Ming yillar davomida har bir millat va elatning mutafakkir-olimlari, allomalari-yu donishmandlari shaxsning asl mazmun-ma’nosini anglashga uringan, “U aslida kim?” degan savolga javob qidirgan. Insonning asl mohiyati nimadan iborat, degan savolga hali ham hech kim mufassal javob bera olmadi. Yaratilgan minglab nazariyalar, kashf etilgan kashfiyotlar, turli ilm maskanlarida o‘tkazilgan tajribalar, yoqlangan dissertatsiyalar, ularda bildirilgan fikrlar, taqdim etilgan xulosalar natija berganda va insonlar ularga amal qilganda hozir shaxs tarbiyasi, ma’naviyat, madaniyat to‘g‘risida bong urib o‘tirmas edik.
Afsuski, bu borada insoniyat tomonidan yaratilgan katta ilmiy-ma’rifiy boyliklarimiz ham bashariyat kutgan natijalarni bermayapti. Aks holda bugungi dunyoning shiddat bilan rivojlanib borishi tufayli paydo bo‘layotgan ichki va tashqi mafkuraviy, g‘oyaviy tahdidlar odamlarni ayovsiz ravishda, vahshiyona tarzda o‘z domiga tortmagan, adolatsizliklar, yovuzliklar, ma’naviy-mafkuraviy buhronlar shu darajada urchimagan bo‘lar edi.
Shu ma’noda, inson tarbiyasi, kamoloti masalasi besh ming yil avval qanday bo‘lsa, bugun ham ahamiyati mutlaqo o‘zgarmagan. Taassufki, bu muammolar kamaymagani yetmagandek yangi mazmun va shakllarda “takomillashib” bormoqda.
Ana shunday murakkab zamonda o‘z vatani va millati kelajagini o‘ylagan har bir davlat qanday bo‘lmasin, mazkur muammoni hal etishga o‘zini mas’ul hisoblaydi. Shukrlar bo‘lsinki, mamlakatimiz rahbari bu masalada alohida tashabbus ko‘rsatib, ma’naviyat, ma’rifat, tarbiya masalasiga kelajakda taqdirimizni hal eta oladigan katta kuch sifatida e’tibor qaratmoqda.
Prezidentimiz Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining o‘tgan yil 22-dekabrda bo‘lib o‘tgan kengaytirilgan yig‘ilishida bejiz kuyinchaklik bilan “Azizlarim, tarbiyasi izdan chiqqan nopok kimsalardan ogoh bo‘laylik!”, “Farzandlarimizni ularning buzg‘unchi ta’siridan asraylik!”, “Kelajagimizni yovuz kuchlar qo‘liga berib qo‘yishga aslo haqqimiz yo‘q”, “Agar barchamiz birgalikda qat’iy harakat qilsak, jamiyatimizda sog‘lom ijtimoiy-ma’naviy muhitni mustahkamlashga albatta qodirmiz”, demagan edi.
Bugun mamlakatimizda sog‘lom ma’naviy-mafkuraviy muhit yaratish umumxalq harakatiga aylanib borayotir. Hali ichki, hali tashqi tahdidlar tobora ko‘payib borayotgan bir sharoitda mamlakat rahbari odamlarni, ayniqsa, yoshlarimizni bunday tahdidlardan munosib himoya qilishning chuqur o‘ylangan strategiyasini ishlab chiqdi. Вunda ma’naviyat, ma’rifat, milliy axloq, ilm-fan, madaniyat, tarbiya masalalarining uyg‘unligiga ustuvor ahamiyat berilmoqda.
Shu o‘rinda xalqimizni, ayniqsa, yosh avlodni bugun tobora ko‘payib borayotgan, e’tiqodi sust ba’zi yoshlarni o‘z domiga tortayotgan turli axloqsizliklardan asrash o‘ta jiddiy va muhim masaladir. Axloq aslida, ma’naviyat va tarbiyaning o‘zagi bo‘lsa-da, bugun ushbu fenomen hodisa katta siyosatga daxldor masalaga aylanib bo‘ldi. Ayrim davlatlar, turli nodavlat notijorat tashkilotlar, xalqaro korporatsiyalar o‘z manfaati, siyosiy maqsadi yo‘lida axloq masalasidan, yanayam aniqroq aytsak, ijtimoiy axloqsizliklardan foydalanishga e’tiborni tobora kuchaytirmoqda.
