Bugun insoniyat asteroid urilishi, muzlik davridan ham kuchliroq bir sinov qarshisida turibdi


Saqlash
17:41 / 11.10.2024 459 0

Asteroiddan ham xatarli

 

Biror kishi gravitatsiya qonunini rad eta oladimi? Yo‘q, albatta. Harqancha qo‘lini silkisin – qushga o‘xshab parvoz qilmoqqa ojiz. Biror kishi elektr qonunlarini inkor etadimi? Yo‘q, aks holda uni tok urib o‘ldiradi.

 

Tabiatning ana shunday qonunlaridan yana biri “tabiiy tanlanish” deb ataladi. Unga ko‘ra, tabiat jonli jonzotlarni saralaydi, ayrim turlar ko‘paymaydi, hatto qirilib bitadi. Masalan, ulkan asteroid Yukatan yarimoroliga urilib Yer kurrasida sodir bo‘lgan keskin o‘zgarish natijasida dinozavrlarning aksari qirilib ketgan, faqat sinovdan o‘tganlari – timsohlar, qushlar yashab qolgan. Bundan bir necha o‘n ming yil avval muz davri boshlanganida ongli odamlar (olovdan foydalanishni o‘rganganlari) jon saqlab, qolgan qabilalar yo‘q bo‘lib ketgan.

 

Bugun insoniyat asteroid urilishidan ham, muzlik davridan ham kuchliroq bir sinov qarshisida turibdi: g‘arbcha madaniyat! Bu sinovdan oila qadriyatlarini saqlab qolganlar omon chiqadi, boshqalari kamayib-kamayib, oxiri yo‘qlikka yuz tutadi. Tabiiy tanlanish qonuni hozirning o‘zidayoq o‘z kuchini yaqqol ko‘rsatmoqda, tub yevropaliklar keskin kamaymoqda. Muhimi, bunday tanlov nafaqat qabilalar o‘rtasida, balki qabila ichida ham yuz beradi: oila qadriyatlarini asraydiganlarning farzandlari ko‘payaveradi; hayotni yeb-ichish, o‘ynab-kulish deb tushunadiganlar o‘zidan ko‘p zurriyot qoldirishni istamaydi va buni ongli qaror deb hisoblaydi. Yo‘q, aslida bu – Yaratganning tabiiy tanlanish qonuni zimdan kuchini ko‘rsatayotganidan. Islomni qabul qilayotgan oqtanlilar soni ortib borayotganining asosiy sabablaridan biri – ular bu dinning oila, nikoh, hayo kabi qadriyatlarni qattiq himoya qilishini anglagani tufaylidir.

 

 

Tarix biryoqlamalikni xushlamaydi

 

Boburning Navoiyga munosabatini faqat “Boburnoma”ga tayanib o‘rganish xato. Bobur tomonidan “Mezon ul-avzon” risolasining tanqid qilinishi, “Devoni Foniy” haqidagi salbiy fikr “Boburnoma”ning shu bobi yozilgan vaqtdan keyin yaratilgan “Aruz” risolasida tuzatilgan: “Mezon ul-avzon”dan 6 ruboiy keltirilgan, uning bekam-u ko‘stligi ta’kidlangan. Bobur forsiy devonga ham yuksak baho bergan, umuman, Navoiyni ustod deya alqagan. Faqat bugina emas, Boburning Navoiyga munosabatini o‘rganishda uning “Devon”iga ham murojaat qilish kerak. Zero, “Devon”da Navoiyning ta’siri nihoyatda kuchli. Ilmiy tarix biryoqlamalikni xushlamaydi, bil’aks, mukammal yondashuvni talab etadi.

 

 

Zamoni o‘tgan istiloh

 

“Chig‘atoy adabiyoti” atamasi turkologlar uchun odatiy bo‘lsa ham, prinsipial xato istilohdir. Navoiy o‘z tilini “turk tilining Chig‘atoy ulusi lahjasi” deb atagan. Chig‘atoy ulusi aslida Navoiy davridayoq eskirib bo‘lgan edi. “Chig‘atoy tili/adabiyoti” atamalarini XIX asrda rus turkshunoslari fanga tiqishtirgan, uni o‘zimizning ziyolilar negadir hech bir malolsiz qabul qilgan edi (“Chig‘atoy gurungi” va boshqalar). Mazmun-mohiyatiga ko‘ra, “turk tilining Turon lahjasi/adabiyoti”, “mumtoz o‘zbek tili/adabiyoti” atamalari maqbulroq.

