Ota-ona uzatilgan qizidan moliyaviy yordam kutishi joizmi?


Saqlash
20:22 / 25.10.2024 519 0

Savollarga O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi bosh mutaxassisi Hikmatulloh Toshtemirov javob berdi

 

– Assalamu alaykum! Ota-ona qiz farzandini turmushga uzatganidan keyin undan moliyaviy yordam yoki hadyalar kutishi joizmi va qiz farzandning ota oldidagi burchlari va farzlarini aytib bersangiz, iltimos.

 

– Vaalaykum assalom! Qizini turmushga uzatgach, agar ota-ona kambag‘al va muhtoj bo‘lib qolsa va shu holatda qizning shaxsiy mulki bo‘lsa (ota-onaning boshqa o‘g‘il farzandi bo‘lmasa yoki o‘g‘il farzandi ham faqir bo‘lsa), albatta qiz ota-onasiga moddiy yordam berib, ta’minlashi kerak. Aks holda gunohkor bo‘ladi. Agar ota-ona muhtoj bo‘lmasa, qizidan hech qanday moddiy yordam kutmasligi lozim. Hadya ixtiyoriy narsa, lekin imkoni bor o‘g‘il-qizlar ota-ona va yaqinlariga hadya ulashib turishlari katta savobli ishdir. Moddiy yordamga muhtoj bo‘lmagan ota-onani qiz farzandlari ham erining ruxsati bilan, ko‘p kuttirmagan holda bir hafta-ikki haftada ko‘rgani borib turishi kerak. Albatta, bu erining uyi bilan ota-onasining uyi orasi yaqin bo‘lgan kishilarga oid gap. Uzoq bo‘lsa, sharoitga qarab, telefon orqali tez-tez hol so‘rab, imkon topishi bilan kelib, ziyorat qilib turishi zarur.

 

– Cho‘kayotgan odam xasga yopishibdi deganlaridek, kasal bo‘lib qolgan kishilar ham davo istab har tomon yuguradi. Bunday paytda urinoterapiya, ya’ni peshob bilan davolovchilar ham  davolashni va’da qiladilar. Shu davolash usulidan biror kishi shifo topishi mumkinmi, o‘zi uning hukmi qanday?

 

– Halol dorilar topilib tursa va o‘sha najosatda shifo borligi isbotlanmagan bo‘lsa, uni iste’mol qilish joiz emas.

 

Alloma Haskafiy rahimahulloh mazhabimizda harom bilan davolanish joiz emasligini bayon qilib, “Hoviy” kitobidan naql qiladi: “Ba’zi qavllarga ko‘ra harom narsada shifo borligi ma’lum bo‘lsa va boshqa davo (dori) topilmasa, harom bilan davolanishga ruxsat beriladi” (“Durrul-muxtor” kitobi).

 

Alloma Ibn Obidiyn rahimahulloh yuqoridagi so‘zlarni sharhlab, harom moddada shifo borligi aniq bo‘lmasa, u bilan davolanish joiz emasligini aytadi. Lekin o‘sha moddada shifo borligi tabib o‘tkazgan ko‘p tajribalardan ma’lum bo‘lgan bo‘lsa, bu gumoni g‘olib kelgan tabibning so‘zi sifatida e’tiborga olinadi.

 

Demak, ulamolarning fatvolariga ko‘ra bemorga boshqa halol dori-darmon topilmaganda, harom moddada shifo borligi bir qancha tajribalarda isbotlangan bo‘lsa, davolanish uchun uni iste’mol qilish joiz bo‘ladi. Bu ruxsat toki bemor tuzalguncha davom etadi, undan keyin esa bu narsa yana yeyish harom bo‘lgan moddaga aylanadi.

 

Hadisi shariflarda har bir dardning davosi halol narsalarda borligi bayon qilingan. Shunday ekan, tabiblarimiz halol dorilarni kashf qilishga qattiq kirishsalar, harom bilan davolanishga hojat qolmaydi.

 

– Qibla tarafda uxlab yotgan yoki gaplashib o‘tirgan odamning ortida namoz o‘qisa bo‘ladimi?

 

– Qiblaga qarab o‘tirgan yo turgan kishining ortida namoz o‘qisa bo‘ladi. Payg‘ambarimiz  Ikrimani qiblaga yuzlantirib qo‘yib ortida namoz o‘qigan.

 

Ammo namozxonga yuzlanib turgan yoki uni ibodatdan chalg‘itadigan darajada baland ovoz bilan gaplashayotganlar yonida, shuningdek, qibla tarafida uxlab yotgan kishi qarshisida o‘qish makruhdir (“Sharhi Avrod”).

 

– Ba’zilar baraka keladi deb uyning eshigi tepasiga taqa osib qo‘yadi. Shu ish mumkinmi?

 

– Yo‘q, mazkur niyatda uy eshigi tepasiga taqa osib qo‘yish aslo joiz emas. Bu ish xurofot ishlardan hisoblanadi.

 

– Marhumning vafotidan so‘ng uning farzandlari qirq kun shom mahaligacha uyda bo‘lishlari kerak degan gap bor, shunga aniqlik kiritsangiz.

 

– Bu gapga asos yo‘q.

