O‘tmishda Turon va Turkiston, bugun Markaziy Osiyo, O‘rta Osiyo deb ataluvchi hudud ming yillardan beri turkiy va forsiy tilli el-uluslar uchun beshik vazifasini bajarib keladi. Kunchiqar tomonda qadim Chin (Xitoy) va Uzoq Sharq, kungayda Hind yurti, janubi-g‘arbda Eron, kunbotarda Kavkaz va Volga-Uralbo‘yi, terskayda esa Sibir o‘lkalari bilan chegaradosh bo‘lgan Turon turli tillarda so‘zlashgan elatlar uchun ardoqli yurt sanalib kelgan bo‘lsa-da, mana shu ikki ko‘psonli el bu yerning tubjoy xalqi sifatida tanilgan. Ularning miloddan odingi so‘nggi mingyilliklardan o‘rta asrlargacha vaqt oralig‘ida Turonning turli hududlarini o‘zlariga vatan tutganlari haqida yozma manbalarda ma’lumotlar keltirilgan.
Shu o‘rinda aytib o‘tish kerak, ayrim izlanuvchilar Markaziy Osiyoda turkiylar tub aholimi, eroniylar, qaysi biri kelgindiligi borasida uzoq yillardan beri tortishib keladi. Achinarlisi, bunday nosog‘lom yondashuv ayrim yurtdoshlarimiz yoki qo‘shnilarimiz orasida ham uchrab turadi. Holbuki, bu tarixiy o‘lka Xazar (Kaspiy) dengizining kunchiqaridan Oltoy va Chin o‘lkasining kunbotarigacha cho‘zilgan ulkan kengliklarni o‘z ichiga olib, bu yerlarda mingyillar bo‘yi turli tillarda so‘zlashuvchi o‘nlab elatlar hayot kechirgan. O‘lkaning kungay va janubi-g‘arbiy qismida ko‘proq eroniy tilli elatlar, kunchiqar va shimoli-sharqiy bo‘laklarida turkiy el-uluslar yashab, Amudaryo–Sirdaryo oralig‘i va unga tutash yerlar esa eroniy hamda turkiylarning o‘zaro qo‘shni va aralash yashagan o‘zak hududi bo‘lgan. Demak, ulkan kengliklarni qamragan Turon o‘lkasini ming yillar bo‘yi bitta tilda so‘zlashgan kishilar uchun yurt bo‘lgan deb ko‘rsatish ilmiy tomondan o‘zini oqlamaganidek, ezgulikka ham xizmat qilmaydi.
Kishilik jamiyati o‘tmishiga qisqacha ko‘z tashlaydigan bo‘lsak, ayrim o‘lkalarda turli tillarda so‘zlashuvchi aholi guruhlarining bir necha asrlar bo‘yi tinch-totuv yasha(yot)ganlariga, ayrim yerlarda esa buning teskarisi ekaniga duch kelamiz. Turon ellarining inoqligi esa nafaqat bugungi o‘zbek, tojik, turkman, qozoq, qirg‘iz, qoraqalpoq, uyg‘ur ellarining o‘zaro qon-qarindosh, quda-anda ekanida o‘z ifodasiga ega, balki “turk-u tojik” (turk va tojik) iborasining yuzlab qo‘lyozma asarlarda uchrashida tasdig‘ini topadi.
O‘rta asrlarga tegishli arab, fors, turkiy tilli yozma asarlarga ko‘z yugurtiradigan bo‘lsak, bu ibora Turonning turkiy va forsiy tilli o‘troq aholisiga qarata ishlatib kelinganiga guvoh bo‘lamiz. Bundan deyarli ming yil oldin yozilgan, turkiy tilning ilk yog‘dularidan biri sanaladigan Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig” asarida o‘zaro qo‘shni va aralash yashaydigan ikki el – “tojik” va “turk”lar badiiy bo‘yoqlarda tilga olingan bo‘lsa, Qoraxoniylar, Xorazmshoh-Anushteginiylar boshqaruvi chog‘idan so‘zlovchi tarixiy asarlarda “turk-u tojik” iborasi yonma-yon kelib, bu kabi atama va iboralar ostida Turonning tubjoy aholisi tushunilib, ularni bunday atash tizimli bir an’anaga aylangani kuzatiladi. Bu “an’anaga” chuqurroq to‘xtalishdan oldin shunga urg‘u berib o‘tish kerakki, milodning ilk mingyilligida ushbu el-uluslarning ota-bobolari uchun ham shunga o‘xshashroq atama va iboralar ishlatilgan, “xun” yoki “turk” atamalari turkiylarni, “sug‘d”, “tot” esa eroniy, to‘g‘rirog‘i, eroniy tillarning sharqiy tarmog‘ida so‘zlashuvchilarni bildirgan.
