Zulm va qonxo‘r bolsheviklar haqida ochiq yozilgan asar – bir asrlik muxammas tahlili


Saqlash
12:48 / 28.11.2024 138 0

Karimbek Sharifbek o‘g‘li – Kamiy (1865–1922) – milliy uyg‘onish davri o‘zbek adabiyotining yirik vakillaridan biri. 1890-yillardan shoir sifatida tanilgan. Kamiy mumtoz she’riyatning g‘azal, murabba’, muxammas, musaddas, ruboiy, qit’a, fard janrlarida qalam tebratdi. Ijtimoiy-falsafiy ruhdagi manzumalar yozdi. Adabiy-ijtimoiy hayotdagi eng muhim voqealar sanasini o‘zida darj etgan tarixlar yaratdi. Shoirdan 6000 misraga yaqinroq adabiy meros qolgan.

 

Kamiy ijodi murakkab, dunyoqarashi ziddiyatli. Shoir o‘zining “Temir yo‘l xususida”, “Dilki millat g‘amida qon o‘ldi…”, “Soldi beilmlik xatolarg‘a” kabi qator she’rlarida xalqni ma’rifatli bo‘lishga da’vat etgan.

 

Shoirning jo‘shqin ishqiy g‘azallari, zaharxanda va dadil ijtimoiy manzumalari, millat kelajagiga kuyunib, uning farzandlarini ilm-ma’rifatga da’vat etgan she’rlari o‘z davrida katta mavqega ega bo‘lgan.

 

Ta’kidlash joizki, Kamiy she’rlarida charxning “ravishi kaj” (qing‘ir yo‘l)ligidan to zolim podshohning zulmigacha, ochlik yillarining “suubatu alami” (qiyinchilik alami)dan Fevral burjua inqilobining “sururi”gacha, Oktyabrning “ranj-u zulmi”dan boshlab Turkiston Muxtoriyatini qonga botirgan bolsheviklarning “fe’li bad”i (yomon ishlari)gacha o‘z ifodasini topgan.

 

Tarixdan ma’lumki, XX asrning boshlarida o‘zbek xalqi tarixida o‘chmas iz qoldirgan, ozodlik va mustaqillik g‘oyalarini o‘zida mujassamlashtirgan, o‘lkadagi birinchi milliy-demokratik davlat tuzilmasi – Turkiston Muxtoriyati tashkil etiladi. Afsuski, uzoq yillar mustamlaka zulmi ostida yashagan Turkiston xalqining azaliy orzu-umidlarini o‘zida namoyon etgan, ularning manfaatlariga to‘la mos keladigan Muxtoriyat yangi mustabid bolsheviklar tomonidan shafqatsizlarcha tor-mor keltirildi.

 

 

1918-yil fevralida Qo‘qonda sodir bo‘lgan ana shu fojeali voqea ko‘pchilik vatanparvar shoirlar qatorida Toshkandiy Kamiyni ham befarq qoldirmadi. Ijodkorning “Al-Izoh” jurnalining 26-sonida (21-mart 1918-yil) e’lon qildirgan “Afsusnoma Xo‘qand fojeasina” sarlavhali muxammasi aynan Qo‘qon shahrida bolsheviklar tomonidan qurolli bosqin yo‘li bilan Muxtoriyat tugatilishi voqealariga bag‘ishlanadi.

 

Ma’lumot o‘rnida:

 

“Al-Izoh” jurnali 1917-1918-yillarda Toshkentda nashrdan chiqarilgan. Jurnal XX asrning boshlarida turkistonliklarning milliy manfaatlarini ifoda etuvchi, hayotning turli sohalarini yorituvchi, o‘lkada ro‘y berayotgan ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy jarayonlar va madaniy voqealardan xabar beruvchi milliy matbuot nashrlaridan biri bo‘lgan.

 

Uning muassisi bo‘lgan “Ulamo” jamiyati esa 1917-yilning iyun oyida Toshkentda bir guruh ulamolar tomonidan “Sho‘roi islomiya” tashkiloti bilan umumiy ish ko‘rish bilan barobar, millatlar hamda musulmonlarning axloqiy asoslarini muhofaza qilish, musulmon fuqarolar orasida diniy zaminda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan har xil shikoyat va anglashilmovchiliklarni hal etish maqsadida ta’sis etilgan.

 

 

1917-1918-yillardagi murakkab siyosiy jarayonlar, siyosiy guruh va firqalarning o‘lkada kechayotgan mavjud ijtimoiy-siyosiy voqealarga munosabati Turkistonning deyarli barcha matbuot nashrlari qatorida “Al-Izoh” sahifalarda ham o‘z aksini topgan.  Jurnalning adabiyot sahifasida chop etilgan o‘zbek va tojik tillaridagi she’rlar alohida e’tiborga egadir.

