Zamonaviy mangqurtlik chizgilari – bugungi qullar kimlar?


Saqlash
17:38 / 30.10.2024 67 0

“Dalaga tashlangan asirlarning ko‘pi Sario‘zak quyoshi tig‘ida dahshatli qiynoqlarga bardosh berolmay halok bo‘lgan. Besh-oltita mangqurtdan[1] bitta yoki ikkitasigina tirik qolgan. Boshqalari ochlikdan emas, hatto tashnalikdan ham emas, kallaga qoplangan terining quyosh issig‘ida qovjirab, qoq miyani chidab bo‘lmas darajada siqishi natijasida jon taslim qilar edilar. Olov purkab turgan quyosh ostida teri qalpoq shafqatsiz ravishda torayib, qulning qirilgan boshini temir chambarak singari jingirtob qilib qisardi. Oradan bir kun o‘tishi bilan jabrdiydalarning taqir boshida soch nish ura boshlaydi. Osiyoliklarga xos tikanday tik dag‘al sochlar ba’zida xom terini teshib chiqardi, ko‘p hollarda esa, chiqishga yo‘l topolmay yana qaytadan qayrilib, bosh terisiga qarab o‘sardi va avvalgidan ham battar azob berardi. So‘nggi sinov davomida tutqunlar es-hushlarini butkul yo‘qotar edilar. Oradan besh kun o‘tgachgina jungjanglar kelib tutqunlardan qay biri tirik qolganini ko‘zdan kechiradi. Aqalli bitta tutqun tirik qolgan bo‘lsa ham, maqsadga erishilgan hisoblanardi. Bunday qulni qiynoqdan bo‘shatib, suv berib, asta-sekin kuchga kiritib, oyoqqa turg‘izishardi. Biroq u endi baribir odam sanog‘idan chiqardi, zo‘rlab es-hushidan judo etilgan qul – mangqurtga aylanardi, xuddi shuning uchun ham bunday qullar o‘nta sog‘lom tutqundan ko‘ra qimmatroq turardi.

 

...Mangqurt o‘zining kim ekanini, qaysi urug‘-aymoqdan ekanini, ismini, bolalik kezlarini, ota-onasining kimligini butunlay yoddan chiqargan bo‘lib, odamligini ham unutib yuboradi. ...Qochaman-qo‘yaman degan xayol uning tushiga ham kirmaydi. Quldor uchun eng dahshatli narsa – qullarning isyoni. Har bir qul siymosida isyonkorlik ruhi yashiringan. Yolg‘iz mangqurtgina bundan mustasno, isyon ko‘tarish, bo‘yin tovlash unga butunlay yot. Unga soqchi qo‘yishga, ayniqsa, buzuq niyatli kishi sifatida undan gumonsirashga hojat yo‘q. Mangqurt xuddi it kabi faqat o‘z egasini taniydi. Boshqalar bilan ishi yo‘q. Uning fikri-zikri qorin to‘yg‘azishda... Insonning insonlik fazilati, yaratilganda birga yaratilib, o‘lganda yana o‘zi bilan birga ketadigan va boshqa mavjudotlardan ajratib turadigan birdan bir noyob fazilati – xotirasi, aql-idroki bo‘lsa-yu, uni tag-tomiri bilan yulib olsalar, axir, bu qanday yovuzlik, qanday bedodlik?!

 

...Yerdan mahrum etish mumkin, mol­dunyodan mahrum etish mumkin, hatto insonni yashashdan mahrum etish ham mumkin, – derdi ona o‘z-o‘zicha gapirib, – biroq odamni xotirasidan mahrum etishni kim o‘ylab topdi ekan, bunga kimning qo‘li bordi ekan?! Yo Rabbiy!”

 

Bu rivoyat Chingiz Aytmatovning “Asrni qaritgan kun” romanida keltirilgan. Darhaqiqat, dushman qabilaning barcha odamlari o‘ldirilsa, muammo hal bo‘lmaydi: xo‘jalik daromad keltirishi uchun kimdir ishlashi, chorva mollarini boqishi kerak. Qirg‘in uyushtirganlar mag‘lub qabilaning barcha a’zolarini o‘ldirmay, ishga yaraydigan yosh yigitlarni qoldirib, ularni shunchaki qul emas, mangqurt qilishga tushgan...

