
Yaqin tariximiz bo‘lgan sovet davrida shunday shaxsiyatlar borki, bir so‘z bilan baho berishning iloji yo‘q. Manbalarga ko‘ra, ular o‘lkada sho‘ro hukumatining qaror topishida faol ishtirok etgan, sovet boshqaruv idoralarining yuqori lavozimlarida ish olib borib xalq orasida kommunistik mafkuraning ashaddiy targ‘ibotchilari bo‘lganlar. Xo‘sh, ular kim, xoinmi qahramonmi? Agar xoin bo‘lsalar nega sho‘ro tuzumi qatag‘on siyosatining qurbonlariga aylandilar? Jumladan, Akmal Ikromov, Fayzulla Xo‘jayev, Abdullajon Karimov, Sulton Segizboyev, Turor Risqulov, Sultonbek Xodjanov... Bu ro‘yxatni yana uzoq davom ettirish mumkin. Xuddi shunday taqdir sohiblaridan biri hozirda Qozog‘istonda 125 yilligi nishonlanayotgan O‘roz Jondo‘sovdir.
O‘roz Qiyqimovich Jondo‘sov 1899-yil 20-fevralda Yettisuv viloyati, Kaskalin tumanida tug‘ilgan. 1918-yil Verniy (Almati) shahridagi erkaklar gimnaziyasini tugatadi. Yettusuv viloyatida sovet hokimiyati mustahkamlanar ekan O‘roz Jondo‘sov deputatlar kengashida ish yurituvchi bo‘ldi. Turkiston sovetlarining 3-syezdida mahalliy aholi vakillarini hukumatga jalb etish masalasi ilgari surildi. O‘roz Jondo‘sov inqilobiy-harbiy qo‘mita rahbari sifatida Verniy, Kopal, Jarkent, Lepsin uyezdlarida qarshilik harakatini tugatishda faol ishtirok etdi. Yettisuv milliy ishlar bo‘limiga rahbarlik qilar ekan, Qozog‘istonda ish yuritish hujjatlarining mahalliy tilga o‘girish masalasini ilgari suradi. 1919-yil may oyida uning tashabbusi bilan birinchi qozoq oqinlari tanlovi o‘tkazilib, unda Jambil Jabayev, Kenen Azerbayev kabi ko‘plab mahalliy oqinlar ishtirok etadilar.
1920-yil sentyabr oyida Turkiston kompartiyasining 5-qurultoyida O‘roz Jondo‘sov Turkiston Respublikasi kompartiyasining a’zoligiga saylandi. Yettisuv viloyati ish hujjatlarini milliy tilda olib borishga kirishdi. Qozoq tilining ish yuritish tili bo‘lishiga harakat qildi – ish hujjatlar tarjima etildi. Verniyni 22 yoshida Almati deb o‘zgartirishga qo‘l qo‘ydi. Ayni paytda viloyat “Qo‘shchi” ittifoqiga rahbarlik qildi. Ocharchilik yillarida yerlarga ekin ekib elning qo‘lini nonga yetkazdi. Bu esa O‘rozning sovet tuzumiga ishonmasdan mamlakat milliy iqtisodiyotining ilmiy asoslarini yaratishga jiddiy kirishganidan darak beradi. U yer-suv islohotini tayyorlab, unda islohotning imkon qadar xalq uchun foydali bo‘lishiga intilgan.