O‘sha chog‘larda ham boshqalardan farqli o‘laroq turkiy va forsiy tilli ellarning o‘zaro birdamligiga urg‘u berilib, Mahmud Koshg‘ariyning “Devonu lug‘atit-turk” asarida keltirilganidek “tatsiz turksiz bo‘lmas, bashsiz bo‘rk bo‘lmas” – “boshsiz bo‘rk (qalpoq) bo‘lmaganidek, totsiz (forsiysiz) turk ham bo‘lmas”ligi tuyg‘usi keng yoyilgan edi [qarang. Koshg‘ariy 1960: 333, 423]. Shu o‘rinda, “tot” so‘zi ilk bor “Devonu lug‘atit-turk”dan to‘rt asrcha oldin yozilgan eski turkcha O‘rxun-Enasoy bitiktoshlarida uchrab, chamasi bu so‘z o‘sha kezlardayoq turkiy bo‘lmagan ellarni, chamasi, eroniy tilli elatlarni anglatar edi. Masalan, Bilga xoqon bitiktoshida turk xoqonining o‘z eliga yuzlanib, ulus boshqaruvi qanday bo‘lishi kerakligi, o‘zaro totuvlik negizida nimalar yotishini uqtirib, shunday deganiga duch kelamiz: “O‘n O‘q o‘g‘lina, tatina tegi buni ko‘ru bilin, bangu tash to‘qitdim – (qo‘l ostimdagi) O‘n O‘q o‘g‘li (G‘arbiy turk xoqonlari), tot (forsiylar)ga qadar buni ko‘rib biling: mangu tosh o‘ydirdim” [Abdurahmonov, Rustamov 1982: 133]. Bundan ko‘rinadiki, o‘sha kezlar – VI–VIII asrlar orasida Turk xoqonligi Xurosondan Uzoq Sharqqacha, Qora dengiz bo‘ylaridan Sibirning kungayigacha, Volga-Uralbo‘yidan Kobul-u Qandahorgacha o‘z boshqaruvini yoygan chog‘larda minglab chaqirimni qamragan ushbu kengliklardagi turli tillarda so‘zlashuvchi o‘nlab elatlarga yuzlanar ekan, ular orasida O‘n O‘q (turkiylar) va tot (sug‘diy, baqtriy, qadimgi xorazmiylar)ni ayricha tilga olgan.
Endi O‘rta asrlardagi o‘nlab forsiy va turkiy tillardagi yozma manbalardan o‘rin olgan “turk-u tojik” iborasi bilan tanishib chiqsak. Temuriylar davri yetakchi tarixchilaridan biri Muiniddin Natanziy o‘zining “Muntaxab ut-tavorixi Muiniy” (Muiniy tarixlari tanlanmasi) nomli 1412-1413-yillarda yozilgan asarining “Sulton Sohibqironning Xorazmga otlanishi va To‘xtamishning Turkistonga kelib mag‘lub bo‘lishi tafsilotlari zikri hamda ushbu muddatda ro‘y bergan voqealar bayoni” bo‘limida Dashti Qipchoq kengliklarida To‘xtamish qo‘shinlarining Amir Temur qo‘shinlaridan yengilishi bilan bog‘liq voqealar yoritilar ekan, shu yo‘sinda ma’lumotlar uchraydi: “Shundan so‘ng tevarak-atrof va uzoq-yaqindan turk-u tojikdan iborat qo‘shinlar yetib kelishdi” [Natanziy 2011: 146]. Bundan Amir Temur qo‘shinining ko‘pchiligi turkiy va forsiy tillarda so‘zlashuvchi turonliklar bo‘lgani anglashiladi. Qo‘shinlarining ko‘pchiligi barlos, tarxon, arg‘un, tulkichi, do‘ldoy, mo‘g‘ul, sulduz, qipchoq, arlot, totor kabi urug‘lardan ekaniga urg‘u berilgan “Temur tuzuklari”da Amir Temur tilidan keltirilgan quyidagi bitiklar ham bu qarashni qo‘llab-quvvatlaydi: “Ul kun kim, Turon mamlakatini o‘zimga bo‘ysundirdim va Samarqandda joylashdim, do‘st bilan dushmanlarga bir xil munosabatda bo‘ldim. Va Badaxshon amirlari va ba’zi turk va tojik qo‘shinlarning amirlarikim, menga yomonliklar va hiylalar qilib, qilichlar ko‘taribdurlar, o‘sha nojo‘ya ishlaridan vahimaga tushib qolgan edilar. Ular mendan panoh so‘rab keldilar, shunda ularga shu qadar yaxshilik qildim” [Amir Temur Ko‘ragon 2019: 101, 104].
