Til – ijtimoiy hodisa. U har kuni, har soatda oʻzgarib boradi. Jamiyatdagi insonlarning oʻzaro muloqotlari tildagi soʻzlarning yangicha shakl va mazmun kasb etishiga olib keladi. Ammo biz oʻzgarishlarni deyarli payqamaymiz. Bugun siz va biz gaplashayotgan oʻzbek tili ham oʻn yil oldingi koʻrinishidan farq qiladi. Bir tomondan, rivojlangan zamonda yashayotganimiz tufayli yangicha atama va leksik birliklar shiddat bilan ona tilimizga kirib kelmoqda. Ikkinchi tomondan ayrim soʻz va iboralar ular anglatgan tushunchalar bugun hayotda kam sodir boʻlayotgani tufayli isteʼmoldan chiqib ketmoqda. Ayrim soʻz va jumlalar notoʻgʻri talaffuz qilinish oqibatida boshqacha tusga kirmoqda. Ushbu maqolamizda bir paytlar xalq tilida toʻgʻri qoʻllangan, biroq mutaxassislar tomonidan keyinchalik notoʻgʻri variantda adabiy tilga qabul qilingan ayrim soʻzlarni koʻrib chiqamiz.
1. Oʻzbek tilida “Sugʻormoq” soʻzi bor. Bu soʻz biron ekin yoki chorvani suv bilan toʻyintirishga nisbatan ishlatiladi (suvlamoq). “Sugʻormoq” jumlasining asosi suv hisoblanadi. Qishloq shevalarimizda u “suvormoq” shaklida uchraydi. Adabiy tilga soʻz olinayotgan paytda soha mutaxassislari uning shaharcha shaklini olishadi. Menimcha, bunga asosiy sabab qipchoq lahjasida “togʻ” “tov”, “bogʻ” “bov”, “sogʻ” “sov” shaklida ishtalishidir.
Ammo bunday hodisa barcha soʻzlarda ham boʻlavermaydi. Suv asosiga “-ar” feʼl yasovchi qoʻshimchasi qoʻshilishidan “suvar” buyruq feʼli hosil boʻlgan. Xuddi “oq+ar”, “koʻk+ar” kabi. Nega unda “suvormoq” deya yozdim? Aslida, “suvarmoq” eng toʻgʻri variant. Lekin shu yerda ham talaffuzda voha soʻzlashuviga tegishli boʻlgan “alashish” bor deya qaraladi. Misol uchun qipchoq lahjasida Toshkent –Tashken, qozon – qozan, kosa – kasa deya aytiladi. Bunday hodisa qozoq, qirgʻiz va qoraqalpoq tillarida ham uchraydi. Shuning uchun adabiy tilga soʻz olinayotganda, avvalo, “suvarmoq”dagi “v” bilan “a” tovushlari faqat qishloq aholisi tomonidan oʻzgargan shakllar deya qaraladi. Bitta narsani unutmaslik kerakki, har doim ham qipchoq lahjasi “alash”avermaydi. Aksincha, shahar shevalari “olashib” ketgan. Buni “katta” soʻzining Toshkentcha versiyasidan ham bilsak boʻladi. Xulosa qilib aytganda, soʻzning eng toʻgʻri varianti bu “suvarmoq”dir.
2. “Chavandoz” soʻzini hammamiz bilamiz. Bu soʻz oʻzagi adabiy tildagi “chop” soʻzining shevadagi varianti “chov” hisoblanadi. Bir qarashda hamma shunday oʻylaydi. Ammo, aksincha, “chop” shevaga xos elementdir. Misollarga yuzlanamiz: Qadim zamonlarda elchilarni “chovush” deya atashgan. Bu soʻz keyinchalik “chopar”ga oʻzgargan. Asosi “chov” boʻlgan nomlar talaygina. Ulardan biri “chovdur” qabilasi nomidir. “Chavgon” oʻyini ham dastlab ot ustida oʻynalgan. “Chopagʻon”, aslida, “chovogʻon” ekanligi ham bor gap.