 

Har bir odam hur bo‘lib tug‘iladi va shunday yashashni istaydi, deydilar. Bu Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida ham qat’iy ta’kidlangan. Ammo menga qolsa, ko‘plarga erk emas, erksizlik yaxshi, qul bo‘lib yashash qulayroq, deb aytgan bo‘lar edim. Bu fikr o‘ta keskin va biryoqlama bo‘lib tuyuladi, albatta. Unga e’tiroz bildiruvchilar ham lak-lak bo‘lsa ajab emas, lekin bor gap. Nega deysizmi?

 

Odamlar erkini tortib olgan kimsani ko‘klarga ko‘tarib maqtaydi, unga sajda qiladi. Qadimda qullar “falonchining quli” ekanidan faxrlangan. Qulligiga shukr qilibgina qo‘ymay, kim o‘zini shu ahvolga solgan bo‘lsa, uni e’zozlaydi ham. Ayrim manbalarda hatto isyonkor shoir Mashrab ham Ofoqxo‘jadan norozi bo‘lmagani, balki o‘sha pushtini mahv etgan xanjarchani bir umr ardoqlab yonida olib yurgani yoziladi. Ajabki, inson ruhiyatining bu xil puchmoqlari hali-hanuz to‘liq inkishof etilgan emas.

 

Xojani, zolimni, zo‘ravonni maqtash, unga sig‘inish “Stokholm sindromi” deb ataladi. Xo‘sh, bu sindrom qanday paydo bo‘ladi? O‘z-o‘zidan yuzaga chiqadimi? Yo‘q, albatta.

 

Aksar xojalar quloq qoqmay bo‘ysunadigan, o‘zicha fikr-mulohaza aytmay, buyruqni so‘zsiz bajaradigan xodimlarni yaxshi ko‘radi. Mustaqil fikrli, vaqti kelsa “bosh ko‘tarishi” mumkin bo‘lgan shaxslarni cho‘qilab-turtkilab, idoradan, tashkilotdan, mahkamadan, vazirlikdan... chetlatish, izini quritish payida bo‘ladi. Bu sharoitda erkin fikrli odamlar ham kun ko‘rish uchun “bajaruvchi”likka ko‘nadi. Bora-bora, ko‘plarining dilidagi haqqoniyat tuyg‘ulari o‘lib, byurokrat, olchoq bir kimsaga aylanib ketadi. Dunyo bilan ishi yo‘q, faqat shu ishxonani, shu rahbarni biladi, xolos.

 

Misol deysizmi?

 

Bilasiz, mustaqillikdan so‘ng chorak asr qo‘shni davlatlar bilan aloqa susayib, muomalalar taranglashib turdi. Oqilona ishlar o‘rniga mantig‘ini tushunib bo‘lmaydigan munosabatlar kun tartibiga chiqdi. Qo‘shni el vakillari tugul, o‘sha yurtlarda azaldan yashab kelayotgan o‘zbeklarga ham ishonchsizlik bilan qarala boshladi. Atrofimizda yashaydigan qariyb besh million nafar o‘zbeklarning farzandini O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlariga qabul qilish to‘xtadi, kimdir bir amallab o‘qishga kirsa, xuddi italyan yo yapon bolalari kabi aqcha to‘lashi shart edi...