 

 

“Qumursqalar bo‘ldi safardosh...”

 

O‘zbekning eng ulkan iste’dodlarining armoni, balki fojiasi – qumursqalar bilan ovora bo‘lish.

 

 

Teskari proporsiya

 

Aktyor va rejissyor Aleksandr Shirvindt yodnomalarini o‘qiganda xayolga kelgan fikr: “Davlatning durustligi, xalqning baxti baland devorlar, temir panjaralar va tikanli simlar uzunligiga teskari proporsional”.

 

 

Kitob va kino

 

Kognitiv neyrofiziologiya aniqlagan qonunlar: 1) kitob o‘qish bilan kino, TV, umuman, video tomosha qilish o‘rtasidagi asosiy farq: tomosha qilganda ko‘rish qobiliyati ishlaydi – voqealar ko‘z oldida yuz beradi, kitob o‘qiganda tasavvur qobiliyati ishga tushadi; 2) tafakkur qobiliyati ishlashi uchun ko‘rgan va o‘qigan ustida fikr yuritmoq lozim. Kitob mutolaasi jarayonida fikr yuritish oson, tomosha qilganda qiyin. Agar ko‘rsatuvda voqealar tez, lip-lip qilib o‘tsa, tafakkur kuchi ishga tushmaydi.

 

Xulosa: kliplar, tasvir juda tez almashadigan filmlar odamning fikrlash qobiliyati rivojlanishi yo‘lida g‘ov.

 

 

Ijod aksiomalari

 

Ijod sohasi muttasil ilgarilama harakatda bo‘lmaydi – iste’dodlar zilzila kabi vaqti-vaqti bilan, kutilmaganda bo‘y ko‘rsatadi.

 

Buyuk asar vakuumda tug‘ilmaydi, u avvalgilardan ibrat olish, o‘rganish, ayni vaqtda, ulardan o‘zishga intilish hosilasidir. Buyuk asarlar tug‘ilishida ijodiy musobaqaning roli katta: nafaqat zamondoshlar – o‘tganlar bilan ham, nafaqat atrofidagilar – uzoqdagilar bilan ham.

 

Ijodda “miqdorning sifatga o‘tish” qonuni amal qilmaydi.

 

Ijodkorning fojiasi – ijodi bilan hayotiy prinsiplari uyg‘un emasligida.

 

Tajriba, izlanish, novatorlikni taqiqlash, qoralash, mensimaslik to‘g‘ri emas – u rag‘batlantirilishi kerak.

 

Hech bir janr eskirib, chiqitga chiqmaydi, balki mudrab, uyg‘otuvchisini kutib yotadi.

 

Shaklning ham ahamiyati bor. Buyuk asarlarda shakl va mazmun uyg‘un – unisi ham, bunisi ham mukammal bo‘ladi. Shakl – deylik, qizning husn-u jamoli, qaddi-qomati, mazmun – xarakteri, ko‘ngli, odobidir.

 

O‘zidan qoniqmaslik – bamisoli ijodkorni yuksakka ko‘taruvchi raketa.

 

Avvallari iste’dodning 99 foizi mehnat deyilar edi, endi 999 promillesi mehnatdir.

 

Afsuski, buyuk asarlar bilan o‘rtamiyona asarlar o‘rtasida “xitoy devori” yo‘q.

 

“Ijodkor bo‘lishingiz shart emas, inson bo‘lishingiz shart”. Ijodkor ham inson, insonga xos ojizliklardan xoli emas.

 

Iste’dod o‘rmondagi eng baland daraxtga o‘xshaydi – shamolning hamlasiga eng avval u yo‘liqadi, yashin ham birinchi bo‘lib uni uradi.

