Izlanayotgan, depsinayotgan va qoliplardan chiqib ketolmayotgan nasr – “Izlam II”da nimalarni oʻqiymiz?


Saqlash
18:29 / 10.12.2024 1978 0

Bugungi yoshlar nasri haqida gap ketganda oʻzlariga turli yoʻllar izlayotgan, maishiy mavzulardan chiqib ketolmayotgan, dunyo adabiyotidan deyarli uzilib qolgan, oʻrtamiyonalikdan sal yuqoriga qarab siljiyotgan, ammo hali bir yangilik qilishga ulgura olmagan ijodkorlar koʻz oldimizga keladi. Ularning balki tajribasizligi, balki erinchoqligi, balki beeʼtiborligi sabab oddiy uslubiy va mantiqiy xatolarga yoʻl qoʻyayotgani, jamiyatning katta qismiga taʼsir qila oladigan, novatorlikka daʼvo qiladigan bir asar tugʻilmayotgani kishini tashvishga soladi. “Izlam” turkumi ostida nashr etilgan nasriy asarlarni oʻqib chiqish asnosida ham yuqoridagi fikrlarim oʻzgarishsiz qoldi. Keling, ortiqcha hissiyotlarni yigʻishtirib qoʻyib, ayni shu asarlarning koʻproq kamchiliklari, gʻalizliklari haqida gaplashsak. Oʻylaymanki, bundan mualliflarning koʻngliga ozor yetmaydi. Tanqid – kelajak mevasi. Yoki Mahmudxoʻja Behbudiy aytganidek, “Tanqid – saralamoqdir”. Qayerdaki oʻrinli va xolis tanqid boʻlmas ekan, rivojlanish ham boʻlmaydi. Oʻrni kelganda, yutuqlariga tan bergan holda, iloji boricha xolislikka, yozuvchiga yon bosishga harakat qilib, tanqidiy tahlillarimizni berishga harakat qilamiz.

 

“Qisqa hikoyalar”dan “Ilk” qissagacha

 

Muhammadxon Yusupovni qisqa hikoyalari orqali tanirdim. Ammo uning yaxshigina qissanavis ekaniga “Deraza ortida” toʻplamidagi “Ilk” asarini oʻqib amin boʻldim. Qissa jadid bobomiz Munavvarqori Abdurashidxonovning ilk jadid maktabi ochishidagi mashaqqati, yosh pedagogning ichki ziddiyatlari, oʻsha davr muhiti, ruslar bosqinidan aziyat chekayotgan xalq dardidan hikoya qiladi. Asar tili juda sodda va ravon, syujet liniyasi ham qiziqarli. Tarixiy mavzudagi asarlarda boʻladigan zerikarli faktlar, uzundan uzoq tasvirlardan xoli. Badiiy topilmalari ham oʻquvchini oʻziga torta oladi. Ayniqsa, jadidlar yoʻlboshchisi ham diniy, ham dunyoviy bilimlar sohibi boʻlgan ajdodimizning maktab ochish yoʻlidagi mashaqqatlari, unga qilingan tazyiqlar va allomaning koʻngil kechinmalari juda taʼsirchan ochib berilgan. Qissaning yechimida Qurʼoni karimda kelgan “Abasa” surasining keltirilishi va asar mazmuniga moslashtirilib, talqin etilishi ijodkorning yana bir topilmasidir. Taʼlim berish uchun kishi avvalo, oʻzidagi kibrni sindirish kerakligi, boymi, kambagʻalmi, oʻquvchilariga birday muomalada boʻlishi lozimligi badiiy vositalar orqali aks ettiriladi.

 

Asarda rus bosqinchilarining gaplari rus tilida beriladi va ularning oʻzbekcha tarjimasi qavs ichida ifoda etiladi. Adabiyotda bunday tajribalar bor boʻlsa-da, qissada ruslarning ruscha gapirganini izohlab, ularning gaplarini oʻzbekcha yozib qoʻyaversa, maqsadga muvofiq boʻlar edi. Boisi, bir nechta emas, juda koʻp joyda berilgan bunday dialoglar bora-bora kishining tishiga tega boshlaydi. Ayrim jumlalar gʻaliz tarjima qilingan. Masalan, “Ya ne veryu, ya uveren” gapi “Men ishonmayman – men aminman”, deb tarjima qilinadi. Bu gap oʻzbek tiliga “nafaqat ishonaman, balki aniq bilaman”, deya tarjima qilinsa, maʼnosi toʻgʻriroq boʻlar edi. Qissa nomi bejiz “Ilk” deb nomlanmagan. Unda ilk jadid maktabining ilk oʻquvchisi haqida gap boradi. Ana shu oʻquvchining saboti, ilmga intilishi va ishtiyoqi boʻlmaganda, balki Munavvarqorining maktab ochishga sabri yetmagan boʻlardi. Agar mana shu ilk maktab ochilmaganda Buxoroda, Qoʻqonda, Namanganda bunday taʼlim muassasalari ham paydo boʻlmagan boʻlardi, ehtimol.