 

Hozir sharoit o‘zgardi, ammo hanuz ayrim amaldorlarning ongi o‘zgarishi qiyin kechyapti. Yangilanishlardan ilhomlanib, “O‘zbekiston – Qirg‘iziston” do‘stlik jamiyati har yili yuz nafar qirg‘izistonlik o‘zbek yigit-qizlarini O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlariga qabul qilish tashabbusi bilan chiqdi. Bu taklif ma’qullandi ham, ammo bizning oliy ta’lim vazirligimiz uch yildan beri ijroni paysalga solib keladi. Nihoyat, “muz ko‘chdi” bo‘lib, Qirg‘iziston tomoni bilan kelishilgach, biznikilar u yoqqa “yuz nafar qirg‘iz abituriyenti” yuborishni so‘rab xat yozibdi. Tushunyapsizmi, o‘zbek bolalarini so‘ragan emas! Oqibat, 2022-yilda yetti qirg‘iz abituriyenti kelib, tayyor o‘ringa joylashgan, so‘ng ikkitasi yurtiga ketib, hozirda besh nafari o‘qimoqda ekan.

 

Qirg‘iziston esa 1992-yildan boshlab “O‘zbekistonlik etnik qirg‘iz bolalari uchun” deb aniq ko‘rsatib, har yili o‘ttizta o‘rin ajratadi, buning uchun O‘zbekiston bilan kelishib ham o‘tirmaydi (to‘g‘rida, bilim olish, bilim berish uchun ham qandaydir shartnomalar shartmi?). Ular o‘qib bitirgach, “Mana, qirg‘izimning bolasi, o‘qiding, diploming muborak bo‘lsin, xohlasang yurtingga qayt, xohlasang o‘zimiz ish beramiz”, deb e’zoz qiladi.

 

Bizdagi xodimlarning ko‘pi esa bu gaplarni fahmlamaydi, hatto qirg‘izistonlik o‘zbekni ham qirg‘iz deb tushunadi. Bunday idoralarga ariza ko‘tarib borsangiz, qay birovi yarim soatdan so‘ng xo‘mrayib chiqib kelib qabul qiladi, ammo gapingizni eshitmay turiboq, aql o‘rgatishga tushadi. Bafurja gap uqtiray desangiz, iloji yo‘q – “qimmatli vaqt”lari tugagan bo‘ladi.

 

Chunki... ularda milliy tuyg‘u o‘lgan. Tug‘ilmay turiboq nobud bo‘lgan.

 

Shunday holga duch kelganda (vatanparvarlik... kerak albatta, ammo undan ham avval) yoshlarga millat tuyg‘usini, millatsevarlikni singdirish lozim ekan, deb o‘ylar ekansiz. Axir, vatan degani avvalo ona xalqimiz-ku! Xalq bo‘lmagan joyda vatan yo‘q. Abdulla Oripovning “Men nechun sevaman O‘zbekistonni” she’ri ham shu haqda...

 

Xulosam shundayki, qulda, jo‘n bir qulda emas, balki mangqurtlikka yetgan qulda xalq, millat sezgisi bo‘lmas ekan. Demak, milliylik sezgisidan mahrum odamni mangqurt desak ham yanglishmaymiz.

 

Mayli, boyagi savolga qaytaylik: qullikning nimasi qulay?

 

Qullikning “gashti” shundaki, ko‘plar o‘ylashdan, fikr qilishdan qochadi. Topshiriqni bajarish esa ham oson, ham beg‘alva. O‘sha ishni qilayotganida qiynalib fikrlamaydi, oqibatini o‘ylab o‘tirmaydi ham. Buyruqni bajardimi, tamom-vassalom, endi u javobgar emas. Mabodo ish o‘xshamasa – “yuqori”ning xatosi. Shunday deb yengil tortadi. Qullik mana shu, aslida. Qul buyurilgan vazifadan chetga chiqmaydi. Savol bersangiz, xojasiga havola etib qutuladi. O‘zining “tepa”ga aloqador ekanini his etib, yana quvonadi.

 

Kishilarning ichkilik, fahsh, giyohvandlikka berilib qolishining tub sababi ham... bu dunyoni unutish, hech narsaning tashvishini qilmay, bir oz bo‘lsa-da, miyani zo‘riqtirmaslik, dam olish istagidan bo‘lsa ajab emas.

