Batafsil yozilgan xabarga “ok” deb javob berilmaydi. Rasmiy, ish boʻyicha muloqotda, ayniqsa, shoshilinch vaziyatlarda audio-xabar qoldirilmaydi. Kelgan xabarni ochib, oʻqigach (uzoq vaqt) javobsiz qoldirilmaydi. Ishdan keyingi vaqtlarda ogohlantirishsiz qoʻngʻiroq qilinmaydi. Bularning barchasi raqamli etika qoidalari sanaladi. Raqamli etik oʻzi nima? U qanday normalarni qamrab olgan-u, unga qayerda rioya qilish kerak? Quyida shu haqda bilib olamiz.
Raqamli texnologiyalar rivojlanishi bilan, internet, ijtimoiy tarmoq va texnologik qurilmalardan foydalanishda axloqiy masalalarga eʼtibor qaratish zarurati ortib bormoqda. Bu esa mazkur jarayonining ishtirokchisi boʻlgan har bir inson, ayniqsa, media-kontent ishlab chiqaruvchilarini yangi tartib-qoidalarga moslashishi, unga imkon qadar rioya qilishi kerakligini anglatadi. Chunki raqamli etiketga amal qilish yoki uni bilib-bilmay chetlab oʻtish tomonlar oʻrtasidagi aloqalarning yaxshilanishi yo boʻlmasa, koʻngilsizlik keltirib chiqarishi, faoliyat doirasida esa muvaffaqiyat yoki ortga siljish natijasini berishi mumkin.
Raqamli etika oʻzi nima?
Raqamli makon etikasi – onlayn muhitdagi xulq-atvor normalari, qoida va tartib tamoyillarining yigʻindisi sanaladi. Ushbu axloq qoidalari barcha raqamli texnologiyalarni qoʻllashda, ayniqsa, messendjerdagi kundalik yozishmalar hamda telefon orqali muloqotda rioya qilinishi kerak boʻlgan qoidalarni oʻz ichiga oladi.
Raqamli etikaga nimalar kiradi?
Suhbatdoshning shaxsiy chegaralarini hurmat qilish, unga noqulaylik keltirib chiqarmaslik hamda u bilan toʻgʻri, doʻstona munosabatda boʻlish kabi universal qoidalar xuddi barchaga maʼlumdek koʻrinishi mumkin. Biroq mavzuga chuqurroq kirish orqali boshqa muammoli masalalarga duch kelasiz.
Ushbu tartib-qoidalar raqamli makondagi shaxsiy xavfsizlikdan to oʻzgalarning huquqlari, vaqti va imkoniyatlarini hurmat qilishgacha boʻlgan intizom qoidalarini nazarda tutadi. Biroq bu qoidalar oʻta keng qamrovli boʻlgani uchun ularni qismlarga ajratib, eng muhimlarini koʻrib chiqamiz.
HAMKASBLAR BILAN MULOQOT BOʻYICHA UMUMIY TAVSIYALAR
Avvallari tashkilot aʼzolari faqat ish soatlaridagina suhbatlashgan. Yarim kechasi telefon qilish hech kimning hayotliga kelmagan. U vaqtlarda muloqotga chegara qoʻyishga ehtiyoj boʻlmagan. Chunki odamlar qoʻngʻiroq qilishga ham oson “erishmas” edi.
Bugun esa hammasi boshqacha. Raqamli olam murakkablashib, real va virtual hayot oʻrtasidagi chegarani topish qiyinlashib boryapti. Va ana endi, katta hajmdagi axborotlar bilan ishlashda, internet makonda oʻzini tutish qoidalari alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Simmetriya prinsipiga rioya qiling. Agar hamkasbingiz sizga katta hajmli, batafsil xabar yuborgan boʻlsa, siz ham unga yarasha javob qaytarishga vaqt ajrating. “Ok” degan javob, biror emodzi yoki shunchaki layk bosish yetarli emas.
Bosim qilmay, masʼuliyatni oshirishga chaqiring. Dedlayn yaqinlashib, masʼul xodim bilan bogʻlanishga zarurat boʻlsa, birinchi mobil raqamiga xabar yuboring. Javob boʻlmasa, telegramda telefon qilishingiz haqida xabar bering. Shundan keyingina qoʻngʻiroq qiling. Murojaatlarda shaxsiyatga oʻtishdan va haqoratlardan uzoq boʻling.
Bundan tashqari, hamkasblaringizdan avvaldan soʻrab, aniqlashtirib oling:
“Agar soʻngi muddatga (dedlaynga) yaqin bogʻlana olmasak, Sizni qayerdan topish mumkin?” deb. Shu tariqa siz soʻnggi chora sifatida ularni qayerdan topish mumkinligini oʻzlaridan bilib olasiz. Qolaversa, xodim bu savol ortidan ishni topshirish muddatiga yanada diqqatliroq boʻladi.
Umumiy davralarni hurmat qiling. Qoʻngʻiroqlarni alohida xona yoki tashqarida amalga oshiring. Agar oldingizda odamlar boʻlsa, albatta, ulardan hurmat maʼnosida soʻrang, yaʼni ogohlantiring:
“Telefonda gaplashib olsam, hech kimga xalal bermaymanmi?” deb.
