“Ko‘hna qit’a”dagi “o‘ngga burilish” tendensiyasi – keskinlikmi yo murosa?


Saqlash
17:28 / 17.10.2024 416 0

Yigirma yetti davlatni yagona bayroq ostida birlashtirgan, salkam 450 million nufusga ega Yevropa ittifoqi (YI) hududida siyosiy iqlim keskin o‘zgarmoqda. So‘nggi yillarda Avstriyadan Italiyagacha, Vengriyadan Fransiyagacha – ko‘plab davlatlarda o‘ta o‘ng qanotga mansub siyosiy partiyalar va harakatlarning ta’siri oshdi. Bu xavfli tendensiya siyosatshunoslik ilmiga “o‘ngga burilish” (ingl. right turn) degan istiloh bilan kirdi.

 

Ikkinchi jahon urushidan keyin Yevropa mamlakatlarida o‘ta o‘ng yo‘nalishdagi siyosiy partiyalar davlat boshqaruvidan butkul chetlatilgan edi. Zero, millionlab insonlarning yostig‘ini quritgan qirg‘inbarotga aynan ashaddiy o‘nglar boshlagan millatchilik vasvasasi sabab bo‘lgani ma’lum. “Ko‘hna qit’a” kechagi kun saboqlarini unutdimi, “tarix qabristoniga dafn etilgan” partiyalar yana qayta bosh ko‘tarmoqda.

 

Fashizm atalgan vayronkor ta’limotdan ko‘p va xo‘b aziyat chekkan Italiyada 2022-yilgi saylovda Jorja Melonining millatchilikka moyil “Italiya birodarlari” (Fratelli d'Italia) partiyasi hokimiyatga keldi. J. Meloni nafaqat Italiyaning ilk ayol bosh vaziri, Ikkinchi jahon urushidan keyin G‘arbiy Yevropada hukumat rahbarligini egallagan ilk o‘ta o‘ng partiya yetakchisi hamdir.

 

YIning lokomotivlaridan biri Fransiyada muhofazakor o‘ta o‘ng qanotga mansub “Milliy birlashuv” (Rassemblement national) partiyasining nufuzi yil sayin oshib bormoqda. 1972-yilda tashkil etilgan siyosiy harakatning globallashuv, migratsiya va islomiy qadriyatlarga qarshi qaratilgan doktrinasi o‘n yilliklar mobaynida jamiyatning ongli qatlami tomonidan rad etilgan. Ammo fransuz jamiyatining siyosiy tafakkuri turli ijtimoiy-iqtisodiy omillar ta’sirida evrilishga uchramoqda. Yaqingacha “Milliy birlashuv”ning millatchi va populist deb qoralangan yetakchisi Marin Le Pen 2017 va 2022-yilgi prezident saylovida Emmanuel Makronga asosiy raqib bo‘ldi. 2024-yil iyun va iyul oylarida bo‘lib o‘tgan parlament saylovida mazkur partiya 143 ta deputatlik mandatini qo‘lga kiritib, qonunchilik idorasidagi uchinchi yirik fraksiyaga aylandi.

 

Ikkinchi jahon urushining asosiy sababchisi bo‘lgan Germaniyada millatlararo munosabat o‘ta hassos mavzular sirasiga kiradi. Natsizm balosining oqibatlarini o‘z tanasida his etgan olmonlar hatto millatparvarlik tashabbuslariga ham juda ehtiyotkorlik bilan yondashib kelgan. Ammo keyingi yillarda mazkur mamlakatda ham o‘ta o‘ng yo‘nalishdagi partiyalarning ta’sir doirasi kengayib borayapti. Xususan, 2013-yilda tashkil etilgan “Germaniya uchun muqobil” (Alternative für Deutschland) partiyasi muhojirlar, qochqinlar va musulmonlarga nisbatan “temir musht” siyosati tarafdoridir. 2017, 2021-yilgi parlament saylovida uchinchi hamda beshinchi o‘rinni egallagan partiya 2025-yilgi saylovda hatto federal kansler lavozimi uchun kurashmoqchi.

 

2024-yil 6–9-iyun kunlari bo‘lib o‘tgan Yevropa parlamenti saylovida ham o‘ta o‘ng yo‘nalishdagi partiyalar Fransiya, Germaniya va Italiyada ko‘p sonli ovoz to‘plab, deputatlik mandatlarining qariyb chorak qismini qo‘lga kiritdi (“Milliy birlashuv” – 81 ta o‘rindan 30 ta, “Germaniya uchun muqobil” – 96 ta o‘rindan 15 ta, “Italiya birodarlari” – 76 ta o‘rindan 24 ta).

 

Parlamentda o‘ta o‘ng qanot fraksiyalar safining kengayishi YI uchun juda muhim ahamiyat kasb etgan yashil iqtisodiyot, migratsiya kabi yo‘nalishlarda qonunlar qabul qilishni qiyinlashtiradi. Bu – “o‘ngga burilish”ning huquqiy oqibati, xolos. Ushbu tendensiyaning jamiyat uchun siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va ma’naviy asoratlari bir necha karra xatarliroqdir.

