Odamlar biron yumush bilan band bo‘lsa bo‘ldi. Siziflar hayotida nimalar o‘zgardi?


Saqlash
12:57 / 17.09.2024 736 0

Aziz birodar, ehtimol, siz ham kamina ko‘rgan manzaraning guvohi bo‘lgandirsiz, ko‘nglingizda mendagi kabi chalkash mulohazalar tug‘ilgandir. Gap shundaki, bir kuni kechki mahal avtobusga chiqdim. Tashqarida olaqorong‘i, avtobus salonida chiroq yoqilgan. Yo‘lovchilarga qaradim: birovi mudragan, boshqasi tashqariga hissiz termilgan. Har kimning ikki yelkasiga qo‘rg‘oshin tog‘ kavsharlangandek... Ular ishdan qaytayotir. “Bular kun bo‘yi qanday yumush bilan mashg‘ul bo‘lganki, bu qadar horg‘in?” deb o‘yladim. Hammasi shu qadar jiddiyki... “Biz inobatli ishxonalarda ishlaymiz, olamshumul kor-amal bilan bandmiz”, degan ovoz eshitilgandek bo‘ldi. Bilolmay qoldim: chindan ham kimdir javob berdimi yoinki bu ichimdagi ovoz edimi?..

 

Ha, ular kun bo‘yi turli ishxonalarda tinimsiz qog‘oz to‘ldirgan, tepadagi badqovoq idoralarga hisobot bergan, soxta tabassum ila allakimlarni qabul qilgan, majlislarda qo‘r to‘kib o‘tirgan, telefonda gaplashgan, muzokara olib borgan, qarorlar qabul qilgan... Kimga va nima uchun kerak bu ishlar? Tirikchilik uchun olinadigan moyanadan tashqari, umumjamiyat ravnaqi, odamning odamday yashashi, insonning Yaratgan belgilab bergan abadiy rohatga erishuvi uchun foydasi bormi o‘sha yumushlarning? Tabaqalanish, kambag‘allik, jaholat, bir-birini mahv etish, yolg‘on, talon-toroj, insofsizlik, xiyonat, ochko‘zlik, o‘z-o‘zini aldash esa... davom etaveradi. Dunyo-dunyo qog‘ozlar, oliymaqom majlis-mashvarat, donishmandona ma’ruza-yu kiborlarcha va’dalar bilan hech nima o‘zgarmaydigandek. Hayot bir zaylda eski tegirmondek aylanaveradi...

 

Hayot voqeligi xayolingizda Alber Kamyuning “Sizif”i va Frans Kafka asarlari bilan qorishib ketgandek bo‘ladi. Oqsoqolning ombori-yu uyida saqlanadigan xirmon-xirmon eski hujjatlar, qo‘l ko‘tarib tasdiqlashdan boshqasiga yaramaydigan noiblar, aybi neligini bilmaydigan sudlanuvchilar, oliyjanob g‘oyalar-u inson komilligidan jarangdor ma’ruza o‘qiydigan mafkurachilar, butun umrini qo‘rg‘onga kirish yo‘lida sarflaydigan tanobchilar, o‘zini oqlamagan islohotlar, “yulduz”larning to‘shagigacha taftish qiladigan jurnalistlar, yarim tungacha majlis o‘tkazadigan rahbarlar... – bularning bari absurdchi adiblarning asaridamidi yoki... Sizning ham boshingizda, ehtimol, quyundek aylanadigan savollar tug‘ilgandir: odamzod samarasiz, oxiri yo‘q ishlardan charchamadimi? Odamlar bir yumush bilan band bo‘lsa bo‘ldi – shumi zamonaviy nizomlarning mohiyati? Bu xildagi tuzilma qayerdan paydo bo‘lgan? Uning boshi qayerda, oxiri bormi? Uni parchalab, yangi tuzilma barpo qiladigan kuch-chi? Mosh bilan guruchni aralashtirib, o‘gay qiziga uni ajratishni topshirib ketgan o‘gay ona sindromi bir kun kelib barham toparmikan?..