Shuning uchun hozir qaysi davlat o‘z siyosati markaziga yuksak axloq masalasini qo‘ysa, o‘sha joyda bu borada muayyan muvaffaqiyatga erishish mumkin. Mutafakkir Konfutsiy ikki yarim ming yillar avval bu haqda bunday degan edi: “Hukmdor mamlakatni axloqiy fazilatga tayanib boshqarsa, u xuddi Qutb yulduzi singari muayyan joyda turib, yulduzlar qurshovida bo‘ladi”.
Davlat boshqaruvida tarbiya, ayniqsa, axloq me’yorlariga suyanib ish yuritilgan joyda, shubhasiz, yutuqqa erishish mumkin. Yuqorida nomi tilga olingan muallifning ta’kidlashicha, xalq ma’muriy-buyruqbozlik bilan boshqarilsa, xatti-harakati iskanjalar yordamida tartibga solinsa, oddiy xalq jinoyat sodir etishdan majburan o‘zini tiyib turadi, lekin jinoyatning isnodligini anglab yetmaydi. Xalq muruvvat va ishontirish yo‘li bilan, axloq qoidalari, adolatga asosan boshqarilsa, bunday xalq egri ish qilish isnodligini tushunadi.
Yurtimizdan yetishib chiqqan mutafakkirlar asarlarida ham ma’naviyat, ma’rifat va axloq masalalariga juda katta e’tibor beriladi. axloq hattoki qonun kuchiga ega bo‘lishi lozimligi qayd etiladi.
Haqiqatan shunday: milliy qadriyati boy, azaldan tarbiya masalasiga, yoshlar kelajagiga alohida ahamiyat bergan xalqlarda axloq davlat qabul qilgan qonunlardan ham ustuvor ahamiyatga ega bo‘ladi. Shu ma’noda, agar biz qonun ustuvorligini axloqiy me’yorlar ustuvorligi bilan uyg‘unlashtira olsak, jamiyatni tom ma’noda ma’naviy-mafkuraviy barqarorlashtirishga erishamiz. Shu o‘rinda buyuk mutafakkir Abu Nasr Forobiyning odamlar ma’naviy-axloqiy fazilatlarga erishishni istab, iltijo qilib, ularni o‘zlashtirishga e’tibor berishi kerak, toki axloq qonuniy, maqtovlarga sazovor va ilohiy bo‘lib qolsin, degan fikrlarini eslash kifoya.
Ushbu fikr-mulohazalar bizni quyidagi xulosaga olib keladi: bugun axloq inson, jamiyat va davlat taqdirini hal etuvchi eng ustuvor masalaga aylanib bo‘ldi. Avvallari jahon maydonidagi muhim siyosiy masalalarni hal etishda qurolli to‘qnashuvlar, harbiy yo‘llar kuchiga ustuvor o‘rin berilgan, keyinchalik esa siyosat va diplomatiyaning ta’sirchan kuchidan foydalanilgan bo‘lsa, endi bu masalani axloq, aniqrog‘i, odamlar orasida axloqsizlik ko‘rinishlarini keng targ‘ib etish asosida hal etishga urinish kuchayib bormoqda.
Bugun dunyoning harbiy-siyosiy, mafkuraviy muammolarini axloq hodisasi bilan hal etishga urinish insoniyatni jar yoqasiga olib kelayotgan xavf-xatardan boshqa narsa emas. Shu ma’noda, bugun axloqsizlik insoniyatni tubsiz jarga uloqtiradigan soxta qadriyatga aylanib bo‘ldi.