Temuriylar tarixiga oid eng ishonchli asarlardan Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma”sida, shuningdek, Nizomiddin Shomiyning shunday atalgan asarida bu iboralar ostida kimlar ko‘zda tutilganini yanada aniqroq tushunib olamiz. Ayniqsa, Yazdiy “Zafarnoma”sida “turk-u tojik” iborasi bir necha bor uchrashi ko‘zga tashlanadi. Quyida Amir Temur qo‘shini va u bilan bog‘liq ayrim bilgilarni keltirib o‘tamiz:
“Davlatgirda hech kishiga hadd yo‘q tururkim, viloyatlarga tik boqa olg‘ay. Barcha el, turk-u tojik va ra’yiyat, sipohiy va rafohiyat va huzurda tururlar va kecha-kunduz duodin o‘zga ishlari yo‘q turur”;
“Amirzoda Rustam va Burhon O‘g‘lonkim, qaroto‘nliq kofirlarg‘a borib erdilar va alardin hech xabar kelmaydur erdi, sohibqiron katuriylardin birovni g‘ajirchi qilib, Muhammad Ozod va Davlatshoh va Shayx Ali va Idiku Jaqra Uyg‘ur va Shayx Muhammad va Alini to‘rt yuz kishi bilakim, yuz kishi turk va uch yuz kishi tojik edilar”;
“Jahon mavze’ida ko‘chub, to‘rt kuruh yurub, Dandona suyig‘a yetib tushti. Bas, ul suvg‘a ko‘fruk bog‘lashturdi. Hukm qildikim, “Cherikdagi yayog‘lari, turk-u tojik ul ko‘frukdin o‘tsunlar!” Shoh Malikbek va Jalol al-Islombek turub, elni ko‘frukdin o‘tkardilar” [Yazdiy 1997: 170, 193-194, 218].
Zahiriddin Muhammad Bobur va uning izdoshlari davrida davlat boshqaruvi va ish yuritishda ko‘proq turonlik el-uluslar – turkiy va forsiy tilli kishilarga suyanilgan bo‘lib, qo‘shin tili turkcha, yozishmalar esa ko‘proq fors-tojik tilida amalga oshirilgan. Ya’ni, o‘z yurtini tashlab, Boburga ergashib Hind yurtiga borgan turonliklarning ko‘pchiligi ushbu ikkala eldan bo‘lgan. Ular o‘zlariga yot yurtga borganda ham ota-bobolari ming yillardan beri qo‘llab kelayotgan an’ana – turk-u tojik birdamligini davom ettirgan. “Boburnoma”da muallif forsiy tilda “Bobur podsho buyrug‘i”da turli elatlarga yuzlanilar ekan, so‘z boshi “turk, tojik” etnik atamalari bilan boshlangani diqqatni tortadi: “Zahiriddin Muhammad Bobur farmoni” “Podshohning mehribonchiligiga sig‘ingan turk, tojik, arab, ajam, hindi, forsiy fuqaro va sipoh – butun millatlar, hamma inson toifalari bu mangu baxshishga suyanib, umid tutib, abadiylikka birikkan davlatimiz duosiga mashg‘ul bo‘lsinlar na bu hukmlar ijrosidan tashqari chiqmasinlar va burilmasinlar, farmonga muvofiq ish olib borsunlar. Bu hukm ulug‘ podshoh imzosi bilan yetishsa, e’timod qilsinlar” [Bobir 1960: 468].