 

Uning sonlarida Sirojiddin Mahdum Sidqiy, Vasliy Samarqandiy, Kamiy Toshkandiy singari taniqli shoirlar bilan birga o‘sha davrda ijod etgan, biroq ijodi hali atroflicha o‘rganilmagan Mulla Sodiq Iymonquliy, Mubashshirxon Mahdum Al-Bashariy, Mulla Muhammad Yusuf (Ramziy) Toshkandiy, Al-Mu’tarif mulla Abdulqodir Toshkandiy, Jaloliddin Xo‘ja bin Eshon Xo‘ja, mulla Nasriddin mulla Karim Oxund o‘g‘li G‘urbatiy singari shoirlarning ham diniy, ijtimoiy-siyosiy mazmundagi she’rlari berilgan”.

 

Ana shunday she’rlardan biri Kamiyning yuqorida qayd etilgan muxammasi bo‘lib, uning ilk bandidanoq misralar taassuf-u dard ila yozilganini payqash mumkin. Kamiy bir o‘rinda Farg‘ona xalqi “Sulh debon necha zamon rus elig‘a ko‘z tutti” deydi. Lekin, ming afsuski, mazlum xalqning yana aldanishi ma’lum bo‘ldi.

 

Sulh o‘rniga ular ustiga qahr-u g‘azab yog‘ildi. Kamiy nadomat bilan buni “Bolshiviklardin alar uzra itob o‘ldi, darig‘” shaklida ifodalaydi. Shahar vayron qilindi, xalq qirib tashlandi, nomusi poymol etildi. Qurolli bosqin oqibatidagi Qo‘qon shahrining ayanchli manzaralarini shunday ta’riflaydi:

 

Voy, yuz voyki Farg‘ona xarob o‘ldi, darig‘,

Zulm o‘qi birla bukun gardu turob o‘ldi, darig‘,

Bu musibatdin ulus chashmi yirob o‘ldi, darig‘,

Hamma katta-kichik bag‘ri kabob o‘ldi, darig‘,

Shahar obod edi chun dashti sarob o‘ldi, darig‘.

 

 

Aholining kechirgan azob-uqubatlarini esa quyidagi misralarda yaqqol ko‘rishimiz mumkin:

 

Bo‘ldilar otasidan ul kuni farzand judo,

Ochlik muxtasidan ko‘zig‘a kun bo‘ldi qaro,

Hikmating bilmam yo Rab, sen o‘zingsan dono,

Hech bandaning boshina bo‘yla musibat solma,

Bu musibatlara Xo‘qand eli bob o‘ldi darig‘.

 

Biroq shunda ham bolsheviklarning ko‘ngli taskin topmaydi. Mazlumlar mol-mulkini talon-toroj qiladilar. Otning o‘limi itning bayramiga aylanadi. Fojealarning asl sababchilari bo‘lgan bolsheviklarning kirdikorlari tig‘li qalam bilan ochiq fosh qilinadi:

 

Bolsheviklarning zulmimi yo fe’li badi,

Zar-u amvollarin qo‘ymadi mundog‘, taladi,

Bo‘lmayin qolmadi taroj gilam-u namadi,

Monei zulm-u ta’addi bo‘la olmay hadi,

Vohki mazlumlara yavmul hisob o‘ldi darig‘.

 

Kitobxonlarga Kamiyning “Afsusnoma Qo‘qon fojeasina” muxammasining to‘liq matnini hozirgi alifboga o‘girgan holda, hozirda iste’moldan chiqqan qator so‘zlarning izohi bilan taqdim qilamiz.

 

 

Xulosa o‘rnida shuni qayd qilish joizki, Kamiy o‘z ijodi bilan mustamlakachi podshohning, istibdod tuzumining zulm-u bedodliklarini fosh etdi. Hurriyatni baralla olqishladi. Milliy davlatchiligimizga rahna solganlardan o‘z qahr-u g‘azabini yashirmadi. Uning ijod namunalari e’lon qilingan – “Al-Izoh” jurnali ham Turkiston tarixini yorituvchi asl manbalardan sanalib, uning sahifalaridan o‘rin olgan she’rlarni o‘qib-o‘rganish adabiyotshunos, tilshunos, tarixchi mutaxassislar bilan birga o‘zbek she’riyatiga qiziquvchi keng kitobxonlar uchun ham foydali bo‘ladi.

 

Mazkur she’rlarni mazmunan tadqiq etish nafaqat XX asr boshlarida Turkistondagi shoirlarning ijodini o‘rganish, balki o‘sha davrdagi bir qator tarixiy voqealarning haqqoniy manzaralarini aniqlashga xizmat qiladi.

 

***

“Afsusnoma” Xo‘qand fojeasina

 

Voy, yuz voyki Farg‘ona xarob o‘ldi, darig‘,

Zulm o‘qi birla bukun gardu turob[1] o‘ldi, darig‘,

Bu musibatdin ulus chashmi yirob o‘ldi, darig‘,

Hamma katta-kichik bag‘ri kabob o‘ldi, darig‘.