 

– Inson vafot etganidan so‘ng uning xonasi chirog‘ini yoqib qo‘yishadi. Ayrimlar islomda nur yaxshilik degan ma’noni bildirgani uchun shunday qilinishini aytishadi.

 

– Bu ham xalqimiz orasida tarqalgan bid’at ishlardan. Bundan ko‘ra Qur’oni karimdan uch-to‘rt oyat o‘qib, o‘tganlarga bag‘ishlash ming marta afzal. Bu kabi botil e’tiqodlar gunohi azim bo‘ladi.

 

– Biz tomonlarda aza bo‘lgan xonadonda ayollar mato, sochiq,  choy, xullas, shunga o‘xshash narsa ulashadilar. Men ularga bunday narsalarni ulashish mumkin emas desam, quda-qarindoshnikiga borganda bizga berishgan, uni qaytarmasak zimmamizda qarz bo‘lib qoladi deyishadi. Bunday holda vafot etgan kishi ham qarzdor bo‘ladimi? Bundan tashqari, vafot etgan odamga qo‘y so‘yib ma’raka qilish shartmi?

 

– Siz aytgan tarqatishlar haqida shariatimizda buyruq yo‘q. Vafot etgan kishiga savobi yetishi uchun ehson qilib muhtojlarga ziyofat qilib bersa joiz. O‘tganlarga savobi yetib boradi. Biroq bu borada ham turli bid’at va xurofotlardan ehtiyot bo‘lish zarur.

 

– Ko‘rinishi va ovozidan huzurlanish uchun qushlarni qafasda saqlash joizmi?

 

– Ba’zi qushlarning ko‘rinishi chiroyli, ovozi yoqimli bo‘ladi. Go‘zallikni barcha yaxshi ko‘radi. Go‘zallik Alloh taoloning ne’matlaridandir. Alloh taolo marhamat qiladi:

 

Ayting: “Allohning bandalari uchun chiqargan ziynatini va pok rizqlarni kim haromga chiqardi?..” (A’rof surasining 32-oyati).

 

U yana minishingiz uchun va ziynat sifatida otlar, xachirlar va eshaklarni (yaratdi) (Nahl surasining 8-oyati).

 

Alloh taolo hayvonot, o‘simliklar va boshqa ziynatlarni bandalari uchun yaratgan. Ulardan zavqlanish, foydalanish mubohdir. Ziynat hisoblangan baliq va qushlarni dinimiz amrlaridan chiqmaslik sharti bilan boqish mumkin. Bu shartlar asosan quyidagilardir:

 

ularni boqish bilan faxr va kibrga berilib ketmaslik kerak;

 

ularni parvarish qilish va ularga e’tibor berish zimmasidagi ibodatlardan chalg‘itib qo‘ymasligi kerak;

 

ular o‘z vaqtida oziqlantirilishi lozim. Zero, mushuk boqib, unga ovqat va suv bermay qiynagan ayolni Alloh taolo azoblagani haqidagi hadis mashhur.

 

Ikki “Sahih”da vorid bo‘lgan hadisda Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam insonlarning eng go‘zal xulqlisi edi. Mening emikdosh ukam bo‘lib, uni Umayr – “Umarcha” deb chaqirishar edi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bizning uyga kelsa, Ey Abu Umayr, nug‘ayrni (tumshug‘i qizil, chumchuqsimon qush) nima qildik?” der edi”.

 

Alloma Abulabbos Qurtubiy aytadi: “Ulamolarning “qushlarni qafasda ushlab turish” joiz degan fatvolaridan ularga azob berish mumkin degan xulosa chiqmaydi, chunki payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam hayvonlarga azob berishdan qaytargan. Abu Dardo roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha: “Qiyomat kuni qushlar o‘zlarini qafasda saqlab, och qoldirib qiynagan kishining bo‘yniga osilishadi va “Ey Rabbim, mana bu meni dunyoda azoblagan” deydi”.

 

– Agar kishi boshqa bir kishidan o‘rtada turib birodari uchun qarz olib bersa, qarz bergan kishi qarzdordan qarzini so‘ramasa, qarzdor ham qarzni qaytarish tashvishini qilmasa, har xil bahonalar qilsa, o‘rtada turgan kishi nima qilishi kerak?

 

– “...qarz bergan kishi qarzdordan qarzini so‘ramasa”. Aslida qarz bergan kishi agar qarzni qaytarib olish niyati bo‘lsa, albatta qarzdordan uch marta vaqti-vaqti bilan so‘rashi shart. Agar so‘ramasdan o‘zidan o‘zi xafa bo‘lib yuraveradigan bo‘lsa, u nohaq bo‘ladi. Zotan, inson unutuvchidir, balki qarzdorligini unutib qo‘ygandir, unga uch marta eslatish kerak. Agar shunda ham qarzni bermasa keyin boshqa chora ko‘riladi. Ya’ni xohlasa kechib yuboradi yoki mahkama orqali undirib olsa ham bo‘ladi yoxud o‘rtada kafil bo‘lgan kishidan undirib olsa ham bo‘ladi. Keyin kafil bo‘lgan kishi haqiqiy qarzdordan undirib olaveradi.

 

Damin JUMAQUL tayyorladi.

 

Ma’naviy hayot” jurnali, 2024 yil 3-son.

Qaltis savollarga nozik javoblar” suhbati

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 106
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22030
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//