“Farg‘ona” gazetasining 1921-yil sentyabr 40-sonida “Известия” gazetasidan olingan “Qozog‘iston jumhuriyati va boshboshdoqliq” sarlavhali maqola bosildi. Maqola “Qozog‘iston jumhuriyatida yetti oydan buyon hukm surmoqda bo‘lg‘on boshboshdoqliq (banditizm) natijasida ko‘plab sho‘ro xo‘jaliqlari, o‘nlarcha Toshkent-Maskov poyezdlari talanib, ovqot omborlari kuydirildi. Ko‘p rayonlardagi qishloq, ham davlat sho‘rolari haydalibdi. Qishloqlardagi firqa boshchilari ham, yoshlar ittifoqi a’zolari, juda ko‘p oddiy, ham mas’ul ishchilar, ayniqsa ovqat ishlarini boshqaradurgan ishchilar otib o‘ltirilibdurlar. Ot minub olg‘on boshboshdoqlar o‘zlariga qarshi turadurg‘on otliq qizil askar bo‘lmavidan foydalanib piyoda askarni xohlaganicha talab, o‘ldirib poyezd ostiga tashlabdilar” deb boshlanadi. Shundan so‘ng “Hozirgi kunda iqtisodiy ahvolimiz qozoq boshboshdoqlari o‘zidan o‘zi tarqoladi deb sargardon bo‘lib turushqa yo‘l qoldirmaydur. Qozoqiston jumhuriyatining yarmida bu yil ochliq hukm surmoqda, buni ustiga yana boshboshdoqlar (banditlar) harakatga boshlabdilar. Ular och dehqon, ham ko‘chib kelgan odamlarni juda xafa qiladurlar. Och xalq albatta chorasizlikdan boshboshdoqqa qatnashib ketadir. Shundog‘ bo‘lsa ham xalq boshboshdoqlarni xo‘b ko‘radi deb aytib bo‘lmaydi. Boshboshdoqlar dehqonlarning xo‘jaliq asboblarini buzar ham otlarini haydab olib ketadurlar. Boshboshdoqlarni bu harakatiga ba’zi joylardagi dehqonlar betaraflik saqlab kelsa, ba’zi joylarda dushman nazari bilan qaraydurlar. Qozoqlar esa bu boshboshdoqlikni sob qilish ishiga mahkam ravishda yordam qiladurlar...” deb maqsadga ko‘chadi va “Qozoqlar otliq askar uchun ot beradilar, ular talovchilarning yo‘llarini va turgan joylarini juda yaxshi bilar ham ko‘rgazadurlar. Hozirda Qozog‘iston o‘lkasida ko‘tarilgan bu boshboshdoqliq harakati siyosiy bir rang olmasdan faqat o‘g‘rilar, odam o‘ldiruvchilar firqasi bo‘lsalar ham ovqot solig‘in yig‘ish vaqtlarida kutilmagan ravishda ishni buzib qo‘yishlari yaqin turadir. O‘shal kunda ham qishloqlardagi ovqot ishlari xizmatkorlarini haydab yubordilar, falon joyda olib ketdilar degan daraklar kelib turadur. Bundog‘ voqealar hozirga uncha ko‘p emas, lekin o‘rtalarida sho‘rolar hukumatiga qarshi qurollangan odamlar bo‘lishi, kutilmagan voqealarning ko‘tarilib ketishi ham ehtimol. Boshboshdoqlik harakatini tezdan sob qilishni chorasiga kirishmasligimiz, sho‘rolar hukumatini dehqonlar qoshida nufuzini yo‘qotadur. Lekin ketsa o‘g‘rilar o‘z o‘zidan tarqalib ketar deb qo‘l qovushtirib turishning ma’nosi yo‘q. Vaqtinda ovqat solig‘ini yig‘ib olish masalasi juda ahamiyatlidir. Bu harakat bilan kurashni qottig‘ choralariga kirishildi. Muning uchun qahramon qizil askar firqasi tuzildi. Bu firqa piyoda askarning yordami bilan bu boshboshdoqlarni qiynab yotadur. Otliq askar firqasi barpo qilinmasdan ilgari bu talovchilar xohlaganlarini qilardilar. Ularga hech kim qarshi turolmadi. Hozir bo‘lsa otliq askarning sifati va dehqonlardan talovchilarga yordam bo‘lmovi soyasida bu harakatning tezdan tak tomiri bilan yo‘q qilinajog‘ida shubha yo‘q”[1] deb xulosa qilinadi. Ochlarga yordam Markaziy komissiyasining TASSR qirg‘iz aholisiga yordam haqida yozishmalar nomli 1921-yil 20-noyabr – 8-dekabr holatida 26-ishning TurMIK qoshidagi ochlarga yordam Markaziy komissiyasining 1921-yil 10-noyabr sanasi bilan imzolangan 1905-sonli hujjatida komissiya raisining talabi qiziq...[2]