Shu o‘rinda bugungi axloqsizlik falsafasining mohiyatini odamlarda ma’naviyat va ma’rifatga, tarbiyaga tabiiy ehtiyojning yo‘qolib borishi bilan izohlash to‘g‘ri bo‘lardi. Darhaqiqat, insonning o‘z axloqiy sifatlarini shakllantirishga har bir urinishi tabiiy mazmunga ega. Chunki har birimiz yoshlikdan xalqimizga ming yillar davomida singdirib kelinayotgan milliy qadriyatlar, milliy tarbiya orqali ehtiyojlarimizni shakllantiramiz va ularni yangi sifatlar bilan boyitishga harakat qilamiz. Shu ma’noda, ma’naviyatga, tarbiyaga, milliy axloqqa ehtiyojimiz tabiiy harakatimizning asosini tashkil etadi.
Ana shu harakatimiz endi axloqsizlik falsafasining kuchli ta’siri ostida yemirilmoqda, zarbaga uchramoqda. Bugun ikki yuz ellikka yaqin davlatning 20 dan ortig‘ida bir jinslilar nikohi qonuniylashtirilgani, bu holatning Osiyo davlatlarida ham paydo bo‘la boshlagani aslida, axloqsizlik falsafasi hosilasidir.
Ba’zi davlatlarda shaxs tug‘ilishini ro‘yxatga olish hujjatida “otasi”, “onasi” deb yozilgan yozuvlarni ayollar huquqini erkaklarniki bilan tenglashtirish bahonasida inkor etish borasidagi harakatlarni axloqsizlik falsafasining jirkanch “mevasi”, demasdan nima deyish mumkin?
Axloqsizlik falsafasining eng xatarlisi, o‘zbek milliy qadriyatlari orasida muqaddas hisoblangan nikohni isloh qilishga zo‘r berilmoqda. O‘sha soxta falsafaning g‘oyalariga binoan nikoh, shu asnoda oila instituti qadimda tirikchilik o‘tkazish ehtiyojini qondirish maqsadida zo‘ravonlik negizida vujudga kelgan emish. Shuning uchun ham ayrimlar hozirgi ko‘rinishdagi oila yo‘q qilinishi kerak, nikoh yo‘q qilinmas ekan, erkak va ayollar o‘rtasidagi tengsizlikka hech qachon barham berilmaydi, demoqda baralla.
“Ommaviy madaniyat” to‘g‘risida ko‘p gapiradigan bo‘lib qoldik. Buning sababi shundaki, u endi eshiklarimizni baralla qoqib kelmoqda. Bunday o‘ta xatarli ofat yurtimizda ham o‘zini erkin his etib yuribdi. U targ‘ib etayotgan qadriyatlardan biri – jinsiy mayl onalik baxtidan ancha yuqori turadi.
Bugungi axloqsizlik falsafasi tarafdorlari axloqsizlikni “yangi axloq”, deya oqlashga harakat qilmoqda. Boshqacha aytganda, bugungi ijtimoiy taraqqiyot mazmunini sog‘lom axloq va axloqsizlikning beayov jangi sifatida tasavvur qilish mumkin. Ming yillar davomida shakllangan, odamlarning yaratish, kashf etish, iqtidorini tarbiyalashga qaratilgan milliy qadriyatlarga suyangan, o‘z yurtidan yetishib chiqqan, shuningdek, insoniyatning ilg‘or g‘oyalari asosida tafakkur tarzini takomillashtirishga harakat qilgan, o‘zini o‘zi taraqqiy ettirishga ehtiyoj sezgan har qanday inson axloqsizlikning barcha ko‘rinishiga zarba bera oladi.
Ayni paytda e’tiqodi sust, o‘zligini yo‘qotgan, milliy tarixi, madaniyati, axloqidan ruhiy quvvat olishni bilib-bilmasdan inkor etadigan har qanday inson “yangi axloq”ning quliga aylanib qolaveradi.
Xo‘sh, “yangi axloq” nimaga da’vat etyapti?
