Ikki bulbul yoxud dard hamon o‘sha-o‘sha – Abdulla Oripov she’riyatida navoiyyona ohanglar


Saqlash
10:11 / 30.11.2021 2116 0

Hazrat Navoiyning nurli siymosi va muazzam ijodiyoti har bir o‘zbek uchun, xususan, o‘zbek adibi uchun bir quyosh kabidir.  Bu quyoshdan har kim o‘z imkoni darajasida taft va kuch oladi.  Ozi oz, ko‘pi ko‘p oladi.  Abdulla Oripov buyuk bobokalonimizdan katta kuch va yoniq taft olgan XX asr ikkinchi yarmida yetishgan ulug‘ shoirdir.  Hozir ulug‘ yoshdagilar biladiki, shoir adabiyotga kirgan dastlabki yillarda uning tavallud sanasi 1942-yil deb yozilardi.  Keyinchalik bu sana 1941-yilga o‘zgartirildiki, bu zinhor bejiz emas.  Demak shoirimiz Hazrat Navoiydan rosa 500 yil keyin dunyoga kelgan va bu nimanidir anglatsa kerak.

 

Shunday qilib, Abdulla Oripov, ta’bir joiz bo‘lsa, Hazrat Navoiyning pannevara shogirdidir.  Ustozlik hammaga ham nasib etavermaganidek, hamma ham shogirdlik maqomiga (Navoiyga shogirdlik – bu maqom) erisha olmaydi.  Abdulla Oripov shu maqomga erishgan sanoqli shoirlarimizdan biri edi.  U bitiklaridan birida chuqur afsus bilan “Navoiy bo‘lolmadiq” (shunday shakl uning so‘z qo‘llashida bor edi) deb yozgan esa-da, shu gapni aytish, ayta olish uchun ham anchayin huquq talab qilinardi.

 

Shunday huquq Abdulla Oripovda bor edi.

 

Shoir Hazrat Navoiy haqida talay misralar bitganki, ularning sarasi, shubhasiz 1968-yilda yozilgan “Alisher” she’ridir.  “Baytingga bir bora qovushgan har lab, Takrorlab ketgusi mahshargacha to” deydi Shoir ushbu she’rida.  Undan tashqari, Shoir adabiy suhbat va maqolalarida buyuk bobomiz haqida talay mulohazalar bildirgan, zakiy kashfiyotlarni o‘rtaga tashlagan.  Shular asosida ham “Abdulla Oripov – navoiyshunos” degan tadqiqot olib borish mumkin va u samarali bo‘ladi, deb ishonaman.  Shoir 1982-yilda adabiyotshunos Anvar Jabborov bilan “She’r va she’riyat haqida” deb nomlangan suhbatida deydi:

 

“Men navoiyshunos degan terminga qarshiman.  Chunki bu shunday katta bahri muhitki, uning dengizlari bor.  Shuning uchun, “Layli va Majnunshunos” yo “Farhod va Shirinshunos” bo‘lish mumkin.  “Chor devon” bir umr o‘rganilsa kam.  Men Navoiydan masalaning mohiyatiga kirishni, she’rni sehrli tayoqchaday o‘ynatishni o‘rgandim.  U kishi mazmun ifodasining ustasi, she’r aytish mumkin, lekin she’rni mazmun bilan faqat Navoiy aytgan”*.

 

Masalaga ilmiy jihatdan yondoshilsa, Hazrat Navoiy ijodining Abdulla Oripov she’riyatiga ta’siri juda katta mavzu.  Uni tadqiq etish balki tom-tom kitoblarni taqozo etar, lekin quyidagi mulohazalar ushbu katta ishning bir zarrasigina deyish mumkin.  Zero XX-XXI asr o‘zbek she’riyatining yirik namoyandasi o‘zbek adabiyoti dahosi ijodidan, ushbu “bahri muhit”dan suv ichmasligi, ulgi olmasligi mutlaqo mumkin emasdir.