 

 

Otni jilovlash vaqti

 

Bugungi G‘arb – iste’mol sivilizatsiyasidir. Uning erishgan yutuqlari iste’mol omili tufayli. Ayni choqda fojiasi ham. Odam boyigan sari iste’mol tuyg‘usi oshib boradi. Tasavvuf falsafasining bosh g‘oyasi nafsni, xususan, iste’mol tuyg‘usini jilovlash ekani bejiz emas.

 

...biz esa, nafsimizni jilovlamoq o‘rniga, G‘arbga ergashib, otni qamchilayapmiz: yana, yana, yana...

 

 

Teatr tili

 

1960-yillar. Toshkent. “Oltin davrimiz”. Hamza va Muqimiy teatrlari gullab-yashnagan kezlar. Xonadoshlar bilan har stipendiya olgan kuni spektakl ko‘rishni odat qilganmiz. Olim Xo‘jayevning Gamleti, Shukur Burhonovning G‘ofiri, Sora Eshonto‘rayevaning yapon onasi, Amin Turdiyevning “Og‘riq tishlar”dagi roli hamon yodimda. Tomoshabinlar ham hozirgiga qaraganda soddaroq, ishonuvchanroq edi. Aytishlaricha, “Farhod va Shirin” spektaklida bir omiroq militsioner sahnadagi voqealardan ta’sirlanib ketib Yosuman rolini ijro etayotgan aktrisaga qarata o‘q uzgan ekan. “Gamlet”ga tushganimizda ham shunga o‘xshash hodisa bo‘lgan: bosh qahramon otasining ruhi bilan uchrashadigan sahna shunday jihozlangan ediki, odamning eti junjikardi. Sahnaning orqa tomonidagi qora ramkada birdan arvoh paydo bo‘lganda tomoshabinlardan biri qichqirib yuborgan edi.

 

...Lomonosov nomidagi MDU teatriga avangard truppa gastrolga keldi. Spektakl teatr va kinoning sintezidan iborat ekan. Aktyorlar sahnada rol o‘ynab, uning chetiga borar edi-da, ekranga kirib ketar, shu tariqa spektakl kino tarzida davom etar, so‘ng aktyorlar yana sahnaga qaytar edi. Bunaqa spektaklni boshqa ko‘rmadim.

 

1984-yili Perm shahrida ilmiy anjuman bo‘ldi. O‘sha davrda Perm opera va balet teatri ancha mashhur edi. Mehmonxona teatrga yaqin ekan, kechki spektaklga bordim. “Malikai Turandot” qo‘yilayotgan ekan. Anshlag! Ishi chiqib qolib, chiptasini sotadiganlar ham yo‘liqmadi. Tavakkal qilib, artistlar va xodimlar kiradigan xizmat eshigini taqillatdim. Navbatchi qorovul ayol kishi ekan. Toshkentdan kelganimni, teatrga tushmay ketsam o‘zimdan xafa bo‘lishimni aytdim. U “Tashkent?!” dedi-yu meni eshikdan kiritib (qish, tashqarida 30 daraja sovuq edi), kutib turishga ishora qildi. Bir ozdan so‘ng boshqa bir ayolni yetaklab keldi. U teatrning bosh ma’muri bo‘lib, qarangki, bolaligi urush yillari Toshkentda o‘tgan ekan. Olib borib lojadagi o‘z joyiga o‘tqazib qo‘ydi.

 

Hozirgacha ko‘rgan spektakllarim asosida shunday xulosa qilaman: agar spektakl sahnada o‘ziga xos muhit, kayfiyat (ruhiyat desa to‘g‘riroq bo‘lar) yaratib, tomoshabinni o‘z qa’riga tortib keta olsa – chinakam san’at, aks holda undan yomoni yo‘q. San’atning boshqa janrlaridan farqli o‘laroq, o‘rtacha sahna asari bo‘lmaydi. Zo‘r spektakl bir tomondan – dramaturg, rejissyor, aktyorlar mahorati, boshqa tomondan, tomoshabin saviyasiga bog‘liq.

 

 

Turk boylari qanday to‘y qiladi?