 

Rasuli akram (s.a.v.) – dunyoda qullikka qarshi kurashgan birinchi odamlardan. Qullarni ozod qilish qanchalik ezgu amal ekanini uqtirish uchun yillab harakat qilganlar. Ulug‘ savobli amallarning darajasi falon nafar qulni ozod qilgan bilan teng degan qiyoslar ham o‘sha zamonda urf bo‘lgan.

 

Billohki, ayrim odamlargina emas, butunboshli xalqlar ham inon-ixtiyorini o‘zgalarga topshirib, ularning izni bilan yashashga moyil bo‘larkan. O‘zligini yo‘qotishdan xavotir olmaslik, boshqa yurtlarning jirini aytib, kiyimini kiyish, o‘shalarning tutumini namuna deb bilish, bo‘lak el kishilari bilan oila qurishning ommalashishi bunga misol.

 

Odamning tabiati o‘zi shunday. Millionlab nemislar fashizm dohiysining palapartish buyrug‘ini eshitiboq, “Hayl Hitler!” deya qo‘l sermab, jangga jo‘naganini yoki qarshidan pulemyot yo tank otib turgan pallada ming-ming odam “Stalin uchun!” deb ko‘kragini o‘qqa tutib yugurganini eshitganmiz. Hozir ham Stalin zamonini sog‘inayotgan odamlar lak-lak. Aynan unga taassub qilaroq, yuz minglab odamlar bir umr galife shim, etik, gimnastyorka kiyib o‘tdi. Bugun esa ayrim ellarning hovliqma vakillari Chingizxonni alqab ko‘klarga ko‘tarayotganiga, u asli mo‘g‘ul emas, bizlardan, deb talashayotganiga, mislsiz qirg‘inlarning boshida turgan bu vahshiyni dohiy deb atayotganiga guvohmiz.

 

Bugun ham “o‘tmishdagi paradoks”lardan uzoqqa ketganimiz yo‘q. Axir, har bir tashkilot jamoasi kamtarin, odamshavanda rahbarni emas, aksincha qattiqqo‘l, dag‘al “xo‘jayin”ni ko‘proq yaxshi ko‘rishini bilamiz-ku!

 

Bilimi o‘rta maktab darajasida, ammo taqdir g‘aroyibotlaridan biri o‘laroq, millionlagan xalqqa bosh bo‘lib qolgan kimsalarning bosgan izini ko‘ziga surtayotgan, o‘zidan, hatto bola-chaqasidan, el­yurtidan ham andisha qilib o‘tirmay, “Sendan ulug‘ inson dunyoda yo‘q! Buyur, shahanshohim!” deya tiz cho‘kib turgan ne-ne savlatli odamlarni televizorda ko‘rib qolamiz. Yoki bir imoga bo‘ysunib, yap-yangi tuflisi, ohorli shimi bilan ariqdagi suvga tushib ketadigan vallomatlar bor: suv ichida ham qo‘lida ruchka-yu daftar – biron gap aytilsa, yozib olishga shay. Fikr qilmaydi, eslab ham qolmaydi, yozib olsa bo‘ldi. Chunki bu kallalar yuqorining buyrug‘ini quyiga yetkazishga dasturlangan, boshqasiga yaramaydi.

 

Aytadilarki, qiyomat kuni har bir odam o‘zinigina o‘ylab tik turarkan: na ota-ona, na bola-chaqa, na qavm-qarindosh, na do‘st-yor, faqat o‘zining g‘amini yer ekan. Bu dunyoda topgan ulfat va anislar u kunda habata bo‘larkan.

 

Yodingizda bo‘lsa, mangqurt Jo‘lomon uchun eng qo‘rqinchli narsa – ongining uyg‘onishi. Undan ko‘ra buyurilganini bajarish qulay, oson. Xojasi amr qiladi – o‘z onasini otib o‘ldiradi. Sobitjon – o‘sha mangqurtning bugungi nusxasi ham “yuqori” belgilagan instruksiyalar doirasidan chetga chiqmaydi, kimdir dadillikka chorlasa, dushman qatori ko‘radi. Shundoq donishmand otasi o‘lsa, uni ajdodlari yotgan qabristonga eltib dafn etish malol keladi – biron do‘ngroq yerdan chuqur qazib, ko‘mib ketaqolish payida.