 

Biz quyida shoirimiz 1965-yilda, yoshlik pallasida bitgan lirik shedevri “Bulbul”ning ilhombaxsh nuqtasi, sarchashmasi haqida so‘zlamoqchimiz.  Bu esa aynan Hazrat Navoiyning “Layli va Majnun” dostonidagi bir lavha va uning “Bulbul” she’ri yaralishida ijodiy turtki bo‘lganligini qayd etamiz hamda keyin esa har ikki mustaqil hodisa, dostondagi lavha va she’rning qiyosiy-tipologik tahlilini amalga oshirmoqchimiz.  Bundan ko‘rinadiki, ta’sir va tipologiya muayyan o‘rinlarda bir-birini inkor etmaydigina emas, bir-birini to‘ldirishiga guvoh bo‘lishimiz mumkin.

 

Shunday qilib, Hazrat Navoiy “Xamsa”sining uchinchi dostoni “Layli va Majnun”ni mutolaa qilar ekanmiz, uning 13-bobida shunday lavhaga duch kelamiz.  Avval bob unvonidagi ayrim jumlalarni ko‘chirsak: “Qaysning...  bulbuli shabhez bila ishq dostonlari adosida nola qilg‘oni va bulbul soyasidek tufroqqa yiqilg‘oni...”.  Bob davomida Majnunga evrilgan Qaysning yoniq ishq iztiroblarini bulbulga aytib, u bilan bir nav bahsga kirishgani tasvir etiladi:

 

Bulbul bila soz etib navoni,

Bulbuldin oshar edi fig‘oni**.

 

Shundan so‘ng Majnunning bulbulga ta’na qilib aytgan so‘zlarini nasriy bayonda keltiramiz, eng zarur o‘rinlarda Hazratning o‘z so‘zlaridan foydalanamiz.

 

Nasriy bayondan: “U bulbulga qarab:

– Sening bunday nola qilishing o‘rinsizdir, chunki yoring bilan birgasan; joying toza gulshan, qo‘nadigan yering esa gullar shoxida.  Sen gulshanda haram mahramisan, gullar orasidagi suhbatning azizisan.  Go‘yo sen o‘z mavqeingni pisand qilmaysan yoki yor vaslidan to‘ydingmi?” Endi Hazratning o‘z so‘zlari:

 

Kim shom-u sahar (ta’kid bizniki – S.M.) qilib marog‘a,

Ming til bila un solib arog‘a.

...Sen ahli visolsen, dam urma,

Hajr ahli qoshida nukta surma!

...Olingda seni visoldin bog‘,

Bag‘rimda mening firoqdin dog‘.

 

Bundagi ohangga e’tibor bering. Qays bulbulni behudaga odamlarga, elga ozor berib, o‘zingni oshiqi zor qilib ko‘rsatma.  Sen nola chekishing o‘rinsiz.  Yoring, guling yoningda-ku, demoqda Majnun.  Bulbulga qaratilgan ta’na ohanggi va ta’kid ila ko‘rsatganimiz “shom-u sahar” iborasi A.Oripovning yuqorida tilga olganimiz “Bulbul” she’rida manaman, deb turibdi: “Shom-u sahar tinim bilmay sharh aylading dilingni...” Yagona bosh qahramon va ushbu ikki ashyo – o‘xshash ohang va har ikki matn uchun mushtarak ibora “Bulbul” she’ri bevosita “Layli va Majnun” dostonidagi keltirganimiz lavha ta’sirida tug‘ilgan, degan ilmiy farazni olg‘a surishga imkon beradi.  Asrdosh ulug‘ shoirimiz buyuk dostonni o‘qish jarayonida ushbu lavhaga to‘qingan va u shoirimizning poetik hayolotida “Bulbul” she’rining sehrli misralari ko‘klam yomg‘iridek quyulib kelishiga turtki va ilhom bergan.  Shu yerda “Bulbul” she’rini to‘liq keltiramiz.  Yaxshiyamki, u qisqa, bori-yo‘g‘i to‘rt bayt, sakkiz misra:

 

                                      Bulbul   

 

Rahmatjonga

 

Sen – bulbulsan, bulbullarni mast qila qol, bulbulim.