 

Shu sira chalkash savollar sabab xayolimni yana Sizif egalladi. Bu qahramon haqidagi bitiklarni tasavvuran bir zanjirga tizgim, ularni odamzodning o‘tmish va buguniga muqoyasa etgim keldi. Gap hozir absurd adabiyoti haqida emas, inson hayotidagi absurd xususida ekanini ta’kidlashga to‘g‘ri keladi. Ha, bu galgi mulohazalar Sizif bahonasida jamiyat va inson munosabatlari haqida. Binobarin, tarixning turli bosqichlarida turli mualliflar bu timsol orqali davr odamini tamsil etgan.

 

* * *

Sizif haqidagi   ilk   asarlar antik davr mualliflariga tegishli. Esxil, Sofokl, Yevripid   dramalari bugungacha   to‘liq yetib   kelmagan bo‘lsa-da,   mutaxassislar ayrim parchalarga tayanib ularning umumiy mazmunini tiklagan. Bizgacha faqat Homer asari saqlanib qolgan. Antik dunyo adiblari vaqt nuqtai nazaridan yunon afsonalariga ancha yaqin bo‘lgan, shuning uchun ham ular toshbardor Sizif voqeasini mifologiyaga ko‘ra bayon qilgan. Muxtasar izoh bersak – ayyor, uddaburon va makkor qahramon ma’budlar irodasiga qarshi chiqqani, o‘limga tan bermagani uchun abadiy jazoga mustahiq etilgan.

 

Inson qismatning mahkumidir – antik davr ijodkorlari mifologik obraz orqali shu ilohiy haqiqatni aks ettirganlar. Yangi asr Sizifi esa o‘zgacha ma’no tashiydi.

 

Zamonaviy dunyoda u mashhur qahramonga aylandi. Farang adibi Alber Kamyu Sizif siymosida ustidan taqdir hukmronlik qiladigan bandani emas, o‘z davrining yakrang hayotga, samarasiz mehnat va umidsizlikka giriftor etilgan odamlarini ko‘rdi. Kamyu talqin qilgan absurd nazariyasini dastavval XIX asrda faylasuflar ilgari surgan edi. Unga ko‘ra, alaloqibat o‘limga mahkumligi sababidan insonning bu dunyodagi hayoti ma’nisizlikdan boshqa narsa emas; hayotning bir pulga arzimasligini anglab yetsang, nedir ma’no-mazmun bilan to‘ldira olmasang, uni ixtiyoriy tark etish-etmaslik (suitsid) masalasi ko‘ndalang kelar emish. Kamyu shu xil g‘alat falsafani Sizif obrazi vositasida tushuntirdi.

 

Uning talqinicha, aksar odamlar turli idora va korxonalarda na jamiyat, na insonga nafi bo‘lgan uzluksiz mehnatga, zerikarli kun tartibiga giriftor etilgan, ular qilayotgan ishning toshbardor qahramonga buyurilgan ma’nisiz mehnatdan farqi yo‘q. Muallif “Hayot zerikarli doiradan iborat, u yashashga arziydimi?” degan savolni qo‘yishdan oldin ijtimoiy tuzilma inson hayotini maroqsiz, yakrang, absurd voqelikka aylantirib qo‘ygani, ya’ni odamni imi-jimida baxtsizlikka giriftor etganini ikki og‘iz jumlada ifodalaydi: “Uyqudan turish, tramvay, to‘rt soat zavod yoki kontoradagi ish, tushlik, tramvay, to‘rt soat yana ish, kechki ovqat; dushanba, seshanba, chorshanba, payshanba, juma, hammasi bir maromda davom etadi – har kun osongina yuriladigan yo‘l ana shu”.

