Konnektikut shtatining Lichfild shahrida ruhoniy oilasida tug‘ilib o‘sgan, sakson besh yil umr kechirgan adib Harriet Bicher-Stou xonim 1851-yilda “Tom tog‘aning kulbasi” asarini yozadi. Asar dastlab qullik muxoliflarining asosiy targ‘ibot vositasi bo‘lmish Vashingtondagi “The National Era” haftalik nashrida 10 oy davomida muntazam nashr qilinadi va mislsiz shuhrat qozonadi. Va nihoyat 1852-yilda kitob holida chop etiladi.
Nashr qilinganidan keyin bir yil ichida kitobning uch yuz ming nusxasi AQShda, bir million nusxasi esa Buyuk Britaniyada sotiladi. Bu kitob XIX asrda “Injil”dan keyingi eng ko‘p sotilgan kitob hisoblanadi.
Asar dunyoning boshqa tillariga ham tarjima qilinadi. Rossiyada Nikolay Nekrasov tashkil etgan nufuzli “Современник” jurnalida ilk bor 1857-yilda rus tilida bosiladi. Ammo mamlakatda ushbu asarni tarqatish, o‘qish qat’iyan taqiqlab qo‘yiladi.
AQShning janubidagi shtatlarda ham roman taqiq va tazyiqqa uchragan, hatto 1857-yilda merilendlik fuqaro bu kitobni uyida saqlagani uchun 10 yilga qamalgan.
1853-yildayoq asar rasmiy Vatikanning taqiqlangan adabiyotlar ro‘yxatiga kiritilgan edi. Kitobni Vatikanga maxfiy olib kirilgan xorij asari sifatida musodara qilgan inkvizitorning hisobotidan keyin esa roman ishi bo‘yicha Italiyada sud jarayoni ham bo‘lib o‘tgan.
AQShning 16-prezidenti Avraam Linkoln kitob muallifi bilan uchrashgan chog‘ida shunday deydi: “Mana, katta urushni boshlagan kichik xonim!”. Prezident H.Bicher-Stouni ehtirom bilan qabul qiladi va uning g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qiladi. Linkoln “katta urush” deganda qullikka qarshi kurashni nazarda tutgan edi.
Nihoyat, 1863-yilda qora tanli qullarni ozod etish haqidagi qonun qabul qilinadi.
* * *
Ko‘p asrlik adabiyot tarixida shunday asarlar borki, ularsiz insoniyat tamadduni, tafakkur zaxirasi, ma’naviy yig‘indilari, ijtimoiy yuksalish darajasi ancha qashshoq bo‘lib qoladi. Xuddi shunday asarlardan biri “Tom tog‘aning kulbasi” nomi bilan o‘zbek kitobxoniga ham yaxshi tanish bo‘lgan romandir. Bu asar dunyo romanchiligida juda katta evrilish yasamagan bo‘lishi mumkin. Lev Tolstoy, Dostoyevskiy, Kafka, Kamyu, Markes va boshqa so‘z ustalarining asarlari oldida biroz sodda va jo‘n asar sanalar. Biroq bitta roman Amerika qit’asidagi, nafaqat AQShda, balki butun dunyoda insonlarning hayotini, turmush tarzini o‘zgartirishga sabab bo‘ldi desak, xato bo‘lmaydi.
Romanni o‘qigan kitobxonga yaxshi ma’lumki, asar quldorlik tuzumining o‘ta beshafqat manzarasini aks ettirgan. Romandagi voqelik qalbida insoniylikdan ozgina nishona bo‘lgan har qanday kishini titratib yuboradi. Tom ismli keksa, qora tanli qulning boshidan o‘tkazgan musibatlari o‘quvchida rahm-shafqat, mehr-oqibat tuyg‘ularini uyg‘otib yuboradi.
Insonning xuddi buyum kabi, tilsiz jonivor kabi sotilishi, barcha huquqlardan mahrumligi yozuvchining qalbidagi og‘riqlar ifodasi o‘laroq qog‘ozga tushgan.
“Agar biz yaxshilik qilish yo‘lida yomonlikka uchrashdan qo‘rqqanimizda edi, inson nomiga loyiq bo‘lmas edik”, deydi yozuvchi. Darhaqiqat, bu uning asariga ham, o‘ziga ham tegishli. Har bir asarning ham xuddi bir inson kabi o‘z taqdiri bor. “Tom tog‘aning kulbasi” asari ham o‘z ko‘p ko‘rguliklarni boshdan kechirgan. Unda ko‘tarilgan buyuk g‘oya inson ozodligi va erkinligi edi. Erkinlik esa doim qimmatga tushadi. Adibning bu asari bepoyon Amerika qit’asida insonlarning qalbini uyg‘otdi. Roman qullarning zang bosgan xotirasiga inson ekanini, ular ham boshqalar qatori erkin yashashi mumkinligi haqidagi fikrni qaytardi. Insonning ruhi uyg‘ondi. U o‘z haqi uchun qaddini ko‘tarib kurashga kirdi. Qullikka mahkum insonlar uchun bu roman ulkan inqilobga kuch berdi.
Insoniyat tarixida muhim rol o‘ynagan adabiy qahramonlarga bag‘ishlangan “Mavjud bo‘lmagan 101 ta nufuzli shaxs” kitobidagi ro‘yxatda Tom amaki 11-o‘rinni egallagan (2006-yil, AQSh). Shu qadar olamshumul nufuzga ega bo‘lgan bu asar shuning uchun ham kitobxonlarga manzur bo‘ldiki, unda insonning asl tiynati, asl yo‘li, chin murodi yashirin, inson erkin yashashi kerak degan oddiy va buyuk tuyg‘u himoyaga olingan.
Asarda ruhoniyning tili bilan aytilgan “Qabrda biz hammamiz erkin va tengmiz” degan so‘zlari asarning bosh g‘oyasi kabi eshitiladi.
XX asr Amerika adabiyotidan katta o‘rin olgan, afroamerikaliklar hayotiga bag‘ishlangan yuzlab katta-kichik, past-u baland asarlarning doyasi shu H.Bicher-Stouning romani bo‘ldi. Qora tanlilar haqidagi qotib qolgan tasavvurlarni tamoman o‘zgartirgan bu kitob ko‘plab fazilatlari qatorida adabiyotga yangi qahramonlar bergani bilan ham qimmatlidir.
* * *
Bugun murakkab zamonda yashayapmiz. Bizni qurshab olgan elektron kesishuvlar, internet to‘rlari xurujida baribir kitobdan ancha olislab ketayapmiz. Ammo unutib qo‘yayotganimiz bir haqiqat bor: taraqqiyotning barcha qadamlari zamirida, barcha 4-5D formatdagi evrilishlar asosida inson tafakkuri bor. Bu tafakkur esa o‘ziga kerakli quvvatni kitobdan, aynan kitobdan oladi. Baayni barcha atom, gidro va shamol elektr manbalari hamma kuchni quyoshda olgani kabi.
Shu bois ham faqat insongagina ato qilingan kitob degan mo‘jizaga beparvo bo‘lmaylik.
Sobir JUMAYEV
“Tafakkur” jurnali, 2024-yil 3-son.
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q