Nega ayol tarixda qolishi uchun faqat siyosiy faol bo‘lishi kerak?! AQShda o‘zbek shoiralari ijodini tanitayotgan olima bilan suhbat


Saqlash
21:11 / 26.11.2021 1707 0

Oyina.uz’ning bugungi mehmoni – Amerikada yashab, ilmiy izlanish olib borayotgan Donoxon Abdug‘afurova. O‘zbek adabiyotining jahonga tanilishiga hissa qo‘shib kelayotgan qahramonimiz bilan boshqa davlatda o‘qishini davom ettirishi sababi, ilmiy tadqiqotlarida ko‘tarilgan mavzular va o‘zbek adiba-yu shoiralari ijodining o‘ziga xosliklari haqida suhbatlashamiz.

 

– Namanganlik qizning Amerikaga ketishi qanday bo‘lgan? O‘zbekistonda boshlangan ta’lim g‘arbda qanday davom etmoqda? Oilangiz, chet eldagi hayot tarzingiz, vatandoshlar uchun qiziq jihatlar haqida gapirib bersangiz.

 

– Namangan davlat universiteti o‘zbek filologiyasi fakultetini imtiyozli tugallab, Prezident stipendiyasi sovrindori sifatida magistraturaga qabul qilinganimdan so‘ng, turmush o‘rtogim Amerika Qo‘shma Shtatlariga magistraturada o‘qish uchun grant yutib oldi va keyingi hayotimiz okeanorti bilan bog‘landi. Ingliz tilini maktab va universitet darajasida yillab o‘qigan bo‘lsam-da, uncha-muncha qiyinchilikka duch keldim. Universitetni davom ettirishim uchun qaytadan mukammal tarzda o‘rganishim kerakligini tushunib yetdim.

Magistraturani Vayoming universitetida davom ettirdim. Yaqinda Emoriy universitetida islom sivilizatsiyalarini o‘rganish yo‘nalishi bo‘yicha PhD ilmiy darajasini oldim. Hozir Shimoliy Karolina shtatidagi universitetning masofaviy ta’lim bo‘limida faoliyat yurityapman.

Katta qizim Noila yuqori maktab o‘quvchisi, ikkilamchi qabul dasturi orqali Jorjiya davlat universiteti talabasi. O‘glim Ilyosbek o‘rta maktabda o‘qiydi, kelajakda professional basketbolchisi bo‘lmoqchi. Kenjam Lolaxon endigina 3-sinfda ta’lim oladi.

 

 

– Nima uchun aynan sovet davridagi ayol ijodkorlar mavzusini tanladingiz? Mavzu Amerikada tadqiqot qilish uchun qanchalik ahamiyatli?

 

– Bilasizmi, bu yerda ilmiy ish qilish jarayoni juda uzoq davom etadi. Dastlabki ikki-uch yil talaba sifatida darslar olinadi. Keyin sohangizga aloqador fanlar bo‘yicha yozma va og‘zaki imtihonlardan o‘tib, nomzod sifatida qabul qilinasiz.

Imtihon savollaridan biri Sovet davriga aloqador edi. Shaxsiy qiziqishim ayollar adabiyoti bo‘lgani bois shu nuqtayi nazardan yoritib berdim. Javobim ilmiy rahbarim va dissertatsiya kengashi a’zolariga juda ma’qul keldi, shu mavzuni olishimni tavsiya qilishdi. Adabiyotga qiziqishim bir davr bilan cheklanib qolmaydi, albatta. Mumtoz she’riyatga muhabbatim sababli dissertatsiya bahona keyinchalik sohamni kengaytirish imkoniyati tug‘ilgani juda xursand qildi.

Aynan o‘zbek shoira va yozuvchilarining Amerikada o‘rganilishiga keladigan bo‘lsak, bu yerda shu paytgacha bizning adabiyot juda kam yoritilgan. Shuning uchun qiziqish nihoyatda yuqori.

 

– O‘zbek ayol ijodkorlari va xorijdagi hamkasblari o‘rtasida qanday uyg‘unlik va farqlarni kuzatgansiz?

 

– Har bir inson o‘z jamiyatining mahsuli sifatida namoyon bo‘ladi. Shu bois ijtimoiy-siyosiy muhit ijod jarayonida ham yaqqol ko‘rinadi. Men o‘ziga xoslikni tarjimayi hol janri misolida o‘rgandim. O‘zbek ayol ijodkorlari o‘z “men”ini yashirib, turmush o‘rtog‘i shaxsiga bag‘ishlab asarlar yaratgan. To‘g‘ri, boshqa xalqlar adabiyotida ham oilasi tarixi, otasi yoki erining muvaffaqiyatlari orqali o‘zi haqidagi ma’lumotni pardalab yozish uchraydi. Farqli tomoni, bizdagi sharqona va islomiy tarbiya ayollarni “men”ini asos qilmaslikka undaydi.