 

1993-yili bir oylik madaniy almashuv dasturi bo‘yicha Turkiyaning Istanbul shahrida bo‘ldik. Mehmonxonamiz shaharning Lavand degan dongdor dahasida joylashgan. Har hafta boy xonadonlarning to‘yi bo‘ladi. Sunnat to‘yida yigirma-o‘ttiz mehmon qatnashadi. To‘ybola posho (general) formasida, yelkasi osha tasma bog‘langan. Mehmonlar keladi-da tasmaga medal taqib qo‘yadi. Birinchi safar qiziqib so‘raymiz. Tushuntirishadi – medal sof tilladan yasalgan, maxsus do‘kondan sotib olingan. Yig‘ilgan medallar (bir kilocha tilla) bankka qo‘yilar, to‘ybola voyaga yetguncha ko‘payib turar ekan. Katta bo‘lgach, universitetda o‘qish, tadbirkorlik qilishga sarflarkan. Nikoh to‘yi ham shunday: mehmonlar qirq-ellik chog‘li, devorga gulchambar osilgan, qarindosh-urug‘, do‘st-yor unga medal taqadi. Yig‘ilgan salmoqligina oltinni kelin-kuyov mustaqil hayotni yo‘lga qo‘yishga ishlatadi.

 

Qizig‘i, boy xonadonlarning to‘yida ham dasturxonga faqat meva-cheva, sharbat, pishiriq tortiladi, issiq ovqat qo‘yilmaydi. Mehmonlar qo‘llarini bir-birlarining yelkasiga tashlab, vatanparvarlik ruhida qo‘shiq kuylashadi. Artist – restoranning shtatdagi qo‘shiqchisi, qistir-qistir, varang musiqa, raqs-paqs yo‘q.

 

Turk qardoshlar topganini farzandlarining kelajagiga sarflaydi, biz esa isrofga, dabdabaga...

 

 

Bir kunlik sevgi

 

Nevaralarimning buvisi televizorda o‘zbek kanallaridan birining dasturini ko‘rayotgan ekan, binoyidek husn va qaddi-qomatli uch qiz navbat bilan qo‘shiq aytyapti. “Meni bugun sevasanmi, yor?” degan naqarot bilan kuyladi biri. She’r muallifi nimani nazarda tutsa tutgandir, hozir kim ko‘p – so‘z boyligi haminqadar shoir, ammo dasturni tayyorlashda ishtirok etgan o‘nlab odamdan “Nega endi bir kunlik sevgi?” deyishga nahot birortasining farosati yetmagan?..

 

 

Musofir bo‘lmaguncha...

 

Birlashgan Arab Amirliklarining Al­Ayn shahrida tashkil etilgan ilmiy anjumanda qatnashdim. Shaharning janubi – yaydoq tog‘, qolgan uch tomoni – qum barxanlari. Nafi tegishi mumkin bo‘lgan kuzatuvlar:

 

1. Soy tugul jilg‘a ham yo‘q, ammo hammayoq daraxtzor, butazor, gulzor – tomchilab sug‘orish uchun har bir tup ostiga rezina ichak tortilgan. Dengiz suvi chuchuklashtirib olinadi.

 

2. Shaharda bitta yirik jome (Masjidi Xalifa) bor. Boshqa hammasi kichik, ammo bir-biriga yaqin – namozxon ortiqcha vaqt sarflamaydi, avtotirbandlik yo‘q, chunki ko‘pchilik piyoda boradi.

 

3. Sahroda bunyod etilgani uchun ko‘chalar, xiyobonlar, turarjoylar nihoyatda keng. Biz ham ekinzorlarni shaharga aylantirmay, ekin ekilmaydigan maydonlarda yangi mahallalar, shaharlar barpo etsak to‘g‘riroq bo‘lar.

 

4. Qanday erishilgan – bilolmadim, atrof sahro, yomg‘ir taqchil bo‘lsa ham, chang yo‘q, hammayoq ozoda.

 

5. Dubay aeroporti Islom Karimov nomidagi “hamkasb”idan kamida yuz marta katta, ammo yo‘lovchilar uchun nihoyatda qulay.

 

Darhaqiqat, musofir bo‘lmaguncha, musulmon bo‘lmaymiz.