 

O‘ta o‘ng kategoriyaga mansub siyosiy partiyalar dasturida an’anaviy ravishda milliy o‘zlik muhofazasiga katta o‘rin ajratiladi. Ular o‘zi mansub dominant yoki titul millat o‘zligini birinchi o‘ringa qo‘ygani holda, boshqa milliy hamda etnik jamoalarning qadriyat va an’analarini cheklash, umuman, taqiq va tabu usullarini yoqlaydi. Siyosiy mezonlarga muvofiq markazga yaqin o‘nglar milliy o‘zlikni mo‘tadil kurash uslubi orqali himoya qilishga intilsa, ashaddiy o‘nglar bu borada hatto kuch ishlatishni ma’qul ko‘radi.

 

Yevropadagi o‘ta o‘ng partiyalar ham millatlararo nizo qo‘zg‘ab, jamiyatdagi birlikka raxna solayotgani bilan xavotir uyg‘otmoqda. Mohiyat e’tiboriga ko‘ra “biz – ustun, ular – ostin” tamoyilini bayroq qilgan ashaddiy o‘nglar aksar muammolar uchun muhojirlarni aybdor deb biladi.

 

1990-yillarda Yevropa davlatlari taraqqiyotning postindustrial bosqichiga qadam qo‘ydi. “Ko‘hna qit’a” ahli yangi taraqqiyot mevalaridan to‘la-to‘kis bahramand bo‘lib ulgurmay, 2008 yili jahon iqtisodiy bo‘hroni ro‘y berdi. Bir necha yilga cho‘zilgan inqiroz jarohati hali bitmasdan koronavirus pandemiyasi boshlandi. Yo‘g‘on cho‘zilib, ingichka uziladigan pallalarda esa har qanday jamiyatda ishsizlik kuchayadi.

 

Millatlararo munosabatlar katta siyosatda hamisha tosh bosadigan masala bo‘lib kelgan. O‘ta o‘ng partiyalar “Jamiyatdagi ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarning asosiy aybdori – muhojirlar” degan qarashni ilgari suradi. Dolzarb muammolarga yechim topa olmayotgan omma bu kabi populistik bayonotlarga ishonadi. Pirovardida jamiyatda millatchilik, etnik ayirmachilik, ksenofobiya, islomofobiya kabi illatlar yanada chuqur ildiz otadi.

 

Yevropa hamjamiyatida o‘ta o‘ngchi partiyalarning millatchilik ruhini kuchaytirishga urinayotgani o‘t bilan o‘ynashish demakdir. Chunki bu hol ijtimoiy parokandalikka olib keladi. 2021-yilda Fransiya aholisining 7 millioni yoki 10,3 foizi muhojirlar bo‘lgan. Ta’kidlash joizki, ularning salmoqli qismi Fransiya fuqaroligiga ega. Germaniyada esa migrantlar ulushi yanada yuqori: 2022-yilda 83,8 million aholining 20,2 millioni muhojirlik o‘tmishiga ega bo‘lgan yoki olmon zaminida muhojirlar oilasida tug‘ilgan fuqarolardir. YIning boshqa mamlakatlarida ham muhojirlar salmog‘i katta ekani inobatga olinsa, o‘ta o‘ng partiyalarning dasturlari birlik va totuvlikka qanchalik ulkan ziyon yetkazishini tasavvur qilish mumkin.

 

Tanganing ikkinchi tomoni bo‘lganidek, mutaassib kayfiyatdagi partiyalarning kuchayishida meynstrim yo‘nalish, mo‘tadil oqimga mansub siyosatdonlarning ham aybi bor. Ya’ni elektoratni qiynayotgan ijtimoiy-iqtisodiy muammolarga o‘z vaqtida, qoniqarli yechim taklif etilmagani o‘ta o‘ng qanot partiyalariga qulay  imkoniyat tug‘dirmoqda.

 

Yigirmanchi asrning ikkinchi yarmida G‘arb davlatlarida tatbiq etilgan multikulturalizm siyosati muayyan mamlakatda turli etnik guruhlarning o‘z an’ana va qadriyatlarini saqlagan holda hayot kechirishini ta’minlashga qaratilgan. Multikulturalizm kichik etnoslarning katta millatlarga qo‘shilib ketishini yoqlovchi assimilyatsiya siyosatining muqobili, muxolifidir.

 

Multikulturalizmga xos haddan ziyod bag‘rikenglik sabab Yevropa mamlakatlarida muhojirlar mezbon jamiyatga moslasha olmagani, zamonaviy gettolar yuzaga kelganini rad etib bo‘lmaydi. Ammo, bizningcha, ushbu siyosatga xos kamchilik va xatolarni isloh etgan holda, undan millatlararo ixtiloflarni hal etishning maqbul usuli sifatida foydalanish maqsadga muvofiq. Chunki hozirgi vaziyatda “Yevropa uyi” uchun etnik va madaniy plyuralizm suv bilan havodek zarur.

 

Aksar olim va tadqiqotchilar ta’kidlayotganidek, qaltis dilemmaga duch kelgan Yevropa hamjamiyati milliy masalada ziddiyat, mujodalani bas qilib, murosa yo‘lini tanlashi, sog‘lom tafakkur o‘zaniga qaytishi kerak. “O‘zimiznikilar va o‘zgalar” tarzidagi yanglish mezon qutblashuvni yanada kuchaytirishi aniq.

 

Sobirjon YОQUBOV,

Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti

mustaqil tadqiqotchisi

 

“Ma’naviy hayot” jurnali, 2024-yil 3-son.

“Dilemma: mujodalami yo murosa?maqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 24011
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//