Ular bolalar uchun ham yozishgan: mashhur yozuvchilarning biz bilmagan asarlari


Saqlash
18:30 / 04.11.2024 649 0

Bolalikka qaytishni, bolalarning sehrli olamiga sayr qilishni kim ham qo‘msamaydi deysiz. Shu sababdan ham ahyon-ahyon bolalar dunyosiga yo‘l chizib, kichkintoylar uchun asarlar qoralagan katta yozuvchilar talaygina. Quyida ba’zi ulug‘ adiblarning ko‘pchilikka noma’lum qirralarini kashf etamiz.

 

1. Jeyms Joys 

XX asr jahon adabiyotining eng yirik namoyandalaridan biri, “Uliss”, “Musavvirning yoshlikdagi shamoyili”, “Finnegan ma’rakasi” kabi asarlari bilan kitobxonlar ham sevadigan, ham hayiqadigan adibiga aylangan Jeyms Joys bo‘sh vaqtida mushuklar haqida ham yozgan. Uning “Mushuk va iblis” hamda “Kopengagen mushuklari” nomli ikki asari nevarasiga atalgan. Ikkala asarda ham ixchamgina matn va jozibali illyustratsiyalar ajoyib uyg‘unlik kasb etgan. Joysning “Mushuk va Iblis” nomli dastlabki rasmli kitobi 1960-yillarda dunyo yuzini ko‘rgan. “Kopengagen mushuklari” esa 2012-yilda chop etildi.

 

 

2. Ernest Heminguey 

1951-yili “Holiday Magazine” Heminguey qalamiga mansub “Odobli sher” va “Vijdonli buqa” nomli ikki hikoyani e’lon qildi. Muallif bolalar uchun boshqa asar yozmagan. Taxminlarga ko‘ra, Ernest ularni venetsiyalik ma’shuqasi Adriana Ivanchich va uning jiyaning bag‘ishlagan. “Odobli sher” hikoyasidagi makaronxo‘r xonaki shervachcha Afrikaga boradi va u yerda boshqa sherlar tomonidan kamsitiliadi. Har qancha tazyiq va tahdidga uchramasin, muloyimligini saqlab qoladi. “Vijdonli buqa” syujeti esa boshqa bir mashhur asar “Ferdinand haqida hikoya”ni esga solidi...

 

3. Oldos Haksli        

O‘zbek kitobxoniga “Ajib yangi dunyo” antiutopik asari bilan tanilgan Haksli jiyaniga yangi yil sovg‘asi o‘laroq “Nashvatigul qarg‘alari” (“The Crows of Pearblossom”) nomli ertak yozadi. Muallif vafotidan to‘rt yil o‘tib, Penguin Random House nashriyoti mazkur asarni rasmli kitob sifatida nashrga tayyorlaydi. Ertak qahramoni janob Qarg‘a va xotini daraxtda tinchgina hayot kechirishadi, ammo janob Ilon degan qo‘shni ular qo‘ygan tuxumlarni o‘g‘irlayverib, hech kun bermaydi. Axiyri qarg‘alar oilasi soxta tuxum bilan tuzoq qo‘yishadi va janob Ilon kasallanib vafot etadi.

 

 

4. Jon Apdayk 

Jon Apdayk o‘ndan ortiq asarlar bitgan, Pulitser mukofotini qo‘lga kiritgan. Lekin ko‘pchilik uning bolalar uchun yozgan asarlarini nazardan chetda qoldiradi: “Kerakli buyumlar alifbosi”, “Bottomning orzusi”, “Sehrli nay”, “Uzuk” va “Bolakayning taqvimi” shular jumlasidan. “Kerakli buyumlar alifbosi”da Apdayk kundalik foydalaniladigan 26 buyum haqida alifbo tartibida she’rlar yozgan. “Bolakayning taqvimi” esa oylar haqidagi 12 ta she’rdan iborat.

 

5. Salmon Rushdiy

Ko‘plab bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan “Shayton oyatlari” kitobi dunyo yuzini ko‘rganidan ikki yil o‘tib, Rushdiy bolalarga atalgan “Horun va hikoyalar dengizi” asarini ommaga e’lon qildi. Asarda ertak to‘qish qobiliyatidan ayrilgan mohir ertakchi Rashid haqida hikoya qilinadi. Rashidning o‘g‘li Horun esa, otasini ilhomlantirish maqsadida sayohatga yetaklaydi. Shunindek, Rushdiy 2010-yilda o‘smirlar uchun “Luka va hayot olovi” romanini chop ettirgandi.