 

 

Kitobdagi “hikoyalar” rukni ostidagi yozmalarning ham boshqalarnikiga oʻxshamagan oʻziga xos jihatlari bor. Bu uslubni oʻzbek adabiyotida yangilik desa ham boʻladi. Ularda roviy tomonidan kuzatilgan real voqealar qanday sodir boʻlsa shundayligicha, ortiqcha joylari kesilmasdan, qisqartirilmasdan aks ettiriladi. Bu qay darajada hikoya talabiga javob bera olishi haqida muallifning oʻzi ham xavotir bildiradi: “rang-barang hissiyotlar, xotiralar, tarixdan bebahra va bu ham yetmagandek juda qisqa vaqt oraligʻida, uzilishlarsiz davom etuvchi “tajriba mahsuli”ni adabiy asar deb atash toʻgʻri boʻladimi? U adabiyot goʻzalligi va imkoniyat darajasiga dogʻ tushirmayaptimikan?” Bir qarashda, bu asarlar hech bir hikoyadan kam emas. Maʼno-mazmun jihatidan ham, shakliy va uslubiy tomondan ham kichik adabiy janr talabiga javob beradi. Ularni oʻqirkansiz, atrofimizdagi olamning bir boʻlagini his etib, undagi odamlar, voqea-hodisalarning ilgʻash qiyin boʻlgan jihatlarini anglaganday boʻlasiz. “Oilaviy spektakl”dagi ota, ona va oʻgʻilning oilada va koʻchadagi “rol”larining turlichaligi sizni hayratda qoldirsa, “Mubina” hikoyasidagi oʻqituvchining tutgan yoʻli va asar soʻngidagi noqulay vaziyat sizni ham hayajonga soladi. Ammo...

 

Qisqa vaqt oraligʻida, uzilishlarsiz davom etuvchi, deya taʼriflagan hikoyalarda reallik biroz chekinganini ham koʻramiz. Hikoya uchun shunday voqealar tanlanganki, toʻqimaligi, yozuvchi qalami bilan yozilgani bilinib qoladi. Goʻyoki “deraza ortidan” boqar ekan, u oʻzi koʻrmoqchi boʻlgan narsalarnigina koʻradi. Hikoyadan koʻzlangan maqsadga yetish uchun qahramonlarni oʻzlari harakatlanishiga yoʻl qoʻymay, ularni oʻzi istagan koʻyga soladi. Qahramonlar ham gohida oʻz tilida emas, muallif tilida gapiradi. Natijada oʻziga xos xarakteri ochilmay qoladi. Hikoya nasriy janrlar orasida kichik sanalsa-da, ularda ham qahramon xarakteri, tili, syujet chizigʻi, konflikt, tugun, kulminatsiya va yechim kabi unsurlar boʻlishi talab etiladi. Muhammadxon Yusupovning izlanishlari, yangi uslub va janrlarni qoʻllashga urinishlari ijodidagi shu kabi ayrim kamchiliklarni yuvib ketadi. Ijodkorning bu intilishlari kelgusida yaxshi samaralar berishiga ishonamiz.

 

Aytsam tilim, aytmasam dilim kuyar...

 

“Izlam” turkumi ostida chop etilgan “Qorakuya” kitobining nomiyoq kishini oʻziga tortadi. Mazmuni ham shunga yarasha boʻlsa kerak, deb oʻyladim. Axir, Sanjar Nazardek sinchi muharrir tanlovidan oʻtib, toʻplamga munosib koʻrilibdimi, demak uni bemalol miriqib oʻqish mumkin. Ammo asarni varaqlab chiqar ekanman, fikrim biroz oʻzgardi. Toʻgʻri, asar juda katta maqsadni koʻzlab yozilgan va oʻzida katta gʻoyalar tashiydi. Bugunning muammolari ochiq aytilgani asosiy yutuqlardan biridir. Kishilar ruhiyati, odamlarning ichki olamiga kirishga urinishlar bor. Ayrim joylarda bu muvaffaqiyatli chiqqan. Masalan, Shavqiddin Amirovichning sanatoriydagi holatlarida, haydovchi Mavlonboy bilan suhbatlarida bu yaqqol koʻrinadi.

 

Badiiy asar oʻquvchi qalbiga yetib bormasa, uni taʼsirlantirib, katarsisga olib kelmasa, demak, maromiga yetmagan boʻladi. Shu maʼnoda, tugal tizimga ega boʻlmagan uzuq-yuluq voqealarning muallif falsafiy fikr-mulohazalari ila bogʻlangan bu qissani ham toʻla “pishib yetilgan” deyish qiyin. Birinchi oʻrinda, asarning tugal yechimi yoʻqligi, uning syujet liniyasidagi chalkashliklar, koʻtarilayotgan muammolarning yuzaki tasvirlari oʻquvchining hafsalasini pir qiladi. Undan tashqari, bir qator uslubiy xatolar ham borki, yozuvchi qissani rasmana jiddiy tahrir qilmagan, degan tasavvur uygʻotadi. Hatto, Boburning mashhur gʻazali ham “Gar zamonni nayf qilsam, ey rafiq” (aslida nafy qilsam boʻlishi kerak, rad qilish, qaytarish maʼnosida) tarzida notoʻgʻri beriladi. Ayrim joylarda bir qahramon haqida hikoya qilaturib, hech qanday ogohlantirishsiz boshqa bir qahramonning taʼrifiga oʻtib ketilaveradi (31-bet).