 

Sizifni ma’budlar jazolagan bo‘lsa, zamonaviy odamni byurokratik ijtimoiy tuzilma absurdga mahkum etgan. Kamyu diqqatimizni, inson umrining falsafiy mazmunidan tashqari, absurdga olib keladigan ijtimoiy sabablarga ham qaratdi. U “Sizif haqidagi afsona”da markazga baxt masalasini qo‘ydi: diqqinafas hayotga mahkum etilgan odam qanday qilib baxtiyor bo‘lmog‘i mumkin?! Esseda aytiladiki, Sizif tosh tepadan yumalab tushgunchalik soniyalarda o‘ylash, fikrlash imkoniga ega   –   shu uning saodatidir.

 

Inson tafakkur-la baxtlidir – Kamyuning Sizifi ana shunday ma’no tashiydi.

 

Alber Kamyu essesini “Frans Kafka ijodida umid va absurd” degan ilova bilan yakunlagani bejiz emas. Olmon adibi Frans Kafka g‘alati bir uslubda zamonaviy byurokratik tuzilmalar millionlab oddiy odamlar qismatini fojiaga, sizifcha absurdga aylantirayotganini fosh qildi. G‘alatiligi nimada, dersiz. Masalan, “Qal’a” romanida o‘zimizning kundalik hayot manzaralariga duch kelgandek bo‘lasiz. Lekin u odamlarning qilayotgan ishi ma’nisiz, samarasizdek tuyuladi, yo‘g‘-ey deysiz: ham o‘xshaydi, ham o‘xshamaydi! Bosh qahramon – o‘ttiz yoshli janob K. uzoq yillar oldin qishloqqa tanobchi etib tayinlangan. Oqsoqol tanobchiga ehtiyoj yo‘qligini “tepa”ga ma’lum qilgan, uning arzi yillar o‘tib qanoatlantirilgan. Janob K. esa hech nimadan bexabar o‘z vazifasini bajargani qishloqqa keladi. Oqsoqolning xotini “tepa”ning yillar oldingi qarorini qidirib uyi va omborxonada saqlanayotgan tog‘-tog‘ qog‘ozlarni ag‘dar-to‘ntar qiladi, ammo arzanda hujjat topilmaydi. Alqissa, qahramonning butun umri ishga tayinlanganini isbotlash va qishloqda yashash uchun ruxsat olishga qurbon bo‘ladi, lekin na unisi, na bunisi amalga oshadi. Bu qanday jamiyatki, isbot qilishga o‘zi yo‘l qo‘ymaydigan haqiqatni isbot qilishingizni talab etadi, umringizni shu yo‘lda xazon qiladi?.. Bu absurd bo‘lmay nima?

 

Yana o‘sha tanish-notanish manzaralar: pochtachi Varnava xatni Qal’adagi kattalarga yetkazish o‘rniga ko‘chalarda uloqib yuraveradi, bu qasabada go‘yoki odamlarga berilgan topshiriqni bajarmaslik topshirilgandek. Mas’ul idoraga qo‘ng‘iroq qilinsa, masxaralagandek, go‘shakdan musiqa ovozi eshitiladi. Tanobchilikka tayinlangan K. maktab qorovuliga aylanadi. Yuqori martabali arbob bo‘lmish Klammning esa nomi bor-u, o‘zini hech kim ko‘rmagan. Klammning kotibi Erlanger K.ni tunda mehmonxona bo‘lmasida qabul qiladi. Turnaqator navbatda turgan odamlar Erlanger uyqusidan voz kechib qabul uyushtirganidan xursand. Davlat xizmatidagilarning ko‘pchiligi arzgo‘ylarni xuddi shunday – hali bufetda, hali qo‘noqxonada yoki ovqat ustida, hatto to‘shakda qabul qiladi. Xaloyiq esa ularning oliyjanobligiga, odamlar manfaati uchun o‘z halovatidan voz kechganiga ishonadi, ana shunday absurd ichida yashab, umrlari ado bo‘ladi.

 

* * *

Ijtimoiy tuzilma insonni halok qilishi, tepadagilarning ham, pastdagilarning ham hayotini absurdga aylantirishi ulug‘vor Tolstoyni ham chuqur iztirobga solgan. U Kafka va Kamyudan oldinroq odamzodning o‘zi o‘ylab topgan ijtimoiy tuzilma o‘ziga qanchalar qarshi ekani, g‘ayriinsoniy ekani, uni absurd fojiasi qa’riga tashlashini idrok etgan edi. Lekin uzoq-uzoq o‘ylagan, asarlarida javob izlagan Tolstoy ham shuncha yuksak tafakkuri bilan bu paradoks oldida o‘zini ojiz sezadi.