O‘roz Jondo‘sov 1921–1923-yillarda Turkiston kompartiyasi Markaziy qo‘mitasida targ‘ibot-tashviqot bo‘limi mudiri vazifasida ish olib bordi. 1921-yil oktyabr-dekabr oylarida Turkiston respublikasi Milliy ishlar xalq komissarining xodimlar ro‘yxatiga qarasak Turkrespublika Milliy ishlar bo‘yicha xalq komissari Dimanshteyn rahbarligidagi jamoada nomi ko‘rsatilgan 42 nafar a’zoning 34 nafari yevropa millatlariga mansub insonlar ekanidan ham komissarlikning qanchalik nomiga mos emasligini anglash mumkin. Jumladan, qirg‘iz bo‘limi kotibi Qodirov, turkman bo‘limi mudiri Xanov, o‘zbek bo‘limi mudiri S.Xodjanovlar bo‘lishiga qaramay komissarlikning axborot va ishlar bo‘limida birorta mahalliy millat vakillari ishlamagan. Bu holat ham yuqoridagi fikrimizni quvvatlaydi. Ya’ni, muassasaning asosiy vazifasi millatlarning tub manfaatlarini ifodalash emas, ko‘proq Markazning g‘arazli maqsadini amalga oshirish vositasi bo‘lib xizmat qilganini ko‘rsatadi[3].
Mavjud murakkabliklarga qaramay O‘roz Jondo‘sov rahbarligidagi jamoa qozoq tilida o‘quv adabiyotlar yaratish, yoshlarning savodini chiqarish maqsadida ko‘plab ovul maktablarini ochish ishiga bosh bo‘ldi. 1922-yil 9-mart sanasi bilan Turkiston Respublikasi millatlar ishlari xalq komissarligi qirg‘iz bo‘limi raisi Qodirov Qirg‘iz ilmiy hay’ati xodimlari X.Dosmuhammedov va Omarovlarga murojaat qilib, qirg‘iz tilida zararli kasalliklarga qarshi ehtiyot choralari va izohlar bitilgan varaqalar ishlab chiqishni so‘raydi.
Buning uchun moddiy rag‘bat hamda musulmon tipografiyasini jalb etishga oid xarajatlarni o‘z zimmasiga oladi[4]. Ayni paytda Qirg‘iz davlat nashriyoti mudiri tomonidan Turkiston Respublikasi Maorif xalq komissari Sultonbek Xodjanov nomiga xat yo‘llanadi. Xatda jumladan, “TSSR Maorif xalq komissari Xodjanovga
Hurmatli o‘rtoq!
Do‘st Qirg‘iziston va Turkiston respublikalarida sovet qurilishi uchun umummiy bo‘lgan kamchilik bu kiril tili (alifbosi)da kitob bosish sohasi rivojida namoyon bo‘lmoqda. Bu bo‘shliq mehnatning turli ko‘rinishlari, ayniqsa millatlarning keyingi rivojiga keskin to‘sqinlik qilmoqda. Hozirgi vaqtda Qirg‘iziston respublikasi hukumati bunga jiddiy e’tibor qaratib, kuchli Sharq bosmaxonasini tashkil etish uchun katta kuch safarbar etdi. Yaqin kunlarda bosmoxona ishga tushish arafasida. Ish o‘rinlari to‘lgan va endi ularning ta’minoti zarur. Biroq Orenburgda non va boshqa zaruriy narsalar yetishmaydi. Biroq nashriyotlarning xo‘jalik hisobiga o‘tkazilishi jiddiy to‘sqinlikni keltirib chiqarmoqda. Ishni to‘liq suratda davom ettirish va yo‘lga solish uchun zudlik bilan yordam...” so‘raydi.