Birinchidan, “yangi axloq” tarafdorlari, eng avvalo, jamiyatda ming yillar davomida shakllangan va ota-bobolarimiz tomonidan yaratilgan barcha qadriyatni taraqqiyotga to‘siq sifatida inkor etadi. Ularning nazdida eski narsalarning barchasi illat. Zino, abort, evtanaziya, suiqasd, suitsidni bugun insoniyat erishgan yutuq sifatida baholaydi. Milliylik, o‘zlik, ruhiy yaqinlik kabi me’yorlarni rad etadi.
Ikkinchidan, “yangi axloq” tarafdorlarida individualizm ruhiyati juda kuchli bo‘ladi. Jamoa, jamiyatda yashash, ijtimoiy birlik, xalq manfaatlari kabi tushunchalar ular uchun mutlaqo begona. Bunda har bir kishi faqat o‘zi uchun zarur bo‘lgan “qadriyatlar” tizimini yaratadi. Bunday tizimning poydevori individualizm, gedonizm, kosmopolitizmdan iborat bo‘ladi. Yuqorida ta’kidlaganimizdek, ular uchun insoniyat tomonidan ming yillar davomida yaratilgan tom ma’nodagi qadriyatlar “ortiqcha matoh”.
Uchinchidan, “yangi axloq” tarafdorlari strategiyasida hokimiyatni qo‘lga olish, o‘z soxta qadriyatlarini davlat qonunlari bilan mustahkamlash alohida o‘rin tutadi. Bunga misollar bugun qalashib yotibdi. Bir jinslilar nikohining qonuniylashtirilishi, oila, farzand tarbiyasi bo‘yicha davlat va “yangi axloq” tarafdorlari o‘rtasidagi kelishmovchiliklar, qonun yaratuvchi va qabul qiluvchilarning qaror qabul qilishdagi e’tiqodsizligi – bularning bari bugungi dunyoda “yangi axloq” tarafdorlari tobora ko‘payib borayotganidan darak.
To‘rtinchidan, “yangi axloq”chilar jamiyatni fazilatli va illatli jamiyatlarga bo‘lib tashlaydi. Qadriyatlarning qadrsizlanishi tufayli ular ierarxiyasida “erkin sevgi”, “oilasiz jamiyat”, “jinsiy birlik” kabi tushunchalar ustuvorligi yuzaga keladi. Oqibatda jamiyatlarning bo‘linish hodisasi yuz beradi. Milliylik, o‘zlikni saqlab qolishga intilayotgan, millat va mamlakat birligini muqaddas hisoblagan sog‘lom “konservatorlar” bilan insonni ma’nan va ruhan ezib, falaj holatga olib keladigan “radikallar” o‘rtasida beayov kurash kuchayadi.
Beshinchidan, “yangi axloq” tarafdorlari an’anaviy axloqning yemirilishini ijtimoiy taraqqiyot g‘alabasi, yangining eski ustidan ustuvorligi sifatida madh etadi. Ular o‘y-xayolini jamiyat hayotida shakllangan, odat tusiga kirgan har qanday qoida, tamoyil va qonunlarni, o‘tmishni butunlay inkor etishdan iborat nigilizm g‘oyasi band qiladi. O‘tmishga nisbatan nafrat hissi shakllanishi bu g‘oya asosining ma’no-mazmunini tashkil etadi.
Shuningdek, jamiyatda o‘z o‘rnini topa olmagan, biror-bir ijtimoiy tabaqa, guruhga ega bo‘lmagan, faqat o‘zining individual manfaatlari bilangina yashaydigan, boshqacha aytganda, arosatda qolgan kimsalar kayfiyatidagi marginallarning shakllanish ham “yangi axloq” tarafdorlaridan iborat bo‘ladi. Bundaylar odatda o‘z fikriga ega bo‘lmaydi, doim ruhiy beqaror va tushkun yuradi.
Oltinchidan, “yangi axloq” tarafdorlarida vatan tuyg‘usi, yurtidan g‘ururlanish, uni har qanday vaziyatda himoya qilishga shaylik hissi bo‘lmaydi. Kosmopolitizm – vatansizlik g‘oyasi bunday axloqning mazmunini tashkil etadi. “Dunyo fuqarosi”ga aylanish har bir “yangi axloq” tarafdorining orzusidir. Ularning qarashiga asosan har qanday mamlakat yoki millatning ulug‘lanishi boshqalarga, ayniqsa, qo‘shnilarga nisbatan ishonchsizlik hollariga, ba’zan esa qurolli to‘qnashuvlarga olib kelar ekan.