Hamkasblaringizni behudaga chalgʻitmang. Umumiy chatga biror nima yozishdan avval savolingizga oʻzingizda bor va / yoki chat yuqorisiga qadalgan maʼlumotlardan kalit soʻzlar bilan javob izlab koʻring.
Ziddiyatli vaziyatlarda onlayn-kommunikatsiyadan foydalanmang. Muammoga duch kelsangiz, uni shaxsan muhokama qiling. Onlayn yozishmalarda tomonlar emotsiyasi hayotdagidan boshqacharoq talqin qilinishi mumkin.
Messendjerlardagi guruh, umumiy chatlarning maqsadini yodda tuting. Ularda barcha xodimlarga tegishli masalalar boʻyicha xabar berish mumkin. Ishdan tashqari hazillar yoki mish-mish xabarlar yuborishdan ham saqlaning. Ish bilan bogʻliq boʻlmagan suhbatlar, biror voqeaga munosabatlar uchun esa shaxsiy chat eng toʻgʻri manzil.
Bir muammo – bitta gap. Agar bir xabarda bir nechta masala boʻyicha yozmoqchi boʻlsangiz, uning oʻqiluvchanligini yaxshilash uchun qismlarga ajratib, alohida xatboshi bilan yozish tavsiya etiladi. Qoʻshimcha emodzilardan esa foydalanmaganingiz maʼqul.
Kontekstni saqlab qoling. Yozishmalarda, ayniqsa, guruhdagi suhbatda doim “javob berish” (Otvetit) funksiyasidan foydalaning. Yana kuchukcha belgisi va foydalanuvchi nomi bilan javob qaytarish boshqalarning diqqatini chalgʻitmaydi. Shu tariqa, bildirgan fikringizning tezroq va toʻgʻri manzilga yetishiga muvaffaq boʻlasiz.
Hazillarni javobsiz qoldirgan maʼqul. Hatto, oʻta aqlli javob oʻylagan taqdiringizda ham, ish uchun ochilgan messendjer guruhlarida hazillarni imkon qadar javobsiz qoldiring.
Audio-xabar yubormaslikka harakat qiling. Suhbatdoshingizning qoʻl ostida doim ham quloqchin boʻlavermaydi. Bundan tashqari, aytilayotgan gap kasb siri yoki shaxsiy suhbat boʻlishi ham mumkin. Agar shunda ham audio yuborishga zarurat boʻlsa, hech boʻlmaganda, xabar nima haqida ekanini matnli xabar bilan ogohlantiring. Raqamli etiket shuni talab etadi. Rasmiy yozishmalarda esa umuman ovozli xabardan foydalanmaslik tavsiya etiladi.
Ishdan tashqari vaqtlarda bezovta qilmang. Boshqalarning bioritmi va dam olish huquqini hurmat qiling. Ishdan keyin paydo boʻlgan savol, gʻoya va fikr-mulohazalaringizni unutib qoʻyishdan choʻchisangiz, uni tonggi vaqtda yuborish uchun messendjerda rejaga qoʻying.
Xabarni ochgach javob qaytarishni unutmang. Xabarga imkon qadar kechikmasdan javob bering. Uni oʻqib, javobsiz qoldirish raqamli etikada ikkinchi tomonga hurmatsizlik deb baholanadi.
Agar hamkasbingiz onlayn boʻla turib javob qaytarmayotgan boʻlsa, ehtimol, muhimroq masalalarni hal qilayotgan boʻlishi mumkin. Yoki Siz bilan yozishuv chati yozishmalarning eng pastiga tushib ketgan boʻlishi ehtimoli ham bor. Bunday vaziyatda soʻngi xabarni qayta yuborish kerakli natijani berishi mumkin.
Xabarni bitta-bittadan soʻzlar bilan yubormang. Bu shaklda xabar yuborish raqamli etikaga zid ekanligidan tashqari, 90% holatlarda negativ natija beradi. Bir odamdan keladigan ketma-ket bildirgilar hatto, eng sabrli hamkasbingizni ham charchatib, sizni ovozsiz rejimga oʻtkazib qoʻyishiga sabab boʻlishi mumkin.
Toksik murojaatlarni chiroyli ifodalarga almashtiring. Hamkasbingizning koʻp qirraliligi unga qarshi ishlamasligi kerak. Yozishmalarda ohang va emotsiyalarni ifodalash murakkab ekanini inobatga olib, xodimning vazifasidan tashqari boʻlgan biror yordamiga ehtiyoj sezsangiz, uni “imkoni bormi?”, “iltimos”, “xursand boʻlardim” kabi jumlalar bilan soʻrang. Iltimosingiz buyruq tarzida boʻlib, “Falon ishni qila olar ekansan, menga ham qilib ber” tarzida aytilsa, sizga ham behurmatlik bilan javob qaytishiga tayyor turing.
Umuman olganda, sanalgan qoidalarga rioya qilish real hayotda ham oʻzini madaniyatli tutadigan insonlar uchun murakkablik keltirib chiqarmaydi.
Bilmaslik uyat emas, lekin bilishga harakat qilmaslik yoki bila turib amal qilmaslik yoqimsiz oqibatlar bilan yuzlashtiradi. Shunday ekan, har qanday doirada tegishli normalarga amal qilib, hurmatingizni saqlab qoling.
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q