Bu yil o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga 35 yil to‘ladi. Ulkan imperiya, saltanatlarning davlat tili bo‘lib kelgan o‘zbek tili, shubhasiz, millatimizning g‘ururi va iftixoridir. Adabiyotshunos olim Ulug‘bek Hamdam ta’riflaganidek, o‘zbek tili – bu millatimizning ma’naviy pasportidir.
Ming afsuski, Turkiston zamini XIX asr oxiri XX asr boshlarida dastlab Chor imperiyasi, so‘ng Sovet bolsheviklari tomonidan ikki marotaba zabt etilgach, milliy tilimizga nisbatan shovinistik siyosati olib borildi.
Tilning mavjudligi millatning mavjudligi ekanini teran anglagan jadidlar, xususan Mahmudxo‘ja Behbudiy, Munavvarqori Abdurashidxonov, Xoji Mu’in, G‘oziy Yunus, Ashurali Zohiriy kabilar yuritilayotgan badbin siyosatga qarshi o‘zbek tilining turkiy tillar oilasiga mansub boy til ekanini, zamonaviy ilm-fanda ham uni bemalol amaliyotda qo‘llash mumkinligini baralla aytib chiqdilar, amalda isbotlab berdilar. Milliy tilni himoya qilgan jadidlarimiz ichida Elbek ham (Mashriq Yunusov (1898–1942) alohida ajralib turadi.
Ayniqsa, Elbek ilmiy merosiga oid “Turkiston” gazetasining 1924-yil 14, 17, 21, 24, 26 va 29-sonlarida e’lon qilingan “Tilimizdagi yanglishliqlar” nomli turkum maqolalar uning o‘zbek tili xususiyatlarini chuqur tushunadigan, milliy til uchun astoydil jon kuydiradigan chinakam ziyoli ekanini ko‘rsatadi.
Elbekning ushbu turkum maqolalari о‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga 35 yil to‘lishi munosabati bilan nashrga tayyorlanib, ilk bor bugungi kun o‘quvchilari e’tiboriga havola etilmoqda.
Tilimizdagi yanglishliqlar I
Uzoq boshlang‘ich bilan so‘z boshlasak, asl masala qolib ketadir: butunlay asl masalaning o‘zidan boshlab yuborsak, masala tumanli kabi ko‘rinib qoladir. Bas, shuning uchun ham bahs etmakchi bo‘lg‘on masalamizga qisqag‘ina boshlang‘ich qo‘shib o‘tamiz.
Bizning bu yerda yozadurg‘on narsamiz, o‘z tilimizning yanglish ishlatilish natijasida buzulg‘onlig‘i va shu buzuqliqlar orasida kalimalarning[1] ko‘p o‘rinda tegishsiz[2] o‘rinlarg‘a ishlatilishi yozilish to‘g‘risidadir.
Matbuot betida chiqmoqda bo‘lg‘on har bir narsaga bir turli qarash kelgusidanmi ekan, bilmayman, bugun ko‘p-ko‘p jiddiy maqolalar ham oddiy-jo‘n xabarlar kabi bir o‘qilib tashlanmoqdalar. To‘g‘risi so‘ngradan bah jadal bo‘lmay qo‘lmoqdadir.
Biz, bunga misolni ko‘ribgina olmasdan bittaginasini olib ko‘rsatamiz. O‘tgan oylarning birida umidli “Farg‘ona” gazetasida “O‘zbakmi, o‘zbekmi?” degan bir masala qo‘zg‘oldi. Bunga qarab jim turish to‘g‘ri kelmaganidan (ko‘p ilm sotib o‘lturmasdan) qisqag‘ina qilib “O‘zbak emas, o‘zbek” degan maqola yozib o‘tgan edik. Bilmadik, bunga qarshi bir so‘z aytilmagan holda yana “o‘zbak” suvratida yozilmoqda.
Endi biz o‘zimizning asli boshlamoqchi bo‘lg‘on masalamizga kelsak, bu ham shul yuqoridag‘i “O‘zbakmi, o‘zbekmi?” degan masalalar qatoridag‘i bir masala ustidadir.
Bu kun tilimizning ishlatilishidagi yanglishliq, imlomizdag‘i buzuqliqdan ham ortiqroqdir. Mana bul yanglishliqlarni tuzatish masalasida o‘zbek gazetalarining birlashishlari tegishdir[3].