Yettinchidan, ushbu axloq mo‘ljaliga binoan ular uchun eng qulay vaziyat mamlakat va jamiyatdagi beqarorlikdir. Chunki ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-mafkuraviy beqarorlik davlat hamda barcha tuzilmasidagi uyushqoqlik va mutanosiblikni izdan chiqaradi, tartibsizlik hamda boshboshdoqlikka yo‘l ochib beradi. Insonning mohiyatini aniqlashda axloqi bilan axloqsizligining farqini bilish alohida o‘rin egallaydi. Biroq bu farqni hamma ham bilavermaydi, anglayvermaydi. Buning uchun bizga ikki muhim fenomen hodisa kerak. Birinchisi aql bo‘lsa, keyingisi – ma’naviyat.
Yana bir gap: insonning ongli faoliyatini tartibga solish o‘ta qiyin. Bu jarayonda har birimiz olgan bilimimiz, to‘plagan amaliy tajribamizga suyanamiz. Ayni paytda faoliyatimizni tartibga solishda davlat tomonidan qabul qilingan va jamiyat tarafidan e’tirof etilgan qonunlarning o‘rni ham katta. Umuman olganda, demokratik jamiyatni barpo etishda qonunlarning ijtimoiy ahamiyatini boshqa biror qadriyat, narsa bilan almashtirib bo‘lmaydi. Bu – aksioma.
Ammo shuni unutmaslik lozimki, qonunlar har bir jamiyatda o‘ziga xos ahamiyatga ega. Masalan, G‘arb davlatlaridagi qonunlar o‘sha xalqning mentaliteti, qadriyatlari, uzoq davrlar davomida to‘plangan ijtimoiy tajribasidan, qabul qilingan axloqiy me’yorlaridan ustun tursa, Sharq xalqlarida, jumladan, O‘zbekiston sharoitida insonning qonunlar va axloqiy normalarga nisbatan munosabati o‘zgacha.
Ta’bir joiz bo‘lsa, bizda shaxsning milliy axloqqa, umuman, an’anaviy qadriyatlarga munosabati mavjud qonunlarga qarashlaridan kam emas. Ayrim hollarda aholining milliy axloqqa munosabati barcha munosabatlar silsilasida ustunlik qilishi ham mumkin.
Nazarimda, milliy axloqimiz mazmun-mohiyatida “ijtimoiy uyalish” hissi alohida ahamiyat kasb etadi. “Ijtimoiy uyalish” kishilarning asrlar davomida shakllangan, uzoq davrlarda ijtimoiy tajribadan o‘tgan, xalqimizning yaratuvchilik faoliyati mobaynida rivojlangan yuksak e’tiqod hissi sifatida namoyon bo‘ladi.
Nazarimizda, ushbu “ijtimoiy uyalish” hissi bir tomondan milliy axloqning ustuvorligini ta’minlasa, boshqa tarafdan, mavjud qonunchilikka amal qilish ko‘nikmasini shakllantiradi. Bugun dunyoning haddan tashqari tez globallashuvi, turli ichki va tashqi g‘oyaviy-mafkuraviy tahdidlarga qaramasdan xalqimizning o‘zligini saqlab qolish, qadriyatlarimizga sodiqlik hissi yo‘qolmasligini shu ma’noda tushunish to‘g‘ri bo‘ladi.
Tadqiqotchi Yulo Vooglaydning ta’kidlashicha, insonning xulq-atvori va ijtimoiy hayoti asosan axloq bilan tartibga solinadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, insonlardan 60 foizining xulq-atvori vijdonga, bilimga va axloqiy me’yorlarni hurmat qilishga bog‘liq. Axloqni hech narsa bilan almashtirib bo‘lmaydi. Agar axloq ishlamasa, jamiyatdagi barcha institut – tashkilotlar, jamoalar, oilalar-u boshqa hamma narsa zulmatga yuz tutadi.