Temuriylargacha ham turonlik boshqaruvchilar turk va tojiklarga suyanib ish tutganlarini, el boshqaruvi va ish yuritish ushbu elatlardan bo‘lgan bek va amirlar yordamida olib borilganini yana o‘nlab asarlar qo‘llab-quvvatlaydi. Yuqorida turklar bilan totuv yashagan “tot” (forsiy tilli el)” misolida “Devonu lug‘atit-turk”da keltirilgan bilgilar ko‘proq Qoraxoniylar davriga to‘g‘ri kelsa, Abulg‘ozi Bahodirxonning “Shajarai turk” asarida keltirilgan (XVII asr) quyidagi ma’lumotlar Xorazmshoh-Anushteginiylar bilan bog‘liqdir: “Sulton Muhammad Xorazmshoh mo‘g‘ul lashkarining qo‘rqunchindin yuz o‘n ming kishini o‘ttuz xon birlan Samarqandda ko‘yub erdi. Ul lashkarning oltmish mingi turk va ellik mingi tojik erdi” [Abulg‘oziy 1992: 68]. Turon eli o‘sha kezlarda ko‘proq turkiy va tojiklar bo‘lganini ko‘rsatadigan qo‘lyozma asarlar yetarlicha. Bu qarashni XIII asr 40-yillarida arab tilida yozilgan Shihobbiddin Muhammad an-Nasaviyning “Siyrat as-sulton Jalol ad-Din Meng-burniy” asari ham kuchaytiradi [qarang. an-Nasaviy 1999; Ibn-al-Fuwati 1932].
Bu an’ana Temuriylardan keyin ham saqlanib qolgan bo‘lib, O‘zbek xonliklari davriga tegishli ko‘plab forsiy va turkiy tilda bitilgan tarixiy asarlarda “turk-u tojik” iborasi uchraydi. Misol tariqasida “Shajarai turk”dan quyidagi bitiklarni keltiramiz: “Turk va tojikda barcha odam farzandining ichinda rasm turur, yetti otani sanad qilmoq. Turk xalqi aytur yetti orqadin beri temurchiman va yo ayturki mening yetti otam shu yurtda o‘tkandur yo aytur kim yetti orqadin beri yorliliq yozin ko‘rganim yo‘q turur. Tojik ham shundaq der” [Abulg‘oziy 1992: 48].
Ko‘p asrlar bo‘yi bitta siyosiy va etnomadaniy muhitda birgalikda yashab kelgan el-uluslarni qo‘shaloq nom bilan atash an’anasi bir qarashda musulmon ellarida, ayniqsa, arab, fors va turklar orasida keng tarqalgan – Arab o‘lkalari va Eron orasidagi arabcha va forscha so‘zlashgan el-uluslar uchun “arab-u ajam”, Iroq va Kichik Osiyo turg‘unlari uchun “iroqiy va rumiy” kabi atamalar qo‘llanilganiga o‘xshab ketadi [Yazdiy 1997: 300]. Biroq bu atama va iboralar negizida etniklikdan ko‘ra ko‘proq geografik tushunchalar yotgan bo‘lsa, turk-u tojik iborasi negizida esa har ikkala tushuncha o‘zaro qorishib ketganini anglaymiz.
