Shahlo Turdiqulova – biologiya fanlari doktori, professor. O‘zbekiston Fanlar akademiyasining 80 yillik tarixida birinchi ayol vitse-prezident. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi ilg‘or texnologiyalar markazi direktori. Ilg‘or texnologiyalar markazidagi inson genetikasi va biotexnologiyasi ilmiy maktabining asoschisi. “Do‘stlik” ordeni sohibi. 78 ta ilmiy maqola (shundan 42 tasi xorijda nashr etilgan), 3 ta kitob va qator monografiyalar muallifi.
***
Sulolamizda ilm yo‘lidan ketgan to‘rtinchi avlodman. Katta bobom xizmat ko‘rsatgan pedagog, o‘zbek ta’limi rivojiga hissa qo‘shgan fidoyi ustozlardan bo‘lgan. Ota-onam matematik. Otam ilm qilish bilan birga pedagogik faoliyat bilan shug‘ullangan, onam bir umr O‘zFAda ishlagan. Men ham oilaviy an’anani davom ettirib, matematik bo‘lishni xohlardim. Otam kibernetika mutaxassisi bo‘lgani uchun menga ham shu yo‘nalishni maslahat bergan. O‘sha vaqtlar bu soha endi-endi rivojlanib kelayotgan edi. O‘zim esa AT (axborot texnologiyalari) bilan biologiyani birlashtirib, biorobotlar yaratiladigan kelajakni orzu qilardim.
Maktabni bitirish arafasida qaysi sohani tanlasam ekan deb ko‘p ikkilangandim. Buni ko‘rib otam bir biolog do‘stining oldiga boshlab bordi. Suhbatimiz davomida u kishi hali shunday zamonlar keladiki, kibernetika va biologiya birlashib fanda mo‘jizalar yaratadi, biorobotlar, ya’ni sun’iy hujayralar paydo bo‘ladi degan fikrni aytdi. Shunda o‘zim yaxshi ko‘rgan fanlar – matematika va biologiya bilan kelajakda birday shug‘ullanishni niyat qildim. O‘sha kishining fikrlaridan ilhomlanib, Toshkent davlat universitetining biologiya fakultetiga o‘qishga kirdim.
Talabalikning ilk kunidanoq biotexnolog bo‘lishni maqsad qildim. O‘sha vaqtlar biotexnologiya kafedrasi mudiri otamning o‘rtog‘i Adham Rahimov edi. U kishi diplom ishim, nomzodlik, doktorlik ishlarimga ilmiy rahbarlik qilgan.
Domla uzoqni ko‘radigan zukko olim edi, o‘n, yigirma, o‘ttiz yildan so‘ng fanda qanday yangiliklar bo‘lishini bashorat qila olardi. Qarangki, domla ko‘p yillar oldin xayol qilgan kashfiyotlar bugun amalga oshayapti.
Afsuski, mustaqilligimizning ilk yillari barcha sohalarda bo‘lgani kabi ilm-fanda ham qiyinchiliklar davri bo‘ldi. O‘sha kezlar endi aspiranturani bitirib, biotexnologiya bo‘yicha nomzodlik dissertatsiyamni yoqlagandim. Yurtimizda ilmning ahvolini ko‘rib, buyog‘iga nima qilishni bilmay turgandim. Shunda Los-Anjelesdagi Kaliforniya universitetining taklifi bilan AQShga ketdim. U yerda bir olim bilan tanishdim. Tasodifni qarangki, u kishi ustozim Adham Hakimovich bilan bir vaqtda ilmiy faoliyatini boshlagan ekan. Hatto biotexnologiya kafedrasi har ikki yurtda ham ketma-ket tashkil etilgan ekan. Faqat u yerda sharoit mutlaqo o‘zgacha va ilm ham ancha ilgarilab ketgandi. Biz orzu qilib yurgan yangiliklar ularda allaqachon amaliyotga tatbiq etib bo‘lingandi. Bizning olimlarimizning ulardan kam joyi yo‘q edi aslida. Salohiyati yuqori bo‘lsa yuqoriki, aslo past emasdi. Ammo qayerda ilm odamlariga sharoit va e’tibor bo‘lsa, o‘sha yerning ilmi tez rivojlanadi. Hozir bizda ham ilm-fanga katta e’tibor berilyapti va tez orada buning mevasini ko‘ramiz.