Mening uchun sayrashingni bas qila qol, bulbulim.

 

Shom-u sahar tinim bilmay sharh aylading dilingni,

Qani, ayt-chi, bulbulginam, kim tushundi tilingni?

 

Birov seni nola dedi, birov dedi oh-fig‘on,

Bulbul tilin bulbul bilar, men bilmasman, bulbuljon.

 

Anglarmi deb behudaga roz so‘ylama, qushim,  hay,

Sen – bulbulsan, bulbulginam, seni bulbul tushungay***.

 

Asl badiiy asarda tasodifiy unsur bo‘lmaydi.  Ushbu she’r sarlavhasidan keyin “Rahmatjonga” degan yozuv-bag‘ishlov bor.  Bilamizki, bu kishi Shoirning hamyurt qadrdonlaridan biri, yantoqdan boshqa narsa o‘smaydigan taqir dashtdan chiqqan taniqli bulbulnafas bastakor Rahmatjon Tursunovdir.  Bag‘ishlov Shoir ushbu bastakorning dilbar qo‘shiq va kuylaridan qattiq ta’sirlanganini anglatishi mumkin.  Bu fikrni tan olgan holda aytish joizki, bu yerda boshqa bir sabab, ijodiy sir bor, hoynahoy.  Bu Shoir she’rda qo‘llagan o‘ziga xos usul – badiiy chetlanish bilan bog‘liq.  Asardagi bosh personaj bulbul idealda, yuksak nuqtada shoirning o‘zi, uning poetik timsoli.  Lekin, Shoir badiiy usul qo‘llab, O‘zini “sen”dan, ya’ni bulbuldan ajratmoqda: “Sen – bulbulsan, bulbullarni mast qila qol, bulbulim, Mening uchun sayrashingni bas qila qol, bulbulim”.  Bu yerdagi “men” bir tarafdan shoir, boshqa tarafdan uning muxolifi.  Ya’ni Shoir aytmoqdaki, sen – bulbulsan, men esa boshqaman...  Ana shu badiiy usul tasdig‘i uchun – bu birinchi qatlamdagi tasdiq, ikkinchi qatlamda u endi ishlamaydi – bulbulnafas bastakor nomi, ya’ni bag‘ishlov kerak.

 

Shom-u sahar tinim bilmay dilini sharh aylayotgan Shoirning o‘zi-ku.  Uning tilini tushunmaganlar (“kim tushundi...”) esa “men”.  Bu “men” sal o‘tib “birov”ga aylanadi: “Birov seni nola dedi, birov dedi oh-fig‘on”.  Bunday hukm sovet davrida salkam “xalq dushmani” degan tavqi la’natga teng edi.  She’rga qaytamiz.  Bunda “birov” bilan “men” o‘rtasiga tenglik alomati qo‘ya olmaymiz, chunki “men” bulbulning tilini bilmasa-da, lekin uni yaxshi ko‘radi, dildan ardoqlaydi.  Bejiz “bulbuljon, bulbulginam” deya atamaydi.  Avaylash va erkalash ohanggi so‘nggi baytda o‘z haddi a’losiga chiqadi: “Anglarmi deb behudaga roz so‘ylama, qushim, hay, Sen bulbulsan, bulbulginam, seni bulbul tushungay”.

 

Oxirgi bayt she’r apofeozi, shodon tantanasi bo‘lib, unda she’r boshlanishidagi yot, yoqimsiz “men” o‘rnini bulbulga xayrixoh va mehribon “men” egallaydi, lekin u “men” tarzidagi so‘z emas, grammatik qo‘shimcha orqali “qushim”, “bulbulginam” – ifodalangan menlik ma’nosidir.  Shunda, shu yerga kelib Men va Bulbul yaxlit vujudga aylanib, muallif atay yashirgan g‘oyani nozik ishora orqali yuzaga chiqaradi.