1922-yil yil dekabr oyida bo‘lib o‘tgan Turkiston MIK Butunturkiston sovetlarining XI qurultoyiga Yettisuv viloyati vakillari mandati va qaydnoma jurnalida O‘roz Jondo‘sov va Bilol Suliyevlarning nomzodi qayd etildi. Ularning mantati RSSF Turkrespublika Yettisuv viloyat Inqilobiy qo‘mitasi Alma-Ata shahrida 1922-yil 15-noyabr kuni №10259 raqami bilan tasdiqlangan[5].
1922-yilning kuzida Turkistonning boshkenti bo‘lgan Toshkent shahrida tuzilgan “Ko‘mak” tashkiloti tashabbusi bilan o‘lkadan yuzlab yoshlar ta’lim olish maqsadida Germaniya, Turkiya, ittifoqning Peterburg, Moskva va Boku shaharlariga yuborildi. Berlinga yo‘l olgan Ahmadjon Ibrohimovning Moskva shahridagi Timuryazov nomli qishloq xo‘jaligi akademiyasi haqida hamda sohaning o‘lka taraqqiyoti uchun o‘ta muhim ahamiyatga molikligiga qaramasdan unda Turkiston yoshlaridan biror vakil o‘qimayotganiga qayg‘urib yozgan maqolasi juda mashhur bo‘lib ketdi. Shundan so‘ng, 1923-yil RKP (b) 12-qurultoyiga delegatlar orasidan o‘rin olgan O‘roz Jondo‘sov mazkur akademiyada tahsil oladi. Bu holat ham Turkiston farzandlarining yagona maqsadda harakat qilganlarini ko‘rsatadi.
O‘roz Jondo‘sov 1924-yil oktyabrdan 1925-yil aprelgacha Sirdaryo va Yettisuv gubernyalarini o‘rganish ekspeditsiyasini boshqarib unda yangi jarayonlarda ovulning ijtimoiy qayta qurilishini o‘rganadi. Davlatning sovetlar shartlari asosida an’anaviy qozoq hayoti va xo‘jalik tuzilishini tashkillashtiradi. 1924–1927-yillarda Turkiston Respublikasining qozoq hududlarining Qozog‘iston ASSRga qo‘shilishi davrida BKP(b) O‘lkaqo‘mitasi targ‘ibot-tashviqot bo‘limi mudiri bo‘ldi. A.Boytursun, I.Jansug‘urov, M.Jumaboylarning kitoblarini bostirdi. Qishloq iqtisodiyoti tadqiqotlar ekspeditsiyasiga rahbarlik qilib qator ilmiy tadqiqot ishlarini olib bordi. Qator ilmiy ishlarni yozadi.
1927-yil noyabrdan 1929-yil iyungacha Qozog‘iston SSR Maorif xalq komissari bo‘lib, uning rahbarligida Qozog‘istondagi ilk oliy ta’lim muassasalari yuzaga keldi. Toshkentdan professorlarni, S.Asfandiyorov, X.Dosmuxammedov, A.Boytursun, A.Ermekov va boshqalarni ishga chaqirib oldi. Moskva, Lenigradlardan o‘quv qurollari keltirdi. QozDUda dars berdi, “Yenbekshi kazax” gazetasining o‘rindosh muharriri, Qozog‘istonni o‘rganish jamiyati boshqaruvi raisi, respublika kitob palatasi mudiri, O‘lka ilmiy ishchilar seksiyasi byurosi raisi bo‘ldi. 1930-yil qozoq ovulchorva institutini tashkil etib, uning birinchi direktori bo‘ldi. Institutda Alash arboblaridan akademik Muxtor Avazov qozoq va rus tillaridan dars bergan. 1931-1932-yillarda – Qozoq davlat ommaviy kutubxonasining birinchi direktori bo‘ldi. 1933–1934-yillar Kegen tumani partqo‘m kotibi, 1935–1937-yillar Almati viloyati ijroqo‘mi raisi, 1937-yil iyuldan qamoqqa olingunicha Almati viloyati Qorakamar ovulida ishchi fakultetini boshqardi.