Muallifning bunday qat’iy xulosaga kelishini, “axloqsiz jamiyatning zulmatga yuz tutishi”ni uning G‘arb dunyosidagi bugungi real holatni chuqur o‘rganishi natijasida chiqargan sabog‘i tufayli, deb bilish mumkin.
Yuqoridagi tahlillardan ayon bo‘lmoqdaki, haqiqatan, tarbiya, axloq masalasi bugun jahoniy mazmun kasb etmoqda. Har qanday davlat va jamiyatda ushbu masalaga qaratilgan e’tibor, axloqning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rnini to‘g‘ri belgilash, so‘zsiz, ijtimoiy taraqqiyotga yo‘l ochadi.
Shu o‘rinda siyosat va axloq masalasiga, ularning o‘zaro mutanosibligiga alohida e’tibor kerak, deb o‘ylaymiz. Davlat yuritadigan har qanday siyosat inson manfaatlariga xizmat qilishi lozim. Davlat tomonidan turli axloqsizliklarga yo‘l ochib berilishi kechirib bo‘lmas axloqsizlikdir. Bunga misol ko‘p.
Masalan, mustabid sovet tuzumi sharoitida milliy axloqimizning sof manbai bo‘lgan islom diniga munosabat, milliy o‘zlikni tarannum etishga bag‘ishlangan asarlar yaratgan ziyolilarning qatag‘on qilinishi, qadriyat va an’analarga eskilik sarqiti sifatida taqiq qo‘yilishi – bularning bari siyosatdagi axloqsizlikdan boshqa narsa emas edi.
Shu ma’noda, siyosat axloqdan suv ichmas ekan, u hech qachon haqiqat manbaiga aylanmaydi. Siyosatning axloqiy me’yorlar bilan sug‘orilmasligi jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhit beqarorligiga sabab bo‘ladi.
Shuning uchun ham mamlakatimizda fuqarolar, ayniqsa, jamiyat, davlat va millat kelajagi bo‘lgan yoshlar tarbiyasiga ustuvor darajada e’tibor qaratib kelinmoqda. Ushbu holat davlat siyosatida ham o‘z aksini topmoqda. Masalan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 21-, 33-, 44-, 71- va 79-moddalarida “axloq” so‘zi ishlatilgan. 21-, 33-, 71-moddalarida esa ijtimoiy axloq masalasiga e’tibor berilgan.
Xo‘sh, nima uchun 1992-yilda qabul qilingan Konstitutsiyamizning birorta ham moddasida “axloq” so‘zi ishlatilmagan bir vaziyatda endi mazkur masala alohida diqqatga sazovor bo‘lmoqda? Buning birdan-bir sababi ijtimoiy taraqqiyotning bugunga kelib ham dunyo miqyosida, ham uning ta’sirida mamlakatimizda turli ichki va tashqi ma’naviy-mafkuraviy ta’sirlar tufayli axloqsizlikning avvallari insoniyat tasavvuriga ham sig‘dira olmagan ko‘rinishlari tobora ko‘payib borayotganida, deb o‘ylaymiz.
Axloqsizlikning ijtimoiy mazmunga ega bo‘lib borayotgani haq gap. Endi bundan qochib qutulish qiyinga o‘xshaydi. Chunki ijtimoiy tarmoqlar insoniyat hayotiga shu darajada chuqur kirib boryaptiki, uni go‘yo barchamizni hamma tomondan siqib kelayotgan, o‘zining domiga tortib kelayotgan “sprut”ga qiyoslash mumkin. Biroq hozir “taqdirga tan berib” o‘tiradigan payt emas. Harakat qilish, murakkab ma’naviy-mafkuraviy vaziyatdan qutulish choralarini ko‘rish kerak.