 

“Tirilish” romani qahramoni Nexlyudov Katyusha Maslovaga ko‘mak bermoq uchun davlat xizmatidagi bir qancha tanishlariga murojaat etadi. Surgunga olib ketilayotgan mahkumlarga shafqatsiz munosabatning guvohi bo‘ladi. Va g‘alati bir qonuniyatni sezib qoladi: uyiga borsangiz tuppa-tuzuk, odamgarchiligi bor bo‘lgan bu kishilar ishxonada butunlay boshqa odamga aylanar ekan. Nega bunday? Qahramon shunday chalkash o‘ylar ichida qoladi: “...mana shu odamlarning hammasi – gubernatorlar, nazoratchilar, daha mirshablari “Shunday hollar borki, bu vaqtda inson bilan insoniy muomalada bo‘lish shart emas” degan qoida bor deb o‘ylaydilar... shu odamlarning hammasi: aksariyat yuvosh, mehribon bo‘lgan bu odamlar xizmatda bo‘lgani uchun ham shunday serjahl bo‘lib ketgan... Shu odamlarning hammasi faqat xizmat qilib turganlari uchungina rahm-shafqat degan oddiy hisdan mahrum. Ular xizmatda bo‘lganlari uchun ham, mana bu tosh yotqizilgan yer yomg‘irni singdirmagani kabi insonparvarlik hissini singdira olmaydilar... shu gubernatorlar – nazoratchilar, mirshablar, balki kerakdir, lekin asosiy insoniy xislatlardan, bir-biriga muhabbat va rahm-shafqat hissidan mahrum bo‘lgan odamlarni ko‘rish dahshatli... Hamma gap shundaki, bu odamlarning hammasi qonundan tashqari narsalarni qonuniy deb biladi va Xudoning o‘zi insonlar ko‘ngliga solgan abadiy, o‘zgarmas, zaruriy qonunlarni esa qonun deb tan olmaydi... Agarda “Zamonamiz kishilari, xristianlar, muruvvatli, oddiy ko‘ngilchan odamlar eng dahshatli yovuzlik qilganda o‘zlarini gunohkor deb his etmasliklari uchun nima qilish kerak?” degan psixologik masala berilsa, uning javobi faqat bitta bo‘lishi mumkin: hozir ahvol qanday bo‘lsa, shundayligicha qolishi kerak, shu odamlar gubernator, nazoratchi, ofitser, politsiyachi bo‘lishi, ya’ni birinchidan, odamlarga og‘a-inilik munosabatida bo‘lmay, ularni oddiy buyum deb bilishga monelik qilmaydigan, davlat xizmati deb ataladigan ish borligiga ishonishlari kerak, ikkinchidan esa, shu odamlar ana shu davlat xizmatiga shunday bog‘lanib qolgan bo‘lishlari kerakki, odamlarga nisbatan qilgan ishlarining oqibatiga hech kim javobgar bo‘lmasin” (L.Tolstoy. Tirilish. Abdulla Qahhor va Kibriyo Qahhorova tarjimasi. Toshkent, G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti, 1980. 400 – 402-betlar). Bu sahifalarni o‘qib, yana o‘sha savollar girdobiga tushasiz: bu xildagi tuzilma qayerdan paydo bo‘lgan? Uning boshi qayerda, oxiri bormi? Odam tafakkuri bir kun kelib inson hayotini absurdga aylantirmaydigan ijtimoiy tuzilma yarata oladimi?