O‘roz Jondo‘sov 1924, 1935-yillarda partiyaviy jazoga tortilgan. Aslida 1937-yil emas 1929-yil A.Boytursun, M.Jumaboylar qamoqqa olingandayoq allaqachon qora ro‘yxatga tushib bo‘lgan edi. Tergov jarayonidagi guvohliklar asosida uni ham istalgan vaqtda dushman deb e’lon qilishga yetarli “materiallar” tayyorlab qo‘yilgandi. O‘roz Jondo‘sov 1937-yil 13-oktyabrda qamoqqa olinib, 1938-yil 2-martda otib tashlangan. 1957-yil 8-iyunda esa boshqa safdoshlari qatorida oqlangan...
Stalin vafotidan so‘ng sho‘ro tuzumi o‘zining mash’um qatag‘on siyosatini tan olishi oqibatida O‘roz Jondo‘sov ham boshqa safdoshlari qatorida oqlandi. Biroq adolat to‘liq qaror topishiga yo‘l berilmadi. Ular oqlanganlaridan keyin sovet tarix institutlari ularning haqiqiy kommunist bo‘lgani holda stalincha qatag‘on siyosatining qurbonlari ekanini isbotlashga kirishdi. Ko‘plab kitoblar, maqolalar, hatto to‘la asarlar to‘plamlarini nashr etib, ularda haqiqat emas, aksincha, sovet mafkurasi talabi asosida katta-katta yolg‘onlar aks ettirildi. Hammalari uchun yagona qolip – kambag‘al batrak oilasida dunyoga kelgan, rus proletarlari tomonidan ularning tafakkurida inqilobiy kayfiyat shakllangan, boylarning adolatsizliklariga nafrati ortgan kabi afsonalar o‘ylab topildi. Vaholanki, ularning barchasi o‘z zamonasining ilg‘or farzandlari edilar. Garchi, ular imkon darajasida millatni qizil imperiya qirg‘inlaridan asrab qolish, milliy o‘zlikni saqlash, milliy madaniyatni rivojlantirish, maktablar ochib elni savodxon qilish uchun jidd-u jahd bilan kurashuvchi insonlar bo‘lganlar. Albatta, Qozog‘istonda mustaqillik yillarida O‘roz Jondo‘sovning tarixiy xizmatlarini o‘rganish, nomini abadiylashtirish va targ‘ib etish maqsadida keng ko‘lamli tadbirlar amalga oshirildi[6]. Ayni paytda mazkur davrda Turkistonda kechgan siyosiy jarayonlarni keng ko‘lamli tadqiq etish, bunda tarixiy shaxslarning xizmatlarini xolis o‘rganishda hamkorlikdagi tadqiqotlarni ko‘paytirish ehtiyoji mavjud.
Bahrom IRZAYEV,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori
[1] Qozoq jumhuriyati va boshboshdoqlik // Farg‘ona. 1921-yil 8-sentyabr. №40.
[2] O‘zR MA, 36-jamg‘arma, 1-ro‘yxat, 78-yig‘majild, 1-varaq.
[3] O‘zR MA, 36-jamg‘arma, 1-ro‘yxat, 56-yig‘majild, 14, 15, 16, 17-varaqlar.
[4] O‘zR MA, 36-jamg‘arma, 1-ro‘yxat, 181-yig‘majild, 8-varaq.
[5] O‘zR MA, 17-jamg‘arma, 1-ro‘yxat, 78-yig‘majild, 47-varaq.
[6] Ураз Джандосов. Документы и публицистика (1918-1937 гг.) в двух томах. Т. I, II. Алматы. «ҚАЗАҚСТАН» 1999.; Қайран ОРАЗ. – Легендарный Ораз: Ораз Жандосов замандастар Козимен / Қураст. – ред. А.Жандосов – Алматы: ТОО Графика-Принт, 1999. 400 бет.
Falsafa
Jarayon
San’at
Vatandosh
Adabiyot
Adabiyot
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
Til
//
Izoh yo‘q