.
Ostonaqul qo‘shbegining o‘rniga sunniy mazhabi vakili Nasrullobiy qo‘shbegi tayinlanadi. Qozikalon Badriddinxo‘ja o‘rniga Mirzo Baqoxo‘ja sadr, Chorjo‘y voliysi Mirzo Nizomiddin Urganjiy esa devonbegi etib tayinlanadi.
Amir Abdulahadxon olib borayotgan siyosat va islohotlar jamiyatning muayyan guruhlari qarshiligiga uchrab turadi. Xususan, Buxoro ulamolarining ko‘pchiligi jamiyatdagi ushbu yangilanish jarayonlariga qarshi bo‘lgan. Ikkinchi tomondan, Rossiyaning Buxorodagi siyosiy agentligi Buxoro-Rossiya munosabatlarini yaxshilash niqobi ostida Abdulahadxonni o‘zlariga tobe bo‘lgan ojiz bir qo‘g‘irchoq hukmdor darajasida ushlab turish uchun turli bahonalarni ro‘kach qilgan holda amirning mustaqil siyosat yuritishiga to‘sqinlik qilganlar. Yangi Buxoro (Kogon)da rus arxitektorlari va injenerlari rahbarligida amirning sarmoyasi hisobidan yevropacha uslubda muhtasham saroy quriladi va Amir Abdulahadxonga ushbu saroyga ko‘chib o‘tib, mamlakatni bu yerdan turib boshqarish taklif qilinadi. Biroq amir Abdulahadxon bunga ko‘nmaydi.
1894-yilda amir Buxoroning ob-havosi va iqlimi sog‘ligiga to‘g‘ri kelmayotganini bahona qilib, Karmanaga ko‘chib, u yerda o‘ziga alohida saroy qurdirib, doimiy yashab qoladi va shu yerdan turib umrining oxirigacha (1910) amirlikni boshqaradi.
Amir Abdulahadxon Karmana, Buxoro va xorijda ko‘plab imoratlar qurdirgan. Jumladan, Yangi Buxoroda yevropacha uslubdagi muhtasham saroy, Haydarabodda saroy, Makka va Madinada rabot, masjid va mehmonxonalar, Sankt-Peterburgda Jome’ masjidi, Qirim va Kavkazdagi Jeleznovodsk, Bog‘chasaroy, Kislovodsk va Yaltada zamonaviy binolar, shuningdek, Misr, Suriya, Iroq kabi o‘lkalarda musulmonlar uchun turli me’moriy obidalar barpo ettirgan.
Xulosa qilib aytganda, Amir Abdulahadxon 25 yillik hukmronligi davrida Buxoro amirligida qishloq xo‘jaligi, savdo-sotiq va sanoatni rivojlantirishga; qishloq xo‘jaligidagi mavjud kamchiliklar va soliqlarni yig‘ish borasida vujudga kelgan muammolar natijasida mamlakatda sodir bo‘lib turgan norozilik harakatlarining sabablarini o‘rganib, xalqning turmush darjasini yaxshilashga e’tibor qaratdi. Rossiya va Yevropada vujudga kelayotgan yangiliklarni amirlik hududida joriy etishga harakat qildi. Buxoro shahrida va bekliklarda kasalxona hamda dorixonalar ochdi; jamiyatning ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan qismi – nogironlar uchun alohida muassasa ochib, ularga g‘amxo‘rlik qildi. Ta’lim sohasida maktab-madrasalar faoliyatini isloh qilish tarafdori bo‘ldi. Yarim mustamlaka sharoitidagi Buxoro amirligini boshqargan amir Abdulahadxonning siyosiy faoliyatini chuqur o‘rganish va tahlil qilish tarixchilar oldida turgan muhim vazifalardan biridir.
Dilnoza JAMOLOVA,
FA Tarix instituti direktorining
ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari
Jarayon
Tarix
Tarix
Adabiyot
San’at
Til
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q