 

Keksa temiryo‘lchi Qozong‘apni ko‘mish uchun “Onabayit” qabristoniga olib ketayotgan kishilarning g‘amgin va tajang kayfiyati tasvir etilgan o‘rinda bosh qahramon Edigeyning xayollari tarzida mangqurtlar haqidagi boyagi rivoyat keltiriladi. Asarda mangqurt hatto o‘z fojiasini ham sezmasligi fojia ekani dalillangan. Jo‘lomon – qul. Qul bo‘lganida ham ong-shuurdan mosuvo bir tirik jon, sharpa. Xojasi buyurgan, aqliga joylab qo‘ygan bir zayldagi ishni qiladi: dashtda tuya boqib kun o‘tkazadi.

 

Bizga uqtirishlaricha, jamiyat tarixan ibtidoiy jamoa, quldorlik, feodalizm, kapitalizm va kommunizmdan iborat. Balki rostdir. Ammo yana, har qanday jamiyat hokim va tobe kishilarga bo‘linadi. Qanday atalishidan qat’i nazar, har bir davrda, har qanday jamiyatda yaxshi-yomon, oriq-semiz, boy-kambag‘al odamlar bo‘lgani singari, ikki toifa – fikrini o‘tkazuvchilar va o‘zganing fikriga itoat qiluvchilar ham mudom mavjud. Ana o‘sha itoat qiluvchilar – o‘ylamaydiganlar, mohiyatan – qullar toifasidir.

 

Eski bir naql bor. Qurilishda uch binokor ishlayotgan ekan. Birov ulardan birining oldiga borib, nima qilyapsan, deb so‘rasa, qarab ham qo‘ymay, “G‘isht teryapman”, debdi. Ikkinchisi “Bola-chaqamni shu ish orqali boqyapman”, debdi. Uchinchi kishiga shu savol berilgan ekan, boshini ko‘tarib, faxr bilan, “Ibodatxona quryapman”, deb javob qaytaribdi. Ko‘ryapsizki, bir ishga uch odamning munosabati uch xil.

 

Ana shu uchovidan kim ko‘proq o‘ylanib, ko‘proq qiynaladi? Albatta, uchinchisi. Yoki kimsasiz cho‘lda karvon ketib borayotgan bo‘lsa, kimga qiyin, qisqa, bexavotir yo‘l topib, odamlarni manzilga sog‘-omon yetkazishni o‘ylagan karvon yetakchisiga. Chunki u har on ikkilanadi, mudom mushohada qiladi. Izlanish – mashaqqat. Ammo qurayotgan imoratini, yetib borar yo‘lini o‘ylagan kishigina o‘sib yuksaladi.

 

Nazarimda, bolasini o‘z ona tilida o‘qitmaydiganlarning ruhiyatida ham qullik mavjud. Ular – o‘zga madaniyat shaydosi. O‘zi ham o‘sha millat ichida tug‘ilmaganidan afsusda. Ular hamma narsadan voz kechsa kechadi, ammo qulligini tark eta olmaydi, chunki bu – ularning mohiyati.

 

Qul buni tark etishi uchun hech bo‘lmaganda o‘zidan kattaroq qul, to‘g‘rirog‘i, sobiq qul unga yo‘lboshchi bo‘lib hurlikka chiqish yo‘lini ko‘rsatishi kerak. O‘zbek elining so‘nggi yuz yillik tarixida yuzlab, minglab katta-kichik mansabdorlar, shoir-u olimlar, shifokor-u muhandislar o‘zining “sodiq” ekanini ko‘rsatish uchun baynalmilal oila qurgan. Bunday duragay oila bolalari esa oti – o‘zbekcha, ruhi – o‘rischa bo‘lib voyaga yetarkan.

 

Hur insonni mangqurtga aylantirish olis zamonlardagi mudhish, yovuz amaliyot edi, ammo u keyin ham tamom yitib ketmay, turli shakllarda davom etavergan. Chunonchi, sho‘ro zamonida bizda mangqurtlarning bir necha avlodi shakllangani bor gap.