 

6. Umberto Eko 

Faylasuf adib Umberto Eko o‘zbek o‘quvchilariga “Atirgulning oti” va turkum hikoyalari bilan tanish. Biroq ijodkor bolalar uchun ham naq uchta asar hozirlagan: “Uch fazogir”, “Bomba va qo‘mondon” hamda “Gnu gnomlari”. Uchala asar ham nozik siyosiy xarakterga ega. “Uch fazogir”da tolerantlik va multikulturalizm saboqlari mavjud. “Bomba va qo‘mondon” tinchlikparvarlikni ulug‘laydi. “Gnu gnomlari” esa Ekoning atrof-muhit haqidagi masali, deyish mumkin.

 

7. T.S. Eliot 

Xuddi Joys kabi, Tomas Sternz Eliot ham mushuklar haqida hikoya to‘qishni xush ko‘rgan. O‘tgan asrning o‘ttizinchi yillarida janob Eliot Keksa Opossum taxallusi bilan mushuklar haqida bir qancha ertak va hikoyalar ijod qiladi. 1939-yilga kelib uning yozganlari “Keksa Opossumning mushuklar haqida kitobi” nomi bilan chop etiladi.

 

 

8. Gertruda Steyn 

1938-yilda “Young Scott Books” nashriyoti bir necha mashhur mualliflardan bolalar adabiyotida biror nima yozib berishni so‘raydi. Ba’zilar taklifni rad etadi, ammo Gertruda Steyn buni mamnuniyat bila qabul qiladi, chunki uning yozuv stolida allaqachon yarimlab qolgan bolalarbop asar bor edi. O‘sha qoralama “Dunyo dum-dumaloq” nomli majoziy sayohatnomaga aylandi. Unda dunyoni anglashga uringan Rouz ismli qizaloq haqidagi so‘z boradi.

 

9. Jeyms Balduin 

“Muallif fantastik asar yozishni maqsad qilmagandi. Bu shunchaki baxtsiz bolalik haqiqatlari tilga olingan kitob edi”, deydi Balduinning jiyani Aisha Karifa-Smart “Kichik odam, kichik odam” asari haqida “The New York Times” nashriga bergan intervyusida. Asarda T.J ismli to‘rt yoshli bolakay haqida. Bolakay ko‘chalarda to‘p tepib yuradi, katta bolalarning giyohvand moddalar iste’mol qilishini ko‘radi, kechalari tushida mirshablarni ko‘rib bosinqirab chiqadi. Asar dastlab 1976-yilda kitobxonlar e’tiboriga havola etilgan. Times nashrida aytilishicha, “tanqidchilar kattalar va bolalar adabiyoti o‘rtasidagi chiziqda joylashgan mazkur eksperimental, jumboqli kitobga qanday baho berishni bilishmadi. Bir qancha sovuq taqrizlardan so‘ng, asar tezda e’tibordan chetda qoldi”. Ammo afro-amerikalik adibning mazkur ijod mahsuli 2018-yilda “Duke University Press” nashriyoti tomonidan qayta nashr etildi.

 

 

10. Lev Tolstoy 

Graf Tolstoy bolalarni sevardi. 1859-yilda u o‘z mulkida dehqon bolalar uchun maktab ochadi. Shuningdek, o‘quvchilari uchun darsliklar ham tayyorlaydi. Tolstoy o‘z bolaligi haqida yozdi, Ezop masallari va hind ertaklarini qayta ishladi, “Ahmoq Ivan” hamda “Dehqon va bodringlar” kabi bir-biridan quvnoq ertak-hikoyalar bitdi. Asarlarini tamomlagach, Tolstoy ularni eng birinchi tanqidchilari maktabidagi bolalarga o‘qib berardi. Ulardan maslahat olib, yozganlarini qayta-qayta ishlardi. Nihoyat Tolstoy bolalar uchun asarlarini “Alifbe kitobi” va “Yangi alifbe kitobi” nomli ikki darsligiga kiritdi. Bu darsliklar keyinchalik Rossiya maktablarida asosiy qo‘llanma sifatida foydalanildi.

 

***

O‘zbek adiblari orasida ham asosan kattalar uchun qalam tebratib, ora-orada bolalarbop asarlar yozgan adiblar topiladi. Jumladan, G‘afur G‘ulomning “Shum bola” qissasi, Abdulla Oripov, Usmon Azim, Iqbol Mirzo, Muhiddin Omon kabilarning bolalarga atalgan turkum she’rlari, Abdulla Qahhor (“O‘tmishdan ertaklar”) va Oybekning (“Bolalik”) memuar qissalarini misol sifatida keltirish mumkin.

 

Shohrux USMONOV

  

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//