“Gazeta ona tilig‘a xizmat etsun” – Yuz yillik og‘riq


Saqlash
16:18 / 21.10.2024 462 0

Bir millatning o‘z tilidagi kitob, risola, g‘azeta, jurnal va boshqalarg‘a bir so‘z bilan adabiyot (literatur) deyilur. Shuning uchun arabcha kitob va risolalarg‘a “adabiyot arabiya”, turk, tatarcha bo‘lg‘onlarig‘a, “turk adabiyoti”, “tatar adabiyoti” deydurlar. Dunyoda yashab turg‘uchi har bir millatning ilmda hozirda va boshqa to‘g‘rilarda qaysi darajada ekanligi adabiyoti bilan o‘lchalinilib, adabiyoti boy bo‘lg‘on millatni har vajdan oldinda va yuqorida e’tibor qilinur. Bilaks, adabiyoti bo‘lmag‘on bo‘lsa ham borlik, yo‘qlik (yog‘i sob (tugab) bo‘lg‘on chirog‘dek, o‘char, o‘chmas) bo‘lsa ul qavmning boshqalar oldida hurmat va e’tibori bo‘lmas va ham har navi hayot ijtimoiya va madaniyatdan bahra ololmas.

 

Bas endi bizda ham, ul “adabiyot” degan narsa bormu? Yo yo‘q?! – Yo‘q desa hato bo‘lmaydurg‘on bir darajada bordurki: ul misol nima qilishimizni bilmaydurg‘on kishining qo‘lig‘a tushgan xom toladek borgan sari oni qoraytirilur, chiritilur. Oxiri temirg‘a yo boshqa narsag‘a alishtirilur. Mana shul qabildan bizning ham xoh ulamo va mudarrislarimi va xoh yosh o‘smirlarimiz bo‘lsunlar, bul muqaddas ona tilimizni tiriltirmoqlari unda tursun, balki yo‘qotmoqligig‘a sabab bo‘lurlar va ham bo‘lib turubdurlar.

 

Nechukki, olimlarimizdan biri biror yerg‘a xat yozsa yoki birovg‘a bergan narsasini xotira daftarig‘a yozsa, o‘z ona tilini qo‘yib, fors tilida yozadurlar. Hammasidan ham zararligi buldurki: yangi dars o‘qumoqg‘a boshlag‘on, o‘z ona tilini ham durustlab bilmaydurgan bir shogirdga dars berganlarida forscha tarjima bilan o‘rgatadurlar. (Ul turkiy sarf, turkiy nahv o‘qutmoqni onda qo‘yaylik). Hech bo‘lmaganda o‘shal arabcha sarf, nahvni turkiy tilig‘a tatbiq qilib, ya’ni aning keraklik o‘rinlarig‘a tildan misollar ko‘rsatib aytib bersalar, arabchag‘a ham zehni kirishib, buning barobarida o‘z ona tilini ham bir narsag‘a yaraydurg‘on til ekanligini bilib ona tilig‘a muhabbat bir daraja ortib, tartibg‘a solib borur edi. Halo ul qanda? (Hozir qanday?) Yosh o‘smirlarimiz bo‘lsalar o‘z yerliklaridan birini ziyofatg‘a chaqirib, xat yozsalar ham usmonicha, yoki tatarcha yozadurlar. Boydaki (vaholanki), ona tilig‘a muhabbat va islohni ulardan kutular erdi.

 

 

Bularning sababi ham ravshandur-ki birinchilari: o‘zlarining eron adabiyoti ta’siri bilan nurlangan bo‘lsalar, ikkinchilari: tatar va usmonli adabiyoti vositasi bilan fikrlarini ochgandurlar. Shuning uchun har ikki sinf ham o‘zlarining “nur” olg‘on taraflarig‘a qarab tortadurlar-da o‘z ona tillarig‘a haqorat nazari bilan boqib kundan kun esdan chiqarmoqg‘a boshlaydurlar.

 

Durust forsiycha, arabcha, o‘ruscha va boshqalarni ham bilaylik, bilaylikgina emas juda yaxshi bilaylik, lekin o‘z ona tilimizni hammasidan ortuq va ziyodaroq bilaylik. Sarf va nahvlari bilan bilaylik va ham shundog’ bo‘lg‘onda arabcha, forscha va boshqalarig‘a tushunurmiz. Chunki o‘z tilimizni yaxshilab bilmadikmi boshqa tilni albatda durust bilmaymiz va buni hijriy 900-yilda undan ilgariroq ham “Mavlono Lutfiy”, “Alisher Navoiy”dek zotlar vujudg‘a kelib qirqg‘a yaqin asarlari bilan ona tilimizning boshqa tillarg‘a nazran (qaraganda) boy ekanligini, she’rda berilg‘on jozibasini, musiqa (muzika) da bo‘lg‘on latofatini, “Me’zon ul avzon” va “Muhokamatul lug‘atayn” lari bilan bildurg‘on erdilar.

 

Turkiyni do‘st tutqon kishi jug‘rofiyani o‘qib ko‘rub, Turkiyaning shuncha yerlari qo‘ldan chiqib ketganiga yuragi yonib joni siqilganidek, ona tilig‘a muhabbati bor kishi ham Alisher Navoiy asarlarini o‘qib ko‘rganda, tilimiz avvalda shuncha boy va mukammal ekan, nima qildikki ul latofat, ul nafosatlarini yo‘qotib kishi tanimaydurg‘on bir holg‘a kelturib qo‘ydik deb ohlar tortur.

 

Nechukki har bir insonning jonidan aziz narsasi din va millatidur. Ul din va millatni muhofazati ham har afrodi insong‘a vojibdur. Uning muhofazati ona tilining muhofazati bilan bo‘lur. Qachonki bir millat tilini yo‘qotsa, ul vaqt dinini va millatini ham yo‘qotur.

Tatar qarindoshlarimizning hozirdag‘i til va adabiy yotlarini bundan o‘n, o‘n besh yil ilgari chiqqan adabiyotlarig‘a tatbiq qilinsa, qiyos qabul qilmaslik darajada tafovutlar bordurkim, bul darajada ularning tillarini kengaymog‘i milliy va ona tilidag‘i gazetalari bilan bo‘ldi. Gazeta va jurnallarining dunyo ahvolidan va boshqa to‘g‘rilaridan xalqg‘a xabar berib turmog‘idan boshqa ulug‘ va ko‘zg‘a ko‘rinmaydurg‘on bir foydasi bo‘lurki, ul ona tilining kengaymog‘i va mukallashmog‘idir.

 

Buning birlan millat o‘zini dunyoda borlig‘ini bildirib, ona tilida o‘qitmoq va ta’lim bermoq masalalari chiqganda, o‘zig‘a ayrim tili borlar qatoridan hisoblanib, tili yo‘qlar qatoriga kirib qolmas. Turkistonda chiqgan gazeta va jurnallar til to‘g‘risig‘a hech bir iltifot qilmadilar va hali ham e’tibor etmaslar. Takror aytaman, gazeta ona tilig‘a xizmat etsun! Vaqti kelganda millatini tili yo‘qlar qatorida qoldirmasun!

 

Ashurali ZOHIRIY,

 “Sadoi Farg‘ona” gazetasi, 1914-yil 13-aprel soni.

Muslimbek ALIJONOV nashrga tayyorladi.

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 106
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22029
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//