 

To‘g‘ri, mangqurt qilingan odam xotirasini yo‘qotganini o‘zi bilmay, yangi xojalari e’tiqodiga o‘tadi, bu jihatdan uni ayblash ham nojoizday. Ammo mangqurt ojizligi sabab yovuzlar qo‘lida qurolga aylanadi va o‘zinikilarga qarata o‘q ota boshlaydi. Hazrat Alisher Navoiy ham “Badoe’ul vasat” devonida mangqurtlarni qoralagan:

 

Falak boshingg‘a qoplab it terisin,

Sen oni jahldin deb kish-u sinjob.

Ajab yo‘q, odamiylig‘ni unutsang,

O‘zungni buyla it charmida asrob.

 

(Bu falak boshingga it terisini qoplab qo‘yibdi, sen esa johilligingdan uni qunduz, olmaxon po‘sti, deysan. O‘zingni it terisi ichida asrab-avaylay berib, odamiylik neligini unutsang ham ajab emas.)

 

Xalq – barcha olimlardan dono, donishmandlardan a’lo. Necha ming yillik moziysida behisob sho‘rishlarni ko‘rib, baridan ibrat olib, tarixiy tajriba to‘plab kelayotgan el manqurtlarni faqat qoralab o‘tavergan emas. “Asl aynimas” deydilar. Palagi toza odamlarning farzandlari qul etilgan bo‘lsa, haqiqat baribir tantana qilib, ular mangqurtlikdan qutulishi folklor asarlarida tasvirlangan. Xususan, o‘zbek dostonlarida, bir qancha ertaklarda mangqurtning asliga qaytib, solim va ozod bir odamga aylanganini ko‘ramiz. To‘g‘ri, ularda aynan mangqurt degan so‘z ishlatilmagan. Ammo mangqurtning o‘zi bor, uni ham ilg‘ab olish daf’atan mushkulroq. Mana, “Yozi bilan Zebo” dostoni. Yozi – mangqurt, lekin bu holat “badiiy parda”ga o‘rab berilgan: “Yozining onasi ikki tilladan kokili bilan tuqqan ekan. Buni hech kim bilmasin deb, bir qo‘zining qornini Yozining boshiga yopib qo‘yib, men kal tug‘dim, degan ekan. U katta bo‘lganida ham bu sirni hech kim bilmasin, meni nazarga ilmasin, cho‘tqori kal desin, deb boshiga jumur – echkining qornidan yasalgan teri kiyar, peshonasiga tuproq surtib qo‘yar edi”.

 

Bu o‘rinda qadim inonchlardan yana biriga – yangi tug‘ilgan bolaga “ko‘z tegmasin” uchun juldur latta-puttalarga o‘rab, bosh-ko‘zi ko‘rinmasligi uchun xunuk qalpoq yopib o‘stirishga duch kelib turibmiz. Ammo Yozi – avvalo mangqurt edi, Zebolar xonadonida qul bo‘lib xizmat qilardi.

 

Dostonda Yozi mangqurtlikdan butkul qutulmaydi (chunki qul qulligidan o‘zi ozod bo‘la olmaydi). Shuning uchun ham asar oxirida u tulki terisini boshiga yopib, g‘orga kirib ketadi. Uning ortidan Zebo ham yetib boradi, ikkovi bir umr g‘orda birga yashab o‘tadi. Uning hur insonga aylanishi uchun bir rahnamo yo‘q edi.

 

Albatta, barcha qul mangqurt emas va hamma mangqurt ham ovsar emas. Yillar osha aqlini yig‘ib, xotirasini tiklab, o‘zining kimligini anglab yetgan mangqurtlar ham bo‘lgan, albatta. Ularning ongida evrilish yuz bergan, o‘zini bu holga tushirgan yovuzlarga qarshi kurasha bilgan.