Bu kun har bir kimsaning “O‘zim bilarman!” degan “o‘zbilarmonligi” yangi tug‘ilmoqda bo‘lg‘on yosh adabiyotimizni heyli[4] sustlatgan kabi, madaniyatimizning yuksalishi va o‘sishiga ham ancha to‘siq bo‘ladir.
Biz mana shul yuqoridag‘i ishlagan xato-yanglishliqlarimizni ko‘zda tutib masalaga jiddiy qarab, masalani ko‘rgan choqda uning yanglish o‘runlarin ko‘rsatishga, yanglish o‘runlari topilmag‘onda uni shul kundan boshlab ishga oshira borishg‘a kirishmagimiz zarur va farzdir.
Mana endi bizning masalamiz boshlandi, qani, aytaturg‘oningizni aytib qoling!
1 – Ila, bilan: men buning “ilan”, “birlan”larini olmayman. Chunki, “birlan”lar bu kun matbuotimizdan chiqqon so‘zlar va buning ustiga, bular, shul ikki so‘zimizning ishlatilishi so‘ngg‘ida o‘zgargandir.
Bu kun biz bir jumla yozg‘uday bo‘lsak, shul ikki so‘zning qaysi biri to‘g‘ri kelsa, shuni yozaveramiz. Holbuki, “bilan” kalimasining bergan ma’nosi “ila” kalimasining bergan ma’nosiga to‘g‘ri kelmaydir. “Ila” ham birgalikni, yo‘ldoshliqni bildirgan holda, “bilan” vositaliqni yani bir ishni shuning orqali ishlanganini bildiradir.
Misol: “Qalam bilan yozuv yozdim”, “Qoshiq ila osh yedim” desak yozuvni qalam ila odam birga yozg‘on va oshni qoshiq ila kishi birga yegan bo‘lib chiqadir.
(Bitmadi)
ELBEK
“Turkiston” gazetasi. 1924-yil 14-oktyabr.
Tilimizdagi yanglishliqlar II
Kelaylik endi “liq”, “lik” masalasiga. Bu to‘g‘rida ham shul yuqorida yozilg‘on “ila”, “bilan” masalasidagi holni naq o‘zini ko‘ramiz. Matbuotimizda hаm butunlay deyarli bu “yolg‘ov”[5] so‘zi bo‘lg‘on “liq”, “lik” yasama sifatlarda ham ayni shul yasama sifat belgisi bo‘lg‘on “li” yolg‘ovining o‘rnig‘a ishlatiladir. Demak, buning bilan biz, yasama sifatlarni-da masdar[6] otlari holig‘a aylantirib ikkisini bir tusda yozaveramiz.
Misol: ko‘z, shahar biror ismdir, buni sifat holig‘a aylantirmak, ya’ni bir kishining sifati qilmoq uchun bularning ketiga “li” yolg‘ovini qo‘shib “ko‘zli”, “shaharli” deyish o‘rnig‘a, “ko‘zlik”, “shaharlik” deb uni butunlay boshqa bir tusg‘a solib yuboramiz. To‘g‘risi, ularni yasama sifatlikdan chiqaramiz.
Holbuki, bu “liq” yoxud “lik”lar ko‘p vaqt ismning ketiga kelib uni sifat yasatish emas, balkim sifatlarning ketlariga kelib ularni masdarga aylantirib yuboradir.
Misol: yomon, yaxshi, ko‘k. Bular har biri bir kimsa va yo bir narsaning holini yoxud tusini bildirgan (bildirish – M.Alijonov) barobarida, bularning ketiga “liq” yoxud “lik” yolg‘ovini yolg‘asaq “yomonliq”, “yaxshiliq” “ko‘klik” bo‘lib biror masdarga, ya’ni ish otig‘a aylanadirlar.
Ba, endi bizga “liq”, “lik” va “li” yolg‘ovlarining bir-biriga bo‘lg‘on oradag‘i ayirmasini ayrishg‘a va har birini o‘z o‘rnig‘a ishlatishga vaqt yetgan bo‘lsa kerak!
Bizning bu kungacha yozilib kelmakda bo‘lg‘on kitoblarimiz va bosma so‘zlarimiz shoyad bundan so‘ng shul masalaga ichikib qarorlar va shunday masalalarni qo‘ldan kelgan qadar tuzata borarlar.