Shu o‘rinda, ayrim izlanishlarda Chig‘atoy ulusi va Temuriylar davri tarixiy asarlarida tez-tez tilga olingan “turk-u tojik” iborasining “ko‘chmanchilar va shaharliklar” deb ochiqlanganiga ham ko‘zimiz tushadi [Doerfer 1965, II: 489]. Ya’ni, O‘rta asrlarda “turk”lar deganda ko‘proq ko‘chmanchilar, “tojiklar” deganda esa etnik kelib chiqishi yoki so‘zlashuv tiliga qaramasdan o‘troqlar ko‘zda tutilganiga urg‘u berilgan. Biroq bunday yondashuvlarga qo‘shilib bo‘lmaydigan ko‘plab dalillarga egamiz. Birinchidan, bundan ming yillar oldin, balki undan ancha ilgari ham turkiylarning, ham eroniy tilli el-uluslarning ko‘chmanchi va o‘troqlari bo‘lib, ularning sezilarli bir bo‘lagi shaharlarda, yirik bir bo‘lagi esa tog‘, qir-adir, dasht va cho‘llarda yashagan. Ikkinchidan, yuqorida ko‘rib chiqilgan turli davrlarga tegishli Qoraxoniylar, Xorazmshoh-Anushteginiylar, Temuriylar, O‘zbek xonliklari boshqaruvi davriga tegishli yozma manbalar bunday yondashuv to‘g‘ri emasligini, jo‘n va biryoqlama qarash ekanini ko‘rsatib turibdi. Qaysi davrda bo‘lmasin, bu ibora orqali mualliflar Turon turg‘unlarini – turkiylar va forsiy tilli ellarni ko‘zda tutgani anglanadi.
Qisqasi, ilk o‘rta asrlarda “turk va tot”, ming yilcha oldin esa “turk va tojik” kabi atama va iboralar turonlik boshqaruvchi sulolalar ijtimoiy-siyosiy va etnomadaniy o‘rtami (muhiti) mahsuli bo‘lib, bu holat tili va kelib chiqishi turlicha bo‘lishiga qaramay, turkiy va forsiy tilli el-uluslar o‘zaro qon-qarindoshlik munosabatlarini yo‘lga qo‘ygani, bir-birlarining so‘zlashuv tili va madaniyatiga hurmat bilan qaragani ila ochiqlanadi. Ming yillar bo‘yi Turonda ushbu elatlar o‘zaro qo‘ni-qo‘shni, aralash yashab, bu tarixiy o‘lkada hukm surgan sulolalarning kelib chiqishidan qat’i nazar, boshqaruvni birgalikda yuritgani, yurtni og‘zibirlikda birga himoya qilgani ularning yagona mintaqaviy o‘zligi yuzaga chiqishiga olib kelgan.
G‘aybulla BOBOYОROV,
tarix fanlari doktori, professor
Qo‘llanilgan adabiyotlar
1. Abdurahmonov G‘., Rustamov A. Qadimgi turkiy til. Toshkent: O‘qituvchi, 1982.
2. Abulg‘oziy. Shajarai turk. Toshkent: Cho‘lpon, 1992.
3. Bobur Zahiriddin Muhammad. Boburnoma. Toshkent: O‘zR FA nashriyoti, 1960.
4. Koshg‘ariy, Mahmud. Turkiy so‘zlar devoni (Devonu lug‘otit-turk) / Tarjimon va nashrga tayyorlovchi S.M.Mutallibov. 1-tom. Toshkent: Fan, 1960.
5. Natanziy, Muiniddin. Muntaxab ut-tavorixi Muiniy. Fors tilidan tarjima, so‘zboshi va izohlar muallifi: G‘ulom Karimiy. – Toshkent: O‘zbekiston NMIU, 2011.
6. Sharafiddin Ali Yazdiy. Zafarnoma. So‘z boshi, tabdil, izohlar va ko‘rsatkichlar mualliflari: A.Ahmedov, H.Bobobekov. Toshkent: Sharq, 1997.
7. Amir Temur Ko‘ragon. Temur tuzuklari. So‘zboshi, tabdil, tarjima, izohlar muallifi H. Bobobekov, A. Quronbekov. Toshkent: IJOD-PRESS, 2019.
8. Doerfer G. Türkische und mongolische Elementen in Neupersische. Bd. II. Wiesbaden, 1965.
9. Ibn al-Fuwati. Talhis majma’ al-adab fi mu’jam al-alkab. Vol. 4. Part 1–4. Damascus, 1962–1968; vol. 5, Lahore, 1932.
Jarayon
Tarix
Adabiyot
San’at
Til
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q