Multikulturalizm siyosati nimalarni ko‘zda tutadi?


Saqlash
17:40 / 29.10.2024 291 0

Insoniyat boshiga mislsiz kulfat yog‘dirgan Ikkinchi jahon urushi millatchilik qutqusi sabab ro‘y bergani ma’lum. Urush yakunlangach, dunyoning taraqqiyparvar olim va siyosatchilari etnik ixtiloflarni bartaraf etish yo‘llarini qidirmoqqa bel bog‘ladi. BMT Bosh assambleyasi 1948-yil 10-dekabrda qabul qilgan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida turli millat va elatlarning tengligi tamoyili belgilandi. “Barcha insonlar qadr-qimmat hamda huquqlar borasida erkin va teng bo‘lib tug‘iladi. Ularga aql va vijdon ato qilingan, binobarin, bir-birlariga birodarlik ruhida munosabatda bo‘lmoqlari lozim”, deyiladi uning ilk moddasida (https://constitution.uz/uz/pages/humanrights).

 

XX asrning ikkinchi yarmida Shimoliy Amerika va G‘arbiy Yevropa davlatlarida amalga tatbiq etilgan multikulturalizm siyosati ham millatlararo nizolarni sog‘lom tafakkurga tayanib hal etish yo‘lidagi sa’y-harakatlar mahsuli sanaladi.

 

Zamonaviy davlatlar til va madaniyat borasida ustun mavqega ega bo‘lgan (dominant) millatlar tomonidan tuzilgan. Bunday muhitda kam sonli etnik guruhlarning o‘z tili, madaniyati va qadriyatlarini saqlab qolishi qiyin kechadi. Multikulturalizm (inglizcha “multiculturalism” so‘zidan olingan bo‘lib, ko‘pmadaniyatlilik ma’nosini bildiradi) ta’limoti aynan etnik, milliy va diniy xilma-xillikni yoqlashi bilan ahamiyatlidir.

 

Dunyoda so‘nggi asrlarda hukm surgan assimilyatsiya siyosati kam sonli etnik guruhlarning titul millatga qo‘shilib-qorishib ketishini ko‘zda tutadi. Masalan, XX asr boshlarida AQShda keng targ‘ib-tashviq qilingan “erituvchi qozon” (melting pot) modeliga muvofiq turli etnos va elatlar qo‘shilgan holda ingliz tilida so‘zlashuvchi yagona millatni vujudga keltirishi kerak edi. Ammo turfa millatlarni “bir qozonda qaynatish”, jamiyatni yakrang tusga kiritish siyosati o‘zini oqlamadi. Bil’aks, bu model qora tanlilar, hindular va Osiyo davlatlaridan borgan muhojirlar haq-huquqlari poymol etilishiga olib keldi (The Myth of the Melting Pot: America’s Racial and Ethnic Divides // The Washington Post. February 22, 1998. P. A1).

 

Etnomadaniy assimilyatsiya g‘oyasiga muqobil va muxolif ta’limot sifatida vujudga kelgan multikulturalizm “Kam sonli millatlar ham o‘zligini saqlab qolishga haqli” degan qoidaga tayanadi. Mazkur siyosiy model tarafdorlari muayyan bir davlatda yashayotgan turli millat va madaniyat mansublari o‘rtasida totuvlikka erishish, etnik ozchiliklarning o‘zligiga daxl etmagan holda ularning jamiyatga integratsiyasini ta’minlash g‘oyasini ilgari suradi.

 

Multikulturalizmning yalovbardorlaridan sanalgan siyosatshunos Uill Kimlika fikricha, har bir etnik jamoa betakror til, qadriyat va an’analarga ega. Mamlakatda kam sonli millatlar uchun bag‘rikenglik muhiti yaratilishi yetarli emas. Davlat turli etnik guruhlar vakillarining ona tilida ta’lim olishi, o‘zligini saqlab qolishi uchun zarur shart-sharoit yaratishi, kam sonli elatlar vakillariga qonunchilik va ijroiya idoralarida kvota ajratishi lozim (Kymlicka W. Multicultural Odysseys. Navigating the New International Politics of Diversity. New York, Oxford University Press, 2009. R. 16).

 

Farang va ingliz koloniyalari negizida tashkil etilgan Kanada multikulturalizm siyosatining vatani hisoblanadi. Ayirmachilik va milliy nizolardan ko‘p jabr chekkan Kanada hukumati 1971-yilda multikulturalizmni davlat siyosati deb e’lon qildi. “Bir davlat, ikki til, ko‘p millat va madaniyatlar” degan shior ostida milliy, irqiy va diniy xilma-xillikni muhofaza etishga qaratilgan chora-tadbirlar ko‘rildi. 1982-yili qabul qilingan Huquqlar va erkinliklar to‘g‘risidagi xartiyada ko‘pmadaniyatlilikka asoslangan qadriyatlar ustuvorligi belgilandi. 1988-yili Kanada parlamenti dunyoda ilk bor “Multikulturalizm to‘g‘risida” qonun qabul qildi (Dewing M. Canadian Multiculturalism. Ottawa, Library of Parliament, 2009. P. 5).