 

“Alpomish” dostoni personaji Qalmoqshohning quli Kayqubod asli Chin-Mochindan. Boshi jumur kal – mangqurt. Alpomish avvalo Kayqubodning kelajakka umidini tiklaydi. Qalmoqshohning qizi Tovka oyimga uylantirishini aytib, ruhlantiradi. Kayqubodning o‘zi ham asli yurakli yigit edi, shu darajadaki, jonini xatarga qo‘yib, Alpomish yotgan choh ustidan “juppay bo‘lib irg‘ib” o‘taveradi. Alpomish hatto cho‘chib, “Yozgan kal, sen ham tushib ketarsan”, deb xavotirlanadi. Alqissa, Alpomish zindondan qutuladi, Kayqubodni tarbiyalab, ozod insonga aylantiradi, qalmoq yurtiga podshoh qilib, Tovka oyimga uylantiradi. O‘sha asnoda Kayqubodning mangqurtlikdan qutulishi jarayoni yuz beradi:

 

Bul ishlarni bildi nomdor Kayqubod,

Podsho bo‘lib muna yurtda turadi,

Biron korson issiq suv keltiradi,

Boshini korsonga solib turadi,

Qotgan jumur ivib tushib qoladi,

Asli kal emasdi, shunday bo‘ladi,

Jumur qoplab surati kal yuradi,

Asli o‘zi Chin-Mochindan keladi...

Tovkaning ishqida kal bo‘p yuradi,

Jamoli oqshomni yorug‘ qiladi,

Kokillari och beliga keladi,

Tovka oyim ko‘nmay shunday qaradi,

Kayqubodning jamolini ko‘radi.

Ko‘rgan vaqtda bu ishqiboz bo‘ladi.

 

Boshdan jumurning ketishi – mangqurtning hur kishiga aylangani ramzi. Bunday tasvirlar turkiy xalqlarning doston-u ertaklarida bisyor. Chunki mangqurt qilish tarixda ko‘p bo‘lgan... Ammo-lekin, qul qulligini tark etishi uchun “ozod bo‘lding, mustaqilsan endi”, deb uqtirishning o‘zi yetarli emas ekan, uning hayotida oniy emas, doim davom etadigan shodlik holatlari ro‘yobga chiqishi shart ekan.

 

Boya, sho‘ro tuzumi bir necha avlod mangqurtlarni shakllantirdi, deb aytgan edik. Xo‘sh, ular bugun fikr va shuurda o‘sha o‘tmish iskanjasidan qutulib, ozod bo‘la oldimi, olyaptimi? Bu savolga javobimiz “ha” bo‘ladimi?

 

Nevlay! Avvalo, o‘sha bir necha avlodga mansub kishilarning hammasi ham ruhan qul bo‘lgan emas. Qullik psixologiyasini e’tiqod qilib olganlar esa o‘zining mangqurt ekanidan xabari ham yo‘q. Qolaversa, bizga hurriyat iqtisodiy qiyinchiliklar bilan qo‘sha keldi va bu hol uzoq cho‘zildi. Nima qilib bo‘lsa ham yashab qolish, kun ko‘rish uchun jon olib-jon berib kurashish kishilar dilidagi insoniy tuyg‘ularni avvalgidan ham kamaytirib yubordi – odamlar bozor iqtisodiyoti shunaqa bo‘lar ekan, deb qoldi. Birovning haqqiga xiyonat qilish, o‘g‘rilik, poraxo‘rlik ommalashib, oriyat va hayo kun tartibidan tushib qoldi. Yuz o‘ttiz yillik mutelikning asorati hali bartaraf bo‘lmagani ham uning piligini balandlatib turibdi.

 

Ana endi asosiy gapga keldik. Mangqurt faqat ertaklarda (Jo‘lomon), badiiy asarlarda (Sobitjon) uchraydimi yo bugun ham bormi?