 

Ya’ni bulbul – bu Shoirning avtotimsoli, faqat anglanmaslikdan alamzada Shoir timsolidir.

 

Badiiy usulga yana bir bor e’tibor bering.  Bir tarafdan Men, ya’ni shoir o‘zini bulbuldan ajratadi.  Unga yotligini ta’kidlaydi.  Bir paytning o‘zida, ikkinchi tarafdan, bulbulga qondosh va jondosh ekanligini erkalash ohanglar orqali muhrlaydi: “Sen bulbulsan, bulbulginam, seni bulbul tushungay”.  Uchta “bulbul” so‘zi qo‘llangan ushbu misrada ikkita bulbul bor – bulbulligi ta’kidlanayotgan va bulbulni tushunadigan bulbul.  Ular esa mohiyatan bir Bulbul, ya’ni Shoirning o‘zidir.

 

Yuqorida zamondosh shoirimiz ushbu shohbaytini yozishda Hazrat Navoiydan kuch va ilhom olgani, “Layli va Majnun” dostonidagi lavhadan ta’sirlangani haqida yozgandik.  Lekin Abdulla Oripovning she’ri dostondagi lavhadan qanchalar farqli va mustaqil.  Mushtaraklik zimnida tafovut, tafovut zimnida mushtaraklik mavjud.  Bu qiyosiy tipologik tadqiqotlarning, ta’bir joiz bo‘lsa, oltin qonuni.  Qays majnuniy holatda Bulbulga ta’na qilar ekan, u bulbuldan nafratlanmaydi, nafrat tuyg‘usi bu yerda o‘rinsiz.  U ishqiy jazbada bulbulni o‘ziga yaqin olib, yaqin bilib, unga qarata nolalar qiladi.  So‘zining oxirida aql-u hushidan judo bo‘lishi bejiz emas:

 

                   Chun chekti bu yerga navhai dard,

                   Bo‘ldi yana aql-u hushdin fard.

 

Zero, uning bulbulga murojaati ishqiy jabhaning oliy darajasi, haddi alosi edi.

 

Binobarin, har ikki matnni Bulbulga murojaat birlashtiradi, lekin Hazrat Navoiyda Majnun va Bulbul oxirigacha mustaqil subyekt, hodisalar bo‘lsa, Abdulla Oripov she’rida Men va Bulbul boshda ajralsa, ikkilansa, she’riy rivoj so‘ngida bitta vujudga, dardchil Shoirga aylanadi.  Lekin har ikki matnda ham “shom-u sahar” nola qilayotgan bulbul o‘zaro qondoshdir.

 

Hazrat Navoiy bulbulidan kuch va ilhom olgan Abdulla Oripov bulbuli (ya’ni o‘zi) mustabid davrning yuziga tik boqadi.  O‘z dard-u va alamlarini to‘kib solganda, ularni nola va oh-fig‘on deya ta’na toshini otayotganlarga, ayb qo‘yayotganlarga “Bulbul tilin bulbul bilar, men bilmasman, bulbuljon” deb ularni didsizlik va dardsizlikda ayblash uchun kuch-quvvat topa oladi.  XV asrdan XX asr tomon parvoz qilgan Bulbul ushbu asrdagi o‘zbekning dard-u nolasini kuylay boshladi.

 

Bulbul ikki – Hazrat Navoiy bulbuli va Abdulla Oripov bulbuli.  Lekin dard esa hamon o‘sha-o‘sha...

 

Suvon MELI,

filologiya fanlari doktori

 

*Abdulla Oripov. Tanlangan asarlar. To‘rt jildlik. 4-jild. T.: G‘affur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti,  2001. 62-bet.

**Alisher Navoiy. Layli va Majnun. T.: G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti,  1990. 69-bet.

***Abdulla Oripov. Tanlangan asarlar. T.: Sharq,  2019. 52-bet.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ma’naviyat

18:04 / 18.04.2024 0 207
Ey qarindoshlar!





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19178
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 7 16010
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi