Eʼtibor berganmisiz, ertaklarda, kino-yu hatto hayotda ham qahramonlar asosan erkak obrazida shakllantiriladi. Lekin real voqealarga qarasak, qarorlari, qatʼiyati va amali bilan tarixdan to bugunga qadar oʻz taʼsirini oʻtkazgan bir talay ayol qahramonlar borligini koʻramiz. Bu ayollar moda va sportdagi stereotiplarni buzib, ilm-fanni ilgari surgan. Xaqiqat uchun kurashib, gʻoyalari uchun oʻldirilgan. Quyida ulardan baʼzilarining hayoti va tutgan yoʻli haqida qisqacha sanab oʻtamiz.
Klara Setkin
Klara Setkin – dunyo ayollariga 8-mart bayramini hadya qilgan mashhur inqilobchi nemis ayoli. U taniqli sotsial-demokrat sifatida ayol huquqlarini taʼminlash uchun bor kuchi bilan kurashgan. Bu kurashda nafaqat mehnat faoliyati rejimini yumshatish, balki erkaklar bilan teng ravishda saylov huquqiga ega boʻlish kabi ijtimoiy “bonuslar”dan foydalanishni taʼminlash masalalari turardi.
Ijtimoiy faollikdan tashqari, Klara Setkin sevimli rafiqa ham boʻlgan. Biroq uning turmushi uzoq davom etmagan (Osip Setkin vafot etguniga qadar – 1882-1889-yillar).
Roza Lyuksemburg
Roza Lyuksemburg – Polsha, Germaniya va Yevropa inqilobiy sotsial-demokratiyasining taniqli arboblaridan biri. Tashviqotchi, shuningdek, Klara Setkin bilan dugona boʻlgan. Rozadagi inqilob gʻoyalari Gimnaziyada taʼlim olar chogʻi paydo boʻladi. Undan bir necha yil oʻtgach, Roza Polshadan Germaniyaga koʻchib oʻtib, Kommunistik partiya asoschilaridan biriga aylanadi.
Uning yorqin nutqi, dadil gʻoyalari va urushga qarshi tashviqotlari Rozani murakkab taqdir tomon yetaklaydi: umumiy hisobda u 4-yilini qamoqda oʻtkazadi va 1919-yilda Berlin qoʻzgʻoloni bostirilgach, antikommunistlar tomonidan shafqatsizlarcha oʻldiriladi.
Mariya Sklodovskaya-Kyuri
Mariya Sklodovskaya-Kyuri – Nobel mukofotining Fizika va Kimyo yoʻnalishlari boʻyicha ikki karra sovrindori boʻlgan ilk ayol. Fransiyalik yosh Mariyaning kimyo laboratoriyasida ishlayotganini koʻrgan olim Mendeleyev uning fandagi karyerasini munosib baholaydi. Biroq Sklodovskayani oʻtgan asrning yorqin ayoli sifatida tavsiflaydigan narsa faqatgina uning tadqiqotlari emas.
U umr yoʻldoshi, olim Pyer Kyuri bilan birga faoliyat yuritgan sevimli rafiqa ham edi. Ular birgalikda kimyoviy elementlar jadvali qatoriga radiy va poloniylarni qoʻshgan. 1906-yil turmush oʻrtogʻi Pyerning vafotidan keyin Kyuri birgalikdagi ishlarini davom ettirib, soʻngi kuniga qadar Pyerning xotirasini saqlab qoladi.
Koko Shanel
“U bilan koʻplab sevgi qissalari boʻlgan, lekin hech biri jiddiy yakunlanmagan” – Koko Shanelning shaxsiy hayoti haqida shunday deydilar.
Lekin u jahon modasi tarixida juda yorqin iz qoldirdi. Shanel kalta qora koʻylak bilangina cheklanmagan. Beli ingichka jaket hamda tor yubka – Koko Shanel tomonidan 20 asrning ikkinchi yarimida ixtiro qilingan obraz edi. Ushbu obraz hamda uzun zanjirga osilgan kichkina sumkacha hali-hanuz urfda ekanini ayollar munosib baholasa kerak. Hammasi juda oddiy boshlangan:
“Qoʻlimda ridikyul (sumka turi) olib yurishdan charchadim. Buning ustiga, ularni doim yoʻqotib qoʻyaman” – deya xitob qilgan Koko dunyoga klatch sumkasini taqdim etdi.
Tereza ona
Tereza onaning hayoti – mehribon va ochiq koʻngil boʻlishning qanchalik muhimligiga yaqqol namuna boʻladi. Dunyoga mashhur katolik rohibasini odamlar avliyo deb hisoblagan. Tereza oʻzi tushunmovchiliklarga duch kelib turganida ham boshpanasi yoʻq, muhtojlarga yordam qilish uchun uyma-uy kerak boʻlmagan kiyim va dori-darmonlar yigʻib yurgan. Koʻp oʻtmay, Tereza onaning hamfikrlari birlashib, “Mehribonlik ordeni”ni yaratadi. Keyin esa bir qancha yordam uylari, bugungi xospislarning prototiplari yaraladi.
Asl ismi Agnes Gondje Boyadjiu boʻlgan bu ayol 12 yoshida orzu qilganidek, sharoiti ogʻir insonlarga yordam berish uchun kasalxona, maktab va boshpanalar tashkil qiladi. 1979-yilda esa tinchlikni saqlashga qoʻshgan hissasi uchun Nobel mukofoti bilan taqdirlanadi.
Bugun Tereza ona ishlarini dunyoning 100 dan ortiq mamlakatidagi odamlar davom ettirib kelmoqda. Uning ismi esa qiyin vaziyatlarda jim qarab turolmaydiganlar uchun umumiy nomga aylangan.
Indira Gandi
Indira siyosiy faol oilada dunyoga kelib, jamiyat bilan hamda jamiyat uchun yashashga oʻrgatiladi. Gandining gardaniga ungacha ham boshqarish ogʻir boʻlgan – minglab uysizlar, qashshoqlik va korrupsiya hukm surgan mamlakat tushadi.
2 muddatli Hindiston Bosh vazirining sinovli (aholi oʻsishini qandaydir tarzda toʻxtatib turish uchun majburiy sterilizatsiya qilish) uslublari natijasida Gandi mamlakatni “koʻtarib”, uni milliylashtirishga yoʻnaltiradi. Shu tariqa, u oddiy xalq uchun hokimiyatning asosiy ramzi va “Butun Hindiston onasi”ga aylangan.
Ketrin Shvitser
Yugurish marafonida ishtirok etgan birinchi ayol.
Bundan yarim asr muqaddam Amerikaning eng nufuzli musobaqasi – Boston marafonida ayollarning yugurishi taqiqlanganini tasavvur qilish ham qiyin. Ushbu stereotip, aniqrogʻi, taqiqni amerikalik jurnalist, yozuvchi va yuguruvchi Ketrin Shvitser yenggan. Sportchi 1967-yilgi marafonga “K. V. Shvitser” tablosi bilan start chizigʻidan joy oladi, biroq unga turli toʻsqinliklar qilinadi.