(Bitmadi)
ELBEK
“Turkiston” gazetasi. 1924-yil 17-oktyabr.
Tilimizdagi yanglishliqlar III
Endi “turg‘on” so‘ziga kelaylik. Bu so‘z ko‘p vaqt o‘zidan ilgarigi so‘zga qo‘shilib qo‘shma fe’l yasaydir. Misol: kelaturg‘on, o‘qiyturg‘on, yozaturg‘on kabi bularning har biri ikki fe’ldan yasalg‘on holda ikkisi qo‘shilib bir ma’no beradir. Shuning uchun bunday fe’lga qo‘shma fe’l deb aytilar.
Biz endi shul qo‘shma fe’ldagi kelgan so‘ngg‘i so‘zimiz ya’ni “turg‘on” so‘zini tekshiraylik!
Bu kun bir qancha kishilarimiz bizni “durg‘on”, “dirgan” suvratida yozib turadirlar. Hatto matbuotimiz ham shundayin so‘z bilan yozila boshladi. Holbukim, bu to‘g‘ri emasdir. Bizningcha bu so‘zning “turg‘on” ravishida yozilishi kerak, qalin so‘zda “dirg‘on”, ingichka so‘zda “dirgan” suvratida yozg‘onlariday buni qalinda – “turg‘on”, ingichkada “turgan”da yozilmas.
Bu kun barcha turk tillarida uchrayturg‘on qo‘shma so‘zlar har vaqt o‘z holicha yozilib boriladir. Olding‘i so‘zga keyingi so‘z qalinliq va ingichkalikda ergashmas. Ikkinchidan bu “turg‘on” so‘zi “turmoq” so‘zidan oling‘on bir so‘zdir. Zotida qalinliq bor bo‘lg‘onliqdan buni “turgan” yozish ham yanglishdir. Netaykim xalqimiz ham bolasi turmag‘on choqda “turgan” deb emas, balki “turg‘on” yohud “turg‘un” deb ot qo‘yadir.
Qozoqlar bunday fe’llarda bizdagi “turg‘on” so‘zi o‘rnig‘a “jotir”, “jotqon” so‘zini ishlatadirlar. Yani: “kelajotqon”, “kelajotir”, deb aytadirlar.
Bas, bizning bu yerdagi “dirg‘on”, “dirgan” so‘zimiz hech bir suvratlarda to‘g‘ri emas. Hatto ma’nosi ham yo‘q. Nega desangiz, birinchi bu “dir” qo‘shimchasig‘a “g‘on” yoxud “gan” qo‘shilib yasalg‘on so‘z esa bu yanglishdir, chunki “dir” qo‘shimchasig‘a “g‘on”, “gan qo‘shib bir so‘z yasash to‘g‘ri emas. Endi “dirg‘on”, “dirgan” ravishida bizda bir so‘z bor esa men bunday so‘zni hali eshitganim yo‘q!
Qisqasi matbuotimizdagi bu “turg‘on”, “dirg‘on” yoxud “turgan”, “dirgan” masalasi yanglish qo‘llashimizning natijasidan kelgan bir narsadir. “Dirg‘on”, “dirgan”, “turgan” so‘zlari bizda yo‘qdir. Bularni qo‘shma fe’l hukmida uritish bo‘lmaydir.
Bizcha (bizningcha – M.Alijonov) buning to‘g‘risi va muvofiqi hatto xalqimizning 70 foizi aytaturg‘oni mana shul “turmoq” ma’nosidan oling‘on “turg‘on” so‘zini ishlatadir.
Demak, bizningda ayta va yozaturg‘on so‘zimiz shuldir. “Keladirgan” va “yozadirg‘on” ravishida yozish emasdir.
(Bitmadi)
ELBEK
“Turkiston” gazetasi. 1924-yil 21-oktyabr.
Tilimizdagi yanglishliqlar IV
Endi “qattiq”, “yarim” kabi so‘zlarga kelamiz. Mana bunday so‘zlar to‘g‘risida gazeta va kitoblarimizda juda ko‘p yanglishliqlar yozilib turmoqda. So‘zlarni tuban[7] tekshirmasdan bir qancha xatoliqlar ishlanmakda emish, xalq shunday der emish! Tuzuk, xalq shunday deb aytsun, biroq, butun erk xalqning o‘ziga ham berilishi kerak emas, xalq so‘zlagan tilni ma’lum bir qoida ostig‘a olib, uni buzilishdan saqlash uchun choralar izlash ham kerak.