 

* * *

Nihoyat, qiziq nuqtaga – bizning zamondoshimiz bo‘lgan yangi Sizif haqidagi hikoyaga yetib keldik. Tarixiy vaqt sathida u Kamyu Sizifidan keyingi Sizif desak bo‘ladi. Bu haqda so‘zlashdan oldin farang adibidan yana bir iqtibos keltirsam: “Hammasi hayratangiz zerikishdan boshlanadi. “Boshlanadi” – mana, eng muhimi nima bu yerda. Zerikish – moshinavoriy hayotning oqibatidir, ayni vaqtda uning o‘zi idrokni harakatga keltiradi. Zerikish idrokni uyg‘otadi va keyingi bosqichni belgilaydi: yo ongsiz ravishda odatdagi maromga qaytish, yoki oxirigacha uyg‘onish. Uyg‘onishdan keyin esa ertami-kechmi natija paydo bo‘ladi: yo xudkushlik, yoinki hayot maromini o‘zgartirish”. Biz-chi, biz bu bosqichlarning qaysi biridamiz? Nazarimda, yangi Sizif haqidagi hikoya bu savolga javob uchun bitilgandek.

 

Xullas, “Facebook” tarmog‘ida shved adibi Teodor Kallifatidesning “Vatandoshlar” maydonidagi Sizif” degan hikoyasini o‘qib qoldim. Shved tilidan Yusuf Rasul tarjima qilgan bu hikoya o‘zbekchada ham chop etilgan (“Maydondagi Sizif”.  // “Sharq yulduzi”, 2023-yil, sentyabr). Hikoyani o‘qidim-u xayolimni yana o‘sha mifologik qahramon egalladi. Teodor Kallifatidesning bu obrazga murojaat qilgani sira tasodif emas. Adib qadim asotir-u afsonalar o‘lkasida tug‘ilgan, millati yunon. Keyinchalik taqdir taqozosi bilan Shvesiyaga ko‘chib borgan. 25 yoshida muhojirlik tufayli shved tilini o‘rganadi va shu tilda asarlar yozib shuhrat qozonadi.

 

Kamyu fikricha, “Men nimaga bunday yashashim kerak?” degan savol absurdni anglab yetgandan keyin paydo bo‘ladi. Kallifatidesning Sizifi, ya’ni Ilya Abramo‘g‘li ham nursiz hayotining ma’lum lahzasida shu savolga ro‘para keladi.

 

Ilya avval Turkiya, so‘ng Rossiyada aviatsiya muhandisligi bo‘yicha tahsil ko‘rgan. Biroq o‘qigan mamlakatlaridan ish topolmay Shvetsiyaga yo‘l oladi. Ishga joylashadi. Sal o‘tib bo‘lim boshlig‘i lavozimiga ko‘tariladi. Uylanadi, farzandli bo‘ladi. Ilya nihoyatda baxtiyor edi, ammo ittifoqo falokat sodir bo‘ladi: kenja o‘g‘lini mashina urib halok qiladi. Bari orqaga ketadi: ishsiz qoladi, hovlisini sotib ko‘pqavatli uyga ko‘chib o‘tadi, xotini qattiq tushkunlikka tushadi. Hayotini qayta yo‘lga qo‘yish uchun amallab gul sotuvchiga ishga yollanadi. Keyin esa o‘zi gul do‘koni ochadi. “Uning hayoti yana izga tushib ketdi” deb yozadi muallif. O‘sha “iz”, taassufki, Ilyaning Sizif toshi edi. Yakrang, zerikarli hayot boshlanadi.

 

Kallifatides salafiga (Kamyuga) ochiq ishora qiladi: “Ilya o‘zi gul sotib oladigan Ortshadagi do‘konga vaqtida bormoq uchun har kuni sahargi to‘rtda uyg‘onardi. Keyin u chodirini ochishi, o‘tirg‘ichlar va peshtaxtalarni tiklashi, gullar va o‘simliklar to‘la savatchalarni ko‘rinarli joyga terib chiqishi kerak. Soat to‘qqizdan xaridor kela boshlaydi. Kech soat oltigacha Ilya shu yerda bo‘ladi. Keyin yana chodirini yig‘ishi, savatchalar, gullar va o‘simliklarni “Folksvagen”iga qayta joylashi lozim. Sakkiz yarimda kechki ovqatini yeydi. To‘qqizda kechki yangiliklarni ko‘radi. O‘ndan o‘n besh daqiqa o‘tganda esa uyquga ketadi. Haftasiga yetti kun shunday. Yil bo‘yi. Tanaffussiz”. Bu Kamyu chizgan boyagi manzarani esga soladi: “Uyqudan turish, tramvay, to‘rt soat zavod yoki kontoradagi ish...”