Bu haqda ko‘p gapirilmoqda. Mamlakatimiz rahbari respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining 2023-yil 22-dekabrda bo‘lib o‘tgan kengaytirilgan yig‘ilishida ham, keyinchalik yana qator tadbirlardagi nutq va ma’ruzalarida ham jamiyatda mustahkam ijtimoiy-ma’naviy barqarorlikni ta’minlash, xalqimizni turli mafkuraviy-g‘oyaviy tahdidlardan asrab qolish jamiyat hamda millat kelajagi uchun juda muhim ekani to‘g‘risida kuyinib gapirdi, maslahatlar berdi.
Bu borada qator tashkiliy masalalar hal etildi. Bir so‘z bilan aytganda, aholini turli axloqsizlik, “yangi axloq”dan asrab qolish bo‘yicha davlat va mamlakat rahbari tomonidan qilinishi lozim bo‘lgan barcha ishlar bajarildi. Nazarimda, endi hamma gap o‘zimizda qoldi.
Milliy qadriyatlarimiz, an’analarimiz, urf-odatlarimiz, axloqimizga zid, xalqimiz doimo qoralab kelgan turli illatlar oldida ojizligimizni ko‘rsatish, milliy taraqqiyotimizni to‘xtatishga, sekinlashtirishga qaratilgan ichki va tashqi tahdidlarni oqilona tahlil eta olmasligimiz, yaxshini yomondan, oqni qoradan ajrata olishdagi tajribasizlik va uquvsizlik – bularning bari ijtimoiy tarmoqlar quliga aylanishimizni tobora yaqinlashtirib boraveradi.
Xalqimiz “Yaxshi bilan yursang – yetarsan murodga, yomon bilan yursang – qolarsan uyatga”, deb bejiz aytmagan. Yaxshilar bilan birga bo‘lish, ulardan tajriba o‘rganish, illat bilan fazilatning farqiga borish doimo muhim ahamiyat kasb etaveradi.
Shu o‘rinda buyuk bobomiz Xoja Samandar Muhammad ibn Baqo Termiziyning 1695-yili yozilgan “Dastur ul-muluk” (“Podshohlarga qo‘llanma”) asaridagi quyidagi fikrlarni keltirishni lozim topdik: “Azizim, fosiq, axloqsiz va nodon odamlar suhbatida bo‘lishdan hazar qil. Aqli raso, bilimdon odamlarga xizmat qilishni o‘zingga majburiyat qilib ol va ulardan aslo tortinma. Chunki axloqsiz, o‘qimagan, johil va odobsiz kishilar bilan munosabatda bo‘lish qora ilonni oziqlantirish bilan barobar bo‘lib, u qachondir zarar yetkazadi, attorchilik sandiqchasiga monand bo‘lgan yaxshi, aqli raso, bilimdon insonlar bilan birga bo‘lish, uchrashib turish, muomala qilish foydadan xoli bo‘lmaydi”.
Shu o‘rinda yana bir muhim masala xususida ba’zi fikrlarni aytishni lozim topdik. Gap rahbar ma’naviyati ustida ketmoqda. Ma’lumki, barcha katta-kichik rahbarlar ma’naviyat, ma’rifat, tarbiya, ularning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni xususida to‘lib-toshib gapirishni yaxshi ko‘radi. Bu bo‘yicha yuzlab, minglab majlislar, yig‘ilishlar, tadbirlar, konferensiyalar, treninglar, mashg‘ulotlar o‘tkaziladi.
Biroq bu tadbirlarning jamiyatda ijtimoiy axloqni yaxshilashga ta’siri haqida esa o‘ylab ko‘rmaymiz. Ta’lim muassasalarida, tashkilot va idoralarda bo‘lib o‘tgan tadbirlar ta’sirini o‘tkazganda edi, bu jamiyatda “yangi axloq”qa joy topilmasdi.