Bu kun boshqa yoqlarni uncha bilmasamda Toshkentning o‘zidagi tilchilarning tilning xususiyatiga qarashlari turlichadir. Jumladan, shunday tilchilardan bir qanchalari ishlatilgancha yozmoq bo‘lib, o‘zlaricha yanglish bir yo‘lg‘a kirib ketganliklarini ham sezmay qolmoqdalar.
Masalan, “qattiq”, “yarim” kabi qalin ust bilan yozilg‘uvchi so‘zlar to‘g‘risida ular Toshkentning shevasi bilan o‘lchab qattiq, yarim shaklida yozmoqni sevadirlar. Bularning bu fikrlariga “yuritma professorlarimiz” ham aralashmasdan qolmaydirlar. Ular ham bu to‘g‘rida ulug‘[8] narsa kashf etgan kishilarday hovriqib[9] turli yoqqa chopishmoqdalar.
Men bilmayman, bu qanday so‘z ekan, o‘zlaricha “toshkentskiy dialekt” deyishib qichqirmoqdalar. Bizningcha istar (xoh) til professorlari va istar so‘zlarning tuban tekshirmay ishlatilganicha yozamiz deb yurguvchilar anglasinlarkim, “qattiq” (قاتتق), “yarim” (یارم) kabi so‘zlar “qattiq” (قه تتق), “yarim” (یه رم) shaklida hech vaqtda yozilishi tuzuk va to‘g‘ri emasdir.
Chunki, “qattiq” (قاتتق) so‘zi “qotmoq” (قاتماق) masdaridan va “yarim” (یارم) so‘zi esa “yarmoq” (یارماق) masdaridan oling‘on so‘zlardir. Tilimizda bunday yasalg‘on so‘zlar juda ko‘pdir, istasangiz tilimizning 50 foizi bunga misol bo‘la oladir.
Bas, bu yerda “qotmoq”dan (قاتماق) oling‘on “qattiq” (قه تتق) so‘zini yoxud “yarmoq”dan (یارماق) oling‘on “yarim” (یارم) so‘zini “qattiq” (قه تتق), “yarim” (یه رم) deb yozish va aytish sira yaramaydir. Zero, bu vaqtda bularning masdarlari “qotmoq” (قه تمه ق), “yarmoq” (یه رمه ق) bo‘lishi tegishdir. Holbukim, bizda bunday so‘zlaguvchilar juda oz va balkim yo‘q deyarlikdir.
Shuning uchun biz bu yerda bir so‘zni yozishda ishlatilishi ko‘zda tutilg‘on bilan birga asli hollarin tekshirish ham kerak, deymiz. Qaysi bir akalarcha “qori” (قاری) yozg‘onda Qur’on o‘qig‘uvchi qori ma’nosida bo‘lib qoladir deb mug‘alat qilish tilimizning xususiyatiga katta zarba berishdir.
“Qori” (قاری) Qur’on o‘qig‘uvchi qori ma’nosida kelar ekan, kelaversun, undan bizga zarar yo‘q, bunday o‘xshama so‘zlarimiz ham to‘lib yotadir. Birta (bitta – M.Alijonov) “o‘t” so‘zining o‘zi to‘rt ma’noda keladir. Misol:
1) Ariq bo‘yida o‘t;
2) Buning gunohidan o‘t!
3) Dorixonaga o‘t ketdi.
4) Tursunning o‘ti yorildi.
Ko‘rasizmi bu so‘zlarnim, nima qilmoq kerak, har biriga ayricha belgilar qo‘yish kerakmi yoxud boshqa biror chorasi bormi?
(Bitmadi)
ELBEK
“Turkiston” gazetasi. 1924-yil 24-oktyabr.
Tilimizdagi yanglishliqlar V
“T”, “D” harflari qotishg‘on so‘zlar to‘g‘risida. Bu kun tilimizdagi eng chuvalchiq (chigal, murakkab – M.Alijonov) masalalardan biri mana shul “T” (ت), “D” (د) harflari qatnashg‘on kalimalardagi “T”, “D”larning bir-birining o‘rnig‘a almashinib o‘qulishlaridir.