Oʻzbek tilidagi ikkinchi “chopmoq” soʻzi “ketmon yoki teshada yerga ishlov berish”ni anglatadi. “Chopmoq” yugurmoq va biron narsani qattiq zarb bilan kesib tashlash maʼnosida keladi hozir. Aslida, “chop” soʻzi umuman boʻlmagan – “chov”ni oʻzgartirishgan. “Ichak-chavoq” deganda ham “ichak” oʻz maʼnosida, “chavoq” chopilgan narsa maʼnosida kelmoqda. “Ichak-chavoq” qayda-yu, chopilgan narsa qayda dersiz, Siz haqsiz. Biroq bizning tasavvurimiz “ichak”ning oʻzi bilan cheklangan. “Chavoq”ni esa umuman nima ekanligini ham bilmaymiz. Oʻzbek tilida “chavaqlamoq” soʻz bor. Uning asli quyidagicha: Chov+oq+la-moq. Assimilyatsiya va dissimilyatsiya hodisasi tufayli shakl oʻzgarishga uchragan.
Qishloq ayollari ekinlarni chopiq qilishadi. Keksa avlod vakillari bu jarayonni “choviq” deyishadi. Qipchoq lahjasida “qurtga tut chovip keldim”, “chovip-chovip tashladim” kabi jumlalar bor. Bundan koʻrinadiki, “chopmoq”ning har ikkala maʼnodagi asliy shakli “chovmoq”dir. Faqat mutaxassislar shahar shevasini koʻproq adabiy tilga olishgan. “Chovmoq”ni esa baʼzi qarluq lahjasida gaplashuvchilar “chopmoq” shaklida qoʻllay boshlagan. Davrlar oʻtishi bilan til mutasaddilari qipchoq lahjasini bir chekkaga surib qoʻyishi sababli soʻzning asil shakli “chopilib ketdi”.
3. Maʼlumki, Toshkent Chingizxon bosqinidan to XVIII asrga qadar moʻgʻul xonlari tomonidan idora qilingan. Ular ichida Baroqxon, Kuchukxon kabi gʻalati ismga ega xonlarni eshitganmiz. Quyida Kuchukxon ismining asl maʼnosi va baʼzi soʻzlarning oʻzgargan shakllari haqida hikoya qilamiz:
Turk tilida “kuchuk” kichikni, “buyuk” kattani anglatadi. Oʻzbekchada esa birinchi soʻz itning bolasini, ikkinchisi esa kuch-qudratda tengsizlikni bildiradi. Aslida esa, “kuchuk” kichikning qadimiy shakli hisoblanadi. Kichkina it maʼnosida bir paytlar “kuchuk it” soʻz birikmasi qoʻllangan. Vaqtlar oʻtishi bilan “it” soʻzi tushib qolgan. Natijada “kuchuk” atamasi itning bolasi maʼnosida turgʻunlashib qolgan. Bundan koʻrinadiki, Kuchukxon, aslida kichik xondir.
Endi “buyuk”ka yuzlansak. Bu soʻz, aslida, boʻyga yetgan maʼnosini bildiruvchi “boʻyik”dir. Ulgʻaygan, kamol topgan kishilarga, yosh jihatdan kattalarga nisbatan ishlatilgan. Soʻzning qadimiy shaklining oʻzi “buyuk”. Keyinchalik, “buy” “boʻy”ga oʻzgarib ketdi. Natijada esa tarixiy va zamonaviy maʼnolari ayricha boʻlib qoldi.
Soʻnggi yillarda “bagʻoyatda”, “minnatdorchilik”, “yokida”, “balkida” kabi kalimalar urfga kirdi. Xuddi shu holida radio, televideniye boshlovchilarining nutqida, gazeta va jurnallar sahifasida paydo boʻldi. Bora-bora bu holat oʻttiz millionli xalqimiz leksikasiga ham shunday koʻchishi ehtimolini oshiradi. Bu esa ularni tilshunoslarning navbatdagi avlodi tomonidan adabiy tilga olib kirilishiga zamin yaratadi. Shu bois soʻzlarni toʻgʻri talaffuz etish, qoʻllashga harakat qilish tilimiz tozaligi uchun manfaatli boʻlar edi.
Anvar ESHNAZAROV
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q