 

Xo‘sh, hayot shunday davom etaveradimi? Yo‘q. Kamyu talqiniga ko‘ra, fikrlaydigan odam fursat yetib fojiani fahmlab qoladi: “Bugunning ishchisi butun hayoti davomida bitta ishda, kecha qilganlarini takrorlash bilan mashg‘ul bo‘ladi va aslida bu qismat ham absurdga begona emas. Biroq u ongli ravishda, qilayotgan ishining bema’ni va foydasiz ekanini tushunib qolgan lahzadagina tragediya yuzaga chiqadi”.

 

Kallifatidesning qahramoni Ilya “Sizif” degan laqab orttirib olgan edi. Aslida, u Sizifning kimligini bilmasdi. Unga “egizagi”ning kimligi tushuntiriladi. Ilya anglab yetadiki, “Bu adoqsiz mashaqqat uning hayotiga juda o‘xshash edi. Har kuni shu ahvol: u chodirini yoyadi va yana qayta yig‘adi”. Ne tongki, gul sotuvchi ham mifologik qahramonning poyonsiz azob-uqubatiga giriftor bo‘lgan.

 

Zamonamiz Sizifi ellik uch yoshida qari cholga aylanib qoladi. “Sochlari to‘kilgan, beli bukik, qadam tashlashi og‘ir. Kasal bo‘lmasa ham vujudi qaqshab og‘riydi, yuragi simillaydi”. Shifokor har gal sinchkov tekshiradi, lekin undan biror xastalik alomatini topa olmaydi.

 

Kamyu aytgan kun ham keladi: Ilya hayotidagi do‘zaxni sezib qoladi. Absurd aylanasini duch kelgan nuqtasidan uzib chiqib ketmoqchi bo‘lib, isyon ko‘taradi: bir kuni kutilmaganda qo‘l siltab ishini tashlab ketadi. Ming tur o‘y-xayollar bilan tevarak-atrofni aylanib yuradi, yuraveradi... Tanish-bilishlar hayron. “Bugun tug‘ilgan kuningmi?” deb so‘rashadi hayrat bilan. “Bugun Sizif dam oladi”, deydi Ilya. Uni hatto esi og‘ganga ham chiqaradilar. Biroq...

 

...biroq zamonaviy Sizifning g‘aribona isyoni shu bilan tugaydi: “U o‘z do‘konini, ishchilari bilan bo‘ladigan mayda janjallarni, mijozlarini sog‘ina boshlagan edi”. Do‘koniga qaytib keladi, “ichkariga kirgach, juda yoqimli yengil nafas” oladi: “Seni ham, Sizifingni ham jin ursin!.. Barcha afsonalaringni jin ursin!”

 

Vo darig‘! Zamonaviy Sizifga yakrang hayot yoqib qolgan ekan!

 

Boya aytganimizdek, Kamyuning Sizifi uchun tosh tepadan dumalab tushadigan fursat ichida fikrlamoq baxt edi. Kallifatidesning Sizifi uchun esa tinimsiz tosh dumalatishning o‘zi baxt. Shved adibining formulasi bunday: odamzod absurdni angladi, uni tark etmoqchi bo‘ldi, lekin birdan shu hayot tarzi ma’qul ekanini sezib qoldi va qaytdi.