Buning ham sabablari ko‘p. Ayni paytda katta-kichik idora, muassasalar ayrim rahbarlarining ma’naviyati, axloqiy qarashlari, umuman, milliy axloqqa munosabati munosib darajada emasligini ham tan olish lozim. Jamiyatda mustahkam ijtimoiy-ma’naviy muhitni shakllantirmoqchi, aholi, ayniqsa, yoshlarimizni buyuk qadriyatlarimiz ruhida tarbiyalamoqchi bo‘lsak, shubhasiz, bu o‘rinda barcha katta-kichik rahbarlar o‘rnak bo‘lishi lozim. Ammo ayrim ijtimoiy tarmoqlarda ba’zi rahbarlarning “xurmacha” qiliqlari jamiyatda norozilik bilan kutib olinmoqda.
Yana bir masala bor: odatda turli rejalar, belgilangan vazifalar, asosan iqtisodiy masalalarni hal etishdagi kamchiliklar, xatolarga yo‘l qo‘yilganda o‘sha tashkilot, muassasa, idora rahbarlariga turli ma’muriy, jinoiy jazolar belgilanadi. Bu o‘sha rahbarlarning faoliyatini tartibga solishga, ishga mas’uliyat bilan yondashishiga imkon beradi.
Ammo mazkur tashkilot, idorada, deylik, tuman, shahar miqyosida ma’naviy-ma’rifiy, tarbiyaviy ishlar o‘lda-jo‘lda bo‘lgan joylarda, turli sabab natijasida ijtimoiy-ma’naviy muhitning muayyan ma’noda beqarorlashuvi bilan bog‘liq holatlarda deyarli hech kim, ayniqsa, o‘sha hududlar rahbarlari hech qanday jazoga tortilmaydi. Ushbu holat bunday rahbarlarda tarbiya, axloq masalalariga e’tiborsizlikni, ma’naviyat va ma’rifatni tan olmaslikdan iborat yaramas illatni keltirib chiqarmoqda.
Haqiqatan, jamiyat a’zolarini sog‘lom axloq asosida tarbiyalamoqchi bo‘lsak, shubhasiz, rahbar ma’naviyati masalasiga o‘ta jiddiy e’tibor berish kerak.
Shu bois, qaysi rahbar o‘zi boshqarayotgan tashkilot, idora, muassasada adolat, insof, diyonat asosida ish yuritsa, faoliyatida axloqiy mezon va me’yorlarga keng e’tibor bersa, bu borada boshqalarga o‘rnak bo‘la olsa, shubhasiz, o‘sha joyda sog‘lom ijtimoiy-ma’naviy muhit vujudga keladi. Odamlarda kelajakka umid shakllanadi, hayotimiz axloqiy mezonlarga tayangan holda davom etadi.
Maqolamizni bejiz “axloqsizlik “yangi axloq”mi?” deb nomlamadik. Dunyoning o‘zgarishi, odamlar tafakkuridagi evrilishlar, turli sivilizatsiya va madaniyatlararo to‘qnashuvlar, mafkuraviy-ma’naviy ziddiyatlar, ular ortidan paydo bo‘layotgan axloqsizliklarni “yangi axloq” deyuvchilar soni, haqiqatan, ortib bormoqda. Mana shunday paytda bunday tahdidlar mohiyati tezroq anglangan, ularga qarshi aql, farosat bilan kurashish tajribasiga ega bo‘lingan, kelajak taqdiriga befarq bo‘lmagan joyda, shubhasiz, taraqqiyot, barqarorlik, inson qadriga so‘zda emas, amalda yetish jarayoni yuz beradi.
Axloqiylikning ayrim ko‘rinishlari insonning xatti-harakatlarida namoyon bo‘lsa-da, tom ma’nodagi axloqiy sifatlari individning ruhiyatida makon topadi. Axloqiylik har birimizning botinimizda yashaydi. Ana shunday sifatlar asosida tarbiya topamiz, o‘zimizni isloh qilishga ehtiyoj sezamiz. Pirovard natijada real hayot va axloqiy ideal o‘rtasidagi chegaralarni tobora qisqartirib boraveramiz.
Abduxalil MAVRULOV,
tarix fanlari doktori, professor
“Yangi O‘zbekiston” gazetasi, 2024-yil 15-oktyabr, 208-son.
Tarix
Tarix
Tarix
Jarayon
Til
Tarix
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q