Bu kun tilimizda mana shul masala ham katta rol o‘ynarliq bir masala sanaladir. Misol: Tovush (dovush), topqir (dopqir), tala (dala), tengiz (dengiz) kabi ko‘p so‘zlarda “T”, “D” harflari almashinib aytilaveradir. Bunday ishlatish mahalliy ayrilishlar bilan bo‘lmay bir shaharning o‘zida ham ikki turli aytiladir. Misol uchun Toshkentni olsaq, Toshkentda qaysi choqda “tovush” va qaysi choqda “dovush” deb aytadirlar.
Bu “T”, “D” harflarining bir-birining o‘rnig‘a kelishlari tub so‘zlarda, ya’ni asliy kalimadaginadir. Endi biz tub fe’llarning so‘nggig‘a qo‘shilib zamon o‘zgarishlari yasayturg‘on qo‘shimchalarg‘a kelsak, bunda yana ish boshqacha bo‘lib qoladir.
Misol uchun o‘tmish zamon fe’lining bo‘lishlig‘ini olsaq, bunda tilning tabiiy ohanggi bilan bir qancha harf so‘ngg‘ida “d”ning “t” bo‘lib ishlatilishi anglashiladir. Misol: “keldi”, “qochti”, “berdi”, “otti” kabi.
Mana biz bunday so‘zlarning so‘ngg‘idag‘i “t” qay vaqtda “d” ishlatilishiga qaramasdan barchasini-da “d” harfi bilan “keldi” va “ketdi” suvratida yozib kelamiz. Ammo tub kalimalarda uchrayturg‘on “t”, “d”larni ko‘p vaqt almashtirib aytaveramiz.
Bas, endi mana shunday so‘zlarni aytilish holatlariga qarab tekshirish va yozish to‘g‘ri keladir. Meningcha, bul o‘rindag‘i “topqir”, “dovush” so‘zlarini “dopqir”, “dovush” suvratida yozib ikkilanib o‘lturmasdan to‘g‘ridan to‘g‘ri “t” bilan “tovush”, “topqir” suvratida yozish tegishdir. Chunki bizda “d” harfi bilan so‘z aytishdan ko‘ra “t” bilan so‘z aytish ko‘prakdir. Bu kun usmonli shevasida ham bizdagi “t” harfi bilan aytilaturg‘on so‘zlardir. Ko‘p choqda “d” bilan aytiladir.
Misol: bizcha tog‘, tosh, tomar kabi so‘zlar dog‘, dosh, domar suvratida “d” bilan yoziladir va aytiladir. Ammo endi asliy kalima yani tub so‘zga ergashgan qo‘shimchalardag‘i “t”, “d” harflari to‘g‘risig‘a kelsak, bunda eski chig‘atoychada bir qancha harflardan so‘ng “t”, bir qancha harflardan so‘ng “d” ishlatiladir. Biz bu to‘g‘rida qoidani yengilrak olamiz degan niyatda “t” ishlatilaturg‘on o‘runlarda ham “d” ishlatib keldik. Misol: “otti” so‘zini “otdi” yozg‘onimiz kabi.
Holbukim “oqdi” so‘zini “otdi” kabi kalimalarning yozilish istagi “d” va “t” bilandir. Bularni “oqitdi”, “otti” suvratida yozish kerak bo‘ladir.
Chunki “bordi” degandagi “d” harfi istagi o‘zidan so‘ng “t” harfini emas, balki “d” harfini istaydir. Bunga “t” keltirib “bortiy” deb o‘qish va aytish og‘irdir. Shuning kabi “otti”, “oqti” kalimalardagi “q”, “t” kabi harflar o‘zidan so‘ng “d” emas “t” harfining kelishini istaydir.
Bas, endi bizga bularni-da ayirib yozishg‘a vaqt yetgan ko‘rinadir.
(Bitmadi)
ELBEK
“Turkiston” gazetasi. 1924-yil 26-oktyabr.
Tilimizdagi yanglishliqlar VI
Endi tilimizdagi imloq so‘zlarining fe’l yasalish to‘g‘rilarig‘a kelamiz.
Tilimizdagi ko‘p so‘zlar ishlatilishlariga qarab yasalg‘on va oling‘on so‘zlar bo‘ladir. Bularning keyinlariga belgilar – qo‘shimchalar qo‘shmag‘on choqda yolg‘iz ishlatilish chog‘idag‘i kishiga bergan sezgisiga ma’nosi anglanadir. Misol: taq, shaq-shaq, qars kabi.
