Cho‘lpon pyesasining qo‘lyozma varianti topildi. Bunga qadar asar haqida nimalar ma’lum edi?


Saqlash
16:48 / 20.09.2024 1047 0

Cho‘lpon beqiyos shoir bo‘lishi bilan birga, roman miqyosida fikrlay oladigan adib va mohir dramaturg ham edi. Uning dramatik asarlarining aksariyati zamon shamollarida yo‘qolib ketgan yoki yashirilgan. “Zamona xotini” ham Cho‘lponning bugunga qadar qo‘lyozma nusxasi topilmagan  nodir pyesalaridan biri edi. Sizga yetkazmoqchi bo‘lgan xushxabarimiz shundan iboratki, hech kutilmaganda asarning arabiy imlodagi qo‘lyozma varianti topildi. Eng muhim jihati, qo‘lyozma ustidan Cho‘lpon xati bilan tuzatishlar, izohlar kiritilgan, so‘zboshi ham yozilgan.

 

Qo‘lyozma bugunga qadar Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi “O‘zbekiston yozuvchilari va shoirlari arxiv fondi”da saqlangan bo‘lib, Fitratga doir manbalar orasida bo‘lgan, unvon varag‘i yo‘qolgani uchun kimning qaysi asari ekani aniqlanmagan va hujjatga ham nom berilmagan. Matn bilan tanishish asnosida uning Cho‘lpon qalamiga mansub “Zamona xotini” asari ekani aniqlandi. Buni Cho‘lpon tomonidan yozilgan so‘zboshi, matn ustidan qilingan tahrirlar ham isbotlab turar edi. Tahrir va tuzatishlar, qo‘shimchalar Cho‘lponning o‘zi tomonidan amalga oshirilgan bo‘lib, Andijon viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyi tomonidan taqdim qilingan Cho‘lpon dastxati bilan solishtirilganda, ayni bir xat ekani va u muallifning o‘ziga tegishliligi ma’lum bo‘ldi.

 

Qo‘lyozma holatiga ko‘ra yaxshi saqlangan bo‘lib, xat bemalol anglashiladi. Matn avval yo‘l-yo‘l chiziqli umumiy daftarga tushirilgan, undan A4 formatidagi qog‘ozga nusxa olingan. Umumiy daftarning siyohrang muqova qismi va ayrim bo‘laklarigina saqlangan. Papka ichida 3 turdagi hujjat mavjud: pyesaga so‘zboshi qilib yozilgan matn nusxasi (matndan 26,5*36,5 o‘lchamdagi qog‘ozga nusxa olingan bo‘lib, bu so‘zboshining yarmi; so‘ngboshi Cho‘lpon xatida); qo‘lyozma matn ustidan Cho‘lpon o‘qib tahrir kiritgan umumiy daftar bo‘laklari (21*17 sm. o‘lchamdagi yo‘l-yo‘l daftar; asosiy matn kim tomonidan ko‘chirilgani noma’lum, yozuv tabiatiga e’tibor qaratilsa, ayol kishi tomonidan Cho‘lpon qoralamasidan ko‘chirilganini taxmin qilish mumkin; muallif tomonidan aytib turib yozilmagan); mazkur daftardan olingan nusxa (A4 o‘lchamdagi ish qog‘ozida). 

 

 

Bu manba topilgunga qadar asar borasida nimalar ma’lum edi? Avvalo, aytish kerakki, tayanch matn mavjud edi. Asar haqida bo‘lsa ayrim taxminlar ilgari surilar, olimlar qo‘lyozma manba topilmagani sabab yakuniy xulosalarni berishdan tiyilardi. Bugunga qadar qo‘limizdagi yagona manba pyesaning ilk bor “Sharq yulduzi” jurnalining 1992-yil 10-sonida bosilgan nashr varianti edi. Ikkinchi nashr varianti – Cho‘lpon asarlari 4 jildiligidan joy olgan bo‘lib (“Akademnashr”, 2016), jurnal variantining ayni o‘zi (olimlarning og‘ir mehnatini qadrlagan holda aytish mumkinki, jurnal variantida yo‘l qo‘yilgan xatolar kitobda ham takrorlangan).