 

 

Maʼnaviyat boʻyicha masʼul Qoʻziboy Shukurovichning Shavqiddin Amirovich bilan gaplashish ohangi va bir ateist bilan virtual suhbati ham juda ishonchsiz chiqqan. Uning diniy bilimi boʻla turib, jamiyatdagi oddiygina holatlarni ham idrok qila olmagani, birgina yosh bola bilan tortishuvi orqali butun jamiyatga salbiy baho berib yuborishi hech qanday mantiqqa toʻgʻri kelmaydi. Asarni oʻqirkanmiz, mantiqan notoʻgʻri tuzilgan jumlalarga ham koʻzimiz tushadi: “Negadir baqirib yigʻlagisi kelar, negaligini bilmayman, deb oʻylardi u ichida. Ammo negaligini u juda yaxshi bilardi”. Inson ichida oʻylagan narsasiga qarshi chiqishi, kimgadir, bilmayman, deyishi mumkin, ammo bilgan narsasini bilmayman, deb oʻylay olmaydi.

 

Asar voqealari yaqin yillarda sodir boʻlganini unda koʻtarilayotgan muammolardan, tasvirlanayotgan voqealardan bilish qiyin emas. Asar bosh qahramoni ham kamida Toshkent shahar hokimi boʻlsa kerak. Chunki joy tasvirlari shunga dalolat qilyapti. Ammo bu hokim 70 dan oshgan, 30-yildan ortiq rahbar lavozimda ishlagan, birovlarga qilgan yomonliklarini unutgan, qilgan yaxshiliklarini doim eslab yuradigan, oʻzini ziyoli, bilimli sanaydigan, biroq joyi kelsa, oddiy narsalarga ham aqli yetmaydigan, siyosat qorakuyasida yuzlari chaplashib ketgan, undan qutula olmay kursisida jon beradigan katta “chinovnik”. U kim boʻlishi mumkin? Balki yurtimizdagi barcha hokimlarining tipik umumlashma obrazidir... Kitob boshida “Asar yozuvchining xayoloti mahsuli boʻlib, oʻxshashliklar tasodifdir”, deya yozuvchi oʻzini asar ortidagi mana shunday gap-soʻzlardan himoyalaydi.

 

Shukur Xolmirzayevning “Horun Ar-Rashid” degan juda ajoyib hikoyasi bor. Unda gʻoʻlabir-miqti Meliboy Boʻriyev — viloyat firqa qoʻmitasining mafkura kotibi bir kuni ishda oʻtirib, Bagʻdod xalifasi Horun ar-Rashidning vaqt-vaqti bilan tunlari darvesh libosini egniga ilib, qalandarxonalar, takyaxonalarda yurish odati borligi haqida oʻqib qoladi. Shu asno u fuqaroning ahvol-ruhiyatidan xabardor boʻlishini bilib, unga havas qiladi. Oʻzi ham u kabi ish tutishga jazm etadi. Ammo uning bu harakati nima bilan tugaganini hikoyani oʻqiganlar yaxshi biladi. Har qalay, realistik ruhda yozilgan asar soʻngida firqa kotibining qanday nochor ahvolga tushib qolganini koʻrib, unga achinishingiz aniq. “Qorakuya” bosh qahramoni Shavqiddin Amirovich ham (hech bir jiddiy sababsiz) aynan Meliboy qilgan ishni takrorlaydi. Ammo, ne baxtki, uning ishlari oʻngidan keladi. Mardikor bozorida ham, masjidda ham, gala mastlar toʻplanadigan kafeda ham, buzuqxona “gulzori”da ham, qalloblarga toʻla bozorda ham u istagan narsasini, toʻgʻrirogʻi, muallif istagan narsani darrov topadi. Odamlar unga dardini dasturxon qiladi. Goʻyoki, jamiyatdagi muammolarni ochib tashlaydi. “Farosatli odamlar ham koʻp ekan-ku mardikorlar orasida” jumlalari esa qahramonning hayotni shu qadar joʻn oʻylashidan darak beradi.

 

Asar voqealari orasiga yozuvchining goʻyoki munosabatini aks ettiradigan odatiy falsafiy gaplar qoʻshib ketilavergan. Masalan, “Borliqning oʻziga xos qonuniyatlari bor, chiqqan quyosh albatta botadi, barq urib gullab turgan daraxt ham bir kun kelib quriydi, oʻz choʻqqisiga chiqqan tamaddun, albatta, bir kun pastga qulaydi, kuch-gʻayratga toʻlgan inson vaqt oʻtib qarib, munkillab qoladi...” Bunday voqealarga bogʻlanib, bogʻlanmagan falsafiy gaplar asarda talaygina. Ammo ularning orasida original, tesha tegmaganlarni topish mushkul. Bu ham yozuvchining erinchoqligidan, asar ustida jiddiy ishlamaganidan darak beradi.