 

“Odam absurdni anglagandan so‘ng tragediya yuzaga chiqadi”, degan edi Kamyu. Fojia ko‘lamini anglagandan keyin ham unga ko‘nmoqni nima deb baholasa bo‘ladi?! “Maydondagi Sizif”da bu mantiqsizlikning mantig‘i ko‘rsatilgan: tuppa-tuzuk diplom bilan ish topolmaslik, iqtisodiy muammolar, shaxsiy hayotdagi fojialar... Rozi bo‘lmay ko‘ring-chi! Bu – uyining tang-torligi sabab oilasi bilan sig‘mayotganidan shikoyat qilgan sho‘rlikka o‘sha uyda echki boqishni maslahat bergan oqsoqol haqidagi sharqona rivoyatni esga soladi. Odam bolasi odamday yashamaslikka, bir parcha qattiq-qurum nonga rozi bo‘lishi uchun avval ming balo-yu musibatga duchor etiladi... Bu ishlarning “falsafa”si shu.

 

Antik adabiyotda ham, Kamyuda ham Sizif ulug‘vor edi. Biri ilohiy taqdirga musallam, ikkinchisi o‘sha mahkumlik ichidan baxt axtarib topgan. Yangi davr Sizifi esa o‘z do‘zaxini sevib qoldi. To‘g‘rirog‘i, uni shunga mahkum etdilar. “Kimlar?” deyishingiz mumkin. Bu joyda Dostoyevsiy ta’biri bilan javob bersa bo‘ladi: hamma narsa uchun hamma javobgar.

 

Kamyuning Sizifi o‘ldi.

 

Darvoqe, Kallifatides o‘z qahramoniga Kamyu tahlil qilgan “Aka-uka Karamazovlar” romani qahramonlaridan birining nomini tanlagani ham tasodif bo‘lmasa kerak.

 

* * *

Biz, yuksak tamaddun da’vosidagi XXI asr odamlari, Kallifatidesning Sizifimiz. Kamyuning formulasiga solsak, biz oxirigacha uyg‘onmay odatdagi maromga qaytdik. Ha-da, XIX asr ikkinchi yarmida proletariat ish soatini qisqartirish talabida namoyish-u qo‘zg‘olonlar qilgan edi. Endi esa biz 24/7 rejimida ishlashga ishtiyoqmandmiz: yarim tunda ham taksi hozir-u nozir, do‘konlar ochiq, kimdir velosipedda mahsulot yetkazayotir...

 

Ilyaning boshqalardek o‘z vataniga borgisi keladi, biroq Kristina va bolalari qiynalishini o‘ylab bu fikridan qaytadi, deb yozadi Kallifatides. XXI asr odami ham erta-yu kech “gul do‘konida o‘tirish”ga mahkum. Zamonaviy Sizifning absurdi o‘ziga xos: “hammasiga, yo‘q-yo‘q, hammasidan ortig‘iga ulgurish”. Shu vasvasa chulg‘agan har birimizni. Nainki moddiy, ma’naviy ochko‘zlikka ham duchor bo‘lganmiz. Bir odam boshqasining jismoniy-ma’naviy imkoniyatlari yetmaydigan yukni yelkasiga olmoqchi (yoki unga yuklanadi) bo‘layotgan zamonda yashayapmiz. Ay birodar, har bir odamga taqdir va tarix yuklagan vazifa bor – o‘shani bajarsangiz yetarli, deydigan mardum yo‘q.

 

Tarixning bu olatasir bosqichida ayrimlar vakolatidan foydalanib xaloyiqni absurd aylanasi ichiga solgancha, ko‘ngliga kelgan noma’qulchilikni qiladi: istasa, raiyat mulkini o‘g‘irlaydi, har tur yo‘l bilan nafsini huzurlantiradi... Bundayroqlarning hayoti esa jon saqlash balosiga qurbon. Bugungi odamning o‘z shaxsiy makon-maydonida yolg‘iz qolishga, oilasi va farzandlari bilan ko‘cha-xiyobonlarda poyi piyoda kezishga, mutolaaga, tungi yomg‘irning shivirini tinglashga vaqti yo‘q – ishiga vaqtida bormoq uchun har kuni sahar to‘rtda uyg‘onishi, soat oltigacha gul do‘konida bo‘lishi kerak!