 

Kanadaning qariyb 40 million aholisidan 8,3 millioni yoki 23 foizini keyingi yarim asrda ko‘chib kelgan muhojirlar tashkil etadi. Davlatchilik asosini tashkil etgan inglizzabon va farangzabon hududlarda yana o‘nlab millatlarga mansub aholi vakillari istiqomat qiladi. Kanada tajribasi millatlararo robitalarni oqilona yo‘lga qo‘yish usuli sifatida tan olingan.

 

1980–90-yillardan “bir davlat – ko‘p madaniyat” tamoyili G‘arbiy Yevropa, jumladan, Germaniya, Buyuk Britaniya va Fransiyada amaliyotga joriy etila boshladi. Ammo “yangi dunyo” davlatlaridan farqli o‘laroq “ko‘hna qit’a”da multikulturalizm kutilgan natijani bermadi. Ko‘p millionli muhojirlarning mezbon davlat tilini o‘rganmagani, jamoaviy qobiqni yorib chiqa olmagani oqibatida Yevropa davlatlarida “parallel jamiyat”lar (olmon sotsiologi Vilhelm Haytmayer ta’biri) vujudga keldi.

 

Kolumbiya universiteti professori, siyosatshunos va faylasuf Jovanni Sartori ko‘pmadaniyatlilik g‘oyasini Yevropa siyosiy davlatchilik modeli va o‘zlik konsepsiyasiga tahdid deb ataydi. Migratsiya siyosati, xususan, musulmon muhojirlariga murosasiz kayfiyatda bo‘lgan olim multikulturalizm Yevropa davlatlarini madaniy jihatdan parokandalikka olib borganidan bahs etadi (Sartori G. Pluralism, Multiculturalism and Foreigners: An Essay on Multiethnic Society. Editura Humanitas, 2007).

 

2001-yil 11-sentyabr kuni G‘arb sivilizatsiyasining yuragi sanalgan Nyu-York shahrida ro‘y bergan teraktdan keyin dunyo geosiyosatida tub o‘zgarishlar ro‘y berdi. Bu hodisa siyosiy doiralarda ko‘pmadaniyatlilik ta’limotiga nisbatan e’tirozlar kuchayishiga ham sabab bo‘ldi.

 

Multikulturalizmning muxolifi bo‘lgan olimlar hamda siyosatchilar Yevropa, Shimoliy Amerika davlatlarida qo‘nim topgan muhojirlar G‘arb tamadduni qadriyatlarini to‘liq qabul qilmayotgani, hatto mezbon davlat tilini ham o‘rganmayotganini tanqid qiladi. Jumladan, amerikalik siyosatshunos Patrik Byukenen turli irq, e’tiqod va madaniyatlarga mansub kishilarning ommaviy immigratsiyasini G‘arb tamadduni uchun jiddiy xatar deb baholaydi. U fikrini dalillash uchun “Tamaddunlar tarixi” kitobidan ushbu iqtibosni keltirgan: “Rim varvarlar bosqini tufayli halokatga yuz tutmagan. U imperiyada varvar aholining ko‘payishi oqibatida inqirozga uchragan. Jadal sur’atlar bilan ko‘payib borayotgan varvarlar mumtoz madaniyatni tushunishni ham, qabul qilishni ham, tarqatishni ham istamas edi” (Byukenen P. G‘arbning o‘limi. Toshkent, “Ilm-Ziyo-Zakovat”, 2021. 238-bet).

 

Siyosatshunos U.Kimlika multikulturalizm g‘oyasi ishonchni oqlamagani haqidagi fikrlarni rad etadi. Unga ko‘ra, Kanada, Avstraliya va Yangi Zelandiyadan farqli o‘laroq G‘arbiy Yevropa davlatlari ko‘pmadaniyatlilik konsepsiyasini amalga tatbiq etishda xatolarga yo‘l qo‘ydi, jumladan, muhojirlarni jamiyatga integratsiya qilish borasida kerakli choralar ko‘rilmadi. Olim muammo multikulturalizm mafkurasining o‘zida emas, balki uni yanglish tushunishda deb hisoblaydi (Кимлика У. Взлет и падение мультикультурализма // Дискурс-Пи. 2013. №11. Стр. 71–82).

 

Dunyo bo‘ylab migratsiya keng quloch yozgan hozirgi davrda ko‘pmadaniyatlilik konsepsiyasi tegrasidagi bahslar ham tobora kuchaymoqda. 

 

Sobirjon YОQUBOV,

mustaqil tadqiqotchi

 

Tafakkur jurnali, 2024-yil 3-son.

Bir davlat – turfa madaniyat” maqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 106
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22030
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//