 

 

– Mustaqil izlanishlaringizga kelsak. Nima uchun aynan Anbar Otin? Uning ijodi, chindan ham, XIX asrning qiyofasini tasvirlay olganmi?

 

– Esimda, Anbar Otin obrazi bilan maktabda o‘qib yurgan paytlarim tanishganman. Juda ham kuchli, tili o‘tkir obraz sifatida tassurot qoldirgan. Aslida birgina shaxs yoki asar butun bir asrni namoyon qila olish mushkul. “Qoralar falsafasi” o‘sha davrdagi illat va kamchiliklar haqida, ayollarning ahvoli va turmush tarzi to‘g‘risida yetarkicha ma’lumot beradi. Aminmanki, zamonamizda ham ko‘plab Anbar otinlar bor. Ularning ovozi har bir davrda bo‘lgan.

 

– “Men u siyosiy faol bo‘lgan deyolmayman. Shunchaki hissiyotlari va umidlarini bo‘lishgan” – Anbar Otin haqida shunday degansiz. Balki ko‘proq ko‘ngil kechinmalari bilan kifolangani uchun ham tarixda ayol ijodkorlarni kam uchratarmiz… Ilmiy ishingizdagi xulosalar bu qarashga qanchalik mos, sovet davridagi shoiralar missiyasi nisbatan o‘zgarganmi?

 

– Ayollarning adabiyotdagi ovozi haqida gapirganimizda darhol siyosat bilan bog‘lamasligimiz kerak. Siyosiy maydonda emas, hatto adabiyot olamida ham o‘zini nayomon etish ko‘p davrlarda ayollar uchun katta jasorat edi. Nega ayol tarixda qolishi uchun faqat siyosiy faol bo‘lishi kerak?! Ayollarning moziy sahnasida kam ko‘rinish berishi hissiyotga berilgani bilan bog‘liq emas, balki tarix yaratuvchilarning aksariyatini erkaklar tashkil qilgani bunga sabab bo‘ladi, nazarimda.

Zarifa Saidnosirova, Saida Zunnunova, Zulfiya va Kibriyo Qahhorova ham siyosiy faol bo‘lmagan. Jamiyatning intellektual hayotida muhim rol o‘ynagan professional kasb egasi, shoira, yozuvchi sifatida tanilgan. Masalan, Saidnosirova va Qahhorova o‘zlari katta natijaga erishgan bo‘lsalar-da, hayot yo‘llarini turmush o‘rtoqlarining biografiyasi orqali tasvirlaydilar. Yirik shaxsning ortida turgan ayol sifatida gavdalanadilar. Bu ularning xohishi, Sharq ayoliga xos harakteri edi. Vaholanki, shaxsiy yutuqlari ham ularning oddiy ayol bo‘lmaganini bildiradi.

 

 

– Amerikada va O‘zbekistonda ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanish o‘rtasida qanday farqlarni sezdingiz?

 

– Ilmiy ish qilish hech qayerda oson bo‘lmasa kerak. Igna bilan quduq qazishga o‘xshatilishi bejiz emas. Faqat Amerikada izlanish natijalarini chop etish standartlari boshqacha. Masalan, oddiy jurnal maqolasi hajmini oladigan bo‘lsak, odatda 18–20 varaq hajmda bo‘ladi. O‘zbekistonda esa 3–5 betdan iborat ma’lumot ham maqola o‘rniga o‘taveradi. Hozir O‘zbekistonda ilmiy ishlar sifatini oshirishga katta e’tibor qaratilyapti va bunday tashabbuslardan juda xursandman. Jahon talablari darajasiga chiqa olsak, o‘zbek olimlarining ham nomlari xalqaro miqyosda ko‘proq jaranglashiga ishonaman.

 

– Kelajakdagi rejalaringizni O‘zbekiston bilan bog‘laysizmi?

 

– Kelajakdagi rejalarim albatta Vatanim bilan bog‘langan. Men shu jamiyatning mevasiman. Shu yurtda o‘sib ulg‘aydim, imkoniyatlar tufayli Amerikaning nufuzli universitetlarida tahsil oldim. Rejalarim o‘zbek adabiyoti, madaniyati va tarixini ilmiy ishlarim bilan dunyoga tanitish, Amerika tajribasi bo‘yicha O‘zbekiston ta’lim muassasalariga va yoshlariga yo‘llanma berishda davom etishdan iborat.

 

"Oyina.uz" muxbiri

Zulxumor ORIFJONOVA

suhbatlashdi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19276
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16340
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi