“Hayotdan azizroq orzu”. Gravitatsiya bilan oʻynashgan “qush odam” – Leo Valentin hikoyasi


Saqlash
11:28 / 23.09.2024 108 0

Dunyo soʻnggi bir yarim asrda juda shiddat bilan rivojlandi. Ilm-fandagi ixtirolar inson turmush tarzini keskin oʻzgartirdi. Biroq bu kashfiyotlarga osonlik bilan erishilmagandi. Bir muvaffaqiyatli ixtiro ortida bir necha omadsiz tajribalar yotadi. Shunday tajribalardan biri, inson ucha olishiga ishongan, oʻz orzusi roʻyobini hayotidan ham ustun qoʻygan fransiyalik Lev Valentin tomonidan amalga oshirilgan. 

 

“Dunyodagi eng jasur odam”

 

1956-yil 21-may kuni Angliyaning Liverpul shahrida yuz mingdan koʻproq odam Muqaddas Ruh kuni bayramini oʻtkazish uchun shahar aeroportiga toʻplanadi. Tadbirga afsonaviy “Bittlz” guruhining boʻlajak aʼzolari Pol Makkartniy va Jorj Harrison hamda shahar masʼullari ham tashrif buyurgandi.

 

Biroq bu odamlar faqatgina diniy bayramni nishonlash uchun yigʻilmagandi. Ular Fransiyadan kelgan mashhur uchuvchilar, jumladan, Leo Valentinning havo tryuklarini tomosha qilish niyatida edi.

 

Liverpulning Speke (hozirda Jon Lennon nomida) aeroportiga jam boʻlgan ushbu olomon uchuvchilar va kaskadyorlarning nozik hamda juda xavfli chiqishlarini zavq bilan qarshi oladi. Navbat asosiy chiqishga keladi: 37 yoshli Leo Valentin amalga oshiruvchi tryuk “Birdman”, yaʼni “Qush odam deb nomlangandi. Unda Valentin 2700 metr balandlikdan sakrashi va oʻzi yasagan yogʻoch qanotlar orqali bir necha mil masofaga uchib, keyin parashyut yordamida yerga qoʻnishi kerak edi.

 

Leo Valentin

 

Qush kabi uchishni istagan inson

 

Maqola qahramoni Leo Valentin 1919-yilda Fransiya gʻarbida joylashgan Epinal shahrida tavallud topadi. U yoshligidanoq samolyotlar, dvigatellar, umuman aerodinamikaga qattiq qiziqadi. Bolakay uchoqlar haqidagi gazeta va kitoblarni ishtiyoq bilan oʻqiydi.

 

Valentin dastlab qiruvchi samolyot uchuvchisi boʻlishni orzu qilgan boʻlsa-da, zamon zayli sabab Jazoirdagi fransuz desantchilari batalyoniga qoʻshilishga qaror qiladi. Ikkinchi jahon urushi boshlangach bir necha janglarda ishtirok etadi. 1940-yilda vatani Germaniya tomonidan okkupatsiya qilingandan soʻng, Marokashdagi Fransiya desantchilari (parashyutchilari) maktabida muhandis boʻlib ishlaydi. Oradan uch yil oʻtib, Angliyaga yoʻl oladi.

 

Valentin 1944-yildan boshlab yurtini ozod qilish uchun yana janglarda qatnashadi va Ozod Fransiya havo kuchlarining 4-batalyoniga qabul qilinadi.

 

Ikkinchi jahon urushi tugagandan soʻng Valentin parashyut sporti muhandisligiga qaytadi va boʻsh vaqtini qush kabi uchish orzusini roʻyobga chiqarishga uchun sarflaydi. U tez orada “Valentin pozitsiyasi” deb nomlanuvchi samolyotdan sakrash texnikasini ishlab chiqadi. Valentinni mashhur qilgan ushbu pozitsiya desantga havodagi harakatlarni yaxshiroq boshqarish imkonini beradi. Oʻsha davrda parashyutda barqaror tushish va oddiy amallarni bajarish hammaning ham qoʻlidan keladigan ish emasdi.

 

 

1948-yil fevral oyida Valentin parashyutdan respirator(nafas olish organlarini himoya qiluvchi qurilma)siz sakrash boʻyicha jahon rekordlarini oʻrnatadi: u kunduzi 20 ming 200 fut (6156 metr), tunda esa 14550 fut (4434 metr) balandlikdan parashyutda sakraydi.

 

Uning birinchi “birdman” – “qush odam” uslubidagi sakrashi 1950-yilda Parij yaqinidagi Villakuley aerodromida sodir boʻladi. “Qush odam” haqdagi afsona ilk bor shu yerda tugʻilgandi.

 

Valentin oʻzining ilk “qanotli sakrashi”ni qattiq matodan tayyorlangan qanotlar yordamida amalga oshiradi. Biroq u gorizontal uchishga erisha olmaydi: mato katta bosimga dosh berolmay, yirtilib ketadi. Shundan soʻng Leo yogʻoch asosli qattiq qanotlardan foydalanishga qaror qiladi.

 

1954-yil 13-mayda qattiq yogʻoch qanotlar yordamida Valentin, nihoyat, gorizontal parvozning dastlabki bosqichida biroz barqarorlikka erishadi. Keyinroq Valentin oʻzining yogʻoch qanotlari bilan uch milya masofaga uchishga muvaffaq boʻlganini aytgan. Shu tariqa u tarixdagi birinchi “qush odam”ga aylanadi.

 

 

Ushbu parvozdan soʻng Valentinning parashyutchi-ixtirochi sifatidagi obroʻsi keskin oshadi. U Yevropa qitʼasi boʻylab yana yuzlab sakrashlarni amalga oshiradi. Va har safar kichik siljishga erishadi. Havo kaskadyori oʻsha davrdagi “Flesh Gordon” kabi koʻplab ilmiy-fantastik seriallarda koʻrinish beradi. Eng mashhur gazeta va jurnallar Valentindan intervyu oladi.

 

Soʻnggi parvoz

 

1956-yilga kelib Leo Valentin jami 700 marta samolyotdan sakragan edi.

 

Shu yilning may oyida fransuz parashyutchisi Angliyaning Liverpul shahrida boʻlib oʻtayotgan aviashouga tashrif buyuradi. Bu uning Buyuk Britaniyadagi birinchi chiqishi edi. Uning tashrifi haqidagi xabar Tumanli Albionda katta shov-shuvga sabab boʻladi. Yuz mingga yaqin odam Valentin va boshqa uchuvchilarning qiziqarli tryuklarini koʻrish uchun Liverpulning Speke aeroportiga toʻplanadi.

 

Ushbu aviashouda Canberra T4, Sea Hawk, Meteor F8, Blackburn Beverley, BEA Pionair va Airwork Viking kabi oʻsha davr uchun zamonaviy samolyotlar qatnashadi. Ular tomoshabinlarga turli havo kombinatsiylarini namoyish qiladi.

 

Va navbat, “qush odam”ning chiqishiga keladi. Valentin Starways Dakota rusumidagi samolyotda 9000 fut (2743 metr) balandlikka koʻtarilishi, keyin esa samolyotdan sakrab, yangi yogʻoch qanotlari yordamida bir necha mil masofaga uchishi va shundan soʻng parashyut yordamida yerga qoʻnishi lozim edi.

 

 

Valentin xavfsiz sakrashi uchun “Dakota”ning orqa eshigi olib tashlanadi. Leo bortdan turib uni kuzatayotganlarga qoʻl silkitadi va uchoq havoga koʻtariladi. “Dakota” yetarli balandlikka chiqqach, yangi yogʻoch qanotlarini taqqan Leo yerga sakraydi.

 

Valentin bilan birga samolyotda boʻlgan jurnalist keyinchalik Leo hali sakrashga toʻliq tayyor boʻlmasdan shamol uni ortga itargani, uning chap qanoti samolyotga tegib, shikastlanganini aytgan.

 

Darhaqiqat, tanishlari Leoga oʻsha kuni Liverpul osmoni sakrash uchun mos emasligi, ob-havo noqulayligi haqida aytgan. Biroq “qush odam” 100 ming insonning hafsalasini pir qilishni xohlamagan.

 

“Dakota” osmonga koʻtarilishi bilan odamlar koʻzlarini quyosh nuridan qoʻli bilan berkitib, uni tomosha qilishni boshlaydi. Valentin samolyotdan sakrashi bilanoq sharhlovchi har bir lahzani izohlaydi. Biroq oradan biroz oʻtib, olomon ularning boshi ustida hammasi yaxshi ketmayotganini payqaydi. Sharhlovchi ham jimib qoladi.

 

 

Valentin yerga yaqinlashgan sari u qush kabi uchayotgani emas, balki qulayotgani aniq boʻladi. Odamlar baqirishni boshlaydi. “Qush odam” tomoshabinlardan sal nariroqdagi maydonga qulab tushadi.

 

Leo Valentin havoda qanoti shikastlangani va endi uchish ilojsizligini bilgach, parashyutni ochishga urinadi. Biroq parashyut qanotlarga oʻralashib, katta, tartibsiz oʻram hosil qiladi. Muhandis ikkinchi zaxira parashyut halqasini tortadi, ammo u ham yoyilish paytida qanot va birinchi parashyutga chirmashib, Valentinni oʻrab oladi.

 

Inson qush kabi ucha olishiga ishongan Leo Valentin 701-sakrashida, 2743 metr balandlikdan tushib, halok boʻladi.

 

Leo Valentinning qulab tushishi

 

Leo Valentinning jasadi samolyotda uning ona shahri Epinal yaqinidagi Lyuksey-Sen-Sover aviabazasiga olib kelinadi va bu yerda u harbiy qoida boʻyicha kutib olinadi. 1956-yil 3-iyunda Valentin Fransiya harbiy-havo kuchlari harbiylari ishtirokida Sen-Sover shahriga dafn etiladi.

 

Shunday qilib, oʻz sohasida yana bir qadam oldinga yurishga uringan Leo Valentinning hayoti halokatli tarzda yakun topadi.

 

Fransiya va Buyuk Britaniyada Valentin sharafiga yodgorliklar oʻrnatilgan. Uning obrazi koʻplab kinokartinalarda aks etgan.

 

Muhammadqodir Sobirov

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Til

18:09 / 20.09.2024 0 234
O‘zbekcha toponimlar kimga yoqmayapti?

Tarix

17:09 / 20.09.2024 0 406
Turkiy ellarni boshqargan “xotun”lar

Adabiyot

14:09 / 19.09.2024 0 271
Mavlono Rumiyning termizlik ustozi

Ma’naviyat

14:09 / 18.09.2024 0 369
Afandi kimga xizmat qilgan?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 20400
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

//