Shahar obod edi chun dashti sarob o‘ldi, darig‘.

 

Erdi Xo‘qandi qadim asru nazokat ichra,

Ajabo qoldi bu kun gardi falokat ichra,

Biz erurmiz der edi sha’ni ila shavkat ichra,

Soldilar o‘zlarini hayfi halokat ichra,

Ishlag‘on ishlari ko‘r, ziddi Kitob[2] o‘ldi darig‘.

 

Oh ila nola Xo‘qand samoyidan[3] o‘tti,

Hamma el ushbu musibat g‘amidin qon yutti,

Sulh deb necha zamoni rus elig‘a ko‘z tutti,

G‘alaba bizda debon o‘zlarini unutti,

Bolshivikdan alar uzra isob o‘ldi darig‘.

 

Bo‘ldilar otasidan ul kuni farzand judo,

Ochlik muxtasidan ko‘zig‘a kun bo‘ldi qaro,

Hikmating bilmam yo Rab, sen o‘zingsan dono,

Hech bandaning boshina bo‘yla musibat solma,

Bu musibatlara Xo‘qand eli bob o‘ldi darig‘.

 

Bolsheviklarning zulmimi yo fe’li badi[4],

Zaru amvollarin qo‘ymadi mundog‘, taladi,

Bo‘lmayin qolmadi taroj gilam-u namadi,

Moneyi zulmu ta’addi[5] bo‘la olmay hadi,

Vohki mazlumlara yavmul hisob[6] o‘ldi darig‘.

 

Qaysi badbaxt sabab bo‘ldi ekan bu kora,

Qildi bechora musulmon hammasin ovora,

Bu olamdan hamma el jon-u dili sadpora,

Mol-u dunyolari afsus yoqildi nora[7],

Begunahlarg‘a ko‘ring qattig‘ azob o‘ldi darig‘.

 

Har kishi ushbu musibat kunini yod etsa,

Ayb qilmang ani ming dod ila faryod etsa,

Kimdur ul emdi bu vayronani obod etsa,

Qani harbiy ministr kelib imdod etsa,

Hayfkim, g‘aflat ila ko‘zlari xo‘b o‘ldi darig‘.

 

Ahli Xo‘qand “.....”[8]da misoli yo‘q ekan,

Jang qilmoqqa alar quvvat-u holi yo‘q ekan,

Aksari noqis ekan, hech kamoli yo‘q ekan,

Qoyda bordur u kamoleki zavoli yo‘q ekan,

Bo‘ldi xammor[9] u kim masti sharob o‘ldi darig‘.

 

Chunki Haq jonibindin kelsa qazo birla qadar,

Beshaku rayb[10] hamma bo‘lg‘usidurki ko‘r-u basar,

Jami sud esa tobg‘usi ul kimsa zarar,

Bo‘lma mag‘rurki cho‘q manda deb mol ila zar,

Sim-u zar, moli cho‘q ellar beshitob o‘ldi, darig‘.

 

Mingu uch yuz bila o‘ttuzu olti edi sol[11],

Oy jumodul-avval[12] edi eshiting eng nekxisol[13],

Oh Xo‘qand elining davlatig‘a yetti zavol,

Kimki bu fojea hodisadan qilsa savol,

Ul savolg‘a darig‘oki javob o‘ldi darig‘.

 

Ey Kamiy kelg‘il-u emdi so‘zing muxtasar et,

Ochib ibrat ko‘zi ila har yonga bir-bir nazar et,

Ushbu nav’ hodisadan bor esa aqling hazar et,

Hamvatanlarg‘a bu aksil harakatdan xabar et,

Shahri obod edi Xo‘qand, xarob o‘ldi darig‘.

 

Toshkandiy KAMIY

 

“Al-Izoh” jurnali

1918-yil, 26-son 397-bet.

 

Murod ZIKRULLAYEV,

O‘zR VM Qatag‘on qurbonlari xotirasi

davlat muzeyi direktorining

ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari



[1]Gardu turob – go‘r changi, to‘prog‘i.

[2]Bu yerda Kitob Qur’oni karim ma’nosida.

[3]Osmonidan.

[4]Yomon fe’li.

[5]Ta’addi – ko‘payishi, ortishi.

[6]Qiyomat qoim kuni nazarda tutilgan.

[7]Nor – olov.

[8]Asli matinda shunday berilgan.

[9] Xammor – ichkilik yasovchi, ichkilikka berilgan.

[10] Rayb – shak, shubha, gumon.

[11] Hijriy 1336 – milodiy 1918-yil.

[12] Hijriy yil hisobidagi jumodul-avval oyi milodiy oktabr oyiga to‘g‘ri keladi.

[13]Nekxisol – go‘zal xislatlar.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22297
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//