Mana bu kalimalarning har biri ishlatilgan bir tovushlarg‘ina bo‘lib ma’nosi ham shul ishlatilgan choqda berilgan sezgiga qarab anglashilg‘on bir ma’nolardir. Netakim, toq, qars etganda miltiq kabi bir narsaning otilg‘onini va yo tosh kabi bir narsaning boshqa qattiq narsaning ustiga kelib tushganini anglaymiz. Holbukim, bu kalimalarning birortasi zamonni anglatmaydir.
Ya’ni ma’ni (ma’no – M.Alijonov) anglatg‘on bilan shul ishlarning qay choqda bo‘lg‘onlig‘ini ko‘rsatmaydir. Buning bunday kalimalarga “mubham”[10] kalimalar deb qaramoq mumkindir.
Endi mana shil mubham kalimalarning qaysi birini bo‘lsa-da zamon, anglashiladurg‘on bir holg‘a qo‘ymoqchi bo‘lsaq, bularning ketlariga “r” (ر), “l” (له), “la” (لا) belgilarini orttirib buyruq fe’li yasaydirmizda, so‘ngra ul fe’llarning ketlariga istagan zamonimizning belgilarin keltirib ma’ni berdira olamiz. Misol: taq – taqirla, shaq – shaqirla kabi.
Bularning endi siyg‘alariga bo‘lib sarf qilib chiqmoq qulaydir. Endi bizning bu yerdagi aytmakchi bo‘lg‘on fikrimiz mana shul va imloqlardan fe’l yasash chog‘idag‘i yanglishliq ustidadir. Bizda ko‘pincha bunday so‘zlardan fe’l yasalg‘onda imloqning ketiga keltiriladurg‘on “r” harfining o‘rnig‘a “l” harfini keltirib “tiqirla” so‘zining o‘rnig‘a “tiqilla” holida bir so‘z keltirib qo‘yadirlar.
Mana bu, bizdagi yanglish ishlatilguvsi so‘zlarning sonini orttirishg‘a yana bir ko‘makchi bo‘ladir. Bularning tuzuk yozilishlari uchun imloq kalimasining so‘nggig‘a “l” emas, “r” harfini keltirish kerakdir.
“Eshik taqirladi, qurvaqa vaqirladi”. Bularni “Eshik taqilladi, qurvaqa vaqilladi”, dez yozish yanglishdir.
Bundan boshqa yana yozilmog‘i kerak bo‘lg‘on juda ko‘p yanglishliqlar bo‘lsa-da, bularning ko‘plari juz’iy yanglishliqlar bo‘lg‘onliqdan va qaysilari imlog‘a oid bo‘lg‘onliqdan bu yerda aytilib o‘tilmadi.
Shuning bilan birga “ning”, “ni” masalasi ham bu o‘rinda aytilmay qoldi. Chunkim, bu yanglishliq matbuot betida oz ko‘rinib va kundan kun bitib boradir.
Bundan tashqari istak fe’lidagi “liq”, “lik”lar, y’ani “kelaylikmi” (کیله یلکمی), “kelayikmi” (کیله یکمی) to‘g‘risidag‘i masalalarni ham so‘ngg‘a qoldirdiq. Gali bilan u masala ustida yaxshig‘ina bahs ocharmiz.
(Bitdi)
ELBEK
“Turkiston” gazetasi. 1924-yil 29-oktyabr.
Nashrga tayyorlovchi: Muslimbek ALIJONOV,
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti katta o‘qituvchisi,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori
[1] Kalima – so‘z.
[2] Tegishsiz – keraksiz.
[3] Tegish – lozim, kerak.
[4] Heyli – biroz, ozgina.
[5] Yolg‘ov – qo‘shimcha.
[6] Masdar – arabcha manba, kelib chiqish. Feʼlning arab tiliga xos infinitiv shakli. Biror narsaning sodir boʻlish, kelib chiqish oʻrni, boshlanishi, boshi.
[7] Tuban – bu o‘rinda “chuqur” ma’nosida.
[8] Ulug‘ – bu o‘rinda “katta”, “ulkan” ma’nolarida.
[9] Hovriqib – hovliqib.
[10] Mubham – yashirin, noaniq.
Tarix
Til
Falsafa
Tarix
Adabiyot
Ma’naviyat
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q