 

Bu savolga har kim o‘zi bilganicha javob beradi, albatta. Lekin men uchun bugungi eng katta mangqurt – “katta”larning har qanday amriga “labbay” deya qo‘l qovushtirib, o‘ylab-netib o‘tirmay bajarishga tushib ketadigan, bu ishini vatanparvarlik, fidoyilik deb xaspo‘shlaydigan, “pastdan kelgan” kishilarni esa nazar-pisand qilmaydigan kimsalardir. Ular uchun muhokama, mulohaza degan narsa yo‘q, fikrlashga chorlasangiz, “yov”ga aylanasiz-qolasiz. Eng bilarmanlari esa, qozixonaning a’lamiga o‘xshab, har qanday “tashabbus”ga fatvo topish bilan band.

 

Har bir kishi o‘z mustaqil fikriga ega bo‘lsin. Binobarin, mustaqil fikrga ega bo‘lgan odamlardan tashkil topgan yurtgina mustaqildir. Haqiqiy erk bir dekret yo deklaratsiya bilan ro‘yobga chiqishi, amalga oshib qolishi amrimahol.

 

Bizda hozir eng katta da’vat – shukrona bo‘lib qoldi. Ziyoli ahli ham, din ulamolari ham odamlarni shukr qilishga undagani undagan. Albatta, bizga hayot bergan, odam qilib yaratgan, farzand va oila ne’mati bilan siylagan, sog‘-omon asragan Parvardigorga shukrimizni aytib tugata olmaymiz. Ammo jamiyat hayotidagi har qanday o‘zgarishga shukr qilaversak, bizda mustaqil fikr degan narsa qiyomatgacha ham paydo bo‘lmaydi. E’tibor qilsangiz, fuqarolarning fikrlashidan cho‘chimaydigan, g‘oyalariga yo‘l ochib beradigan yurtlar eng mutaraqqiy mamlakatlardir.

 

Ma’naviy tarbiya o‘ssin, axloq targ‘iboti ta’sir qilsin desak, tadbirbozlik, stadionlarda shior hayqirib, bayroq silkitish bilan murod hosil bo‘lmasligini nihoyat anglab yetishimiz kerak. Halollik va adolat jamiyatda ustuvor bo‘lishiga odamlarda ishonch paydo bo‘lsa, hokimiyat esa vakolatini ishga solib, haromxo‘r va zolim kaslarni jilovlab tura olsa, ko‘p narsa joyiga tushadi.

 

Odamlar ruhlansin, fozil kishilar jamiyati albatta barpo bo‘lishiga ishonsin. Chunki kelajakdan umidi yo‘q odam halol yashashga intilmaydi. Yana bir gap shuki, Xudodan qo‘rqqani uchungina yomonlik qilmaydigan inson yaxshi odam emas, vijdoni, dilidagi ezgulik tuyg‘ulari yovuzlik qilishga qo‘ymaydigan, bunday yomon narsalar hatto xayoliga ham kelmaydigan kishi – farishta. Buni jamiyat miqyosiga ko‘chirib aytsak, prokuror-u melisadan hadiksiragani uchun jinoyatga qo‘l urmayotgan kimsa bilan pok niyatli, hur tuyg‘uli, erkin, halol odam orasida yer bilan osmoncha farq bor.

 

Biz yuqorida, yuz o‘ttiz yil mute bo‘lib yashadik, ba’zi odamlardagi fikriy mangqurtlik shuning natijasi, deb aytdik. Undan xalos bo‘lish uchun ham... aftidan, yana shuncha davr o‘tishi kerakka o‘xshab turibdi.

 

Mayli! O‘shanga ham rozimiz!..

 

Zuhiriddin ISOMIDDINOV

 

“Tafakkur” jurnali, 2024-yil 3-son.

“Qullik qasirg‘asi” maqolasi



[1] Roman ruschadan o‘girilgani uchun bu so‘z bizda ham “manqurt” shaklida qo‘llanadi. Qirg‘izchada – mangqurt. Asliyatga ko‘ra “mangqurt” deb yozish to‘g‘riroq. “Mang” forsiy “bang” – nasha so‘ziga bog‘liq bo‘lib, garang, aqldan ozgan ma’nosini beradi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Tarix

17:10 / 29.10.2024 0 214
General Jo‘rabekning qotili kim?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 20966
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//