Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Madaniyat vazirligi, Kinematografiya agentligi, Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy media assotsiatsiyasining qarori bilan Tele va radiokanallar, ijtimoiy tarmoqlarga moʻljallangan media mahsulotlar, xususan, serial, multfilm, kino, qoʻshiq, kliplarni maʼnaviy ekspertizadan oʻtkazish tartibi joriy etilmoqda. Ushbu ekspertizaning tahliliy natijalari va maʼlumotlari tavsiyaviy xarakterga ega boʻlib, senzuralash vakolati berilmagan. Ammo ushbu yangilik ijtimoiy tarmoqlarda turli bahs-munozaralarga sabab boʻldi. Ayrim blogerlar tashabbusga “jamiyat qadriyatlarini saqlab qolish uchun muhim qadam” deya munosabat bildirgan boʻlsa, baʼzi sayt va faollarning sahifalarida maʼnaviyat ekspertizasi – senzuraning yangi turi mazmunida yoritildi. Ammo biroz teranroq oʻylab koʻrilganda, bu qaror mediamakonni senzuralash, ijodni boʻgʻish emas, aksincha, maishiy mavzularga oʻralashib qolgan, behayolik ochiqdan ochiq targʻib qilinayotgan va kino, sanʼat dunyosini tobora pastga shoʻngʻishiga hissa qoʻshayotgan ayrim “ijod mahsullari”ni tuzatishga qaratilganini ilgʻash qiyin emasdi, menimcha...
Globallashuv mafkuralar kurashini ham global darajada kattalashtirib yuborgan ayni paytda aynan OAV, ijtimoiy tarmoqlar, umuman axborotlar orqali keladigan maʼlumotlar eng oʻtkir qurolga aylanadi. Bunda inson ongi nishonga olinadi. Qandaydir yashirin gʻoya, targʻibot jo boʻlgan media mahsulotlar ongga boshqa libosda kirib, uni egallashga xizmat qiladi. Bolalikda bir tomchi qon yo vahshiy hayvonning ojiziga boʻlgan hujumini koʻrsak, etimiz junjikar, biror koʻrsatuvdagi vahshiylik sahnalari tushimizga kirib chiqardi baʼzan. Bu bola ruhiyatining oʻta taʼsirchan boʻlishi, dunyoni koʻrgan narsalaridan anglab, xarakter, tuygʻular shakllanib borishiga bogʻliq ekan hozir oʻylasam. Ammo bugun bolalarimiz koʻrayotgan media mahsulotlar, oʻyinlarning deyarli hammasi butunlay boshqacha – “bagʻritoshroq”, “beshafqatroq”. Ular “urush” oʻyinida kim koʻp odam oʻldirishdan bellashadi, ekrandagi dushmanining chinqirib, azoblanib, qonga belanib oʻlayotgani ularni zarracha ham hayiqtirmaydi. Xoʻsh, bugun qoʻrqmay, onlayn tigʻ sanchib, odam oʻldirayotganlar, buni shunchaki tomosha qilayotganlar ertaga kim, qanday odam boʻlishadi? Hayotda ham xuddi oʻyindagi singari zarra ham seskanmay, birovga tigʻ sanchmasligiga kafolat bera olamizmi? Azaldan biror filmda erkak kishi ayolning bilagidan ushlasa va ayniqsa, shu namoyishni koʻrayotgan vaqtimizda yonimizda ota-onalarimiz, kattalar boʻlsa, uyatdan qizarib ketadigan millat edik. Hozir-chi? Multfilmlardayoq bolakaylar sevishib, oʻpishyapti! Buni koʻrib katta boʻlgan bolalarda uyat instinktining oʻzi shakllanmayapti, nazarimda. Ota-bobolarimiz taʼbiri bilan aytganda, “diydalari qotib” ulgurishdi farzandlarimizning.
Bir maqolamda “Yuzda parda boʻlgani kabi, millatning ham axloq pardasi boʻladi”, deb yozgandim. Agar koʻchada birovning libosini yirtib ketsangiz, hech boʻlmaganda maʼmuriy jazo qoʻllaniladi sizga. Lekin millat pardasini yechishga harakat qilayotgan, yechayotganlarga qanday jazo bor? Birinchi holatda bir nafar odam ozor chekadi, ikkinchi holatdagi hujum butun bir millatga yo kelajakka qaratilgan-ku! Mana shu hujum – mafkuraviy hujumdir va afsuski, bugun ham milliy, ham xalqaro axborot bozoridagi media mahsulotlar, jumladan, turli serial-u filmlar, qoʻshigʻ-u kliplar, multfilm va koʻrsatuvlar, reklama mahsulotlari va boshqalar mafkuraviy hujumdan himoyalanganmi? Afsuski, yoʻq!
Media mahsulotlarni mediabozorga taqdim etayotganlarning koʻpchiligi millat, soha rivoji uchun jon kuydirishadi, ammo ular orasida bilib-bilmay, loqaydlik, bilimsizlik va asosiysi, faqatgina daromadni koʻzlab “ijod” qilayotganlarning tobora koʻpayayotgani bugunning eng ogʻriqli masalasidir. Men bu yerda chetdan turib, bizga toʻn bichmoqchi boʻlganlarni emas, oʻz oramizdagi mahsulot “egalari”ni nazarda tutyapman. Bugun ijtimoiy tarmoqlardagi bloger, vaynerlarning aksarida maqsad kuzatuvchini koʻpaytirish orqali reklamadan pul ishlash boʻlib qolayotgani hech kimga sir emas. Bu yoʻlda otasini urmoqchi boʻlganlar, onasining yuziga shirinlikni uloqtirganlar, fahshni targʻib qilayotganlar ham bor. Eng yomoni ularning kuzatuvchilari bizning farzandlarimiz – bizning kelajagimiz ekani. Va biz bunga shunchaki tomoshabin boʻlib qolayotganimiz.
Media mahsulotlar – mafkura kurashining eng ommabop quroli, mafkuraviy kurashlar davridagi niqoblangan oʻyinlardan biriga aylanib ulgurdi. Bizning ommaviy axborot bozorimizda ham mana shunday “niqoblangan” media mahsulotlar koʻpayib bormoqda. Xoʻsh, ularning niqobini kim yechadi? Yoki bu niqob yechilmasligidan kimlar manfaatdor?
Shularni mushohada qilarkanman, vaziyat bugun shu qadar “pishib, yetilib”, qaltis holatga keldiki, farzandlarimizning ong-u shuurini, maʼnaviy tarbiyasini boy berib qoʻyishimiz hech gapmas. Shuning uchun ham bu ekspertiza allaqachon boʻlishi kerak edi, deya olaman. Va ishonamanki, bu fikrimni qoʻllab-quvvatlovchi ziyolilar, ijodkorlarimiz va yurtdoshlarimiz koʻp boʻladi.
Shahlo Ahrorova
Ma’naviyat
Ta’lim-tarbiya
San’at
Adabiyot
Til
Ma’naviyat
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q