 

Kitobga qissadan tashqari oltita hikoya ham kiritilgan. Ularni batafsil tahlilga tortish niyatim yoʻq. Ammo “Ogʻriq” hikoyasidagi Ismoil boboning koʻnglida turgan ogʻriq haqida gapirmasam boʻlmaydi. Yozuvchi yumor aralash aytayotgan bu gaplar jamiyatimizning eng dolzarb muammolaridan biri, aslida. Ona tilimizga eʼtiborsizlik, savod masalasiga nopisandlik hozir u qadar sezilmagani bilan keyinchalik katta ijtimoiy tanazzulga sabab boʻladi. Millatning oʻzligi yoʻqolishiga, milliyligini unutishiga olib keladi. Hikoyadagi Shokirning ahvoli, radiojurnalistning gaplari, koʻchadagi yozuvlar – hammasi oʻzimizga qarata tutilgan oyna. Undagi satirik kulgi ortida juda katta qaygʻu yotibdi.

 

“Gʻirbaydi” hikoyasida esa xalqimizga xos boʻlgan mardlik, tantilik xislatlari koʻrsatilgan. Yurtimizning ayrim joylarida koʻpkari qilayotgan odamning qadrli mehmoniga bir zot atashi – “Gʻirbaydi” udumi bor. Unda uloqni ayirayotgan mehmon bilan hech kim tortishmaydi. Ammo bu halol boʻlmaydi. Hikoyada ham ana shu “qadriyat”ni qoʻllagan bakovulga polvonlar qarshi chiqadi. Bu udum azaldan ayrim toʻylarda qoʻllanib kelgan boʻlsa-da, toʻgʻri emasligi, polvonlik shaʼniga yarashmasligi koʻrsatiladi. Polvonlar davrani tark etishadi. Hikoya soʻngida bakovul uyatdan boshi egiladi, yelkalari silkinib, yigʻlagani koʻrinadi... Furqat Alimardon ana shunday yoʻnalishlarda, oʻzi bevosita guvohi boʻlgan, dildan his qilgan narsalari haqida yaxshiroq yozadi. Oriyat, halollik, polvonlik borasida qalam yurgizsa, oʻzining ham polvonligi tutadi, ishtiyoqi ortadi, ilhomlanib, qalami ravonlashadi. Furqat Alimardon izlanayotgan, yangilik axtarayotgan yozuvchi. Uning bu izlanishlari natija berib, oʻz yoʻlini topishi, yozuvchilikda katta marralarni zabt etadi, degan umiddamiz.

 

Diktator yozuvchi

 

Ayol ijodkorlar orasida nasr bilan shugʻullanadiganlari u qadar koʻp emas. Chunki nasrni adabiyotning ogʻirkarvon yoʻli deyishadi. Unda qalam tebratish uchun koʻp vaqt, sabr-matonat va chidam kerak boʻladi. Mohiraning “Qirq birinchi kun” toʻplamini oʻqib, oʻzbek adabiyotiga yana bir isteʼdodli ayol ijodkor kirib kelayotganidan xursand boʻldim. Kitob boshlanishiga “hikoyalar” deb qoʻyilgan boʻlsa-da, undagi hamma asarni ham hikoya deb boʻlmaydi. Ayrimlarini badia deb nomlagan maʼquldir, ehtimol. Masalan, “Katena” va “Qizim Toʻmarisga” maktublari shular jumlasidan. “Yuzma-yuz” esa publitsistik ocherkka koʻproq mos keladi.

 

Kitobga soʻzboshi sifatida Oʻzbekiston Qahramoni Ibrohim Gʻafurov bilan muallifning suhbati keltirilgan. Suhbatni oʻqiy turib, shu savollarni yetuk olimning berganiga biroz shubhalandim. Ibrohim Gʻafurov tilidan yozilgan matnda “Yosh muallifga bir qancha savollarni yozib joʻnatdim”, deyilgan boʻlsa-da, quyida keltirilgan savollar shunchaki suhbatlashganda soʻraladigan gaplarga oʻxshab qolgan. Mohiraning ota-onasining kasb-kori, qaysi maktabda oʻqigani, hozir qayerda ishlayotgani, yaqinlari orasida olimlar, ziyolilar bor yoki yoʻqligi kabi joʻn savollar goʻyoki yozuvchining tarjimai holini keltirish uchun ataylab tuzilgandek tasavvur uygʻotadi. Mohirani ogʻriqlar musavviri, deyish mumkin. Uning har bir hikoyasida qahramonlarning turli ogʻriqlari tasvirlanadi. Insonning necha xil ogʻrigʻi bor deb oʻylaysiz? Tanadagi emas, koʻngilni oʻrtaydigan dardlar: nafrat, gʻazab, achinish, kamsitilish... Yozuvchining hikoyalarida esa ularning soni juda koʻp. Har bir qahramonning oʻziga xos ogʻrigʻi bor. Eng yomoni va tashvishlisi, Mohiraning hikoyalarida birorta baxtli, yashashdan zavq oladigan qahramon yoʻq. Hammaning koʻngli oʻksik, hamma dardchil, hayotdan koʻngli qolgan, aldangan, ezilgan, toptalgan, kamsitilgan va hokazo... Bu ogʻriqlar asarni oʻqigan kitobxonga ham yuqib, sentimental hissiyotlarga yetaklaydi, absurd gʻoyalariga boshlaydi.

 

 

“Tugallanmagan kuy”dagi Safiya ota-onasi tomonidan xoʻrlangan, eri tomonidan eʼtiborsiz qoldirilgan, farzandlariga ham tayinli vaqt ajrata olmaydi. Ustozining kasal yotganini koʻrib, dastlab rahmi kelsa, keyinchalik tutingan onasini yolgʻiz qoldirgani uchun undan nafratlanib, ustidan kulishgacha boradi. “Xalq artisti” unvonini olgach, televizorda ikkiyuzlamachilik qiladi. Uning bu ahvolga tushishiga esa goʻyoki yolgʻonchi hayot aybdor, uning dilidagi ogʻriqlar sabab. Bu ogʻriqlarga ism topish ham qiyin... “Asila”ning dardi hammadan yomon. U oʻlimi yaqin qolganini bilib turib, Rashid bilan ishqiy munosabat oʻrnatadi. Uning ham orzulari oila aʼzolari tomonidan toptalgan, imkon berilmagan, isteʼdodi boʻgʻilgan, qiz bola boʻlgani uchun koʻp narsalardan cheklangan. Balki kasal boʻlishiga mana shu ogʻriqlar ham sabab boʻlgandir. Hikoyada uning xotiralari sandigʻini tepalikka olib chiqib koʻmishida ham ramziy maʼno yashirin.

 

“Ninachilar qargʻishi”dagi Bashoratning dilini ezadigan, hayotdan toʻydirib, yashashdan bezdiradigan oʻkinchlarining nomini ham topish qiyin. U ikki bolasini tugʻilmasdan yoʻqotgan, shifokorlar farzand koʻrishni taqiqlagan. Ammo u yana toʻlgʻoq jarayonini boshidan kechirishi kerak. Noumid shayton deganlaridek jajji qizalogʻini qoʻliga olishni juda-juda istaydi. Ham ruhan, ham jismonan ogʻriqlar iskanjasida qoladi. Uning akasi-yu singlisining tortgan iztiroblari ham dilingizni xufton qiladi. “Choyxona” hikoyasida Rasul otaning qoʻshnisidan qarzi borligi va uni uzolmay dunyodan oʻtib ketayotgani azobli ogʻriqqa aylanadi. U oʻgʻliga vasiyat qilib, choyxonasini qoʻshnisiga berishga koʻndiradi. Ammo bu ishga ulgurmasdan joni uziladi. Otasi kabi “tadbirkor” oʻgʻil esa oʻzidan boshqa hech kim eshitmagan bu vasiyatni bajarish-bajarmasligi ochiq qoladi.

 

“Qaytish”dagi Ramizning ishi yurishmasligi, doim tund va kamgap, asabiy yurishi, hayotdan koʻngli sovib, mudom qiynalib yashashi zamirida ham uning qalbini oʻrtaydigan dahshatli bir ismsiz ogʻriq yotadi. Kundan-kun dilini yemirib boraveradigan bu dardga davo yoʻq. Balki, hikoya soʻngida umid bildirilganidek, davo topilar... Xullas, har bir hikoyadan koʻngilni ezadigan, tushkunlikka soladigan bir ogʻriq topasiz. Yozuvchining maqsadi odamlarni yigʻlatish, yuragini sel qilib, hayotdan sovutishmikan, deb oʻylab qolasiz. Balki, u hayotni shunday koʻrar. Lekin, aslida, dunyoda yaxshi odamlar ham koʻp, umr faqat iztiroblardan, dardlardan iborat emas, quvonchli va baxtli lahzalar ham hammaning hayotida bor, degingiz keladi.

 

Hikoyalarning uslubi ham oʻziga xos. Bitta hikoyaning oʻzida voqealar ham roviy, ham qahramonlar tilidan aralash berib ketilaveradi. Ularni ajratib olish zukko oʻquvchining boʻynida. Kitob “Qirq birinchi kun” deb nomlangan. Kitobdagi shu nomli hikoya biroz tushunarsiz yozilgan yoki mening anglamim yetmadi. Frans Kafkaning “Evrilish” hikoyasidan taʼsirlanish sezilgan bu asar qahramonining “koʻkrak qafasi umurtqasining taxminan beshinchisidan oʻsib chiqqan” qanotlari sababli shifoxonaga yotqiziladi. Tabiiyki, uning bu “kasalligi” yaqinlari tomonidan ham, sevgan yigiti tomonidan ham salbiy qabul qilinadi. Gregor Zamza kabi chetga chiqarib qoʻyiladi. “Evrilish” qahramoni hikoya soʻngida oʻzini oʻzi nobud qilsa, “Qirq birinchi kun”da Nozima oʻsib chiqqan qanotlari bilan havoda muallaq qoladi. Hikoyani sinchi muharrir nigohi bilan tahlil qilib, oʻziga xos falsafalar chiqarish mumkindir, ammo oddiy oʻquvchi koʻzi bilan qarasak, “Evrilish”ga taqlidan yozilgan va tugal yechimga ega boʻlmagan bu hikoyadan yangilik topish qiyin. Chunki asarda na ota-onaning, na qizga qaraydigan shifokorning, na sevgan yigiti Asqarning xarakteri, ichki dunyosi toʻla ochilmagan, ularning qay ahvolda qolgani, xatosi koʻrsatilmagan.

 

Mohiraning hikoyalarini oʻqib, yarq etib ajralib turadigan bir qahramon topa olmadim. Barcha hikoyalarda faqat muallifga – bir kishiga toʻqnash kelaverdim. Fikrlar ham, dialoglar ham bir kishinikidek goʻyo. Qahramonlar muallif tomonidan uyoqdan buyoqqa sudraladi, oʻzlari istamagan gaplarni aytishga majburlanadi, natijada oʻzligini yoʻqotadi. Bunday asar mustamlaka qilingan, qattol diktatura hukm surayotgan davlatga oʻxshaydi, hech qachon rivojlanmaydi. Yozuvchi ham har bir qahramoniga demokratik tartibda yondashmas, soʻz erkinligini oʻzlariga bermas ekan, muvaffaqiyatsizlikka uchrayveradi.

 

Sirligicha qolgan “Sir”

 

Yozuvchi nima uchun hikoya yozadi? Bu savol juda koʻp berilgan va asosiy javoblardan biri shunday: ijodkor oʻzini qiynayotgan dardlarini, quvonchlarini, jilovlay olmayotgan hislarini odamlarga singdirish, hayotiy falsafalarini aytish uchun qoʻliga qalam oladi. Hikoya yozishdan maqsad ham hayotning maʼlum bir kichik boʻlagini tasvirlashgina emas, shu orqali yozuvchi qalbini oʻrtagan, aytmasa boʻlmaydigan gaplarini toʻkib solishdan iborat. “Izlam” turkumi ostida eʼlon qilingan nasriy asarlarda ham buni sezish mumkin. Ammo ijodkorlarning hammasi ham maqsadiga toʻla-toʻkis yeta olgan deb aytolmaymiz. Jumanazar Yoʻldoshning “Sir” kitobini varaqlay turib, aksariyat hikoyalarning gʻoyasi va yozilishidan maqsadi nima ekanini anglay olmay qiynaldim. Hayot va xayolning qorishuvidan paydo boʻlgan bu asarlar katta maqsadni koʻzlab boshlangan, ammo oxiriga yeta olmagandek tasavvur uygʻotdi. Masalan, “Sir” hikoyasining siri nimada ekanini muallifning oʻzi ham bilmasa kerak. Qayta-qayta oʻqisam ham tushunmadim. “Tilanchi”ning aslida kimligi, “Roʻyo”dagi Uning nega bunday ahvolga tushgani, Yeseninni sevgan qizning qaysi davrda yashayotgani va bu qadar tahlikaga tushib sevishi, “Sizni tashlab ketmayman”, deb turib, shoirning ortidan ergashib ketishi menga juda notabiiy va ishonarsiz tuyuldi. Yozuvchi bu qahramonlar va voqealarni bayon qilishdan qanday maqsad koʻzlagani qiziq...

 

Hikoyalarda yangicha uslublar yaratish, Yevropa adabiyotiga taqlid, modernistik ruh olib kirish, absurd gʻoyalarga ergashish kabi jihatlar koʻproq koʻzga tashlanadi. “Xotirbon” hikoyasidagi lirik uslub esa oʻquvchida oʻzgacha taassurot uygʻotadi. Sochma sheʼrdek oʻqiladigan asar inson hayotining barcha bosqichlarini qamrab oluvchi poetik tasvirlar bilan ifoda etiladi. Vaqt timsoli boʻlgan soatning chiq-chiqlashi esa umrning har soniyasi naqadar qadrli ekanini koʻrsatadi, goʻyo. Jumanazar hikoyalarida ham tishga tegadigan jumlalar, uslubiy va mantiqiy xatoliklar uchrab turadi. “U yoʻl chekkasiga xuddi oʻz yuziga tupurganday rohatlanib tupurdi”, “...kimsaning koʻzi oldida maxluqsifat, vahshatli yuk mashinasi kelayotganini koʻrdi”, “...qandaydir tuygʻudan yashin tezligida harakatlanib, oʻzini chetga tortdi”, “Jirkanch gaplarni kimsaning basharasiga otdi”, “Qora it uning yanada roʻparasiga kelganda...”, “Savdogarlarning quloqni qomatga keltiradigan, bir necha chaqirimgacha eshitiladigan sasi yoqimsiz edi”... Bu jumlalarning nimasi xato ekanini izohlashning keragi yoʻqdir.

 

 

Hikoyalardagi dialoglar ham mukammal emas. “Oppoq qor” hikoyasida bir onaizor hayoti tugab borayotgan qiziga qarata “Sendan ajralishni tasavvur qilishning oʻzi meni halok qiladi!”, desa, ochlikdan oʻlayotgan tilanchi savdogarga qoʻl choʻzgancha “... biroz ochiqqandim” deb murojaat qiladi. “Muharrir” hikoyasidagi muharrir esa uni yoʻqlab kelgan yozuvchi bilan tayinli suhbatlashmay turib, “Men hech kim bilan bunday dildan suhbatlashmagan edim”, deydi-yu, asosiy suhbat shundan keyin boshlanadi. Yozuvchi hikoya qahramonlariga ism tanlashda ham oʻzgacha yoʻl tutadi. Ayrim hikoyalarni aytmasa, Jumanazarning qahramonlari U, kimsa, ajnabiy, chol, qiz, yigit, bola... Gohida asosiy qahramon roviyning oʻzi boʻladi, uning ham ismi aytilmaydi. Bu ham hikoyani reallikdan cheklab, mavhumlikka olib boradi.

 

Oʻtin yorishga sarf boʻlayotgan adabiyot

 

Yuqoridagi tahlil qilganimiz kitoblarda yangilikka intilish, ijodda qandaydir oʻziga xos yoʻllar izlash, turli tajribalar qilib koʻrishlarga duch keldik. Ularning qay darajada muvaffaqiyatli chiqqanini esa vaqt koʻrsatadi. Balki, bizning yozganlarimiz xato boʻlib, ularning bilganlari toʻgʻridir. Ammo kitoblar orasida anʼanaviy nasrimiz qadriyatlariga sodiq qolgan, klassik adabiyot qoidalaridan chetga chiqmagan bir ijodkor ham bor. U “Bosiriq” nomi ostida ikki qissa, yettita hikoyani oʻzida jamlagan toʻplam muallifi Bayram Alidir. Asarga soʻzboshi yozgan yetuk yozuvchi Luqmon Boʻrixon muallifni adabiyotni qismat deb biladigan, uni muqaddas sanaydigan ijodkor, deya taʼriflaydi. Buning haqiqat yoki shunchaki maqtov ekanini kitobni oʻqish davomida bilib olish mumkin.

 

Bayram Ali qalami ancha charxlangan, soʻzga masʼuliyatli, oʻzbek va jahon adabiyotidan suv ichgan, har qanday mavzuda bir oʻtirishda badiiy matn yozib bera oladigan ijodkor ekani seziladi. Uning badiiyatni teran his qilishi, falsafiy qarashlarini, gʻoyalarini asarlariga mohirlik bilan singdira olishi soʻz sanʼatini yaxshi egallaganidan darak beradi. Ammo ijodkor mana shunday katta iqtidor, ijodiy imkoniyat bilan mayda, maishiy mavzular, kichik muammolar atrofida aylanib, global dunyoga chiqa olmay qolayotgandek koʻrinadi. Uning hikoyalari mavzulariga eʼtibor qarating.

 

“Kuz yomgʻirlari”da oyoq kiyimi yirtiq boʻlgani uchun yomgʻir yogʻgan kunlari ishga kelmaydigan xodimning ahvoli bayon qilinadi. “Ilinj”da esa adabiyotimizda koʻp uchraydigan chavandoz va otning bir-biriga sadoqati ochib beriladi. “Hamdardlar” va “Nimkosa” hikoyalari oilaviy kelishmovchiliklar, tushunmovchiliklar oqibati, “doʻstlar” oʻrtasidagi salbiy munosabatlar qalamga olinadi. “Pochcha” hikoyasida qishloqning sodda odami va shaharlik qarindoshning suhbati orqali koʻp bor duch kelganimiz: shaharliklarni qurumsoq va ayyor, qishloqliklarni mard va tanti qilib koʻrsatish gʻoyasi singdirilgan. “Dardli qush” esa Bayram Ali yaxshi koʻrib yozadigan mavzu: eskichilik va bidʼat odatlarimizga qarshi oʻlaroq yuzaga kelgan. Bu hikoyalarning hammasida milliy va mahalliy kolorit aks etsa-da, yozuvchi kattaroq mavzularni, umuminsoniy gʻoyalarni qalamga olsa, maqsadga muvofiq boʻlar edi. Abdulla Qahhor aytganidek, atomdan kuchli adabiyotning kuchi oʻtin yorishga sarf etilmasligi kerak...

 

 

Eskichilik va turli bidʼatlarga qarshi turish mavzusini bejiz yozuvchining yaxshi koʻrgan mavzusi demadim. Uning har ikki qissasida ham, ayrim hikoyalarida ham bunday motivlar koʻp uchraydi. “Bosiriq” qissasida Asomjon pirning bir dumalab tabibga aylanishi, hamma kasalni davolay boshlashi, eng qizigʻi, unga ishongan odamlarning yopirilib kelishi va buning ortidan qishloqning boshqa uddaburon kishilari ham pul ishlashi juda ishonarli tasvirlangan. “Tunkezar bolalar” qissasida “tish ogʻrigʻiga yo ombir davo, yo zambur davo” deb, katta qora arini tishga bosib, davo topgan odam haqidagi rivoyat keltiriladi, kasal boʻlgan Sadafni Sulaymon pirlar chalgani aytiladi va uni davolash uchun mullaga oʻqitishadi. Bunday tasvirlar ijodkorning xalq orasidagi salbiy urf-odatlarga qanchalik qarshi turishini koʻrsatib qoʻyadi. Chunki asarlar davomida bu kabi amallarning birortasi foyda bermaydi. “Dardli qush” hikoyasidagi qaldirgʻoch ini aralashgan suvga choʻmilgan yigitning baribir oʻlim topishi, bechora qushlarning esa behudaga chirqillab qolishi yozuvchining bidʼatlarga ishongan odamlarga nafratini ham koʻrsatadi.

 

Bayram Ali ijodida Shukr Xolmirzayev, Togʻay Murod, Oʻtkir Hoshimov, Luqmon Boʻrixonlarning taʼsiri sezilsa-da, ularning birortasiga koʻr-koʻrona ergashish, taqlid qilish kuzatilmaydi. Iloji boricha sodda va tushunarli, samimiy yozishga intiladi. Ortiqcha metafora va nasriy sanʼatlar bilan boʻyab-bezashga ham urinmaydi. Yozganlari orasida tagiga chizib oʻqiladigan jumlalar, badiiy topilmalar uchrab turishi adibning yana bir yutugʻidir: “...serharakat va keskir nigohlari mening gʻamgin nigohimga qoqilib toʻxtadi”, “Inson ruhi oʻta kuchli boʻlganda, yo oʻta zaif boʻlganida ilohiyot bilan aloqa bogʻlashga qodir”, “Shu-shu narx-navo qanchalik osmon-u falakka chiqsa, el shunchalik qisinib-qimtinadigan, oʻzini aybdor sanaydigan boʻlib qoldi...”, “Dono gaplarning ham yaroqlilik muddati oʻtishi mumkin.” Ammo ayrim tasvirlar va dialoglarni berishda juzʼiy kamchiliklarga ham yoʻl qoʻyilganki, ularni keyingi tahrir jarayonlarida toʻgʻrilasa boʻlar. Masalan, “Tunkezar bolalar”dagi Sadafning zambur haqidagi rivoyati bola tilidan emas, donolar bisotidan aytilgan rivoyatdek tuzilgan.

 

Xulosa

 

“Izlam” turkumi ostida chop etilgan nasriy asarlardan kelib chiqib, bugungi yoshlar ijodiga ham baho berish mumkin. Toʻgʻri, keyingi yillarda yosh nosirchilarning bir nechta asarlari chop etilib, shov-shuv koʻtarilgandek boʻldi. Ammo ularning ham umumiy qiyofasiga adabiyotshunoslik nuqtai nazaridan qaraydigan boʻlsak bir nechta xulosalar kelib chiqadi:

 

1. Yosh nosirlarimiz ayni paytda izlanish va yangilanish yoʻlida. Ular yangicha yoʻnalishlar topish, badiiy matn ifodasining oʻziga xos uslublarini kashf etish borasida tinimsiz ter toʻkishmoqda. Ammo hali novatorlikka daʼvo qila oladigan asar yaratilganicha yoʻq.

 

2. Hikoyachilikda jahon adabiyoti, oʻzbek anʼanaviy nasri va “bozor adabiyoti” unsurlari qorishib ketgan. Buning sababi esa sof badiiy tilning oʻquvchisi kam, joʻnroq va maishiyroq uslubning talabgori koʻpligida. Mashhurlikka intilish, fikrlarini tezroq va koʻproq kitobxonga ulashish ilinjida yozuvchilar ikkinchi uslubni tanlashyapti. Ammo bunday asarlar adabiyot atalmish shafqatsiz, doimo vaqt hukmida boʻlgan qoʻrgʻonga yaqinlasha olmaydi.

 

3. Boy va dunyoda ham yetakchi oʻrinda turadigan folklorimizdan taʼsirlanish juda kam, demakki, oʻqilmayapti va mohiyatiga yetilmayapti.

 

4. Nasriy asarlarning mavzu doirasi torayib bormoqda. Koʻproq maishiy, ijtimoiy mavzular, dunyo xalqlari uchun u qadar qiziq boʻlmagan mahalliy muammolar qalamga olinmoqda. Katta va global, inson ruhiyati, oʻzligini anglashi bilan bogʻliq, tarixiy mavzularga negadir juda kam murojaat etilmoqda. Bu balki jahon adabiyoti, dunyoning turli mintaqalarida ijod qilayotgan tengdoshlar bilan yetarlicha aloqalar oʻrnatilmagani taʼsiridir...

 

5. Eng muhim jihat, adabiyotni qismat deb, asosiy ish deb qarash juda kamayib ketmoqda. Aslida, nasriy asar yozish juda katta vaqt va salohiyat, sabr va qanoat talab qiladigan jarayon sanaladi. Bu ish shunchaki ishdan boʻsh vaqtlarda koʻngil hushi uchun qilinadigan mashgʻulot emas. Dunyo tan olgan yozuvchilarning aniq yozish tartibi boʻlgani, kerak boʻlsa, yillab bir xonaga qamalib olib ijod qilganini bilamiz. Soʻz sanʼatiga ana shunday fidoyilik boʻlmas ekan, katta hodisalar kutishga umid bogʻlash oʻrinsiz.

 

Bekzod IBRAGIMOV,

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek

tili va adabiyoti universiteti mustaqil tadqiqotchisi

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//