 

“Fikrlaringiz bahstalab, biz boshqacha yashaymiz, o‘zgacha qarashlarni haqiqat deb bilamiz”, deyishingiz mumkin. Chini bilan bu gaplar kitobga mukkasidan ketgan mendek bir adabiyot muhibining xayollaridan oqib chiqqandir balki... Lekin Kamyu ham toshbardor qahramonda o‘zini ko‘rgan emasmidi? “Sizifni baxtli deb hisoblash lozim” degan jumla “Sizif – Kamyuning o‘zidir” demoqqa asos bermaydimi? Chunki tafakkur, avvalo, Kamyuning o‘zi uchun baxt mezoni edi. Sizif uchun baxt hukmini chiqarishga esa – hatto shunchalik taftish-u tahlillar bilan-da – Kamyu ham haqli emas. Chunki baxt – nihoyatda sub’ektiv, mahram tuyg‘u. Goho o‘zgalar nazarida o‘ta notavon bo‘lib ko‘ringan birov o‘ta baxtiyor; birovning esa ko‘nglini dunyo bilan-da to‘ldirib bo‘lmas. “Kimdir choh ichra ham davronin surgay, / Kimdir cho‘qqida ham o‘tga kelgay duch” (Abdulla Oripov) deganlari shu bo‘lsa ne ajab...

 

* * *

Sizif paradigmasi bu bilan tugamaydi. Atoqli yozuvchi Xurshid Do‘stmuhammadning ham shunday qahramoni bor: donishmand Sizif. U toshni yumalata-yumalata parcha-parcha qiladi. Pirovardida esa yerga dumalab tushmoqqa hukm qilingan toshni cho‘qqiga olib chiqishga erishadi. Bu orada nafsini ham jilovlashga muvaffaq bo‘ladi, toshning yengillasha borishi Sizifning nafs yukidan xalos bo‘lishiga muvoziy kechadi: “...xarsangtosh yumalayvergani, dumalayvergani oqibatida u yemirila-yemirila,   parchalana-parchalana vazni yengillashgani sayin... Sizif endi o‘zining inson va kattakon shahar a’yonlaridan ekanligini ko‘pda pesh qilmas (allazamonlarda egallagan martabasi unut ham bo‘layozgan), xarsangga do‘q-po‘pisa yog‘dirmas, tiliga, oyoq-qo‘liga erk bermas, telbaligi tutib, osmonni titrataman, tog‘ni sindiraman, dengizni chayqataman deb biyobonni boshiga ko‘tarmas… Sizif... o‘zida hovliqmaslik, shoshma-shosharlik qilmaslik ko‘nikmasi shakllana boshlaganini sezgan edi”.

 

Donishmand Sizif absurd toshini yengdi!

 

Lekin... bu hozircha orzu, xolos. Balki bir kun ro‘yobga chiqar, balki chiqmas. Axir, insoniyat paydo bo‘lganidan beri qancha nek umid-istaklar amalga oshdi-yu, qancha-qanchasi orzuligicha qolib ketmadi deysiz!

 

Yer yuzida insoniyat hayoti tugagunga qadar yana boshqa siziflar maydonga chiqadi. Tabiiyki, ularning hayotga, absurdga va toshga munosabati boshqacha bo‘ladi. O‘sha boshqachaliklar albatta adabiyotda in’ikos topadi. Ammo, o‘ylaymanki, o‘zbek adibining qahramoni baribir Sizif paradigmasining oxirgi nuqtasi bo‘lib qolaveradi. Chunki u bizning inson sifatidagi eng yuksak, qo‘l yetmas orzumizni tamsil etadi.

 

Yaxshiyamki, odamda orzu huquqi bor.

 

Yaxshiyamki, uni bizdan hech kim tortib ololmaydi.

 

Nodira AFOQOVA

 

“Tafakkur” jurnali, 2024-yil 2-son.

“Orzu huquqi” maqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ma’naviyat

09:10 / 01.10.2024 0 569
Olimlik va odamiylik uyg‘un ustozlar





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 20444
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

//