 

 

Buzma ma’rifat Ka’basin

 

Agar arxitektura yodgorligi biznes markazi, bozor, restoran kabi serdaromad sohalar qurishga o‘ng‘ay joyda bo‘lsa, harqancha tarixiy ahamiyatga molik bo‘lmasin, nafsi ajdarho, shaytonga qo‘l berganlar uni buzmay qo‘ymaydi.

 

“Turon” kutubxonasi xalqimizning mo‘tabar maskanlaridan edi – jadid harakatining ma’naviy o‘chog‘i bo‘lgan. U dargohda Abdulla Qodiriy, Munavvarqori Abdurashidxonov kabi ulug‘lar ruhi kezib yurar edi. Buzib o‘rniga bachkana (spiral) bino barpo qilindi. Sifatsiz qurilgan ekan, ustini yopishga majbur bo‘lishdi – arxitektura g‘arib, benavo chiqdi. Bunday misollar o‘nlab...

 

 

Yana ta’lim, yana maorif

 

Ta’lim sifatini baholashning xalqaro PISA test sinovi natijalari bo‘yicha 81 ta davlat orasida O‘zbekiston juda past natija ko‘rsatdi (2022). Bu har bir vatandoshni o‘ylantirishi lozim.

 

PISA test sinovi har uch yilda 15 yashar o‘quvchilar o‘rtasida o‘qish malakasi, matematika va tabiiy fanlar bo‘yicha o‘tkaziladi. O‘zbekiston o‘quvchilari matematika bo‘yicha pastdan 10-o‘rinda, tabiiy fanlar va o‘qish savodxonligi bo‘yicha oxiridan ikkinchi o‘rinda. Matematika va tabiiy fanlar bo‘lganicha bo‘lar. Dod deysizki, o‘qish savodxonligi bo‘yicha ham ahvol yig‘lagudek! Gap Navoiyni, Tolstoyni, Qodiriyni emas, soddagina matnni o‘qib tushunish haqida ketmoqda.

 

Baraka topkurlar, bu holga faqat dastur, darslik, islohot, ta’limga e’tibor, ajratiladigan mablag‘, o‘qituvchilar malakasini oshirish, attestatsiya va hokazolargina sababmi? Axir, bolalarimiz o‘qimayapti-ku! O‘qishni xohlamaydi, o‘qishni bilmaydi. O‘tgan asrning 20-yillari mezonida aytsak, chalasavod. Bugungi kun o‘lchovida – g‘irt savodsiz. O‘qiydiganlari bor, ammo ko‘p emas. Nazarimda, maktab o‘qitishni eplay olmayapti. Ota-onalar bolam o‘qisin demayapti, xalq ta’limi tizimidagi ayrim mas’ullar maoshini halollab olmayapti, ular ta’lim emas, boshqa o‘y-xayollar bilan banddek.

 

Tashxis: ta’lim sifati bilan shug‘ullanish “soqqa” keltirmaydi, turgan-bitgani tashvish, ter to‘kib qora mehnat qilish kerak. Islohot, darslik, maktablarni jihozlar bilan ta’minlash, ta’mir... bulardan esa milliardlab daromad qilsa bo‘ladi. Mana, muammoning o‘qildizi!

 

Ikkinchi ildizi – millatning mentaliteti (qoni) buzilganida. Bir oila turmush aravasini arang tortish bilan ovora – bolasining savodxonligi haqida qayg‘uradimi? Boshqa biri boy, ammo bolasining bilimdon emas, toparmon bo‘lishini (halol yo harom ekanining ahamiyati yo‘q!) o‘ylaydi.

 

Meni shu savol qiziqtiryapti: minglab xalq ta’limi mas’ullari, yuzlab mutasaddilar, o‘nlab yuqori mansabdorlar orasidan xalqaro reytingda O‘zbekiston oxirgi o‘rinlarni egallagani sabab iste’fo beradigan mard topiladimi?..

 

Abdulla A’ZAM

 

Tafakkur jurnali, 2024-yil 3-son.

Bilimdon kerakmi yo toparmon?” maqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 111
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22030
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//