 

Jurnalning “Meros” ruknida joriy yozuvda muallifning “Shunigina deyman...” sarlavhali so‘zboshisi bilan e’lon qilingan pyesa Mumtoz Muhammedov, Komil Yashin, Salohiddin Mamajonov tomonidan nashrga tayyorlangan. Salohiddin Mamajonov asar tarixi, topilishi va nashrga tayyorlanish jarayoni haqida tadqiqiy maqola ham havola qilgan. Olim asar Mumtoz Muhamedov qo‘lida pyesa yozilgan – 1928-yildan beri yashirincha saqlangani, bundan faqat Komil Yashin xabardor bo‘lgani, 1992-yilga kelib, mustaqillik sharofati bilan ommaga oshkor etilgani haqida yozadi. Mumtoz Muhamedovning Solohiddin Mamajonovga bayon qilib berishicha, 1928-yilda Leningradda dramaturgiya masalalariga bag‘ishlangan yig‘in bo‘lib o‘tadi va unda o‘zbek ziyolilaridan Cho‘lpon, Komil Yashin, Ziyo Said va Mumtoz Muhamedovning o‘zi ham ishtirok etadi. Shu orada Toshkentdan Cho‘lponga qo‘ng‘iroq qilishadi, uni NKVD so‘rab-surishtirayotgan edi. Harosonlikda qolgan Cho‘lpon unutib qoldirilgan pyesasini topib qo‘yishni andijonlik rus do‘stiga iltimos qilib, vatanga qaytadi. Cho‘lpon tayin etgan odam Mumtoz Muhamedov bilan birgalikda asarni majlislar zalidan topadi va shu bilan pyesa Mumtoz Muhamedovning qo‘lida qolib ketadi.

 

Olimlar Sotti Husayn, Salohiddin Mamajonov, Sirojiddin Ahmedov umumiy syujet chizig‘i, ishtirokchilar va ularning nomlaridagi bir xillikka tayangan holda asarning sahna varianti ham mavjudligi, u “Mushtumzo‘r” deya atalishi, buni Mannon Uyg‘urning o‘zi sahnabop qilib tayyorlagan bo‘lishi mumikinligini ta’kidlaydi. Biz Sirojiddin Ahmedov bilan shaxsan so‘zlashganimizda ham olim bu fikrni tasdiqladi. Olim fikricha, san’atshunoslik institutida saqlanayotgan Cho‘lponning “Mushtumzo‘r” nomli pyesasi bir betlik bayoni “Zamona xotini”ga to‘la mos keladi. Shuningdek, “O‘zbek milliy akademik drama teatri tarixi” kitobi (Toshkent, 2003) mualliflari keltirgan mazkur teatr repertuarida 1928-yilning 20-oktyabrida Cho‘lponning “Mushtumzo‘r” pyesasi sahnalashtirilgani, Mannon Uyg‘ur va Mumtoz Muhamedov rejissyorlik qilgani haqida ma’lumot berilgan (B.225.). Teatr repertuariga e’tibor bilan qaralsa, keyin ham Cho‘lpon tarjimasida ko‘plab asarlar sahnalashtirilgan, ammo Cho‘lponning biror mualliflik asari sahnaga olib chiqilmagan.

 

Olim Salohiddin Mamajonov maqolasida “Cho‘lponning o‘zi qayta ishlab nihoyasiga yetkazgan, hatto kirish so‘zini yozib, o‘z imzosi bilan tasdiqlagan asl nusxa qo‘limizga kirdi”, deydi. 1928-yilga mansub va shaxsan Cho‘lponning iltimosi bilan majlislar zalidan topilgan qo‘lyozmani o‘z ko‘zi bilan ko‘rganlar o‘tib ketdi. Ammo 1992-yil jurnal nashriga asos bo‘lgan bu qo‘lyozma qayerda qoldi, kimda qoldi? Biz muzey fondidan topgan manba – siyohrang muqovali daftar – Mumtoz Muhamedov topgan, Komil Yashin xabardor bo‘lgan va Salohiddin Mamajonovga taqdim qilingan nusxamidi? Agar jurnal variantiga asos bo‘lgan manba mana shu bo‘lsa, uni kim, qachon olib kelgan, kimga topshirgan, daftardan A4 formatdagi qog‘ozga kim nusxa olgan, bu ish qachon bo‘lgan? Afsuski, bu savollarga aniq javob yo‘q. Muzeyning qayd daftarida, kataloglarida bu haqida biror ma’lumot uchramaydi. Faqat bir narsani aytish mumkin, nusxa olishda foydalanilgan A4 formatdagi qog‘ozlar “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” haftaligi tahririyatiga tegishli. Chunki ayrim qog‘ozlarning orqa qismida gazeta nomi, bank rekvizitlari va manzili ko‘rsatilgan bo‘lib, bu bizga keraksiz ish qog‘ozlaridan foydalanilgan degan xulosani beradi. Gazeta 1981-yildan “O‘zbekiston madaniyati” nomini o‘zgartirib, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” nomi bilan chiqa boshlaganini hisobga olsak, demak, 80-yillardan keyin daftardan nusxa olingan. Ammo masalani aniqlashtiruvchi yana biror hujjat qo‘limizga kirmaguncha, yetarlicha aniqlikda javob berib bo‘lmaydi. Har ikki matnni to‘la solishtiribgina, nisbatan aniqroq javob olish mumkin. 

 

 

Avvalo, Cho‘lpon tomonidan yozilgan so‘zboshi xususida. So‘zboshi Cho‘lponning o‘z qo‘li bilan yozilgan bo‘lib, dastxat buni tasdiqlaydi. So‘z so‘ngida Cho‘lpon o‘z imzosini qo‘ygan, so‘ng “1928-yil 14-may, Samarqand” deya vaqt va manzilni ko‘rsatgan. Jurnalda bosilgan so‘zboshi fotonusxasi va bizning qo‘limizdagi so‘zboshi ayni bir nusxa, matn va matn hoshiyasidagi belgilar ham bir xil. Cho‘lpon asarni 1928-yil 13-iyunda Samarqaddaligida yozib tamomlagan, aniqrog‘i, tahrir ishlarini yakunlagan. So‘zboshini bo‘lsa bir oy avval, 14-may sanasida qog‘ozga tushirgan. Cho‘lponning o‘zi asarni uch qayta ishlaganini ma’lum qiladi:

 

1) birinchi varianti Maskovda vaqti ikki pardali qilib, “Zamona xotini” nomi bilan yozilgan;

 

2) ikkinchi varianti biroz kengaytirilgan va zamonga, mavjud turmush tarziga moslangan; unda na kulgi va na fojia elementlari bo‘rtib ko‘rinmaganligi uchun muallif asarni “pyesa” deb atagan;

 

3) uchinchi varianti; Markaziy davlat turuppasi asarni sahnalashtirish vazifasini Mannon Uyg‘urga yuklar ekan, Cho‘lpon Uyg‘urning talabi bilan “ko‘prak kulgidan iborat bo‘lg‘on burung‘i holidan chiqarib, fojiaga aylantir”gan. Cho‘lpon o‘zi ishlab chiqqan uchinchi variantni mukammal nusxa sifatida ko‘rsatadi va shu bilan “bas qildiq” deydi. Ehtimol, Mannon Uyg‘ur shu uchinchi variant asosida asarning sahnaviy talqinini yaratgan va “Mushtumzo‘r” nomi bilan 1928-yilning 20-oktyabrida tomoshabinlarga taqdim etilgan.

 

Asar halollik, mehnat, inson sha’nini avaylash kabi azaliy qadriyatlar ustiga qurilgan. Shuningdek, bolasini bag‘riga bosgancha, yangi ijtimoiy munosabatlar ichiga qisinib-qimtinib kirib borayotgan o‘zbek ayoli haqida so‘zlab, to‘g‘rirog‘i, ko‘rsatib beradi.

 

Endigi vazifa – Cho‘lponning o‘zi nazardan o‘tkizgan manba asosida asarning mukammal matnini tiklash, asar mazmuniga ta’sir etadigan darajadagi tushirib qoldirilgan so‘zlar, birikmalar, iboralar, jumlalar, dialog parchalarini o‘z o‘rniga qo‘yish va nashr etish masalasidir.

 

Shahnoza NAZAROVA,

O‘zR FA Alisher Navoiy nomidagi Davlat

adabiyot muzeyi katta ilmiy xodimi,

filologiya fanlari doktori

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

12:12 / 03.12.2024 0 303
Buyuklarning “maydalik”lari





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22622
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//